Pul-kredit siyosatini amalga
oshirish Konsepsiyasi
Yangilangan sana: 22 Fev 2020, 00:12
I. Kirish
2017 yilda boshlangan iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor mexanizmlari
rolini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi o‘rta muddatli
istiqbolda bank tizimi va pul-kredit siyosatini rivojlantirishning ustuvor
yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Ushbu yo‘nalishdagi muhim qarorlardan biri milliy valyuta almashuv kursining bozor
mexanizmlari asosida shakllanish tamoyillarini joriy etish orqali ichki valyuta bozorini
bosqichma-bosqich liberallashtirilishi bilan bog‘liq amaliy qadamlar bo‘ldi.
Valyuta kursi shakllanishida tamomila yangi
yondashuvdan foydalanilishi, o‘z
navbatida, Markaziy bankning asosiy e’tiborini ichki bozordagi narxlar
barqarorligiga qaratish asnosida pul-kredit siyosatini takomillashtirish
imkoniyatini beradi.
Ayni vaqtda valyuta bozorini liberallashtirish borasidagi islohotlarning
muvafaqqiyatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan pul-kredit siyosatini
takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini mustahkamlash hamda bank
tizimini rivojlantirish choralari samaradorligi bilan chambarchas bog‘liq.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta bozorini
liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon
qilinishidan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul-kredit siyosatini
yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul
qilindi va Pul-kredit
siyosatini 2017-2021 yillarda rivojlantirish va inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-
bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar Kompleksi tasdiqlandi.
Bu boradagi keyingi muhim qadamlardan biri O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy
banki faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi
Farmonining qabul
qilinishi bo‘ldi.
Mazkur farmonda narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasi Markaziy bankning
bosh maqsadi etib belgilanib, Markaziy bankning mustaqilligi va institutsional
rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar nazarda tutilgan.
Qayd etish lozimki, iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yondashuvlarining qayta ko‘rib
chiqilishi davrida shakllanayotgan yangi voqeliklarda pul-kredit sohasidagi
o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan to‘g‘ri qabul qilinishi va
qo‘llab-quvvatlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘rta muddatli istiqbolda pul-
kredit siyosatini rivojlantirish va amalga oshirish Konsepsiyasi
kommunikatsiyalar kanalining jamoatchilik fikrini shakllantirish hamda
inflyatsion targetlash rejimini amaliyotga joriy etishdagi yetakchi roli inobatga
olingan holda ishlab chiqilgan.
Ushbu Konsepsiyaning maqsadi inflyatsion targetlashga o‘tishning konseptual
asoslarini
hamda ushbu pul-kredit siyosati rejimini amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etish uchun
zaruriy sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘rta muddatli rejalarni keng jamoatchilikka yetkazish
va batafsil tushuntirishga qaratilgan.