MISTIFIKASIYA, adabiy mistifikasiya (yun. mystes – sirga oshno, facio – qilaman) – 1) asarning muallif tomonidan atayin boshqa bir shaxs (yo haqiqatda mavjud yo to‘qima)ga tyegishli, o‘zga shaxs tomonidan yozilgan qilib ko‘rsatilishi. Muallifning yashirin qolishga intilishi jihatidan adabiy M. anonim (imzosiz e’lon qilingan yoki tarqalgan asar) va taxallus qo‘llash (ya’ni yashirin qolish maqsadida asarni taxallus bilan e’lon qilish)ga yaqin. Ulardan farqli tomoni shuki, adabiy M.da asar nisbat berilayotgan muallifning uslubi, ruhiyati, dunyoqarashi va sh.k. individual jihatlarni yaratish orqali real muallifdan tamom o‘zga muallif obrazi vujudga keltiriladi. Mas., keyingi yillar o‘zbek matbuotida e’lon qilingan Usta Gulmat g’azallari buning yorqin namunasi bo‘lib, ularda haqiqiy muallif A.Obidjondan tamom o‘zga muallif obrazi – lirik qahramon bo‘y ko‘rsatadi. Usta Gulmat g’azallaridan bir turkumini “SHarq yulduzi”da e’lon qilarkan, haqiqiy muallif unga muxtasar so‘z boshini ilova qiladi. Unda, jumladan: “Ahli shuaroga ma’lum bo‘lg’aykim, Gulmat SHoshiyning so‘nggi g’azallarini tiklash ishlari nihoyasiga yetdi. G’azallarning bu qismi 1916 va 1917 yilning boshlariga to‘g’ri keladi”, – deyiladi. Tabiiyki, haqiqiy muallif turkumda nisbat berilgan muallifga xos uslubni ham, g’azallar nisbat berilayotgan davrga xos mazmun va ruhni ham tiklaydi, hyech joyda o‘z nomini keltirmaydi; 2) hikoyani asoslash (motivirovka) maqsadida qo‘llanuvchi badiiy usul, epik asarlarda voqealarning tasodifan yozuvchi qo‘liga tushib qolgan birovning xati, kundalik daftari, qo‘lyozmasi va sh.k. yo‘sinlarda bayon qilish. Biroq mazkur usul sifatidagi M.ning dastlabki ma’nodagi M.dan farqi shuki, birinchidan, bunday asarlarda muallif yashirin qolish maqsadini ko‘zlamaydi, ikkinchidan, ularda muallif obrazi u yoki bu tarzda (mas., kundalik, xat, qo‘lyozma va sh.k.larni topib olgan va shunchaki e’lon qilayotgan shaxs sifatida) hamisha aks etadi. Asar to‘lasicha shu usul asosiga qurilishi ham, M. yo‘sinidagi bayon rivoyaning bir qismini tashkil qilishi ham mumkin (mas., O.Yoqubov. “Ko‘hna dunyo” – Juzjoniy kundaliklari; O.Muxtor. “Ming bir qiyofa” – Abdulla Hakimning mashq daftari).
MIF (yun. mythos – rivoyat, hikoya, masal) – xalq og’zaki ijodining eng qadim davrlarida paydo bo‘lgan, voqelik (olam) haqidagi tasavvurlarni konkryet obrazlar vositasida aks ettiruvchi rivoyaviy asarlar. M. rivoyaviy asarlar (olam va odam haqidagi hikoyalar) bo‘lsa-da, ularni tom ma’noda so‘z san’ati hodisasi deb bo‘lmaydi. M.lar qadimgi odamlar uchun tafakkur shakli, ular M. vositasida olam sir-sinoatlari (olamning yoki insonning yaratilishi, quyosh chiqishi va botishi, shamol esishi va momaguldurak sababi va h.)ni bilishga intilganlar, M.larda ularning olam haqidagi bilimlari o‘z ifodasini topgan. M.larda yaratilgan obrazlar (ma’budlar, turli maxluqlar va h.) ular uchun ijodiy tasavvur mahsuli emas, aksincha, asl haqiqatdir. Dyeylik, qadimgi yunonlar chaqmoq chaqishini Zyevsning, dyengizdagi dahshatli dovullarni Posyeydonning g’azablangani bilan izohlaganlar, inson taqdiridagi turfa evrilishlarda ilohlarning aralashuvini ko‘rganlar. Keyincha, mifologiyadan ijtimoiy ongning din, fan, san’at, adabiyot, siyosat kabi sohalari ajralib chiqqanidan so‘ng, M.lar ularning tarkibiga singib ketadi. Buni adabiyot misolida ko‘radigan bo‘lsak, qadimgi M.lar antik adabiyotda o‘zining ikkinchi umrini yashay boshlaganiga amin bo‘lish mumkin. Zero antik adabiyotdagi ko‘plab asarlarga mifologik sujetlar asos bo‘lgani, ularda mifologik unsurlardan keng foydalanilgani buning yorqin dalilidir.