Mustaqil ishlar metodlari Mustaqil ishlar ta’limning barcha bosqichlarida o‘tkaziladigan, o‘qituvchining bevosita ishtirokisiz, ammo uning ko‘rsatmalari, rahbarligida bajariladigan intelektual va amaliy topshiriqlardir. Hozirgi paytda mustaqil ishlarning quyidagi turlaridan foydalaniladi.
Darslikdagi qoidalar va ta’riflar ustida mustaqil ishlash:darslikdagi qoida va ta’rifni o‘qish va ularga oid omillarni ajratish; o‘qituvchi topshirig‘iga ko‘ra to‘plangan omillarni tahlil etish va xulosa chiqarish; darslikning ayrim sahifalarini tanlab o‘qish va shu bilimlardan amaliyotda foydalanish yo‘lllari to‘g‘risida qisqacha xisobot tayyorlash; qoida, ta’riflarni mantiqiy qismlarga ajratish va terminlarga qo‘shimcha adabiyotlardan o‘rganilgan mavzu doirasida material to‘plash; ma’ruza, hikoya, suhbat paytida o‘qituvchi chiqargan xulosalarni darslikdagi qoida, ta’riflarni solishtirish.
Darslikdagi amaliy materiallar ustida mustaqil ishlash:darslikdagi mashq, misol va masalalar variantlarni o‘zaro musobaqalashib bajarish; darslikdagi amaliy materiallar asosida turli diagramma, jadval, chizmalar tayyorlash; laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejasini tuzish.
Mashg‘ulotlarda turli mustaqil ishlarni bajarish bolalarda mustaqillikni tarbiyalaydi. Mustaqillik esa shaxsiy sifat hisoblanadi. Mustaqil ishlash metodlaridan foydalanishda qator qoidalarga rioya qilinadi; o‘quvchilarni mustaqil ishlashga tayyorlash; mustaqil ishlarning tushunarli bo‘lishi; mustaqil ish uchun yetarli vaqt ajratish; mustaqil ish natijasini tekshirish.
Didaktik o‘yin metodi Keyingi yillarda ilg‘or o‘qituvchilar tajribasida didaktik o‘yinlardan ta’lim metodlari sifatida foydalanish odat tusini olib bormoqda. Didaktik o‘yinlarning samaradorligi shundaki, ular vositasida o‘quv-tarbiya ishlari hayotga yaqinlashtiriladi, shuningdek, ularning har birida bilimlarni og‘zaki bayon etish, ko‘rgazmali, amaliy metodlarning elementlari qo‘llaniladi. Shu hususiyatlariga ko‘ra didaktik o‘yinlar sintetik harakterga ega. Ularning quyidagicha turlari mavjud:
Simulyativ o‘yin-ta’limni hayotda bo‘lib o‘tgani ijtimoiy voqealarga tenglashtirish, ularni qiyosiy tarzda tashkil etish va boshqarish metodidir. Bu o‘yindan tarix, geografiya darslarida unumli foydalaniladi; bir o‘qituvchi Amir Temur, boshqasi Boyazid, qolganlari sarkardalar, askarlar rolida ishtirok etadi, shu yo‘l bilan ta’lim bo‘lib o‘tgan tarixiy voqeaga qiyoslab tashkil etiladi.
Simulyativ o‘yinlarning bir ko‘rinishi insenirovka (rollarga ajratib o‘qish) metodidir. Boshlang‘ich sinflarda badiiy matnlar, yuqori sinflarda badiiy asarlarni rollarga ajratib o‘qitish an’anasi maktablarimiz tajribasida uzoq tarixga ega. Adabiyot o‘qituvchilari «Tuya bilan bo‘taloq» asarini o‘qitganda bir o‘quvchi yozuvchi, ikkinchi o‘quvchi tuya, uchinchisi esa bo‘taloq so‘zlarini o‘qib ishtirok etishadi.
Situativ o‘yinlar ham asta-sekin maktab tajribasida o‘z o‘rnini olib bormoqda. Mehmon kutish, kasalni davolash, harid qilish kabi turli haetiy vaziyatlar mohiyatidan kelib chiqib, ta’limni tashkil etish va boshqarish situativ o‘yinlar sirasiga kiradi.