Shunday kelinlar bo`ladiki, ular na ovqat pishirishni, na kir yuvishni, na kattalar bilan muomala qilishni biladilar.
Kelin kelinligining birinchi kunidanoq hamma narsani kerakligicha bilishi va katta tajribaga ega bo`lgan qaynonasi darajasida turishi juda qiyin. U darajada bilmasa ham mayli-ya, lekin bilishni istamasa qiyin. Shuning uchun nikohgacha onalar qizlariga osh-ovqat pishirishni, meva sabzavotlardan qishga sharbat, tuzlama, murabbolar tayyorlashni uy-joyni saranjom-sarishta tutishni, did bilan mehmon kutishni, tejamkorlikni, oila byudjetini iqtisod qilishni, uy anjomlari, jihozlaridan asrab-avaylab foydalanishni va shu kabi uy-ro`zg`or ishlarini o`rgatishga alohida e`tibor berishlari zarur. Chunki el orasida «qiz birovning xasmi, boshqa oilaga tushishi bor» degan hikmat bor. Shunga qarab qizlarni puxta tayyorlash kerak.
Ajralish va uning oqibatlari
Ajralishlarning o`ziga xos ijtimoiy-psixologik va etnopsixologik xususiyatlari mavjuddir. Bu xususiyatlar oilalarning buzilishiga olib keladigan sabablar, ularning amalga oshish jarayoni, oqibatlari, ajralishgacha va undan keyingi davrlardagi er-xotinlarning ahvoli kabilarda ifodalanadi. Shunday xususiyatlardan biri ajralish niyatini bildirib rasmiy tashkilotlarga murojaat qiluvchi ajralish tashabbuskori kim ekanligida namoyon bo`ladi. Sharq oilalarida, ayniqsa o`zbek oilalarida (qishloqlarda) ajralish tashabbuskori ko`proq erkaklar bo`ladilar va aksincha, Yevropa xalqlari oilalarida, yosh oilalarda va urbanizatsiyalashuv darajasi yuqori bo`lgan shahar oilalarida ajralish tashabbuskori ko`proq ayollar bo`ladi.
Agar ajralish «ozodlik» deb hisoblanadigan bo`lsa, unda hozirgi zamon nikoh-oila qonunchiligiga ko`ra bu «ozodlik» «kimga qanchaga tushadi?» Shahar joylarda istiqomat qiladigan Yevropa xalqlariga mansub bo`lgan yosh oilalarda bu quyidagi formula tarzida bo`lishi mumkin.
Ayollar uchun:
Ajralish = ozodlik + bola + aliment ± uy + yolg`iz onalarga beriladigan imtiyozlar + yangi oila qurish muammosi.