Oilada yoShlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishning ilmi-hozir.org
1.2. Oilada o’smir yoshdagi bolalarning tolerantlik tafakkurini shakllantirishning amaliyotdagi ahvoli Istiqlol yillarida O’zbekistonda pedagogik ta’lim va tarbiya jarayoni qayta qurildi, mazkur jarayon yangi, demokratik mazmun bilan boyitildi. Islohotlar davrida alohida e’tibor o’sib kelayotgan avlodni zamonaviy demokratik va fuqarolik jamiyatida yashashga hozirligini oshirish, ularning iqtisodiy takomilini ta’minlab bera olishlarini kuchaytirish, yoshlar ma’naviy kamolotini ta’minlash, ularni sog’lom o’stirish masalariga qaratildi. Mana shu o’zgarishlarga mutanosib ravishda pedagogik tadqiqotlar jarayoniga milliy ong va mafkurani shakllantirish, yoshlarning milliy g’ururini oshirish, sog’lom turmush tarzi, yoshlar gigiyenik tarbiyasi, yangi pedagogik texnologilarni o’quv jarayoniga tatbiq etish kabi masalalari muhim o’rin egalladi. Ammo yoshlarda, xususan oilada o’smir yoshdagi bolalarning tolerantlik tafakkurini shakllantirish masalasida pedagogik tadqiqot ishlari, o’z muhimligiga qaramasdan, kamchilikni tashkil qilmoqda. Mazkur holat, bir tomondan, oiladagi tarbiya va ta’lim jarayonlariga bo’lgan ilmiy munosabatning o’zgarib borayotganligi, ikkinchi tomondan oila strukturasi va uning mohiyatining kuchayayotganligi, uchinchi tomondan esa, oilaga qo’yilayotgan talablarning kundan-kun o’sib borayotganligi bilan belgilanadi. Zamonaviy pedagogika ilmi pedagogika va uning insonlar hayotidagi o’rni va ahamiyatining keskin darajadagi takomili va muhimligi bilan belgilanmoqda.
Zamonaviy pedagogikaning eng dolzarb bo’lgan tamoyillari umumbashariy gumanizm, keng dunyoqarash, madaniyatlar rang-barangligini anglash va qabul qilish, insoniylikni va insonning o’zini shakllantiruvchi omillarni rivojlantirish, individualizmdan ijtimoiylikka qarab rivojlanish, insonning ijtimoiy faolligini oshiruvchi omillardan bo’lgan faollik, yetakchilik, bunyodkorlikni shakllantirish asosida rivojlanmoqda. Mana shu yo’nalishlar ichida tolerantlik tafakkurini shakllantirish ham eng dolzarb vazifalardan sanalmoqda.
Tolerantlikni shakllantirish oilaninig pedagogik ahamiyati juda muhim bo’lib,boshqa insonlarni ilk bor go’dak aynan oilada o’rgana boshlaydi, ularga ilk bor oila muhitida duch keladi. Bola ilk bor oila sharoitida boshqa insonlar bilan muloqot va muomala jarayoniga kirishadi. Ana shunda bolada to’g’ri, ijtimoiy sharoitga mutanosib hamda davr talablariga javob bergan tolerantlik tafakkuri shakllantirilsa, tolerantlik tafakkuri bolaning ijtimoiy hayotdagi unib o’sishi, jamiyat hayotida uning o’z o’rnini to’g’ri va mukammal darajada egallashi uchun asos yaratilgan bo’ladi.
Tolerantlik bugungi kunda dunyoning barcha davlatlarida eng muhim va dolzarb bo’lgan pedagogik muammolaridan biriga aylanar ekan, tolerantlik o’zining juda ham katta va murakkab tushuncha ekanligini ham namoyon etib borayotir. Bugungi kunda tolerantlik va uni shakllantirish jarayonlari o’z mazmuniga tolerantlikning mohiyati, uning tarixiy shakllanish omillari. Uning mazmunidan tashqari bir necha o’n yo’nalishlarga ega bo’lgan mazmunini ham qamrab oladi. Agar tolerantlikning bugungi kundagi dolzarb bo’lgan mavzularini tahlil qilsak, tolerantlikning umumiy tushunchalaridan tashqari tolerantlik tarkibidagi agressiya, altruizm, antisemitizm, ksenofobiya, radikalizm, diskriminasiya, empatiya, zo’ravonlik kabi salbiy axloqiy tushunchalarini ham oiladan boshlab tushuntirish, ularning bugungi jamiyatlar taraqqiyotiga bo’lgan salbiy ta’siri masalalarini muhokama etish lozim bo’ladi.
Tolerantlik va oila masalasida esa, oilaning tolerantlikni shakllantirishdagi mavqyei va o’rni, oilaviy qadriyatlar tizimida tolerantlik mazmuni, oilaviy munosabatlarda tolerantlikni qo’llashning pedagogik asoslari kabi maslalar muhimlik kasb etadi.
Tolerantlik masalasi bugungi kunda jamiyatlar ijtimoiy hayotining barcha sohalariga keskin kirib kelayotgan bo’lib, tolerantlik va ta’lim-tarbiya, tolerantlik va din, tolerantlik va axloq, tolerantlik va havfsizlik, tolerantlik va milliy g’oya, tolerantlik va madaniyat, tolerantlik va milliy madaniyat o’ziga xosligini saqlab qolish, tolerantlik va huquq, tolerantlik va ilm-fan, tolerantlik va gender munosabatlar, tolerantlik va sosium hayoti, tolerantlik va jamiyat, tolerantlik va ijtimoiy tabaqalanish, tolerantlik va yoshlar, tolerantlik va nogironlar, tolerantlik va qariyalar, tolerantlik va kichik millatlar kabi ijtimoiy-siyosiy nuqtai nazardan dolzarb masalalar mazkur muammoning nechog’li dolzarbligi va murakkabligi namunasi hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakat ta’lim tizimidagi tolerantlikni shakllantirishning o’ziga xos tajribasi, milliy tarixiy omillari mavjud. Shu bilan birga stixiyali tarzda vujudga kelgan va hamda mamlakat ta’lim tizimida amaliyotda bo’lgan tolerantlikni shakllantirish tizimi ham mavjud. Chunki tolerantlikning turli xususiyatlari azaldan o’zbeklarning milliy qadriyatlari tizimida mavjud bo’lgan va ularga amal qilib kelingan. Ammo mazkur qadriyatlar aynan tolerantlik g’oyalarini tarkibida emas, balki umumiy axloqiy-ma’naviy normalar sifatida tarbiya tizimiga joriy etilgan. Shu bois, tolerantlik masalasida, mazkur stixiyali shakllanib borayotgan tizim bugungi davrning barcha talablariga to’la javob bera oladi deb bo’lmaydi. Chunki bugungi davr tolerantlikni stixiyali tarzda emas, balki maqsadli va dasturiy tarzda shakllantirilishini talab etadi. Bu tizim o’zining o’zbek millati ma’naviyati hamda islom dini aqidalari va axloqida shakllantirilgan tarixiy ildizlarga ega bo’lganligi hamda maqsadga yo’naltirilganlikni nazarga olgan holda, zamonaviy talablarga qisman javob beradi.
Demak, bir tomondan tolerantlikni shakllantirishning stixiyali mavjud bo’lgan, ammo maqsadli pedagogik tizimga aylanmagan shakli mavjud bo’lib, uni bugungi kunda takomillashtirish, maqsadli dasturlar bilan boyitish darkor. Ikkinchidan, tolerantlikning milliy axloqiy normalar tarkibida shakllantirilgan xususiyatlari mavjud, ularning mazmunini bugungi kunda zamonaviy bilimlar va tasavvurlar bilan boyitish darkor.
Shu bilan birga, shuni qayd etish darkorki, mamlakatimizda tolerantlikni shakllantirishning ilmiy-pedagogik va nazariy tizimini joriy etish uchun barcha imkoniyatlar strukturial, jismoniy va institusional jihatdan mavjud. Shunday ekan, bugungi kunda mavjud ta’lim tizimidan tolerantlikni joriy etishning zamonaviy, demokratik va dunyoviy davlat tamoyillariga asoslangan milliy tizimini maqsadli shakllantirish lozim. Mazkur tizimda tolerantlikni shakllantirishning barcha talablari va zaruriyatlarini struktural jihatdan namoyon etish darkor bo’ladi. Maqsad mana shu tizim orqali tolerantlik tafakkurini shakllantirishda ishtirok etayotgan barcha mavjud davlat va nodavlat strukturalari va institutlarini ta’lim jarayoni atrofida maqsadli birlashtirishdan iboratdir.
Biz o’z tadqiqotimizda respublikada mavjud qilinishi lozim bo’lgan tolerantlikni shakllantirishning o’ziga xos tizimini quyidagilardan iborat qilib belgiladik (rasm 2).
Ko’rinib turganidek tolerantlik tafakkurini shakllantirishda ishtirok etayotgan barcha mavjud davlat va nodavlat strukturalari va institutlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ular ish jarayonini maqsadli va dasturiy tashkil qilish zarur. Muhim bo’lgan vazifalardan biri tolerantlikni shakllantirishning mana shunday sxemasi orqali mazkur tizimni pedagogik mazmun bilan boyitishda.