Darsning maqsadi: a) ta’limiy: Ona tili fanining nazariy va amaliy asoslarini o’rganish jarayonida o’quvchilarda estetik did, estetik ong, ona tiliga muhabbat, badiiy tafakkur va tasavvurini kamolga yetkazish va barkamol avlod tarbiyasiga zamin yaratish. b) tarbiyaviy: Ona tili fani orqali o’quvchilarga DTS asosida dars berish.
c) rivojlantiruvchi: O’quvchilarni tafakkur va idrokini kengaytirish, ularni mustaqil fikrlashga o’rgatish.
Dars uslubi: an’anaviy, noan’anaviy (tagiga chizilsin)
Dars jihozi: Darslik, kompyuter, tarqatma materiallar, ko’rgazmali qurollar...
Dars shiori: Tilga ixtiyorsiz - elga e`tiborsiz. ( A. Navoiy ) Foydalaniladigan adabiyotlar: «Ona tili» 9-sinf uchun darslik. 9-sinf darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi: a)salomlashish b) sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash. a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu 1-topshiriq. Berilgan qo’shma gaplar tarkibidagi bosh va ergash gaplarni aniqlang.
1.Kechqurun osh suzsak, bir nasiba kam. (G’afur G’ulom) 2. Yana ikki ko’z ham berdim, yov kelganda, ko’rsin deb. (Hamid Olimjon)
Bilib oling. Bosh gap tarkibida hol vazifasida qo'llangan ko’rsatish olmoshining ma’nosini izohlab keluvchi yoki bosh gap orqali ifodalangan mazmunning sababi, maqsadi, sharti, payti, holati, miqdor-darajasi kabilarni bildirgan ergash gaplarga hol ergash gap deyiladi. Hol ergash gaplar bosh gapga nisbiy so’zlar, shart mayli shakllari; sabab, maqsad, shart bog'lovchilari; deb so’zi yordamida bog’lanadi. Hol ergash gaplar holning ma’no turlariga muvofiq o’z ichida payt, o’rin, sabab, maqsad, shart, miqdor-daraja ergash gaplar singari bir necha turlarga bo’linadi.
139-mashq. Ko’chiring. Bosh va ergash gaplarni aniqlang. Ergash gapni bosh gapga qanday vosita bilan bog’lanayotganini va uning bosh gap kesimining qanday belgisini bildirayotganini ayting.
1. Oqsoqol qayerda bo’lsa, o’sha joyda ish bir tartibda borardi. (O’.Hoshimov) 2. Dutor chalib o’tirsam, tori uzilib ketdi. (Qo’shiq) 3. Oysha opa xatni oxirigacha o’qiy olmadi, chunki hovlining eshigini kimdir taqillata boshladi. (Sh.Xolmirzayev) 4. Sizni qo’rqib ketmasin deb, kechqurun bezovta qilmadik. (Nazir Safarov) 5. Boshingga tashvish tushmasa, qaytib kelmasding. (Said Ahmad) 6. Hali Onaxonning bilmaganlari shu qadar ko’p ediki, so’rab oxiriga yetolmasday ko’rindi. (Asqad Muxtor) 140-mashq. O’qing, hol ergash gapli qo’shma gaplarni topib ko’chiring, ularning ma’no turlarini aniqlang.
G’afur G’ulom etagini silkitsa, kulgi to’kilardi. U kirgan xonadonda bir hovli kulgi qolardi. U har bir xonadonning ko’pdan kutgan aziz mehmoni edi. Qayerga borsa, o’sha yerda atrofini yosh-u qari o’rab olardi.
Donolar davrasida dono edi. Bedilni, Hofizni, Jomiyni sevib o’qirdi. Ozarbayjon, tojik, turkman, uyg’ur, qozoq, tatar, qirg’iz tillarida bemalol gaplasha olardi. U hozirjavob odam edi. Dushanbadagi bir davrada aytgan gaplarini haligacha qoyil qolib eslayman. -Siz meni o’zbek, Tursunzodani tojik deyapsizlar. Tojikning oti Tursun bo’lsa, o’zbekning oti G’ulom bo’lsa, uning tojikligi-yu, mening o’zbekligim qayoqqa borardi? Yo’q, birodarlar, biz hammamiz qardoshmiz. Milliy ayirmachilikni xayolimizga ham keltirmaymiz. Qarang, hatto ismlarimiz ham ayqash-chuyqash bo’lib ketgan-a! (Said Ahmad) 141-mashq. Ko’chiring. Bosh va ergash gaplarni aniqlang. Ergash gapning qanday so’roqqa javob bo’layotgani va bosh gap kesimining qanday belgisini bildirayotganini ayting. Ergash gapning ma’no turini aniqlang.
1. Qayerda ahillik bo’lsa, o’sha yerda qut-baraka bo’ladi. (« Tafakkur gulshani) 2. O’simlikni qancha parvarish qilsang, shuncha mo’l hosil olasan. 3. Soy qanchalik tez oqsa, u shunchalik sayoz bo’ladi. (« Tafakkur gulshani») 4. Odamlar ishdan qolmasin deb, marosimni soat besh yarimga tayin qilganmiz. (Said Ahmad) 5. Sizni suvdan o’tkazib qo’ymasam, menga bergan noningiz harom bo’lg’ay. (P.Qodirov)