5-bob. Oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qishdan chetlashtirish 36. Talaba oliy ta’lim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) o‘z xohishiga binoan;
b) o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
g) o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
e) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
z) vafot etganligi sababli.
Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.
37. Belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmagan (akademik qarzdor bo‘lgan) talaba oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi.
Oldingi tahrirga qarang. Akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini quyi kursdagi o‘quv semestri boshidan boshlashi mumkin. Qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv jarayoni o‘qitishning modul tizimiga asoslangan oliy ta’lim muassasalarida akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talabalar quyi kursdagi o‘quv semestridan boshlab o‘zlashtira olmagan fanlarini takroran o‘qiydi.
(37-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.08.2018-y., 09/18/638/1690-son) Kursdan qoldirilgan talaba ushbu Nizomning 36-bandidagi holatlar bo‘yicha talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang. 38. Oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati tashabbusi bilan ushbu Nizomning 36-bandi “e)” kichik bandiga ko‘ra talabalarni o‘qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Nizomning 36-bandi “g)” kichik bandiga ko‘ra chetlashtirilayotgan holda, ta’lim muassasasining Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda) 39. Talaba oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirilganda, unga (ota-onasi yoki huquqiy vasiysiga ularning arizasi bilan) shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig‘ma jildga tikib qo‘yiladi.