Odam va uning salomatligi. 8-sinf (2014, B.Aminov, T.Tilavov)
Nafas olishning gumoral boshqarilishi. Qonda karbonat angidrid
miqdori ko‘paysa, u uzunchoq miyadagi nafas markazini qo‘zg‘a-
tadi va nafas olish tezlashadi. Agar o‘quvchilar deraza va eshiklari
yopilgan sinfda uzoq vaqt o‘tirsa, sinf havosi tarkibida karbonat
angidrid gazi miqdori ko‘payadi. Bunday havodan nafas olish
natijasida ular qonida bu gaz miqdori ortib ketadi va u nafas
markazini kuchli qo‘zg‘atib, nafas olishning tezlashuviga sabab
bo‘ladi. Bu hol davom etaversa, o‘quvchilarda bosh aylanish, uyqu
bosish, esnash, umumiy holsizlik va nafas qisish kabi noxush
belgilar yuzaga kelishi mumkin. Bu holatlar qonda va to‘qimalarda
karbonat angidrid ko‘payishi hamda kislorod kamayishi natijasida
sodir bo‘ladi.
Odam jismoniy mashq bajargan vaqtda uning qonida karbonat
angidridning miqdori ko‘payadi va u nafas markazini qo‘zg‘atib,
nafas olishni tezlashtiradi. Mashqlarni bajarish tezligi qancha katta
bo‘lsa, nafas olish shuncha tezlashadi. Qonda karbonat angidrid
miqdori kamayib, normaga kelishi bilan nafas olish sekinlashadi.
Shunday qilib, qon tarkibidagi karbonat angidrid miqdorining
ko‘payishi yoki kamayishi gumoral yo‘l bilan nafas markaziga ta’sir
etib, nafas olishning boshqarilishida ishtirok etadi.
1. O‘pka va to‘qimalarda gazlar qanday almashinadi?
2. Nafas olingandagi va chiqarilgandagi havoning tarkibi bir-biridan
qanday farq qiladi?
3. Kesson kasalligining oldini olish uchun nimalarga e’tibor
berish zarur?
4. Jismoniy mashq bajarganda nafas olish qanday o‘zgaradi?
5. Nafas olish qaysi nerv markazlari orqali boshqariladi?
6. Nafas olishning gumoral boshqarilishi qanday aniqlanadi?
7. Sinf havosining tarkibi buzilganda o‘quvchilarda qanday holat
yuz beradi?