Nizomiy nomidagi


-Mavzu: Ibtidoiy odamlarning qurollari



Yüklə 439,42 Kb.
səhifə95/105
tarix27.03.2023
ölçüsü439,42 Kb.
#90430
1   ...   91   92   93   94   95   96   97   98   ...   105
Nizomiy nomidagi

24-Mavzu: Ibtidoiy odamlarning qurollari


`Ibtidoiy jamoa tuzumi kishilik jamiyati taraqqiyotidagi eng uzoq davom etgan va eng qadimgi davridir. Bu davrni yozma manbalar asosida o‘rganib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bu davrni chuqur o‘rganishda arxeologiya, etnografiya, antropologiya kabi fanlarning ahamiyati beqiyosdir. Qadimgi odamlar o‘z faoliyati davrida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatib, kundalik hayotda o‘ziga zarur bo‘ladigan mehnat qurollari yasagan, yashash uchun makonlar tanlagan, keyinchalik esa boshpanalar qurganlar. O‘z navbatida bu jarayonlar inson faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan.
` Hozirgi paytda O‘rta Osiyo hududida ibtidoiy jamiyat rivojlanishining alohida bosqichlari quyidagi davrlarga bo‘linadi: 1. Paleolit («palayos»-qadimgi, «litos»-tosh) davri; bundan taxminan 800 ming yil ilgari boshlanib, 15—12 ming yil ilgari tugaydi; o‘z navbatida bu davr uchga bo‘linadi;
a) ilk paleolit-Ashel davri, 800-100 ming yilni o‘z ichiga oladi;
b) o‘rta paleolit-Muste davri, miloddan avvalgi 100-40 ming yilliklar;
v) so‘nggi paleolit-miloddan avvalgi 40-12 ming yillik.
2. Mezolit («mezos»-o‘rta, «litos»-tosh) miloddan avvalgi 12-7 ming yilliklar.
3. Neolit («neos»-yangi tosh)-miloddan avvalgi 6-4 ming yilliklar.
4. Eneolit (mis-tosh davri)-miloddan avvalgi 4 ming yillikning oxiri-3 ming yillikning boshi.
5. Bronza davri-miloddan avvalgi 3-2 ming yilliklar.
6. Temir davri-miloddan avvalgi 1-ming yillikning boshlaridan.
O‘zbekiston hududlaridagi eng qadimgi odamlarning manzilgohlari Farg‘ona vo-diysidagi Selung‘ur, Toshkent viloyatidagi Ko‘lbuloq, Buxorodagi Uchtut makonlari-dan topilgan. Bu davr odamlari toshlardan qo‘pol qurollar (chopperlar) yasab, termachilik va jamoa bo‘lib ov qilish bilan shug‘ullanishgan. Ilk paleolit davri odam-lari jismoniy jihatdan ham, aqliy jihatdan ham hozirgi odamlardan farq qilishgan. Ular tabiat oldida ojiz bo‘lib, unda tayyor bo‘lgan mahsulotlarni o‘zlashtirganlar. Ular na diniy tushunchani, na dehqonchilikni va na chorvachilikni bilganlar.
O‘rta paleolit davri makonlari Toshkent vohasidagi Obirahmat, Xo‘jakent, Samarqanddagi Omonqo‘ton, Boysun tog‘laridagi Teshiktosh kabi ko‘pgina makonlardan aniqlangan bo‘lib, ulardan shu davrga oid ko‘pgina turli-tuman toshdan yasalgan mehnat qurollari topilgan. Obirahmat makoni yoysimon shaklda bo‘lib, bu yerda 10 m qalinlikdagi 21 ta madaniy qatlam aniqlangan. Topilmalar orasida nukleuslar, parrakchalar, o‘tkir uchli sixchalar, qirg‘ichlar uchraydi, shuningdek, turli hayvonlar suyaklari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Yana bir mashhur yodgorlik Teshiktosh g‘or makoni bo‘lib, bu yerdan turli-tuman qurollar va hayvon suyaklaridan tashqari, 9-10 yashar bolaning qabri qazib ochilgan. Qabrdagi murdaning yoniga turli tosh qurollar va arxar shoxi qadab qo‘yilgan.
O‘rta paleolit davriga kelib ibtidoiy jamiyat odamlarining mehnat qurollari takomillashib, turmushida yangi unsurlar paydo bo‘la boshlaydi. Eng muhimi, ibtido-iy to‘dadan urug‘chilik jamoasiga o‘tish boshlanadi. Shimoldan ulkan muzlik siljib kelishi natijasida olov kashf etiladi. Odamlar o‘choqlar atroflarida to‘lanib, ibtidoiy turar-joylarga asos soldilar. Jamoa bo‘lib ov qilish paydo bo‘ldi.
So‘nggi paleolit qadimgi tosh asrining so‘nggi bosqichidir. Bu davrga oid makon-lar Ohangarondagi Ko‘lbuloq, Toshkentning g‘arbidagi Bo‘zsuv 1 hamda Samarqand shahridan topilgan. Ulardan topilgan topilmalar orasida qirg‘ichlar, kesgichlar, sixchalar, pichoqlar, boltalar kabi qurollar bor. Bu davrga kelib odamlar faqat tog‘li hududlarga emas, tekisliklarga ham tarqala boshlaydilar. Bu davrning eng katta yutug‘i urug‘chilik tuzumiga (matriarxat) o‘tilishidir.
Paleolit davriga xulosa yasab shuni aytish mumkinki, bu davrda ibtidoiy odamlar xo‘jalik yuritishning eng oddiy yo‘llaridan (terib-termachlab) murakkabroq ko‘rinishlariga (ovchilik, baliqchilik) ga o‘tdilar. Olov kashf etildi. Ibtidoiy turar-joylar o‘zlashtirildi. Insoniyat ibtidoiy poda davridan urug‘chilik tuzumiga o‘tdi. Mehnat qurollari takomillashib, turlari ko‘paya bordi. Shuningdek, bu davr ibtidoiy odamlari orasida dastlabki diniy qarashlar paydo bo‘ldi.
Mezolit davri yodgorliklari Surxondaryodagi Machoy g‘or makonidan, Markaziy Farg‘onaning ko‘pgina yodgorliklaridan topib o‘rganilgan. Bu davrga kelib muzlik yana shimolga qaytadi. Hayvonot va o‘simlik dunyosida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Insoniyat o‘z tarixidagi dastlabki murakkab moslama-o‘q-yoyni kashf etadi. Mezolit davri qurollari paleolitga nisbatan ixchamligi va sifatliligi bilan farq qiladi. Mezolit davri qabilalari asosan ovchilik va termachilik xo‘jaligi yuritganlar. Bu davrning oxirlariga kelib, dastlabki uy chorvachiligi yoki hayvonlarni xonakilashtirish boshlanadi.
Neolit davriga kelib, qadimgi qabilalar hayotida katta-katta o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu davr odamlari aksariyat hollarda daryo sohillari va tarmoqlari yoqasida, ko‘llar bo‘ylarida yashab, tabiiy imkoniyatlardan kelib chiqib, baliqchilik va ovchilik yoki dehqonchilik va chorvachilik hamda qisman hunarmandchilik bilan shug‘ullanganlar. Eng katta yutuqlardan biri kulolchilikning paydo bo‘lishidir. Shuningdek, bu davrga kelib to‘qimachilik va qayiqsozlik ham paydo bo‘ladi. Neolit davri qabilalari xo‘jalik shakllariga qarab quyidagi madaniyatlariga bo‘linadi: Joytun madaniyati, Kaltaminor madaniyati, Hisor madaniyati. Joytun madaniyati. Janubiy Turkmaniston hududidagi mil.avv. VI-V ming yillik-larga oid madaniyat. Bu yerdan O‘rta Osiyodagi birinchi paxsa uylar qoldiqlari, sopol idishlar namunalari aniqlangan. Aholisi asosan dehqonchilik, chorvachilik va qisman ovchilik bilan shug‘ullangan. Kaltaminor madaniyati. Qadimgi Xorazm hududidan topilgan bo‘lib, mil. avv. V-IV ming yilliklarga oiddir. Topilmalar Kaltaminor qabilalarining baliqchilik, ov-chilik va qisman hunarmandchilik bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi.Hisor madaniyati. Asosan, Hisor-Pomir tog‘laridan topilgan.Miloddan avvalgi V-IV ming yilliklarga oid. Hisorliklar sopol idishlar yasab, asosan chorvachilik, ov-chilik, qisman termachilik bilan shug‘ullanganlar.
Eneolit davri makonlari Xitoydan Dunaygacha bo‘lgan katta hududda tarqalgan bo‘lib, hamma joyda ijtimoiy taraqqiyotning bir xil bosqichi kuzatiladi. O‘rta Osiyoda quyidagi yangi tarixiy-madaniy jarayonlar eneolit davri bilan bog‘liq:
1. Xo‘jalikning boshqa hamma turlariga qaraganda haydama dehqonchilikning ustunlik qilishi;
2. Toshdan ishlangan qurollar ko‘p bo‘lgan holda mis qurollarning paydo bo‘lishi;
3. Katta-katta ibtidoiy jamoalarning paxsadan va xom g‘ishtdan tiklangan katta-katta uylari;
4. Kulolchilikda muhim texnika yutug‘i-xumdonlarning ishlatilishi.
5. Turli hayvonlarning loydan yasalgan va ona urug‘i (matriarxat) ga xos haykalchalari;
6. Rangdor, turli tasvirlar bilan bezatilgan sopol buyumlar mavjudligi.
Eneolit-mis-tosh davrida odamlar dastlabki metall bilan tanishdilar. Bu davrga kelib mis qurollar ancha takomillashgan bo‘lsada, undan og‘ir mehnat qurollari yasashning imkoni yo‘q edi. Misdan asosan uy-ro‘zg‘or buyumlari, taqinchoqlar va harbiy qurollar yasalgan. Eneolit davri yodgorliklari Buxoro viloyatining Lavlakon, Beshbuloq, Uchtut (mis koni) mavzelaridan, Panjikent atroflaridan (Sarazm madaniyati) topib tekshirilgan. Bu davrga kelib, dehqonchilik O‘rta Osiyoning shimo-li-sharqiy hududlariga ham yoyiladi.
Hozirgi kunda ibtidoiy jamoa tuzumining turli bahslarga sabab bo‘layotgan muammolaridan biri antropogenez-odamning paydo bo‘lishi va rivojlanishidir. Turli hududlarda qadim zamonlarda yashagan ilg‘or mutafakkirlar odamning paydo bo‘lishi haqida ilmiy ta’rifga yaqin fikrlarni bayon etganlar. Ular asosan insoniyat hayvonot olamidan ajralib chiqqan degan fikrni bildiradilar. Insonning paydo bo‘lishi millionlab yillar davom etgan rivojlanish jarayonining natijasidir. Eng qadimgi qazilma odam qoldiqlari Sharqiy Afrikadan (Olduvay, zinjantrop), Indoneziyadan (Yava, pitekantrop), Xitoydan (sinatrop), Germaniyadan (Geydelberg) topib tekshirilgan. Keyingi topilmalar, ya’ni, zamonaviy odamga ancha yaqin bo‘lgan odam qoldiqlari dastlab Neandertal (Germaniya) vodiysidan topilgan (O‘zbekistondagi Teshiktosh).
O‘rta tosh davrida, birinchi navbatda mehnat jarayonida inson tafakkurining rivojlanishi natijasida neandertal qiyofasidagi odamlar hozirgi qiyofadagi odamlarga aylana boshladilar. Ular jismoniy jihatdan kamol topib, hozirgi qiyofadagi kishilar vujudga keldi va shu bilan antropogenez jarayoni tugadi (kromanon ko‘rinishidagi odamlar). Bu jarayonning tugashi insoniyat tarixidagi muhim voqea bo‘lib, inson dastlab toshdan oddiy to‘qmoq yasagan bo‘lsa, uzluksiz mehnat, intilish hamda ongining rivojlanishi natijasida yuksak madaniyat yaratish darajasiga yetib keldi.
Janubiy Qozog‘istonning tog‘ va tog‘oldi tumanlaridan, Qirg‘izistonning tog‘ vodiylaridan, Janubiy Turkmanistonda, Qizilqum va Qoraqum ichkarisidagi qadimgi ko‘llar atrofida, O‘zbekistondagi Ohangaron, Chirchiq daryolari vodiylarida, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo vohalari, Farg‘ona vodiysi va uning tog‘li hududlaridan ibtidoiy jamoa tuzumining barcha davrlariga oid yodgorliklar topilgan. Bu topilmalar O‘rta Osiyoni antropogenez jarayoni sodir bo‘lgan hududlar sarasiga qo‘shish imkonini beradi. Hozirgi davrda olimlarning katta guruhi odamzodning dastlabki vatani Afrika degan fikrni ilgari sursa, yana bir guruh olimlar Yevropa deydilar. Boshqa bir guruh olimlar esa odam ilk marta Osiyoning janubida paydo bo‘lgan degan g‘oyani ilgari suradilar. Umuman olganda, odamzodning dastlabki vatani haqida olimlar orasida yagona fikr hozircha yo‘q.



Yüklə 439,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   91   92   93   94   95   96   97   98   ...   105




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin