TASSRning tuzilishi Sovet hukmdorlarining yana bir hiylakorligi va ustamonligi shunda ko’rinadiki, ular Turkiston muxtoriyati tajribasidan muhim xulosa chiqarib, bu hududda o’ziga xos sovet muxtor respublikasini tuzishga yo’l tutdilar. Bundan ko’zda tutilgan bosh maqsad - Turkistonning kelajakda mustaqil, suveren davlat bo’lib, ajralib chiqib ketishiga izn bermaslik edi. Sovetlar ishlab chiqqan rejaga ko’ra 1918 yilning 20 aprelidan 1 mayigacha Toshkentda bo’lib o’tgan o’lka Sovetlarining V qurultoyida Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi (TASSR)tuzildi va RSFSR tarkibiga kiritildi. Sinfiylik tamoyillariga asoslangan o’ziga xos davlat boshqaruvida hokimiyat funktsiyalari butunlay sovetlar va ularning organlari ixtiyorida edi. Qurultoyda respublikaning hokimiyat organlari: Markaziy Ijroiya Qo’mitasi (MIQ) va Xalq Komissarlari Soveti (XKS) saylandi. MIQning jami 36 a’zosidan atigi 9 nafari mahalliy millat kishilari edi. Avtonom respublika MIQning raisi etib bolshevik P. A. Kobozev saylandi, Bolshevik F. I. Kolesov boshchiligida 16 kishidan iborat tuzilgan XKS tarkibiga
ham 3 nafar mahalliy aholi vakillari kiritilgan edi, xolos. 1918 yil iyunda 2 ming nafar bolsheviklarni o’z safida birlashtirgan Turkiston Kompartiyasi tuzildi. 1919 yil martida Turkiston Kompartiyasi huzurida Turor Risqulov raisligida O’lka musulmonlari byurosituziladi. Musbyuroning organi - «Ishtirokiyun» gazetasi nashr etila boshlandi, unda Turkiston ma’murlarining shovinistik siyosati fosh etila bordi. 1918 yil oktyabrida bo’lgan o’lka sovetlarining VI qurultoyida TASSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda Turkistonni RSFSRning “ajralmas, tarkibiy qismi” ekanligi, o’lka xalqlarining barcha hayotiy masalalari uning mas’ulligida ekanligi qonunlashtirildi. Turkistonda sovet hokimiyatining tobora kuchayishi, uning yakkahukmronligining ortib borishi, o’lka hayotining hamma jabhalarining qattiq markazlashtirilishi, qattiqqo’l iqtisodiy tadbirlarning o’tkazilishi faqat mahalliy aholi qatlamlarining keskin noroziligiga sabab bo’lib qolmasdan, boshqa siyosiy muxolifatchi kuchlarni ham harakatga keltirdi. 1919 yil 19 yanvarida harbiy komissar K.Osipov uyushtirgan isyon natijasida Toshkentda 14 nafar Turkiston xalq komissarlarining otib o’ldirilishi ham buning aniq ifodasi bo’lgandi. Ammo tezlikda o’zlarini o’nglab olishga ulgirgan bolsheviklar vaziyatni o’z foydalariga o’zgartirib, sovet hokimiyatini yana saqlab kolishga muvaffaq bo’ldi., hokimiyat organlari yangi kadrlar bilan to’ldirildi. Rahbarlik lavozimlariga mahalliy millat vakillari ham jalb etila bordi. Moskva sovet Turkistoniga o’z ta’sirini kuchaytirish, uni har tomonlama o’ziga qaram qilish maqsadida 1919 yil kuzida Toshkentga alohida favqulodda vakolatlar berilgan Turkkomissiya(Sh. Eliava - rais, V. Bokiy, F. Goloshchekin, V. Kuybishev, M. Frunze, Ya. Rudzutak)ni yubordi. Uning zimmasiga katta vazifalar yuklangan edi. Uning butun faoliyati TASSR sovet va partiya qurilishi ishlarini jadal sur’atlar bilanolib borish, yangi tuzumni chuqur ildiz ottirish edi. TASSR hayotida kechayotgan barcha ijtimoiy - siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan bog’liq eng asosiy masalalarning birortasi ham Turkkomissiya a’zolarining izmisiz hal etilmas edi. Bu davrda mahalliy xalq orasidan chiqqan, sovet va partiya qurilishida ancha tajriba ortirgan, chiniqqan T. Risqulov, N. To’raqulov, A. Rahimboev, N. Xo’jaev, Q. Otaboev, A. Ikromov, S. Segizboev kabi yurt arboblari u yoki bu rahbariy mansablarda faoliyat yuritgan bo’lsalar-da, ammo ularning inon-ixtiyori moskvalik hukmdorlar tizginida bo’lgan. Xullas, Turkkomissiya siymosida TASSR hayotida zo’rlik bilan qaror topdirib borilayotgan bolsheviklar diktaturasining asl mazmun-mundarijasi mujassamlashgan edi.