2. Fe’lli birikma. Bunday birikmaning hokim qismi fe’l bilan ifodalanadi: tez ishlamoq, oldinda yurmoq, diqqat bilan tinglamoq, kulib gapirmoq. Fe’lli birikmaning a’zolari o`zaro bitishuv va boshqaruv yo`li bilan bog`lanadi. Fe’lli so`z birikmasi so`z shakl bilan so`zning (leksemaning) o`zaro bog`lanishidan yuzaga keladi.
3. Sifatli birikma. Mazkur birikmada hokim so`z otlashmagan sifat bilan ifodalanadi, birikmaning qismlari boshqaruv yo`li bilan sintaktik munosabatga kirishadi: akasidan kuchli, singlisidan ziyrakroq. 4. Ravishli birikma. Bunday birikmaning hokim so`zi otlashmagan ravish bilan ifodalanadi. Ravishli so`z birikmalarida tobe va hokim qismlar o`zaro boshqaruv yo`li bilan bog`lanadi: raketadan tez, toshbaqadan sekin. 5. Modal so`zli birikma. Bunda modal so`z birikmaning hokim so`zi sifatida keladi. Birikma boshqaruv yo`li bilan tuziladi: bizga kerak, o`quvchilarda bor. Sifatli, ravishli, modal so`zli birikmalar ham fe’lli birikma singari so`zshakl bilan so`z (leksema)ning o`zaro bog`lashi natijasida hosil qilinadi.
So`z birikmalari, tobe a’zoning sintaktik vazifasiga ko`ra, quyidagi turlarga bo`linadi: 1) aniqlovchili birikma; 2) to`ldiruvchili birikma; 3) holli birikma. 1. Aniqlovchili birikma. Bunday birikmalarning tobe a’zolari aniqlovchining barcha turlari vazifasini bajaradi. Shunga ko`ra ularni: 1) sifatlovchili birikma; 2) qaratuvchili birikma; 3) izohlovchili birikmalarga ajratish mumkin. Masalan: yozma ish, ilmiy maqola, beshta kitob, allaqanday ovozlar – sifatlovchili birikma; iqtisodiyotning taraqqiyoti, maktab hovlisi - qaratuvchili birikma; o`qituvchi Salimova, professor Qodirov - izohlovchili birikma.
Aniqlovchili birikma bitishuv va boshqaruv yo`li bilan tuziladi.
2. To`ldiruvchili birikma. Tobe a’zosi to`ldiruvchi vazifasini bajaradigan so`z birikmasi to`ldiruvchili birikma deb yuritiladi. Bunda qismlar o`zaro boshqaruv yo`li bilan birikadi. Masalan: yoshlarga nasihat qilmoq, odamlarni qadrlamoq, talabalar uchun darslik, ilm-fan haqida so`zlamoq.