4. Xorazm va Buxoroda demokratik harakatlarning o’sib borishi. Xiva
xonligi va Buxoro amirligining emirilishi
Ma’lumki, Rossiyada 1917 yilda yuz bergan fevral inqilobiy o’zgarishi chorizmning yarim mustamlaka o’lkalari hisoblangan Xiva xonligi va Buxoro amirligida ham aks-sado bermay qolmadi. Avvalo, bu tobe davlatlarning Rossiya ta’siridan xalos bo’lishga intilishi ko’zga tashlansa, ikkinchi tomondan, mahalliy xalqning demokratik erkinliklar va huquqlarga ega bo’lish sari harakatlari faollashdi. Jumladan, Xorazmda Yosh xivaliklar harakati xonlikdagi siyosiy vaziyatni o’zgartirish va bir qator demokratik o’zgarishlarni yuzaga chiqarishga otlandilar. Yosh xivaliklar etakchilari ishlab chiqqan manifestda konstitutsion monarxiya tuzish, xonning vakolatlarini cheklash, iqtisodiyot, ta’lim va madaniy xayot jabhalarini isloh qilish talablari ilgari surilgandi. Xivada ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskin tus olayotganidan cho’chigan Isfandiyorxon 1917 yil 5 aprel kuni manifestni imzolashga majbur bo’ldi. Manifest talablariga ko’ra xonlikda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatildi. Ayni paytda tarkibi 30-50 kishidan iborat ruhoniylar va savdo-sanoat ahli vakillaridan saylangan Majlis va Nozirlar Kengashi tuziladi. Ular xalq vakilligi boshqaruvi organlari sifatida xon hokimiyati vakolatlarini ma’lum darajada chekladi. Manifestga muvofiq yosh xivaliklarning taniqli rahbari Bobooxun Salimov Majlis raisi, Matmurodov esa Nozirlar Kengashi raisi etib saylandilar. Xon xazinasi va uni tasarruf qilish ustidan nazorat o’rnatildi. Xon temir yo’llar qurish, pochta-telegraf o’rnatish, yangi jadid maktablari ochish to’g’risida va’dalar berdi. Biroq Xiva xoni va uning atrofidagi mutaassib kuchlar bu demokratik o’zgarishlarni yo’qqa chiqarish, eski tartiblarni qayta tiklash payida
bo’ldilar. 1917 yil iyuniga kelib Isfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumatining Xivadagi vakili, general Mirbadalov yordamiga tayanib, Matmurodov boshliq Yosh xivaliklar rahbarlarini qamoqqa oladi. Bu partiyaning faoliyati qonundan tashqari deb e’lon qilinadi. Yosh xivaliklarning ko’plari qo’lga olinib jazolanadi. Qolganlari xonlik hududini tark etadilar.
Dostları ilə paylaş: |