II BOB. O’ZBEK DAVLATChILIGINING ShAKLLANIShI VA TARAQQIYOT BOSQIChLARI. BUYuK IPAK YO’LI
Tayanch so’z va iboralar: O’zbek davlatchiligi: shakllanishi, rivojlanishi. Qadimgi Xorazm. Baqtriya. So’g’diyona. «Avesto». To’maris. Shiroq. Spitamen. Ellinizm. Yunon-Baqtriya. Qang’a. Davan. Kushonlar. Xioniylar. Buyuk ipak yo’li. Mustaqillik tufayli davlatchilik tariximiz tub burilish pallasiga kirdi. Davlatchilik sohasidagi bosh yo’limiz mustahkam demokratik huquqiy davlat barpo etishdan iborat. Bu o’rinda ajdodlarimizning davlat qurilishidagi tarixiy tajribalariga tayanilmoqda. Xo’sh, o’zbek davlatchiligi qachon paydo bo’lgan, qanday bosqichlarni bosib o’tgan, davlat qurilishida qanday tajribalarimiz bor? Bu savollarga asosli javob berish har bir talabaning burchidir. «Davlatchilik bugungi kunda o’ta siyosiy masala bo’lib turibdi. Nega deganda, O’zbekistonda davlatchilik bo’lmagan, deb orqavarotdan tashviqot yuritayotgan, shu fikrni ongimizga singdirmoqchi bo’layotgan, kerak bo’lsa, xalqaro jamoatchilikni shunga ishontirishga urinayotgan kuchlar hali bor. …O’zbek tarixchilarining bugungi kundagi asosiy vazifasi mana shu da’voning puch ekanligini isbotlash, davlatchiligimizning ilmiy nuqtai nazardan asoslangan tarixini yaratishdir». Mustabid sovet hokimiyati davridagi tarixiy asarlarda, darslik va qo’llanmalarda O’rta Osiyoda, hozirgi O’zbekiston hududida davlatchilik tizimi bo’lganligi haqida yozilgan, ammo tilga olingan davlatlarga to’g’ridan–to’g’ri o’zbek halqi, o’zbek jamiyati bilan bog’liq holda, Vatanimizda uzluksiz kechgan jarayon sifatida qaralmagan. Yurtimizda shakllangan, qariyb uch ming yil davomida faoliyat yuritgan davlatlar yoki bir kichik hudud, yoki hokimiyat tepasida turgan hukmdor nomi bilan atalgan, davlatning asosiy manbai, mohiyati, ya’ni qaysi xalqning davlati ekanligi ochib berilmagan, to’g’rirog’i ochib berishni xohlamaganlar. «Nima emish, O’zbekiston XX asrning 20-yillarida, aniqrog’i, 1924 yili davlat maqomini olgan emish. Biz shu gapga ishonishimiz kerakmi?». Ishonmaymiz, albatta. O’zbek xalqi eng qadimdan davlat barpo etgan xalqlar qatorida turadi.
1. Davlat tuzilmalarining shakllanish shart-sharoitlari Mehnat qurollarining takomillanishi natijasida erga ishlov berish yaxshilanib, ekin maydonlari kengayib, odamlarning mehnati unumliroq bo’lib bordi. Temirning kashf etilishi, undan yasalgan mehnat qurollari qishloq xo’jaligi va hunarmandchilikning tez o’sishiga olib keldi. Odamlarning daryolarni bo’g’ib, to’g’onlar qurib, kanallar qazib erlarga suv chiqarish imkoniyati kengaydi. O’rgatilgan ishchi hayvonlari qo’shilgan temir tishli omochlar bilan erni haydashning o’zlashtirilishi hosildorlikning oshishini, ko’proq mahsulotlar etishtirishni ta’minladi. Bu odamlar turmushini ancha yaxshiladi, umrini uzaytirdi, aholi son jihatdan ko’payib bordi. Urug’chilik munosabatlari ham o’zgarib boradi. Ikki urug’ a’zolaridan tashkil topgan er-xotin - juft oilalar vujudga keladi. Katta patriarxal oilalar urug’ jamoalaridan ajralib chiqadi, ularga urug’ jamoalariga qarashli erlardan chek erlari ajratib beriladi. Shu tariqa urug’ jamoasining umumiy xo’jaligi oilalar jamoasiga bo’linadi. Bunday oilalar jamoasi ishlab chiqarish jamoalari deb ham ataladi.