Aholi turmush darajasi milliy va shuningdek, iqtisodiy xavfsizlikning eng asosiy ijtimoiy indikatorlaridan bo’lib hisoblanadi. SHuning uchun ham respublikaning mustaqil taraqqiyoti davrida aholini turmush darajasini oshirish borasida islohotlarni amalga oshirishga katta e’tibor qaratildi. Mamlakatni va jamiyatni isloh qilishning eng murakkab o’tish davrida kuchli ijtimoiy siyosat olib borilganligi va aholini himoya qilishning o’xshashi bo’lmagan, samarali mexanizmini ishlab chiqilganligi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamladi va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qildi.
Mustaqillik yillarida respublikada aholi turmush darajasini oshirish bo’yicha olib borilgan siyosat to’la-to’kis o’zini oqladi. Bunday siyosat o’rtacha umr ko’rish darajasini uzayishi, aholi daromadlarini oshishi, turmush darajasini ko’tarilishi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy barqarorlikka erishish, turli tahdidlarni oldini olish va oxir-oqibatda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun zamin yaratdi.
Insonning iqtisodiy xavfsizligi bu insonning muhim hayotiy manfaatlarining himoyalanishi uchun shart-sharoitlarning kafolatlangandagi, ijtimoiy taraqqiyot hamda inson va jamiyat himoyasi tizimi ta’minlangandagi holatdir.