Eshitib tushunish
Eshitish insonning lisoniy qobiliyati shakllanishidagi asosdir. Inson bolasi homilalik davrida eshitishni boshlaydi . Psixolingvistik tadqiqotlarda yangi tugʻilgan bola oʻz ona tilisini boshqa tillardan farqlashi isbotlangan. Inson tilni eshitib qabul qiladi, shu asosda inson ongida til tizimi shakllanadi. Maktab yoshiga yetgan bola oʻz muloqot tajribasi doirasida eshitib tushunish koʻnikmasiga ega boʻladi. Ona tilini oʻzlashtirish borasida qilingan tadqiqotlardan maʼlumki, bola oilada ota-onasi va boshqa kattalar tomonidan qoʻllangan soʻzlar va gaplarni oʻzlashtiradi. Demak, maktabga kelgan bolalarning lisoniy tajribasi bir-biridan farq qiladi. Maktabga kelgan bola oʻzi koʻnikkan lisoniy muhitdan butkul farq qiluvchi muhitga tushadi va shunga mos ravishda unga yuklangan kommunikativ vazifa ham oʻzgaradi. U endi nutqni qisqa bitta yo ikkita gap hajmida emas, dars mavzusi doirasida qurilgan kattaroq hajmdagi ogʻzaki nutqni eshitib tushunishi, unda aytilgan masalalarni bilim sifatida oʻzlashtirishi lozim boʻladi. Bolada birinchi qiyinchilik tugʻdiradigan narsa bu bola dekodlashi, yaʼni tushunishi kerak boʻlgan lisoniy birlik tuzilish jihatdan murakkabroq va hajman kattaroq boʻladi. Bolaning ongi bu oʻzgarishga moslashishi uchun eshitib tushuniladigan materiallar soddadan murakkabga qarab berib borilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, bolada eshitib tushunish mashq qildirilishi kerak. Bolaga eshittirilayotgan matnning diqqat talab qildigan qismlariga urgʻu bergan holda bolaga topshiriq berish bolada eshitish davomida diqqatni ushlash koʻnikmasini shakllantiradi.
Tushunish jarayoni oʻrganilganda shu narsa maʼlum boʻlganki, eshituvchining emotsionalligi va stereotiplari sabab eshituvchi berilgan matnni toʻliq eshitmasligi mumkin . Bu ham eshitib tushunishga xalal beradigan holat boʻlgani uchun oʻrta maktabdagi mashgʻulotlar davomida alohida eʼtibor talab qiladi. Bola tushunishda yoʻl qoʻygan xatolari muntazam ravishda koʻrsatilsa va xatoning asosi tushuntirib borilsa, bola tushunish jarayonini ongli ravishda boshqarishga oʻrganadi.
Masalan, sevgi haqidagi bir qoʻshiqning klipida xonanda va cholgʻuchilarning orqasidagi fonda dunyo xaritasi turibdi. “Qoʻshiq global masala haqida emas, sevgi haqida boʻlsa, klipda dunyo xaritasiga nima bor?” degan savol kishini oʻylantiradi. Savolning javobi qoʻshiq soʻzlaridan kelib chiqadi: “yuragimni chizib berdim, qaramading, xaritasin tuzib berdim, qaramading...” Ayni vaziyatda xarita soʻzi bilan dunyo xaritasi sifatida qabul qilingan.
Matnning bir parchasi (ayni vaziyatda matndagi bir soʻz) taʼsirida yuzaga kelgan assotsiatsiya tushunishning boshlangʻich darajasida ongda hosil boʻladi va matn mazmuni toʻligʻicha qabul qilinganda u chetga chiqishi kerak. Masalan, kishi “yuragim...xaritasin tuzib berdim” jumlasini eshitish jarayonida xarita soʻzini alohida qabul qilganda dunyo xaritasi tushunchasi unga assotsiatsiya boʻlishi mumkin. Ammo xarita soʻzini qoʻshiq matni ichida u bogʻlangan yurak soʻzi bilan birga qabul qilar ekan, uning koʻchma maʼnoda qoʻllanganini xulosa qiladi va dunyo xaritasi tushunchasi tushunish jarayonida boshqa ishtirok etmasligi kerak. Keltirilgan misolda dunyo xaritasi tushunchasi klipga orqa fongacha yetib borganligidan bilish mumkinki, xaritasi soʻzining matn ichidagi maʼnosi retsipiyent tomonidan qabul qilinmagan, balki alohida soʻz sifatida qolib ketgan. Mazkur holatlar bizga tushunish jarayonidagi tafsilotlar haqida maʼlumot beradi. Ona tili oʻqituvchisining matnni tushunish jarayonidan toʻliq xabardor boʻlishi, undagi har bir darajada qanday lisoniy birliklar ishlashini bilishi bolaning tushunishiga toʻgʻri baho berish va uning tushunish qobiliyatini oʻstirishga xizmat qiladi.
Dostları ilə paylaş: |