Ilk paleolit bundan 3-2,5 million yillardan 100 minginchi yillargacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Arxeologlar ilk paleolit davrida taxminan 700-300 ming yillar ilgari bo’lib o’tgan Shel1 va taxminan 300-100 ming yillar ilgari bo’lib o’tgan Ashel2 davri bo’lganligini ham ta’kidlaydilar.
O’rta paleolitbosqichi bundan 100-40 ming yillar ilgarigi davrdir. Arxeologiyada bu davr Muste3 madaniyati ham deb yuritiladi.
So’nggi paleolit bosqichi miloddan taxminan 40-12 ming yillar ilgarigi davrdir. Ibtidoiy jamiyatning ikkinchi davri mezolit /yunoncha «mezos» - o’rta, «litos» - tosh degan ma’noni bildiradi/ - o’rta tosh davri deyiladi va u miloddan avvalgi 12 minginchi yillardan 7 minginchi yillargacha davom etadi. Odamlarning paleolit va mezolit bosqichlaridagi termachilik va ovchilikka asoslangan turmush tarzi tabiatdagi tayyor narsalarni o’zlashtirish, iste’mol qilish xo’jaligi deb ham ataladi. Mezolit davrida tarixiy taraqqiyotning notekis rivojlanish qonuni amal qila boshlaydi. Negaki, sayyoramizning turli mintaqlaridagi tabiiy iqlim sharoiti turlicha bo’lganligi sababli ayni bir vaqtning o’zida yashash uchun qulay iqlim sharoitlari mavjud bo’lgan hududlarda rivojlanish tezroq, noqulay hududlarda sekinroq borganligi kuzatiladi. Uchinchi davr Neolit /yunoncha «neos» - yangi, «litos» tosh degan ma’noni bildiradi/-yangi tosh davri bo’lib, unga miloddan avvalgi 6-4 minginchi yillar kiradi. Neolit davri odamlarning dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik orqali iste’mol qilinadigan mahsulotlarni o’zlari yaratishga asoslangan turmush tarzi ishlab chiqarish xo’jaligi shakllangan bosqich deb ham ataladi. To’rtinchi davr eneolit, ya’ni misdan qurollar yasash o’zlashtirilgani uchun tosh-mis davri deyiladi, u miloddan avvalgi 4 minginchi yillarda yuz beradi. Beshinchi davr bronza, ya’ni mis va qalay qotishmasidan mehnat qurollari yasash o’zlashtirilgan davr bo’lib, miloddan avvalgi 3-2 minginchi yillarni o’z ichiga oladi. Miloddan avvalgi bir minginchi yillar boshlarida temirdan turli qurollar va asbob-uskunalar yasashning o’zlatirilishi natijasida temir asri boshlanadi. Ibtidoiy jamiyat davrlarining xronologik yillari taxminan belgilangan bo’lib, ma’lum bir davr ayrim mintaqada oldinroq, boshqasida keyinroq boshlanishi va tugallanishi mumkin, albatta. Tarixiy tadqiqodlar kishilik jamiyatining neolit va undan keyingi davrlarga o’tishi zamon nuqtai nazardan sayyoramizning turli mintaqalarida har xil vaqtlarda sodir bo’lib, keyingi davr oldingilaridan qisqaroq bo’lib borganligidan guvohlik beradi. Bu jarayonni zamon va makonda tarixiy rivojlanish sur’atlarining jadallashish qonuni bilan izohlash mumkin bo’ladi.
2. Mamlakatimizda odamlarning paleolit davri manzilgohlari. Mamlakatimizning ilk paleolit davri, geologlarning hisobiga ko’ra, tabiiygeografik
jihatdan yozi issiq, qishi sovuq, yog’ingarchilik kam bo’lgan iqlim tartibi qaror topgan davrga to’g’ri keladi. Ana shu sharoitga mos ilk odamlar, xayvonot olami va o’simliklar dunyosi shakllanadi. Bir necha yuz ming yillar davomida tabiiy muhit ham o’zgarib bordi. Ilk paleolitning oxirgi bosqichlarida sayyoramizni muzlik qoplab iqlim keskin soviydi, tez-tez yog’ingarchilik bo’ladigan bo’lib qoladi. O’lkamizda cho’l va voha landshaftlari shakllanib, o’simliklar va hayvonlar dunyosi o’zgarib boradi. Odamlar ham jismoniy, ham aqliy jihatdan takomillashadi. O’zbekiston hududida ilk paleolit davri odamlari yashagan manzilgohlar Farg’ona vodiysining So’x tumanidagi Selung’ur g’oridan va Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinidagi Ko’lbuloq makonidan topilgan va
o’rganilgan. Selungur g’ori 1958 yilda arxeolog A.P.Okladnikov, 1980 yildan boshlab arxeolog olim O’.Islomov tomonidan o’rganilgan. Tadqiqotlar Selungur manzilgohida odamlar paleolit davrining barcha bosqichlarida yashaganligini ko’rsatadi. Bu manzilgohdan ajdodlarimizning suyak qoldiqlari, ularning toshdan yasalgan mehnat qurollari hamda ular ovlab tirikchilik qilgan ayiq, qoplon, karkidon, sirtlon, ohu va boshqa hayvonlarning suyaklari topildi. Olimlar Selungur g’orida bundan 1,5 million yillar ilgari odamlar yashagan, degan xulosaga keldilar1. Selungur tadqiqotlarining ahamiyati shundaki, u mamlakatimiz odamzod ilk bor paydo bo’lgan mintaqalardan biri ekanligini isbotlab berdi. Ilk paleolit davri odamlarining manzilgohlaridan yana biri Toshkent viloyati Chotqol tog’ining janubiy-sharqiy yonbag’ridagi Jarsoyning qirg’og’idagi Ko’lbuloq makonidir. 1963-1970 yillarda arxeolog M.R.Qosimov rahbarligidagi guruh Ko’lbuloq makonida 10 dan ortiq qatlamni o’rgandi. 730- 830 sm. chuqurlikda joylashgan ikki quyi qatlam ilk paleolit bosqichiga to’g’ri keladi. Bu qatlamlardan yirik, dag’al ishlangan tosh qurollar va hayvon suyaklari topiladi. Ko’lbuloq makonining yuqoriroq qismidan topib o’rganilgan boshqa madaniy qatlamlar bu erda odamlar paleolit davrining o’rta va so’nggi bosqichlarida ham istiqomat qilganliklarini isbotladi. Eng qadimgi odamlar hozirgi vaqtdagi odamdan anchagina farq qilardi. Ular ikki oyoqlab, oldinga engashgan, qo’llarini tizzasigacha osiltirgan holda yurganlar, qo’llari oddiy ishlarni - biron narsani ushlash, urish, er kovlash kabilarni bajarishga qodir bo’lgan. Qadimgi odamlarning peshonasi tor, miyasi kichik bo’lgan, hali gapira olmagan, uzuk-yuluq ovozlar chiqarib g’azab va qo’rquv, yordamga chaqirish alomatlarini bildirganlar. Ilk paleolit odamlari ov qilish, terib-termachilab ozuqa topish uchun toshdan, suyakdan, daraxt shoxlaridan turli mehnat qurollari yasaganlar. Shu tufayli ularni «homo-habilis»- «bilag’on odam»deyiladi.