NHH loyihasini jamoatchilikka e’lon qilish talabi qonun doirasida belgilanmoqda Yangi Qonundagi eng muhim yangiliklardan yana biri NHHlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi tartibining belgilanayotgani hisoblanadi. Endilikda NHH loyihasini ishlab chiquvchi tomonidan uni qabul qiluvchi organga kiritishdan oldin loyiha NHHlar loyihalari muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun joylashtirishi nazarda tutildi.
Loyihani portalda muhokama qilish davomiyligi loyiha joylashtirilgan kundan e’tiboran 15 kundan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Shuningdek, loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilaridan tushgan fikr-mulohazalarni va takliflarni hisobga olish, ular rad etilgan taqdirda, ishlab chiquvchi ularni rad etish sababini asoslashi shartligi belgilandi.
Aytish joizki, NHHlarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazmasdan qabul qilish orqali turli shaxslarning manfaatlariga xizmat qiluvchi qoidalar belgilanib ketgan holatlar oz emas. Ko‘ramiz, ushbu talabga qanchalik rioya etiladi.
Huquqiy eksperiment, korrupsiyaga qarshi ekspertiza Yangi qonunga kiritilgan tushunchalardan biri – huquqiy eksperimentdir. NHH qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ tomonidan NHH samaradorligini, uning vaqtincha amal qilishini muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklagan holda o‘rganish huquqiy eksperiment hisoblanadi. Huquqiy eksperiment natijalariga ko‘ra, NHHni vaqt, muayyan hudud va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklanmagan holda qabul qilish masalasi hal qilinadi: yoki keng miqyosda qabul qilinadi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Qayd etish lozimki, ushbu tartib amaliyotda mavjud bo‘lsa-da, mazkur qonunga kiritilmagandi.
NHH loyihalarining Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan NHH loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muddati hamda idoraviy NHHni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari qonunda aniq belgilab berildi. Unga ko‘ra, Vazirlik tomonidan qonun va qonunosti hujjatlarining huquqiy ekspertizasi 10 kun muddatda, idoraviy NHHni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 30 kunlik muddatda amalga oshirilishi belgilandi.
Shuningdek, Adliya vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan:
xalq deputatlari viloyat, tuman, (shahar) Kengashi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi - 2 ish kuni ichida;
viloyat, tuman, (shahar) hokimi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi - 5 ish kuni ichida o‘tkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, NHH va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi uchun alohida modda ajratildi. Shunga ko‘ra, NHH loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi esa ular qabul qilinishining korrupsiya holatlari uchun imkoniyat yaratuvchi oqibatlarini umumiy baholash, normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash jarayonida korrupsiya xususiyatiga ega xavflarning yuzaga kelishi ehtimolini prognoz qilish maqsadida o‘tkazilishi nazarda tutildi.