Ona tili taʼlimida lisoniy malakani rivojlantirishning psixolingvistik asosi
Maqola Global ta’lim va milliy metodika. Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallarining 215-224-betlaridan olindi.
Muallif: Iroda Azimova
Taʼlim jarayoni asosan til vositasida kechar ekan, ona tili taʼlimi taʼlim tizimidagi fanlar orasida alohida oʻrin tutadi. Boshqa fanlarning oʻzlashtirilishi oʻquvchining oʻz ona tilida yozma matnni, ogʻzaki matnni tushunish, oʻz fikrini yozma va ogʻzaki shaklda izchil bayon eta olish koʻnikmasi bilan bevosita bogʻliq. Aytish mumkinki, ona tili taʼlimi har qanday bosqichdagi taʼlimning negizini tashkil etadi. Tilning eng birinchi vazifasi maʼlumotni kodlash va dekodlashdir, yaʼni soʻzlovchi oʻz fikrini toʻgʻri ifodalashi kerak va qabul qilingan nutqda berilgan maʼlumotni toʻgʻri tushunishi kerak. Oʻrta maktabda ona tili taʼlimi tilning aynan shu – birlamchi funktsiyasini qoʻllash malakasini shakllantirishga qaratilishi kerak.
Psixolingvistik tadqiqotlardan maʼlumki, insonning til qobiliyati toʻrt xil kognitiv malakaning oʻzaro bogʻliqligida rivojlanadi: eshitib tushunish, fikrini ogʻzaki bayon qilish, oʻqib tushunish, fikrini yozma bayon qilish. Eshitib tushunish va gapirish ogʻzaki nutq shakli bilan bogʻliq, oʻqib tushunish va yozish esa tilning yozma shakli bilan. Eshitib tushunish va oʻqib tushunish psixologik tomondan nutqni qabul qilish jarayoni, gapirish va yozish esa nutq yaratish jarayonidir. Mazkur malakalarning har biri insonning turli aʼzolari yordamida yuzaga chiqar ekan, ularning har biri oʻzaro bogʻliqligi bilan birga, bir-biridan farqli ekanligiga eʼtibor qaratish zarur. Xususan, nutqni eshitib tushunish inson bosh miyasining chakka qismida joylashgan neyronlar taʼsirlanishi asosida amalga oshadi; oʻqib tushunish bosh miyaning ensa qismidagi neyronlar yordamida; gapirish bosh miyaning peshona boʻlimidagi nutq aʼzolarini harakatlantiruvchi neyronlar yordamida; yozish esa bosh miyaning peshona boʻlimidagi qoʻlni harakatlantiruvchi neyronlar yordamida amalga oshiriladi. Bir qarashda mazkur farqlar muhim emasday tuyuladi, chunki asosda semantik tizim bitta boʻladi, semantik tizim qolgan hammasini boshqaradiganday tasavvur qilamiz, chunki sogʻlom odamda mazkur toʻrt malakaning jiddiy farqi sezilmaydi. Koʻp kitob oʻqigan odam yaxshi gapiradi, yaxshi yozadi deb qaraladi, bunday boʻlmasa u istisno sifatida eʼtiborga olinmaydi. Mazkur yondashuvga neyrolingvistik tadqiqotlar chek qoʻygan. Nutqiy patologiyasi bor bemorlar kuzatilganda, ularning gapirishi va tushunishida farq borligi aniqlangan. Masalan, Broka afaziyasiga chalingan bemorlar gapni nisbatan yaxshi tushunadi, biroq yaxshi gapira olmaydi, ularning nutqi telegrafik xarakterda boʻladi. Shuningdek, afaziyaga chalingan kishi bir narsaning nomini ogʻzaki aytganda boshqacha, yozma yozib berganda boshqacha aytish holatlari kuzatilgan. Masalan, B.Rapp va A.Karamatsa bir bemor rasmni yozma va ogʻzaki nomlashda ikki xil natija koʻrsatganligini qayd etganlar . Jumladan, bemorga choʻtkaning rasmi koʻrsatilganida bemor yozma javobda “choʻtka” deb yozgan boʻlsa-da, ogʻzaki javobda “taroq” degan. Shuningdek, piyoz rasmi koʻrsatilganda yozma “piyoz”, ogʻzaki “banan”, boyoʻgʻli rasmi koʻrsatilganda yozma “boyoʻgʻli” ogʻzaki “toshbaqa” javoblarini bergan. Bu kabi tajribalar natijalari umumlashtirilib soʻzning inson ongida aks etish modeli yaratilgan. A.Ellis va A.Yang muallifligidagi ushbu modelь markazida semantik tizim turadi. Unda ikkita qabul qiluvchi tizim: koʻrish tahlil tizimi va eshitish tahlil tizimi; ikkita chiquvchi tizim: fonema va grafema darajasi mavjud.
Eshitish tahlil tizimi orqali nutq tovushlari qabul qilinib olar ekan, u audio-kirish leksikonidagi mavjud soʻzlar bilan solishtiriladi va soʻz nutqiy oqimdan ajratib, soʻz sifatida anglanadi, mazkur shaklga bogʻlangan maʼno faollashadi. Mohiyatan olganda biz nutqni turli chastotalarga ega tovush toʻlqinlari sifatida qabul qilamiz. Mazkur toʻlqinlar insonning quloq pardasini turli chastotalarda tebratadi. Bu tebranishlar insonning eshitish tizimi orqali bosh miyaga uzatiladi. Biz eshitib tanigan soʻz – bu bir xilda takrorlangan toʻlqin chastotalari demak. Uning maʼnosi esa oʻsha toʻlqin chastotalari guruhi qabul qilinganda inson turgan vaziyat bilan bogʻliq holda shakllangan boʻladi. Shu zaylda insonda audio-kirish leksikoni shakllanadi.
Matnni oʻqiganimizda esa biz tekislikda aks etgan turli chiziqlar majmuini qabul qilamiz, ular grafema deb ataladi. Mazkur grafemalarga maʼlum til tizimidagi fonemalar shartli ravishda bogʻlangan boʻladi. Insonda oʻqish tajribasi ortib borar ekan, u soʻzlarni harflab emas, butun qabul qilish darajasiga chiqadi. Bunda soʻzning boshidagi va oxiridagi harf muhim boʻladi. Grafemalarning maʼlum kombinatsiyalari koʻp takrorlanishi ortidan insonda vizual kirish leksikoni shakllanadi.
Shifokorlarning yozuvi xunuk degan stereotip mavjud. Ular yozgan retseptni nima uchun bemor yoki oddiy sotuvchi oʻqiy olmaydi, lekin dorixonadagi farmatsevt oʻqishda qiynalmaydi? Shifokor retseptda dorilarning nomini yozadi. Dorilarning nomi soʻz sifatida bizning lugʻatimizda faol qoʻllanuvchi soʻzlar sirasiga kirmaydi. Odatda, biz u dorining nomiga birinchi marta duch kelamiz, yaʼni bizning vizual kirish leksikonimizda dorining nomi birlik sifatida mavjud emas. Farmatsevtning vizual leksikonida esa u soʻz bor, shuning uchun shifokorning yozuvi qanchalik tushunarsiz boʻlmasin, farmatsevt oʻzi tanigan ayrim harflar kombinatsiyasidan gap aynan qaysi dori haqida ketayotganligini anglay oladi.
Inson soʻzlar ekan uning nutq apparati ishlaydi. Uni ishlatishni inson chaqaloqligida turli tovushlarni chiqarib sinab koʻrish orqali oʻrganadi. Bola talaffuzda avval tovush, keyin boʻgʻin, keyin soʻzga oʻtishi ham nutq apparatini boshqarishni sekin-sekin, oddiydan murakkabga tomon oʻzlashtirishini dalillaydi. Oʻzbek bolalarining aksariyati non emas nanna deyishi bola hali nutq apparatini toʻliq boshqara olmayotganini bildiradi. Xususan, o – lablangan unli, uni talaffuz qilish lablanmagan unli boʻlgan a unlisiga nisbatan koʻproq harakat talab qiladi. Soʻzni undosh bilan tugatish oʻpkadan ogʻiz boʻshligʻi orqali chiqayotgan havo oqimini toʻxtatish demak. Unli bilan tugatish esa qoʻshimcha harakat talab qilmaydi. Shuning uchun bola soʻzlarni avval nutq apparatini boshqarishni oʻrgangan darajasida talaffuz qiladi va bu odatda kattalarning talaffuzi bilan bir xil boʻlmaydi. Bola oʻzi talaffuz qilgan soʻzni eshitadi va kattalarniki bilan solishtira olgani uchun oʻz xatosini anglaydi, oʻz talaffuzi ustida ishlashi ortidan soʻzlarning toʻgʻri talaffuzini oʻzlashtiradi. Soʻzni talaffuz etish murakkab jarayon. Masalan, shu non soʻzini olaylik: oʻpkadan chiqayotgan havo oqimi ovoz paychalari, ogʻiz boʻshligʻi va burun boʻshligʻiga taqsimlanib, tilning old qismini tanglayga tekkizib ogʻiz boʻshligʻidagi havo oqimini toʻsib, n undoshini talaffuz qilish, keyin tilni pastga tushirib, tilning orqa qismidagi muskullarni, lablarni harakatlantiruvchi muskullarni qisqartirish bilan o unlisini talaffuz qilish, keyin tilni yana avvalgi joyiga qaytarib n undoshini talaffuz qilish demakdir. Har bir muskul qisqarishi uchun bosh miyadan alohida signallar joʻnatiladi. Maʼlum soʻz qayta-qayta talaffuz qilinar ekan, uning talaffuzi uchun ishlaydagan muskullarga joʻnatiladigan signallarni boshqaruvchi neyronlar oʻrtasida aloqa mustahkamlanib boradi. Shu asosda insonda ogʻzaki chiqish leksikoni shakllanadi. Grafemik chiqish leksikonining shakllanishida ham shu kabi tamoyilga amal qilinadi, faqat unda qoʻlning harakatini nazorat qiluvchi neyronlar guruhi ishlaydi.
Bitta soʻz misolida ogʻzaki va yozma shakl qabul qilishda hamda yaratishda qanday farqlanishini koʻrib chiqdik. Endi bevosita tilni qoʻllashdagi toʻrt malakaning har biriga alohida toʻxtalamiz.
Dostları ilə paylaş: |