7-bob. Magistraturada o‘qish muddati 30. Magistraturada o‘qish muddati kamida 2 yil.
8-bob. Yakunlovchi qoida 31. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar bo‘yicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga
3-ILOVA
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom “Ta’lim to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va oliy ta’lim sohasidagi boshqa qonun hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasiga va harbiy oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
3. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi hamda bu boradagi komissiyalar faoliyatining shaffofligini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalarning saytlarida alohida ma’lumotlar bazasi tashkil etiladi.
Ushbu Nizomning 36-bandidagi holatlar bo‘yicha talabalar safidan chetlashtirilgan talabalarning akademik ma’lumotnomasi asosida (ma’lumotnomada o‘qigan fanlari va baholari ko‘rsatiladi) oliy ta’lim muassasalari va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
2-bob. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashning umumiy qoidalari 4. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash deb ataladi)da oliy ta’limning mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlarini (mutaxassisliklarini) belgilash quyidagi mezonlarga asoslanadi:
ta’lim yo‘nalishlarining (mutaxassisliklarining) nomlanishi bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) mos deb hisoblanadi;
oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash uchun o‘qishga kirishda sinov o‘tkaziladigan fanlari tarkibi va ta’lim sohasi hamda o‘qish muddati bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) turdosh deb hisoblanadi.
5. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash quyidagilarning:
oliy ta’lim muassasalari;
tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Idoralararo komissiya O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan tashkil etiladi. Uning tarkibiga tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar vakillari kiritiladi.
Idoralararo komissiyaning raisi va mas’ul kotibi Davlat komissiyasi qarori bilan tayinlanadi.
Idoralararo komissiya “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi to‘g‘risida nizom” asosida faoliyat yuritadi.
6. Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (qayta tiklash — talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yilgacha bo‘lgan muddatda) shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
7. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:
oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat o‘tganda.
8. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:
xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga;
talabalar safidan chetlashtirilganligiga 10 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga (mutaxassisliklariga).
9. Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berilishiga asos bo‘ladi:
xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;
respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;
oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;
birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar bundan istisno);
oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;
namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;
qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.
Fuqaroning o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizasiga rad javobi berilgan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddatda, arizada ko‘rsatilgan manzilga, arizani ko‘rib chiqqan komissiya yoki komissiya vakolat bergan tashkilot tomonidan javob xati yo‘llanadi.
10. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy ta’lim muassasasi rektori belgilangan tartibda o‘quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), o‘qitish kursi hamda o‘qishga qabul qilishning qonun hujjatlarida belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.
11. Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan talabalar ikkinchi kursdan boshlab o‘qishning bir o‘quv yiligacha bo‘lgan muddatni xorijiy oliy ta’lim muassasasining yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qish huquqiga ega. Talabaning xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qigan davri va o‘zlashtirgan fanlari xorijiy oliy ta’lim muassasasi ma’lumotnomasi asosida universitet Kengashi tomonidan universitet o‘quv rejasi va dasturlarining tegishli qismlarini o‘zlashtirganligi sifatida qabul qilinishi va talabaga o‘qishini tegishli o‘quv semestridan davom ettirish huquqi berilishi mumkin.
12. To‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashda to‘lov-kontraktni tuzish tartibi va shartlari, jumladan, to‘lov mablag‘lari va muddatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
13. Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.
14. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklashni amalga oshirish tartibi mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.