Tadqiqotning nazariy ahamiyati quyidagi omillar bilan belgilanadi:
- oilada yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning ijtimoiy roli va pedagogik ahamiyati, shuningdek o’zgalarga hurmat bilan qarash, o’zgalar huquqlarini tan olish, ziddiyatlardan chiqib ketish, ziddiyatlarga kirmaslik, o’zgalarni eshita olish mazmuni nazariy asoslandi.
- oila hamda bolalar muassasalari, umumiy ta’lim maktablari faoliyati pedagogik tajribasi asosida yoshlarning tolerantlik tafakkuriga tayyorligi masalalari nazariy o’rganildi va xulosalandi.
- oila hamda bolalar muassasalari, umumiy ta’lim maktablari faoliyatida tolerantlik tafakkurini yaxlit pedagogik andoza asosida maqsadli shakllantirish maqsadga muvofiq ekanligi asoslandi.
Tadqiqotning amaliy axamiyati: bildirilgan tavsiyalar va qarashlardan “Pedagogika”, “Psixologiya”, shuningdek “Milliy istiqlol g’oyasi”, “O’zbekiston tarixi”, “O’zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti”, “Ma’naviyat asoslari”, “Falsafa (etika, estetika va mantiq)”, “Sosiologiya”, “Madaniyatshunoslik” kabi ijtimoiy-gumanitar fanlar mazmunini takomillashtirishda, jumladan bolalar muassasalari ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini tashkillashtirishda foydalanish mumkin.
Tadqiqotning tuzilishi va hajmi: kirish, 2 bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati hamda ilovalardan iborat bo’lib, hajmi betni tashkil qiladi.
I.BOB. OILADA YoShLARDA TOLERANTLIK TAFAKKURINI ShAKLLANTIRIShNING ILMIY-NAZARIY ASOSLARI
Oilada yoshlarning tolerantlik tafakkurini shakllantirish – komil insonni tarbiyalashning muhim yo’nalishi
O’zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ta’lim tizimidagi tub islohotlar o’z mazmun-mohiyatiga ko’ra har tomonlama kamol topgan shaxslarni shakllantirishga qaratildi. Ma’naviyati boy, intellektual salohiyati yetuk, axloqan barkamol, jismoniy baquvvat yosh avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish zaruriyati jamiyat rivoji, uning istiqbol takomili, asosan demokratik, fuqarolik jamiyati va dunyoviy davlat barpo etish, barqaror iqtisodiy o’sish va rivojlanishni ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqdi.
Milliy davlatchilik asoslarining belgilanishi yangi insonga bo’lgan talabni vujudga keltirdi. Bu esa o’z o’rnida ta’lim tizimidagi o’zgarishlar va islohotlarning mazmunini belgilab berdi. Shu bois ta’lim sohasida, oiladan boshlab, ta’limning barcha bosqich va yo’nalishlarida davr talablariga javob bera oladigan komil shaxslarni shakllantirish faoliyati boshlandi. Ta’lim tizimidagi islohotlar davlat ahamiyatiga molik ustuvor dasturiy vazifa qilib belgilandi hamda mamlakatdagi barcha aholi qatlamlarini o’z maqsadlari atrofida mujassamlashtirdi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning jamiyat istiqbol rivojiga oid qarashlarida oilaviy qadriyatlar va barkamol avlodni jamiyat hayotiga tayyorlash davlat ahamiyatiga molik vazifalardan ekanligi alohida ta’kidlanadi: “Bola tug’ilgan kunidan boshlab oila muhitida yashaydi. Oilaga xos an’analar, qadriyatlar, urf-odatlar bola zuvalasini shakllantiradi. Eng muhimi, farzandlar oilaviy hayot orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi.”3 Jamiyat rivoji, o’sib kelayotgan avlod, oila va inson ma’naviyatiga oid mamlakat rahbari tomonidan mustaqillik yillarida shakllantirilgan ijtimoiy-siyosiy va falsafiy g’oyalar oila va oilaviy tarbiya masalalarida ilmiy-pedagogik qarashlarning mazmunini boyitdi.
Prezident I.A. Karimov ta’biri bilan aytganda, «... yoshlarimizning iymon-e’tiqodini mustahkamlash, irodasini baquvvat qilish, ularni o’z mustaqil fikriga ega bo’lgan barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning tafakkurida o’zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish fazilatini qaror toptirish, ularning, men o’zbek farzandiman, deb, g’urur va iftihor bilan yashashiga erishishdir.... Farzandlarimiz yuragida ona zaminga, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sog’lom munosabatni qaror toptirishimiz, ta’bir joiz bo’lsa, ularning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishimiz zarur».4
Har bir shaxs dastlab oila muhitida ilk tarbiya va ta’lim jarayonini boshidan o’tkazadi. Shaxs oilada shakllanadi. Oila an’analari va qadriyatlari shaxsning ijtimoiy dunyoqarashining shakllanishi uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, oilaning ijtimoiy funksionalligiga bo’lgan zamonaviy talab ortib boradi. Bugungi kunda oila - ijtimoiy faol shaxs shakllanishi uchun mutanosib pedagogik poligon vazifasini o’tamoqda. Tolerantlik tafakkuri ham ilk bor oilada shakllantiriladi, ona suti bilan go’dak tafakkuriga singdiriladi.
O’zbekistonda tolerantlik bilan aloqador bo’lgan hamda uning zamonaviy mazmuniga kiritilgan o’nlab inson fazilatlari qadimdanoq tarannum etilgan. O’zbek oilasida milliy qadriyatlar tarkibida tolerantlik o’zining ma’lum bosqichini o’tagan bo’lib, inson va komil inson tushunchasi bag’rikenglik, muloyimlik, ziddiyatlarsiz hayot kechirish, kechirimli bo’lish kabi xislatlarni ardoqlash va farzandlar xarakterida tarbiyalashga yo’naltirilgan. Shu bois ham, O’zbekistonda tolerantlik tafakkurini oilada shakllantirish jarayoni o’zining tarixiy-ijtimoiy hodisa ekanligini namoyon qiladi hamda o’z ildizlari bilan qadimgi davr va islom madaniyati davrlariga borib taqaladi (rasm 1).
Ta’lim tizimidagi tub islohotlar jarayonida pedagogik tadqiqotlar mazmuni milliy o’zlikni anglash, ta’lim jarayonini demokratlashtirish, uni xalqchillashtirish va liberallashtirish yo’nalishlarida qayta qurildi. Shu o’rinda o’zbek oilasi va uning tarixiy shakllangan pedagogik mazmuni masalalari ham qayta anglandi hamda oilaga nisbatan yangitdan shakllangan milliy munosabat ijtimoiy-siyosiy hamda ilmiy pedagogik adabiyotda o’z aksini topdi. Mustaqillik yillarida oila va uning ijtimoiy o’rnini ilmiy anglash yangi bosqichga ko’tarildi (M.Inomova, O.Musurmonova, Safo Ochil, S.Olim, A.K.Munavvarov, M.Imomnazarov, G’.B.Shoumarov, Sh.B.Shoumarov, G.I.Mahmudova, X.Shayxova, Q.Nazarov, E.Yusupov, S.Nishonova, S.Fayzullina O.To’rayeva, T.Qurbonov, Z.Baybekova, M.Xolmatova, N.M.Muravyeva, G.R.Akramova).
Mustaqillik yillarida diniy e’tiqod, dinlar tarixi, dinning jamiyat taraqqiyoti va inson dunyoqarashidagi o’rni masalalari ham qayta baholandi. Mana shu jarayonda ham tolerantlik masalalari alohida mavqye va ahamiyatga ega bo’ldi. Tolerantlik, diniy bag’rikenglik, madaniyatlar rang barangligini anglashda ta’lim tizimining turli bosqichlari o’quv dasturlariga kiritilgan dinlar tarixi, dinshunoslik, madaniyatshunoslik, islom dini asoslari, dunyoviy davlat va din, din va jamiyat munosabati borasidagi yangi darslar va o’quv soatlari tolerantlik g’oyalarining bugungi avlodlar tafakkuriga singdirishda juda katta ahamiyat kasb etdi Bugungi davr va jamiyatlar taraqqiyoti, ayniqsa jamiyat ma’naviy-ruhiy qiyofasi bilan aloqador bo’lgan murakkab ijtimoiy, siyosiy, moliyaviy, iqtisodiy muammolar yoshlar tafakkuriga qaratilgan turli tahdidlarning ortib borayotganligini ko’rsatadi. Bu esa tolerantlikni shakllantirish masalasini dolzarb masalaga aylantiradi. Chunki tolerantlik turli tahdidlarning yoshlar ongini saqlash quroli va usuli sifatida qo’llaniladi. Demak, ta’lim tizimining turli bosqichlarida tolerantlik tafakkurini shakllantirishning pedagogik asoslari masalasini ilmiy tadqiq etish yangi jamiyat barpo etishning muhim xususiyati bo’lib xizmat qiladi.
D.Bo’ronovaning ta’kidlashicha, “tolerantlik faqatgina axloq talabi bo’lmasdan, balki huquqiy va siyosiy qadriyatdir. Tolerantlik – dunyoda tinchlikni ta’minlashning yo’li bo’lib, urush tafakkurini tinchlik tafakkuri bilan almashtirish mezoni hisoblanadi. Tolerantlik tafakkuri insonni mafkuraviy jihatdan sog’lom o’stirishga qaratilgan axloqiy tamoyillar tizimidan iborat bo’lib, bugungi kunda tolerantlik dunyo miqyosidagi sivilizasiyalar muloqotini ta’minlab beruvchi asosdir”.5
Shuningdek, D.Bo’ronovaning fikriga ko’ra, O’zbekiston Respublikasidagi yoshlar siyosatiga asoslangan sayi-harakatlar tizimi davlat va shaxs, davlat va fuqarolik jamiyati, davlat va oila ustuvorligi, oila himoyasi, davlat va milliy havfsizlik, davlat va mafkura, davlat va ta’lim-tarbiya, davlat va aholi salomatligi, davlat va xotin-qizlar, davlat va yoshlar kabi o’zaro aloqador va mutanosib ijtimoiy-siyosiy voqyeliklarning izchil, hamnafas va bir-birini to’ldirgan obyektivligidan iboratdir. 6
Ma’lumki, tolerantlik tafakkuri qadimdanoq o’zbek xalqining ta’lim va tarbiya milliy konsepsiyasining eng muhim insoniy qadriyatlar tizimiga kiritilgan bo’lib, tolerantlik odamlarning o’zaro tinchlik va osoyishtalik asosida muloqot qilishi, ularni o’zaro bir-biriga moslashish asosida yashashi, odamlarning hamjihat bo’lishi zarurligi, hurmat, muloyimlik, e’tiborlilik, shirin so’zlik, ochiqlik kabi xususiyatlar asosida rivojlantirilgan. Ammo bugungi XXI asrdagi butun dunyo bo’yicha globalizasiya sharoiti, moliyaviy inqirozlarning insonlararo ziddiyatlarni keskinlashtirib yuborishi, iqtisodiy, ma’naviy, madaniy munosabatlarining umumlashishi, davlatlardagi insonlar va mafkuralararo, qarashlar va e’tiqodlararo, fikrlar va dunyoqarashlararo ziddiyatlarning ortishi tolerantlik oilalarda bolalar tafakkurida shakllantirish vazifasini ko’ndalang qo’yadi (Z.Qodirova, G.R.Akramova, G.Qo’shoqova).
Dunyo miqyosida ham tolerantlik XXI asrning umumbashariy g’oyalaridan biri sifatida talqin qilinmoqda. YuNESKO tashkilotining 28 - Sessiyasida (16 noyabr, 1995, Parij) mazkur anjumanda ishtirok etgan 185 ta davlat ishtirokchilari va mas’ullari “Tolerantlik tamoyillari Deklarasiya”7sini imzoladilar. Shuningdek, BMT tomonidan 2003 yil dunyo miqyosida xalqaro tolerantlik yili deb e’lon qilindi. 16 noyabr esa xalqaro tolerantlik kuni sifatida e’lon qilinib, butun jahonda nishonlana boshlandi. Tolerantlik mavzusiga bag’ishlangan turli xalqaro konferensiyalarni o’tkazish an’anaga aylandi. “Tolerantlik tamoyillari Deklarasiya”sining birinchi moddasi 1.2. ruknida ta’kidlanishicha, tolerantlik - boshqalar oldida o’zini pastga urish, o’z maqsadlaridan chekinish, yoki yonga bosish emas. Tolerantlik, eng avvalo, insonning bosh universal huquqlari va ozodliklarini tan olishga qaratilgan faol munosabatdir.
Tolerantlik masalasining pedagogik jihatlarini o’rganish yo’nalishida oz bo’lsa ham, ammo ushbu o’ziga xos va har tomonlama ko’p qirrali muammoning mazmunini ochib berishga xizmat qilgan bir necha maxsus tadqiqotlar ham olib borildi Bizning fikrimizga ko’ra ham, tolerantlik o’zida bir necha milliy va umumbashariy axloqiy normalar va estetik qadriyatlarni, shuningdek ijtimoiy dolzarb tushunchalarni mujassam etadi. Shu bois, tolerantlikni ko’p qirrali ijtimoiy-psixologik kategoriya sifatida talqin qilinadi. Demak, pedagogika uchun, bir tomondan, tolerantlik tushunchasining umumiy miqyosdagi zamonaviy mazmunini belgilash muhim bo’lsa, ikkinchi tomondan, har bir ta’lim bosqichi uchun qaysi xususiyatlar va qay darajada shakllantirilishi lozim degan vazifa muhim ahamiyat kasb etadi. Yosh differensiyasini qilmasdan turib, tolerantlikning barcha xususiyatlarini to’laqonli shakllantirib bo’lmaydi.
Ammo oilada tolerantlik tafakkurini shakllantirishning o’ziga xos tomonlari mavjud. Ular, bir tomondan, oiladagi ta’lim va tarbiya jarayonining o’ziga xos shart va sharoitlari bilan belgilansa, ikkinchi tomondan, ta’lim beruvchi shaxsning, ya’ni pedagogning spesifik xususiyati, ya’ni uning ota-ona, bobo va buvilar, yaqinlar, qarindoshlar, aka-ukalar bilan belgilanishi, ularninig barchasi - ham ta’lim beruvchi, ham ta’lim oluvchi sifatida o’zini namoyon qilishi bilan, uchinchidan esa, ota-onalarning o’zini bugungi kunda tolerantlikning pedagogik mazmuni bilan tanishtirish lozimligi bilan belgilanadi. Demak, oilada tolerantlik tafakkurini shakllantirish ta’lim muassasalarida, xususan umumiy ta’lim maktablari, akademik lisey, kollej va oliy ta’lim muassasalarida tolerantlik tafakkurini shakllantirishdan butunlay farq qiladi.
Shuning bilan birga, bizning pedagogik ilmimizda hozirgacha boshlang’ich sinf o’quvchilarida tolerantlik tafakkurini shakllantirish masalasi hamda talaba yoshlarda tolerantlikni shakllantirish muammosi ilmiy o’rganilgan xolos. Demak, istiqbolda tolerantlikning turli pedagogik xususiyatlari o’rganish uchun tadqiqot maydoni juda keng.
Shuningdek, tolerantlikni an’anaviy tushunish bilan, uni zamonaviy talqin etishda juda katta ilmiy va informasion farq mavjud. Agar oilalarda tolerantlik ko’proq an’anaviy xususiyatlar va axloqiy normalarning shakllantirilishiga asoslansa, bugungi davr talabi mana shu an’anani takomillashtirib, tolerantlikning zamonaviy mazmuniga doir bilim va malakalarni ham oila tarkibiga olib kirishni dolzarb vazifaga aylantiradi.
Bizning fikrimizcha, oila muntazam tarzda o’zgarib, takomillashib boruvchi hayotiy organizm hisoblanadi. Oila na faqat iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar ta’sirida, shu bilan birga o’z ichki rivojlanish qonuniyatlari asosida ham o’zgarib boradi. Shu bois, bugungi kunda, o’zbek oilalarida an’naviy bo’lgan farzand ko’rish, uni tarbiyalash, kundalik muammolarni hal etish, oila ravnaqini ta’minlash kabi funksiyalar bilan bir qatorda, oila - mustahkam “ma’naviy va mafkuraviy qo’rg’on”, inson o’z aslini psixologik jihatdan ko’rsata oluvchi makon, insonning o’zligini topish jarayoni, murakkab dunyo muammolari ichidagi tinchlik va osudalik qirg’og’i sifatida ham amal qilmoqda. Dunyo murakkablik sari yuz tutayotgan bir davrda, oila – insonni turli ziddiyatlardan asrab qoluvchi va uning istiqbolini ta’minlovchi ijtimoiy institut sifatida o’zini namoyon qilmoqda.
Shu bois, bizning fikrimizga ko’ra, tinchlik, o’zaro hamjihatlik, hamkorlik, o’zgalarni anglash, birodarlik xususiyatlarini o’zida mujassam etgan tolerantlik tafakkurini doimiy ravishda oila a’zolari o’rtasida targ’ib va tashviq etish lozim. Tolerantlik murakkab dunyo voqyeligi ichida oilani ziddiyatlardan asraguvchi qonunlar majmuasi sifatida ham rol o’ynaydi. Bizning chuqur e’tiqodimizga ko’ra, bugungi kunda tolerantlikni milliy pedagogik va umumiy pedagogikada mavjud bo’lgan avtoritar metodika asosida, ya’ni “o’qituvchi ustunligi”, “o’quvchi passivligi” asosida shakllantirib bo’lmaydi. Tolerantlik tafakkurini shakllantirishning barcha bosqichlarida pedagog rolini o’ynayotgan va bajarayotgan insondan ta’lim jarayonini maqsadli ravishda demokratlashtirish va liberallashtirish usullari va metodikasi yaxshi egallab olish talab etiladi.
Xulosa qilib aytganda, tolerantlik tafakkurini oilada o’smir yoshli bolalar tafakkurida shakllantirish vazifasi pedagogik ilmlar tasnifida turgan dolzarb masalalardan bo’lib, uning ijobiy yechimi yoshlarni dunyoviy ilmlar asosida zamonaviy ziddiyatli va tezkor rivojlanayotgan postindustrial jamiyatda yashashga tayyorlash va tarbiyalashning muhim talablaridan biridir.
Dostları ilə paylaş: |