Subyektlilik tamoyili. Bu tamoyilda har bir oila a’zosi mustaqil subyekt sifatida baholanadi hamda ularning faol ijtimoiy munosabati nazarda tutiladi. Ularning har biri, bir tomondan pedagogik jarayonning a’zosi, boshqa tarafdan pedagogik jarayonning faol ishtirokchisi sifatida rol o’ynaydi. Bunda ulardan tlerantlik bo’yicha bilim va malakalarni mustaqil egallash, ularni o’rganish rag’batlantiriladi. Boshqalar bilan bo’lgan munosabatlar va muomalada ularning faol, anglangan xulq-atvori va tolerant axloqi, o’z-o’zini nazorat qila olish xislatlari talab etiladi. Bu tamoyilni amalga oshirish shart va sharoitlari quyidagilardan iborat: oila a’zolarining erkin xoxishi va irodasi, oiladagi ishonch, har bir oila a’zosiga nisbatan qo’llab-quvvatlash tizimi, tolerantlikni mustaqil holda rivojlantirishning mohiyatini to’g’ri anglash va tushunish, ota-ona va ularning o’zaro munosabatlarida, shuningdek ota-ona va bolalar munosabatlarida tolerantlik tamoyillarini birdan bir to’g’ri va zarur munosabat sifatida qabul qilinishi, tolerantlikka nisbatan optimistik munosabat, oila a’zolarining istaklari, manfaatlari, shaxsiy xususiyatlari va xarakterlarini inobatga olish orqali o’zaro muloqotni tolerantlik asosida qurishga intilish.
Adekvat, mutanosib munosabat tamoyili. Mazkur tamoyil pedagogik jarayonda uning mazmuni va tanlangan pedagogik vositalar, shakl va usullar o’rtasidagi mutanosiblikni nazarda tutadi. Chunki ta’lim va tarbiyadan maqsad muayyan va aniq odamlar o’rtasidagi muloqotni tolerantlikni shakllantirishga qaratilgan bo’ladi. Bu tamoyilni amalga oshirish shart va sharoitlari quyidagilardan iborat: tarbiyaviy maqsadning real oilaviy sharoitga moslashganligi, oila atrofidagi ijtimoiy institutlarning oilaviy tolerantlikni shakllantirishga yo’naltirilganligi, ularning oilaviy tolerantlikni shakllantirishdagi parallel tarbiyaviy faoliyati, ijtimoiy muhitga aloqador bo’lgan turli faktorlarning (milliy, etnik, mental, guruhlararo v.b.) oilaga ta’siri, oila a’zolari tomonidan turli axborotlarning (shu jumladan OAV axborotlari) qabul qilinishi, ularni muhokama etishning to’g’ri tashkil qilinishi va axborotni to’g’ri baholash omillari.