Ogʻzaki nutq
Inson hayotining dastlabki vaqtidanoq muloqot ehtiyoji sabab tilni oʻzlashtiradi, gapirishga harakat qiladi. Yillar davomida tajriba asosida ogʻzaki nutq oʻzlashtiriladi.
Jonli suhbatdan tashqari biror nutq soʻzlash talab qilingan vaziyatda jamiyatimizda odatda, bir xil gaplar aytilganiga guvoh boʻlamiz. Toʻyda tabrik aytilganda “Baxt tilayman, doim baxtli boʻling” kabi jumlalar, biror kino yoki hodisaga munosabat soʻralganda aksariyat soʻzlovchilar “menga yoqdi, shunday kinolar koʻpaysin” deb javob beradi. Bunday nutqlarda tahlil, xulosa emas, faqat munosabat aks etadi. Mazkur munosabat ham yo salbiy, yo ijobiy boʻladi. Vaholangki, hodisani har kim oʻz ongi, hayotiy tajribasidan kelib chiqib qabul qiladi va har kimning oʻz talqini boʻladi. Oʻrta taʼlimda bolaning ogʻzaki nutqi biror fandan oʻtilgan maʼlum mavzuni gapirib berishda koʻriladi. Bunda bolaning mavzuni bilish-bilmasligi baholanadi, ogʻzaki nutq mahorati alohida eʼtiborga olinmaydi. Ona tili darslarida ogʻzaki nutq uchun alohida mashgʻulotlar ishlab chiqilishi zarur. Bunda birinchi navbatda bolaning oʻz fikrini lisoniy vositalar yordamida toʻgʻri ifodalash, mavjud lugʻat boyligidan oqilona foydalanish, bir mavzudan chetga chiqmay gapirish, nutqni toʻgʻri strukturalashtirish, yaʼni mavzuga kirish, asosiy fikrni aytish va xulosalash; aytadigan gapi eshituvchiga qanday taʼsir qilishini oldindan baholay olish, tinglovchining diqqatini ushlab turish kabi koʻnikmalar shakllantirilib, takomillashtirilib borilishi zarur. Bu kabi mashgʻulotlarda faqat monologik nutq bilan cheklanmasdan, suhbat, bahslar tashkil etish, bahsda oʻz fikrini bayon qilish va boshqalarning fikrini tinglash, ularga munosabat bildirish kabi koʻnikmalar shakllantirilishi kerak. Inson ongining ishlashi tajribaga asoslanadi. Shuning uchun bolada qaysi koʻnikma hosil boʻlishi maqsad qilinsa, darslarda oʻsha boʻyicha mashqlar muntazam tashkil qilinish kerak.
Yozma nutq
Oʻrta taʼlimda qoʻllanadigan yozma nutq shakllari asosan, bayon, diktant va inshodan iborat. Bayon va inshoda boladan ijodiylik talab qilinar ekan, u faqat badiiylik nuqtai nazaridan baholanadi. Mavzular ham asosan badiiy uslubga mos holda tanlanadi. Maʼlumki, badiiy matn uchun badiiy tafakkur zarur, badiiy tafakkurning asosida insonning individual hayotiy tajribasi yotadi, yaʼni maʼlum ruhiy holat hayotda kuzatilgan maʼlum predmet yo hodisa bilan assotsiatsiyalanadi. Tabiiyki, professional yozuvchi va maktab oʻquvchisining oʻrtasida yosh jihatdan, hayotiy tajriba jihatidan katta farq bor. Yozuvchi qoʻllagan jumla va obrazlar har doim ham maktab oʻquvchisi uchun tushunarli boʻlmasligi mumkin. Til taʼlimidagi bu nomutanosiblik oʻquvchi til malakasining rivojlanishiga salbiy taʼsir etadi. Natijada, bola oʻz mustaqil fikrini oʻz soʻzlarini bayon qilmay, odatda eshitgan tayyor jumlalardan foydalanishga harakat qiladi. Shu bilan bogʻliq holda bola yozishga boʻlgan ragʻbatini yoʻqotib qoʻyishi yoki umuman paydo qilmasligi mumkin. Yozma nutqni rivojlantirish uchun tanlangan mashgʻulot mavzulari dars berilayotgan vaqt uchun dolzarb va oʻquvchi uchun qiziq boʻlishi kerak. Shunday mavzu tanlanishi kerakki, bola oʻsha haqida fikr bildirish istagi kuchli boʻlsin. U xoh kecha boʻlib oʻtgan futbol matchi boʻlsin yoki mashhur serial boʻlsin. Mazkur masalalarga boʻlgan qiziqishdan bolaning kognitiv rivojlanishini taʼminlash uchun samarali foydalanish mumkin.
Shuningdek, turli mavzu va uslubdagi matnlar yuzasidan yozma topshiriqlar bajarish oʻquvchining yozma nutq haqidagi bilimi tasavvurlarini kengaytiradi. Bunday topshiriqlar matndan maʼlum kommunikativ vazifada qoʻllangan soʻz va soʻz birikmalarini topish, ularning nima uchun qoʻllanganligiga izoh berish, matn ichidan matnning bir butunligini taʼminlab turishga xizmat qiladigan vositalarni aniqlash, matn va uning boshqa muallif tomonidan yozilgan bayonini qiyoslash kabi mashqlar yozma nutqning charxlanishiga xizmat qiladi.
Yuqoridagilarni xulosalab shuni aytish mumkinki, har qanday dars psixolingvistik jarayondir, chunki bola unda til vositasida berilgan maʼlumotni dekodlaydi yoki oʻz bilimini ifodalash uchun kodlaydi. Insonning har qanday kognitiv koʻnikmasi tajriba asosida shakllanadi. Mazkur xulosa sunʼiy ong yaratishga urinishning dastlabki paytida vujudga kelgan. Olimlar hatto shaxmat oʻynashday oʻta mantiqiy jarayonda ham tajriba hal qiluvchi ahamiyatga egaligini qayd etganlar. Boshqacha aytganda, qoidani yodlash har doim ham uni amalda samarali qoʻllashni taʼminlaydi degani emas. Insonning til malakalarini qanday namoyon qilishi vaziyat, tinglovchi, ruhiy holat, kayfiyat, taassub kabi omillar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq ekan, nutq jarayonida bu omillarni va ularning taʼsirini farqlay olish nutqning nazorat qilinishini qoidalarga nisbatan yaxshiroq taʼminlaydi. Shuning uchun ham oʻrta taʼlimda ona tili darslari eshitib va oʻqib tushunish, ogʻzaki va yozma nutq koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilishi kerak.
Dostları ilə paylaş: |