Omborlar tasnifi Sanoat portlovchi moddalari saqlanadigan ombor deganda yordamchi inshootlar bilan umumiy chegaralargan hududda joylashgan bir yoki bir nechta saqlash binolari majmuasi tushuniladi.
Portlovchi moddalarni saqlash muddati bo‘yicha omborlar quyidagilarga bo‘linadi:
1.Doimiy omborlar– saqlash muddati 3 yildan ko‘p;
2.Vaqtinchalik omborlar– saqlash muddati 3 yilgacha;
3.Qisqa muddatli omborlar– saqlash muddati 1 yilgacha bo‘lgan omborlar.
Portlovchi moddalar saqlanadigan omborlar yer yuzasiga nisbatan joylashishi bo‘yicha quyidagi sinflarga bo‘linadi:
1. Yer yuzasida joylashgan omborlar - ombor binosining asosi yer yuzasida joylashadi;
2. Yarim chuqurlashtirilgan omborlar – ombor binosining ko‘pi bilan karnizigacha yer ostida, qolgan qismi esa yer yuzasida joylashadi.
3. Chuqurlashtirilgan omborlar – omborxona binosi yer ostida joylashib, bino ustidagi grunt qalinligi 15 m gacha bo‘ladi;
4. Yer osti omborlari- ombor binosi ustidagi grunt qalinligi 15 m dan oshadi.
Portlovchi moddalar saqlanadigan omborlar qanday maqsadda qo‘llanilishi bo‘yicha quyidagi turlarga bo‘linadi:
• 1. Bazis (asosiy) omborlar;
• 2. Sarflovchi omborlar.
Bazis omborlar Portlovchi moddalar saqlanadigan bazis omborlar sarflovchi omborlarni portlovchi moddalar bilan ta’minlash uchun xizmat qiladi. Bazis omborlarda portlovchi moddalar qadog‘ini buzish va ularni portlatuvchiga tarqatish qat’iy ta’qiqlanadi. Faqatgina katta hajmdagi (ommaviy) portlatish ishlarini olib borish
talab etilganda sarflovchi ombor xodimiga bazis omboridan portlovchi moddalarni portlatish ishlari bajariladigan joyga olib borishga ruxsat etiladi, bunda ro‘yxatga olish kitobidagi 1 va 2-shakllar bazis omborida rasmiylashtiriladi. Bazis ombori binosi yer yuzasida joylashgan, yarim chuqurlashtirilgan va chuqurlashtirilgan bo‘lishi mumkin. Har bir ombor hududida portlovchi materiallarni sinash uchun laboratoriya va poligon bo‘lishi shart.
Portlovchi materiallar turiga bog‘liq holda bazis ombori alohida binolarida quyidagi miqdorlarda portlovchi materiallar saqlanishi mumkin: tarkibida suyuq nitroefirlar 15% dan ko‘p bo‘lgan portlovchi moddalar – 60 t; ammiak selitrali portlovchi moddalar, trotil va uning boshqa nitrobirikmalar bilan qorishmalari, tarkibida suyuq nitroefirlar 15% dan kam bo‘lgan portlovchi moddalar 240 t; tutaydigan va tutamaydigan porox – 120 t; detonatsiyalovchi shnur va detonatorlar uchun (idishi bilan birgalikda) – 120 t; portlatgich o‘rnatilgan perforator snaryadlari uchun (idishi bilan birgalikda) – 120 t; olov o‘tkazuvchi shnur – cheklanmagan.