Vaqtga ko‘ra nazorat metodlari O‘zaro ta’sir natijasida nazorat etish vaqt nuqtai nazaridan uch turli bo‘ladi. Joriy nazorat-har bir darsda uzoq va yaqindan o‘tilgan o‘quv materialining o‘zlashtirilishini tekshirish demakdir.
Unda nazorat savollar berish, qoidalar, ta’riflarga oid ma’lumotlar keltirish, berilgan materiallarni tahlil etish, mavzularning mazmunini ochib berish, qisqa muddatli munozaralar tashkil etish, o‘quv topshiriqlarini bajartirish kabi metodlardan foydalaniladi. Joriy nazorat qisqa muddatda o‘tkazilishi bilan harakterlanadi.
Oraliq nazorat-o‘quv fanining bir bo‘limi, katta qismi o‘tib bo‘lingandan keyin tashkil etiladigan tekshirishdir. Unga alohida o‘quv soati ajratiladi. Oraliq nazoratda o‘rganilgan bo‘lim mazmuniga mos savollar tizimiga javob olinadi, o‘quv tizimi topshiriqlari bajartiriladi, uzoq muddatni oladigan munozara o‘tkaziladi. Savollar, o‘quv topshiriqlar tizimi, uzoq muddatli munozara, og‘zaki yoki yozma hisobot kabilar davriy nazorat metodlari hisoblanadi.
Yakuniy - nazorat - o‘quv fani to‘liq o‘rganilgach, chorak oxirida, o‘quv yili so‘ngida tashkil etiladi. Unda o‘quv fani mazmunini o‘ziga to‘liq qamrab oladigan metodlardan foydalaniladi. O‘quv fani doirasida qo‘llangan termin va tushunchalarga (og‘zaki yoki yozma) izoh yozish, o‘quv faniga oid yetakchi g‘oyalarni hayotga, ishlab chiqarish, amaliyotga tatbiq etish, o‘quv fanining inson hayotida tutgan o‘rnini baholash, o‘quv fani doirasida o‘rganilgan nazariy va amaliy bilimlariga o‘z munosabatini bildirish kabi metodlar nazoratning samaradorligini oshiradi.
O‘quvchilar miqdoriga ko‘ra nazorat metodlari O‘quvchilar mikdoriga ko‘ra nazoratning uch xil ko‘rinishi farqlanadi: individual tekshirish-alohida o‘quvchiga mo‘ljallangan nazoratdir. A’lochi o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘quv topshirig‘i o‘rtacha tayyogarlikka ega bo‘lgan bola uchun qiyin bo‘lganidek, o‘rta o‘zlashtiradigan o‘quvchi uchun tuzilgan o‘quv topshirig‘i a’lochi o‘quvchi uchun juda ko‘p sanaladi. Ko‘rinadiki, individual nazorat har bir o‘quvchining bilimi, tayyorgarlik darajasiga qarab taerlanadi. Demak, individual nazorat metodi sifatida tanlangan suhbat, savol, topshiriq, mustaqil ish, laboratoriya mashg‘uloti va Shu kabilarning bajaruvchisi-ijrochisi oldindan belgilanadi.
Tabaqalashgan nazorat-sinf jamoasini bilim, malakalarni o‘zlashtirish darajasi, real bilish imkoniyatlariga qarab kichik jamoalarga ajratish va jamoalarning har biriga mos metod, vosita tanlab tekshirishni o‘tkazishdir. Sinf o‘quvchilari, ularning individual hususiyatlari asosida kichik jamoalarga ajratiladi. Eng yuqori o‘zlashtiruvchi bolalar o‘ta murakkab, yaxshi o‘qiydigan o‘quvchilar jamoasi nisbatan oson, past o‘zlashtiruvchilar jamoasi esa yanada osonroq topshiriqlarni, mustaqil ishlarni bajaradi.
Yalpi nazorat- sinf jamoasining barchasiga mo‘ljallangan tekshirishdir. Masalan, diktant shunday metodlar sirasiga kiradi.
Ta’lim metodlari o‘quv-tarbiya jarayonining tarkibiy qismi bo‘lib, ularsiz ta’lim maqsadi, vazifalarini amalga oshirish, o‘quv materiallari mazmunini o‘zlashtirish mumkin emas.
Ta’lim metodlari ham o‘quv materiali mazmuniga, binobarin, bolalarning ma’lumoti, taraqiyoti, tarbiyasiga, shuningdek, o‘qitish, o‘qish faoliyatlarining bir-biriga kirishuvi va shu asosda o‘zaro ta’sirning yuzaga chiqishiga yo‘nalgan. Ta’lim metodi vositasida o‘qituvchi va o‘quvchining faoliyati o‘zaro muvofiqlashadi. Ta’lim metodi-o‘qituvchi va o‘quvchilarning ma’lumot mazmuniga yo‘nalgan faoliyatini tartibga solish yo‘lidir. Ta’lim metodlari tarkiban o‘qitish metodlari va o‘qish metodlaridan iborat.