O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil



Yüklə 0,74 Mb.
səhifə16/59
tarix01.03.2023
ölçüsü0,74 Mb.
#86041
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   59
ff546497c1ac2d220a1528bc30d845ce ADABIYOTSHUNOSLIK METODOLOGIYASI

ADABIYOTLAR

  1. Гулога А.Шеллинг.- М.:Молодая гвардия, 1984. – С.95-132.

  2. Мелах Б.С. Биография как методологическая проблема
    / Человек науки.-М.:Наука, 1974. – С.12.

  3. МоруаА. Литературное портреть.- М: Прогресс, 1971. – С.224-225.

  4. Моруа А. Шатобриан// Литературное портреть.-М., 1971. – С. 89-105.

  5. Наркирйер Ф. Моруа -литературнўй критик / Андре Моруа. Ли­тературнўйе портретў.-М.: Прогресс, 197. С.8.

  6. Сент-Бёв Ш.Пйер Корнел / Литературное портреть.-М.: Художествен­ная литература, 1970, с.47.

  7. Сент-Бёв Ш. Дидро/Литературное портреть. - М.: Художествен­ная литература, 1970, с. 117.

  8. Трескунов М. Сент-Бёв/ Литературное портреть.-М., 1970. С.ЗЗ.



9-MA’RUZA. PSIXOANALITIK METODNING O‘ZIGA XOSLIGI
REJA:

  1. Ruhiy tahlil usuli (psixologik metod)ning mohiyati.

  2. Psixoanalitik metod va psixologiya fanining aloqasi.

  3. Bu metodda nafaqat badiiy asar qahramonlari ruhiyati, psixologiyasi, balki muallif ruhiyatini ham qiyosiy o‘rganish joizligi.

  4. Badiiy matndagi psixologik tasvir elementlariga diqqat qaratilishi.

  5. Psixologik metodning murakkablashuvi.

  6. Psixologik metod va psixoanaliz masalasi.

  7. Z.Freyd, E.Fromm asarlarida psixologik metod talqini.

  8. Badiiy asar qahramoni hamda yozuvchi ruhiyatini qiyosiy o‘rganish usulari.



Tayanch tushunchalar: psixologiya, psixoanaliz, psixoanaliz metodi, psixoanalitika, psixologik motod, ruhiy tahlil usuli, tush.
Psixologik metod ham o‘ziga xosdir. Psixologik metodning o‘ziga xos xususiyati, eng avvvalo, psixologiya fani bilan bog’liq ekanligida ko‘rinadi. Bu metodda nafaqat badiiy asar qahramonlari ruhiyati, psixologiyasi, balki muallif ruhiyatini ham qiyosiy o‘rganish joizdir. Z.Freyd, E.Fromm asarlariga qiziqishning kuchayganligi psixologik metodning adabiyotshunoslikdagi mavqyeini kuchaytirdi deyish mumkin.
XIX asr oxirlari - XX asrning boshlarida shakllanish bosqichiga kirib, butun yuz yil davomida dunyoni ta’sir doirasida tutib kelayotgan psixoanaliz avstriyalik vrach-psixoanalitik Zigmund Freyd (1856-1939) nomi bilan bog’liq. Z.Freyd o‘zining ko‘p yillik amaliy faoliyati, izlanishlari natijasi o‘laroq «Ruhiy bezovtalik tadqiqi» (1895), “Tushlar talqini» (1900), «Kundalik hayot psixopatologiyasi» (1904), «Chechanlik va uning ongsizlikka munosabati» (1905), «Seksuallik nazariyasi xususida uch ocherk» (1905), «Leonardo da Vinchi psixoseksuallik nazariyasiga chizgi sifatida» (1910), «Totem va tabu» (1913), «G’ayriodatiy lazzatlanish tamoyili», «Omma psixologiyasi va inson «men»i tahlili» (1921), “Men va U» (1923), «Tamaddun va undan norozilar» (1929), «Muso va yakkaxudolik” (1939) kabi qator tadqiqotlar yozgan. Psixoanalizning markaziy konsepsiyalarini ishlab chiqqan, asoslashga uringan va amaliyotda qo‘llagan. Shu bois Z.Freyd tom ma’noda psixoanaliz amaliyoti va nazariyasining asoschisi hisoblanadi. Psixoanaliz falsafasi va nazariyasiga tatbiqan freydizm istilohining qo‘llanishi ham shu sabablidir.
Freyddan so‘ng psixoanaliz taxminan uch yo‘nalishda davom etdi. Birinchi yo‘nalish freydizmning o‘zak muammolari, konseptual jihatlarini rivojlantirish, ba’zi holatlarda boshqacharoq talqin etishga qaratilgan bo‘lib, o‘zining A.Adler, K.Yung, J.Klayn, J.Lakan, E.Fromm kabi mashhur vakillariga ega - ular freydizmning nazariyotchilari sanaladilar. Ikkinchi yo‘nalish anchayin keng miqyos kasb etadi va, asosan, freydizm nazariyasini turli sohalarga tatbiq etishga qaratilgan - bu yo‘nalish vakillari sirasiga dunyo miqyosidagi faylasuf va falsafashunoslar, siyosatchi va siyosatshunoslar, san’atkor va san’atshunoslar, pedagoglar, antropologlar, etnograflar kiradi. Uchinchi yo‘nalish esa tor professional faoliyat bilan cheklanadi - ruhiy bemorlarni psixoanaliz usulida muolaja qilish bilan shug’ullanadi. Ular vrach-psixoanalitik deb nomlanib, hozirda dunyoning barcha hududlarida faoliyat yurgizadilar.
Xo‘sh, shunday ekan, psixoanaliz va adabiyot, xususan, badiiy ijod aro qanday munosabat bor?
Kuzatishimizcha, adabiyot psixoanalizga nisbatan ham obyekt, ham subyekt vazifasini bajaradi. Adabiyotga psixoanalizning obyekti sifatida qaraganimizda, psixoanaliz nazariy adabiyotshunoslikning bir tadqiq usuli o‘laroq uning tarkibiy qismiga aylanadi. Aksincha bo‘lganda, psixoanaliz adabiyotshunoslikning obyekti o‘laroq namoyon bo‘ladi.
Psixoanaliz hyech qachon obrazli tafakkursiz ish ko‘ra olmaydi. Qolaversa, freydizm nazariyasining asos konsepsiyasini tashkil etuvchi “Edip kompleksi” ham bevosita obrazli tafakkur namunasiga tayanadi. Hatto, aytish mumkinki, obrazli tafakkur Freydga psixoanaliz usulini ishlab chiqish uchun xamirturush vazifasini o‘tagan. Shuningdek, Freyd, Yung, Fromm, Adler va Lakan kabi mashhur psixoanalitiklar ijodida bevosita adabiy asarlar tahlili o‘laroq yuzaga kelgan tadqiqotlar talaygina.
Freyd o‘z nazariyasining o‘ta nozik nuqtalarini talqin etish, asoslashga urinar ekan, albatta, biror adabiy asarga murojaat qiladi. Uning tadqiq usulidagi bu jihat bir paytning o‘zida ikkita vazifa bajaradi: avvalo, Freyd isbot etmoqchi bo‘lgan fikrga dalil vazifasini bajarsa, ikkinchi tomondan, shu asarning insonshunoslik nuqtai nazaridan tutgan darajasini namoyon etadi. Masalan, Freydning «Kundalik hayot psixopatologiyasi» nomli tadqiqotida Shiller «Vallenshteyn» asarining 1-parda 5-ko‘rinishidan bir misol keltiriladi. Bunda asar qahramoni Oktavio o‘z suhbatdoshi Kvestenbergga «Ketdik. Gersogning oldiga!» deyish o‘rniga, «Uning oldiga!» (K ney!) degan so‘zni ishlatib qo‘yadi. Freyd talqinicha, bunday hardamxayollik (obmolovki) tasodifiy emas, balki Oktavio ongi ostidagi yashirin istakning hardamxayollik tarzida namoyon bo‘lishidir. Bu - birinchidan. Ikkinchidan, qahramon hbunday chuqur psixologizmda ochilishi asar muallifi Shillerning yuksak mahoratidan dalolat beradi. Shuningdek, ayni tarzdagi nomantiqiy, tushunarsiz ifodalar mohiyatini anglamay turib, yozuvchining ifoda uslubiga to‘g’ri baho berib bo‘lmasligini Freyd alohida ta’kidlaydi.
«Dostoyevskiy va padarkushlik» Freydning badiiy asar va muallif biografiyasi asosida olib borgan tadqiqotlaridan hisoblanadi. Psixoanalizning sof nazariy-metodologik, tibbiy-psixologik jihatlarini asoslashga qaratilgan asarlarda («Seksuallik xususida uch ocherk», «G’ayriodatiy lazzatlanish tamoyili», «Kundalik hayot psixopatologiyasi» kabi) adabiyot, badiiy tafakkur bilvosita xizmat qilgan bo‘lsa, ushbu asarda bevosita xizmat qiladi. Tadqiqotda Freydning nazari birinchi navbatda muallifning ijodiga emas, shaxsiyatiga qaratiladi. «Dostoyevskiyning serqirra shaxsiyatini to‘rt tomondan o‘rganish mumkin: yozuvchi sifatida, nevrotik sifatida, mutafakkir-etik sifatida va gunohkor sifatida», - deb yozadi Freyd ushbu asarida. Freydning fikricha, Dostoyev­skiy asarlaridagi shahvatparastlar, jinoyatchilar, qotillar, xudbin va telbalar obrazi aynan muallifning3 ichki dunyosidagi yashirin istaklaridan va uning biografiyasi bilan bog’liq ba’zi hodisalardan kelib chiqadi. Shuningdek, yozuvchi ijodidagi padarkushlik talqini ham ayni sabablar oqibati o‘laroq namoyon bo‘ladi. Umuman, Freyd talqinidagi Dostoyevskiy shaxsiyati ambivalent munosabatning tipik namunasidir. Bunday munosabat yozuvchining nafaqat yaqinlari yoki atrofidagi begona kishilarga, o‘quvchilariga nisbatan, balki o‘ziga nisbatan ham ko‘zga tashlanadi: «Har holda, uning shaxsiyati sadistik qirralardan xoli emas. Undagi qahru g’azab, sabrsizlik, azoblashga moyillik istaklari o‘z yaqinlariga munosabatida, o‘quvchi bilan ichki muloqotida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Arzimas masalalarda u o‘zgalarga nisbatan, asosiy holatlarda o‘ziga nisbatan sadist hisoblansa, ayni paytda, hyech kimdan yordamini ayamaydigan, yumshoq ko‘ngil, ezgu qalbli kishi sifatida namoyon bo‘ladiki, bu undagi mozaxizmdan dalolat», - deb yozadi bu haqda Freyd. Otasining o‘limi, garchi bunda jismonan sababchi bo‘lmagan bo‘lsa-da, Dostoyevskiyda chuqur gunohkorlik hissini uyg’otgan. Bunday hissiyot manbai uning ongi ostidagi otasining o‘limiga bo‘lgan intilish bo‘lib, aybdorlik hissining yozuvchi faoliyatida namoyon bo‘lish shakli esa, ayni mozaxistik sublimasiyadir.
Freyd Dostoyevskiy psixologiyasidagi mana shunday murakkab va chigal holat ifodasini «Aka-uka Karamazovlar» romanida ko‘radi. Ma’lumki, romanda otasining o‘limini maqsad qilib yashayotgan Dmitriy Karamazov istagi boshqa Karamazov (Smerdyakov) tomonidan amalga oshiriladi. Dostoyevskiy ifoda usulida aynan o‘sha qotil Karamazovga nisbatan simpatiyaning yetakchilik qilishi Freyd uchun kalit vazifasini o‘taydi. Uningcha, aslida qotil bir ijrochi, xolos. Haqiqiy qotil esa, otasining o‘limini ich-ichdan istab yurgan Dmitriy. Shu ma’noda Dmitriyning ichki iztiroblari, o‘z navbatida, Dostoyevskiyning ham iztiroblaridir. Uning ruhiy bemorligi aynan Dostoyevskiyning dardi. Shuning uchun muallif bu qahramonidan nafratlanar ekan, ayni nafrat barobarida qotil Karamazovni o‘zining xaloskori, deb biladi. Tahlil asnosida Freyd “Aka-uka Karamazovlar» romanini jahon adabiyotining ikki buyuk asari – “Shoh Edip» va «Gamlet»dan yuqori qo‘yadi. Dostoyevskiy romani haqida: “Bu yo‘nalishda rus yozuvchisining romani bir qadam olg’a ketadi”, - degan so‘zlarni yozadi.
«Chechanlik va uning ongsizlikka munosabati» Freydning bevosita adabiy manbalar, ijodiy jarayonlar tahlili orqali yozilgan muhim tadqiqoti hisoblanadi. Mazkur asar chechanlikning estetik funksiyasini psixologik omillar tizimi sifatida asoslashga qaratilgan. Chechanlik va uning genezisi, chechanlikning ongsizlik bilan munosabati, chechanlik va komizm turlari masalalari psixoanalitik usulda tahlil etilgan. Freyd chechanlikning «favqulodda subyektiv komizm» (Ch.Lupps), “mulohazalar o‘yini» (K.Fisher), «g’oyalar bilan o‘ynashish» (J.Paul), «tasavvurlar ziddiyati», «ma’nisizlik ichidagi ma’ni» (Ch.Lups), «anglanmagan ma’nining bir lahzalik anglovi» (Kant, Gemmans) kabi ta’riflarini asosan inkor etadi. Uningcha, chechanlik so‘zning ifoda usuli (texnikasi) va an’ana-xotira (assosiativ ekskurs)ning mushtarak funksiyasi o‘laroq namoyon bo‘ladi. Bunda, albatta, aytuvchi bilan eshituvchi munosabati bo‘lishi shart. Mushtarak funksiya mohiyati ham shundagina reallashadi. Freydga ko‘ra, chechanlikning ifoda usuli quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
I. Zichlash: a) qorishiq so‘zlar yasash bilan; b) modifikasiya yo‘li bilan.
II. Ayni bir so‘zni takror ishlatish: s) butun va qism; d) o‘rin almashtirish; ye) kichik modifikasiya; f) boshlang’ich ma’nosiga tamoman zid bo‘lgan ma’noda qo‘llash.
III. Ikki ma’nolilik: g) xususiy ot ma’nosining predmetga o‘tishi; h) istioraviy va predmetlik ma’nosi; i) xususiy ikki ma’nolilik (so‘z o‘yini); j) ikki ma’noli talqin; k) ishora orqali anglashiladigan ikki ma’nolilik.
Freydning fikricha, mazkur usullarning barchasi so‘z iqtisodi, zichlash deb ataluvchi asosiy nuqtada umumlashadi. Chechanlikning o‘z aytuvchisi va tinglovchiga ko‘rsatadigan ta’sir kuchi ham, avvalo, gapning ifoda shakli bilan bog’liq. Ayni paytda, aytuvchi uchun nozik lutfning kulgili joyi yo‘q. Uni o‘z lutfining boshqa birov tomonidan qabul qilinishi qiziqtiradi. U shundan lazzat oladi. Uning lutfidan ta’sirlanib kuluvchi kishi esa lutfning ma’nosidan emas, balki bu lutf xotirasi qatida yashirin nimanidir eslatgani uchun kuladi. Mana shu «nimanidir» aynan an’ana-xotira hisoblanadi. Freydga ko‘ra, insonning qachonlardir ta’qiqlagan istak va intilishlari chechan aytgan lutf orqali ozodlikka chiqadi. Bundan olingan lazzat, qoniqish kulgini yuzaga keltiradi. Bir so‘z bilan aytganda, Freyd chechanlikning mohiyatini kulgidan olinadigan qoniqish hissida emas, balki kulgi orqali yuzaga chiqadigan ong osti istaklarining g’alaba qilishida, deb tushuntiradi.
Chechanlik va tush munosabatidagi umumiylik ularning har ikkisida ong osti motivlarining mavjudligida ko‘rinadi. Tushda inson ongi ostidagi istaklar, ramzlar vositasida yuz ko‘rsatsa: «Chechanlik assosiativ munosabatda haqiqiy mohiyat kasb etadi. Ular ko‘pincha bizning xotiramizga bo‘ysunmaydi. Biz ularni xotira qatlaridan izlaganimizda topa olmaymiz. Kutilmagan o‘rinlarda esa, favqulodda paydo bo‘ladiki, ularning nega yuzaga qalqib chiqqanini anglay olmaymiz. Bunday arzimas jihatlarning o‘zi ham chechanlikning ongsizlikdan kelib chiqishini ko‘rsatadi»9, -deb yozadi Freyd. Shuningdek, chechanlikda ham tushdagi kabi ma’nisizlik va ziddiyatlilik hukm suradi. Buni tushunish uchun uzum o‘g’irlashga kirgan Afandining uzumzor egasiga nisbatan qilgan chechanligini eslash kifoya. Bu mashhur latifaga ko‘ra, birovning bog’iga uzum o‘g’rilikka tushgan Afandini bog’ egasi tutib oladi va unga: «Nega birovning uzumini o‘g’irlayapsan?» - deya o‘shqiradi. Shunda Afandi bog’ egasiga: «Nega o‘zing xotiningga kalish olib bermading?» - deb javob beradi. Bu o‘rinda Afandi­ning javobida ma’no yo‘q. Ammo ayni bema’ni javob orqali u o‘zini himoya qila oladi. Favqulodda kontrast, garchi haq bo‘lsa ham, bog’ egasini bir lahza dovdiratib qo‘yadi.
Psixoanaliz chechanlik va komizmni aynan bir narsa emas, balki insonga qoniqish beruvchi ikki hisning ketma-ket keladigan bosqichlari sifatida talqin etadi. Ya’ni chechanlik bevosita ongsizlik psixologiyasining mahsuli bo‘lsa, komizm anglatish arafasidagi ongsizlikdir. Shu ma’noda: «Chechanlik - bu komizmga ongsizlik hududidan ko‘rsatilgan ta’sir» hisoblanadi. Psixoanalitik talqindagi komizm insonning bolalik davri xotiralari bilan bog’liq. Bola kattalar bilan o‘zini qiyoslaganida o‘zida ularga nisbatan ustunlik sezsa, kula boshlaydi. Masalan, bir odam ko‘chada yiqilib tushsa, bola kuladi. Bunday kulgiga sabab, “u yiqildi - men esa yo‘q» degan avtomatik xulosadan lazzatlanishdir. Komizmning assosiativ xarakteri ham aynan shu bilan izohlanadi. Agar katta kishi katta kishining ustidan kula boshlasa, unda bolaga xos harakat va holatlarni ko‘rgan bo‘ladi. Kulgi obyektining bolalarcha harakati uni bolalikka qaytaradi. Endi o‘zining bola emasligini anglagan kishi shu haqiqatni anglamagan kishi holatidan zavqlanadi va kuladi. Freyd ushbu holatni yuzaga keltiruvchi uch jihatni alohida ta’kidlaydi: «Birinchi holatda o‘zga odam menga bola bo‘lib ko‘rinadi, boshqasida u odam o‘zini boladay tutadi, uchinchisida esa, o‘zimda bolaga xos holatni kuzataman”.
Freyd yumorni chechanlik va komizmdan farqli o‘laroq «himoya mexanizmi», deb ta’riflaydi. Uningcha, yumor - insonni iztirobdan himoya qiluvchi avtomatik vosita. «Yumor iztiroblar qurshovida turib, lazzatlana olishdir», - deb yozadi bu haqda Freyd. Yumorga xos ushbu spesifik jihat F.G’ulomning «Shum bola» asarida o‘z ifodasini topgan. Asarda pochchasining zotdor, qimmatbaho qushlarini tasodifan o‘ldirib qo‘ygan Qoravoy o‘z qilmishini «zotdor qushlar ana shunaqa yotadi» degan so‘zlar bilan izohlaydi. Mushkul vaziyatdan yumor vositasida chiqib ketadi. Shu yo‘l bilan o‘ziga taskin beradi.
Umuman, Freydning chechanlik, komiklik va uning turlari haqidagi qarashlari sof psixoanalitik talqinga ega. U adabiy asar haqida fikr yuritar ekan, muallif, qahramon va o‘quvchiaro munosabatda ham, muallifning badiiy talqin usullarida ham o‘zining psixoanalitik nazariyasiga xos ong osti jarayonlari sistemasini ko‘rishga harakat qiladi. Aniqrog’i, badiiy tafakkur Freydga psixoanaliz metodini asoslash uchun bir vosita bo‘lib xizmat qiladi. Adabiyotga psixoanaliz metodi asosida yondashish Freydning bir qator izdoshlari, shogirdlari ijodida ham uchraydi. Xususan, Erix Fromm psixoanalizga doir qator qarashlarini adabiy manbalar vositasida talqin etgan. Masalan, u inson tabiatidagi nekrofillik holati haqida fikr yuritayotib, ingliz yozuvchisi Richard Xyuz (1900-1976)ning «Chordoqdagi tulkinisa» asariga murojaat etadi. Ushbu asardan fashizmning asoschisi bo‘lgan Adolf Gitlerning tushiga doir bir epizod keltiradi. Bunga ko‘ra, tushida talvasa ichra cho‘kib ketayotgan Gitler suv yuzida onasining yuzini, ko‘zlarini ko‘radi. Gitlerning endigi holati Xyuz tomonidan shunday tasvirlanadi: «Shundagina u qarshilik ko‘rsatishni bas qildi. Tirsaklarini iyagi tomon ko‘tardi va homila-bola holatida tek qotdi: cho‘kishmi - cho‘kadi, vassalom». Erix Fromm «Bu kichik iqtibosda «inqiroz sindromi»ga xos barcha unsurlar tajassum topgan. Bunday tasvir faqat buyuk yozuvchiga munosib bo‘lib, biz ayni tasvirda Gitler tabiatidagi narsissizmni ko‘ramiz. Shuningdek, unda uyg’ongan cho‘kish istagi uning o‘limni sevishidan dalolat. Suv bu o‘rinda Gitlerning vafot etgan onasi bo‘lib, uning o‘limni, jonsiz narsalarni sevishini ifoda etadi. Suvda cho‘kayotgan Gitlerning tana tuzilishi, iyak tomon tortilgan tirsaklar, ona qorniga qaytish istagini bildiradi». Nekrofil odam hayotni emas, o‘limni sevadi. Taraqqiyotdan inqirozni ustun qo‘yadi. Ona qorni nekrofil odam uchun yer osti - qabr yoki xaotik dunyo ramzi. Fromm R.Xyuz asaridagi tasvir orqali Gitler shaxsiyatidagi nekrofillik sindromini asoslab berishga urinadi. Uning butun faoliyatini nevroz holati, deya talqin etadi.
E.Fromm Frans Kafkaning «Jarayon» romanini ham psixoanalitik usulda tadqiq etgan. Roman qahramoni Yozef K. faoliyatida tushga xos ramzlar tili yetakchilik ilishini asoslashga uringan. «Bu romanni tushunish uchun uni uzun va murakkab tush kabi qabul qilish lozim», - deb yozadi bu haqda Fromm. Uning talqinicha, hibs Yozef K. hayotidagi turg’unlik, bosib o‘tilayotgan, ammo yashalmayotgan umr uchun berilayotgan mavhum (ong osti) jazo. Yozef K.ning butun fojiasi o‘zi yashab kelgan odatiy hayotiga qaytishga urinishida, shu hayotini himoya qilishida ko‘rinadi. Umuman, Fromm Kafkaning «Jarayon» romanidagi har bir obraz, voqea va detallarni ramzlar, deb hisoblaydi. Xuddi shu bois asarga Z.Freydning tush talqiniga doir nazariy qarashlari asosida yondashadi. Asardagi hibs, sudgacha bo‘lgan jarayonlar va boshqa talay detallar sistemasini Yozef K. ongi ostida kechayotgan murakkab va chigal psixologik jarayon, degan xulosaga keladi.
Fransiyalik psixoanalitik Jan Lakan va uning zamondoshlari M.Fuko, A.Greymas, R.Bart, Levi-Stroslar ijodida til hodisalariga nisbatan psixoanalitik yondashuv yetakchilik qiladi. Bunday talqin metodi Yevropada «Yangi tanqid» nomini olgan. J.Lakan «Yangi tanqid»ning asoschilaridandir. Tadqiqotchilar «Yangi tanqid»ga freydizm nazariyasi asos bo‘lganini ta’kidlaydilar.
J.Lakanning «Matnlar» asari struktural psixonalizning namunasi hisoblanadi. U inson shaxsiyatini chuqur anglashning eng samarali usuli sifatida nutq tahlilini ko‘rsatadi. O‘zining psixoanalitik tadqiqotlari natijasiga suyanib, nutq elementlarini individuum mohiyatini aks ettiruvchi ramzlar sistemasi, degan xulosaga keladi. Insonning nutqi, uningcha, inson tomonidan boshqariladigan jarayon emas, aksincha boshqaruvchi funksiyasini bajaradi. Ayni shu jihat insonni bilishda uning faoliyatiga emas, tiliga asoslanishni taqozo etadi. Agar tadqiqotchi nutq kodlarini to‘g’ri yecha olsagina individuumning ong osti olamiga yo‘l topishi mumkin. J.Lakan nutq tahlili jarayonida anglangan individuum mohiyatini uch qatlamli sistema, deb tushunadi: a) real; b) tasavvurdagi; v) ramziy. Uningcha, til fenomenisiz shaxs mohiyatini anglash mumkin emas. J.Lakan o‘zining struktural psixoanaliz metodi haqida shunday yozadi: «Biz til hodisalarini ishlashda o‘ta murakkab va chuqur ketamiz.Chunki shu yo‘l bilan ijodkor ruhiyati va ijod asoslariga tayanmay turib ham poetika qonunlarini yarata olamiz». «Lakan psixoanalitik kursining o‘ziga xosligi shundaki, u faqat til hodisalari bilan cheklanmaydi, balki o‘z-o‘zidan adabiyotshunoslikka ham daxl qiladi», - deb yozadi bu haqda rus olimi L.Filippov. Umuman, ma’lum cheklanishlariga qaramasdan, psi­xoanaliz metodi jahon adabiyotshunosligida qo‘llab kelinyapti. Z.Freyd. E.Fromm, J.Lakan, K.Yung, A.Adler kabi mashhur psixoanalitiklar tadqiqotlari esa bevosita adabiyotni o‘rganishga emas, balki psixoanali­tik nuqtai nazarni asoslashga qaratilganini ta’kidlash joiz.
Yuqorida qayd etganimizdek, adabiyot psixoanalizga nisbatan nafaqat obyekt, balki subyekt hamdir. Sababi, adabiyot qanchalik adabiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy hodisa bo‘lsa, shunchalik psixologik hodisa ekani ma’lum. Shubhasiz, aytish mumkinki, psixoanaliz badiiy jihatdan yuksak har qanday badiiy asarga nisbatan subyekt bo‘la oladi. Bunda badi­iy asarning qaysi adabiy metodga daxldorligi u qadar ahamiyat kasb etmaydi. Shu ma’noda, adabiyotning antik davridan bugungi kungacha yaratilgan yuzlab asarlarni sanash mumkin. Ayni paytda, adabiyot tarixida, ayniqsa XX asrda shunday badiiy asarlar maydonga keldiki, ularni bevo­sita psixoanaliz nazariyasi ta’sirida yuzaga kelgan, deyish mumkin.
Psixoanaliz adabiyot yoki adabiy asar subyekti deyilganda, ikki holatni diqqat markazida tutish lozim. Birinchi holatda adabiy asar muallif ijodiy jarayoni (ilhom onlari)dagi murakkab ong osti oqimini o‘zida muhrlagan vosita o‘laroq namoyon bo‘ladi. Bunda muallif ham, asar qahramoni ham, asar voqeligi ham shu holat hukmi, boshqaruvi ostida harakat qiladi, Ayni holatning badiiy asar uchun universal mohiyat kasb etish-etmasligi ikki narsa bilan bog’liq: a) muallifdagi haqiqiy ijod jarayonining davomiyligi, iste’dod darajasi; b) asarning zamon nuqtai nazaridan maydonga kelish ko‘lami, uning qaysi adabiy tur yoki janrda yozilganligi. Masalan, lirik asar hajman kichik, ba’zi jihatlarni istisno etganda, kichik vaqt birligida tug’iladi. Bu jihat ijod jarayonining real voqelik ta’siridan uzilib qolmasligini ta’minlaydi. Natijada, badiiy asar psixoanalitik-subyekt sifatida universallashadi. Lekin bunda asosiy omil sifatida vaqtnigina ko‘rsatish o‘zini oqlamaydi. Bu o‘rinda muallifning iste’dod darajasi, geniysi muhimligini alohida ta’kidlash lozim. Katta epik asarlarda, dramaturgiyada bunday holatlarning universal mohiyat kasb etishi o‘ta og’ir. Hatto jahon adabiyoti ko‘lamida ham yuz foiz universallik holati kuzatilmaydi. Eng sinchkov tadqiqotchilar ham bunday holatlar haqida gapirganda Shekspir, Servan­tes, Tolstoy, Dostoyevskiy kabi mashhur nomlarni sanashdan nariga o‘ta olmaydilar. Bu holat o‘ta kamyob bo‘lib, bunday asarlarning o‘zi ham, mual­lifi ham psixoanaliz deb atalgan tahlil tizimi haqida tasavvurga ega bo‘lmaydilar. Bunda muallif, ijod jarayoni va badiiy asar o‘z-o‘zicha subyekt maqomida bo‘ladi. Yoki, aksincha aytganda, psixoanaliz haqida zarracha tasavvurga ega bo‘lgan muallif asari birinchi toifaga kirmaydi.
Psixoanalizning adabiy asar subyekti ekani bilan bog’liq ikkinchi holat ko‘proq keyingi davr adabiy jarayoni, aniqrog’i, psixoanaliz nazariyasi paydo bo‘lgandan so‘ng yozilgan adabiyot namunalarida kuzatiladi. Aytib o‘tganimizdek, XX asrda ko‘plab sohalarni ta’sir doirasiga olgan psixoanaliz san’at sohasiga ham kirib keldi. Psixoanalizning san’at sohasiga kirib kelishida unga bo‘lgan ommaviy qiziqishlar, maxsus ma’ruzalar, psixoanalitik muolajalar, uning ta’sirida yuzaga kelgan falsafalar asosiy rol o‘ynaydi. Dastlab Yevropa adabiyotida, so‘ngra Amerika va boshqa millatlar adabiyotida psixoanaliz metodi asosida yozilgan badiiy asarlar maydonga kela boshladi. To‘xtalib o‘tganimiz birinchi holatda ba­diiy asar muallifi yo nevrotik yoki favqulodda genial ijodkor sifatida namoyon bo‘lsa, mazkur holatda ijodkor ko‘proq mohir psixoanalitik sifa­tida ko‘zga tashlanadi. Bunda badiiy voqelik, qahramon, syujet, kompozi­siya muallifning psixoanalitik obyektiga aylanadi. Oqibatda bunday badiiy asarga psixoanalitik yondashuv boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Bunday asar tahlilida psixoanaliz o‘z kashfiyotlarini takrorlashdan boshqa hyech narsa topmaydi. Badiiy asarning o‘zi ham sun’iylik xavfi ostida qoladi.
Albatta, bunday holat jahon adabiyotining butun ko‘lami oldida zarradek gap. Ammo birinchi holatga nisbatan (XX asr adabiyotida) ko‘proq kuzatilgani bois, badiiy tafakkur uchun jiddiy xavf tug’diradi. Xavf shundaki, psixoanaliz bilan qurollangan badiiy tafakkur o‘zining asl tabiatidan chekinadi, o‘zligini yo‘qotadi.
XX asrda modernizm nomi bilan mashhur hodisa asosan psixoanaliz nazariyasiga tayanadn. Uning negizida yotuvchi futurizm, abstraksionizm, dadaizm, syurrealizm, ekzistensializm, absurdizm kabi qator falsafiy konsepsiyalar voqelikka psixoanalitik yondashuvdan kelib chiqadi. U.Folkner, J.Joys, M.Prust, S.Bekket, A.Rob-Griy, F.Kafka, A.Kamyu kabi qator yozuvchilar ijodi fikrimizga dalil. Shuningdek, Afrika, Lotin amerikasi, yapon, xitoy, hind, eron, turk va arab adabiyotlarida ham shunday holatni kuzatish mumkin. Keyingi yillarda o‘zbek ijodkorlarining-da ba’zi eksperimentlar qilishga urinayotganlari ma’lum.
Endi qisqacha jahon afkor ommasining psixoanalizga bo‘lgan munosabati xususida.
Xo‘sh, psixoanaliz insoniyat tomonidan doim ham ijobiy qabul qilinganmi? Yoki unga nisbatan tanqidiy munosabatlar ham mavjudmi?
Rossiyalik olimlar F.Bassin, M.Yaroshevskiylarning yozishicha: «Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng u badiiy adabiyot, san’at, kino, shuningdek, psixosomatik medisina sohasiga chuqur kirib bordi. Hatto freydizm katolik - diniy doiralarni ham asta-sekin ishg’ol qila bordi». Ammo, ayni paytda, unga «tanqidiy munosabat to‘lqini» ham yuksala bordi . Tanqidiy yondashuvga asosiy sabab psixo­analiz muolajalarining har doim ham ijobiy natija bermagani, go‘daklarga nisbat berilgan «Edip kompleksi» sistemasining qator tajribalarda o‘zini oqlamagani edi. Fransuz psixiatori A.Bryuk psixoana­litik yondashuv inson salomatligi uchun katta xavf tug’dirishi mumkinligidan ogoh etgan edi. Hatto S.Viderman kabi psixoanalitiklar o‘z faoliyatlari davomida psixoanalitik metodining ijobiy natija berishiga shubha bilan qaraganlar. Ba’zi xulosalarga ko‘ra, inson ruhiy holatiga psixoanalitik yondashuv psixoterapiya sohasini boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ygan.
Freydning psixoseksual qarashlari u hayotligidayoq o‘z shogirdlari, izdoshlari tomonidan shubha ostiga olingani ma’lum. Xususan, K.Yung, L.Adler, E.Fromm, J.Lakan kabi mashhur psixoanalitiklar Freydning barcha aqliy va noaqliy faoliyatlar negizida seksual mayllar yotadi, degan qarashlarini inkor etganlar. Qator tajribaviy izlanishlari, falsafiy, psixologik asarlari orqali o‘z konsepsiyalarini isbotlab berganlar. Qolaversa, Freyd qarashlariga ilmiy-tanqidiy va satirik yondashuvni ifodalovchi qator maqolalar matbuot sahifalarida chiqib turgan. Arab, turk va eron tafakkur doiralarida Freydni ayni axloqiy masalalarda - insonga bir ongsiz maxluq sifatida qarashda ayblaydilar.
Umuman, keltirilgan dalillar freydizmga munosabatning eng kichik epizodlari, xolos. Biroq shuning o‘zi ham psixoanalizning o‘ta bahsli, hatto so‘nggiga yetish gumon bo‘lgan muammo ekanidan dalolat beradi. Bizningcha, Freydizmning eng noxolis va inkor etishga mahkum jihati insonga faqat biologik mavjudot sifatida qaraganidir. Tadqiqotchilar Freydning materialistik qarashlar g’alaba qila boshlagan davrlarda yashaganini, Darvinning organik dunyoning evolyusion taraqqiyoti haqidagi kashfiyotlari ruhida tarbiya topganini alohida ta’kidlaydilar. Qolaversa, Freydning o‘zi: «Biologiya neorganik imkoniyatlar podsholigidir. Biz undan bemisl kashfiyotlar kutishimiz mumkin», - degan so‘zlarni yozadi. Dinni «ommaviy nevroz» deb atagan, inson psixologiyasini faqat biologik jarayonlar hosilasi hisoblagan Freyd ham, inson faoliyatini faqat nafsoniy intilishlar bilan bog’lab tushuntirishga uringan uning izdoshlari ham bir asosiy jihatni unutganlar yoki uni tan olishni istamaganlar. Bu insoniyatning faqat biologik elementlardan emas, balki ruh va vujuddan iborat mukammal mavjudot ekanligidir. Aynan bir tomonlama yondashuv, qanchalik ilmiy asoslangan, tajribalardan kelib chiqqan bo‘lmasin, o‘zini to‘la oqlamaydi. Qolaversa, insonshunoslik ilmi o‘z obyekti mohiyatini to‘la anglamasdan turib, muvaffaqiyatga erishishiga hyech kanday kafolat yo‘q. Freydizm talqin eta bilmagan yoki xato talqin etgan ko‘p holatlar inson mohiyatini tashkil etuvchi nobiologik unsurlar bilan bog’liqki, bu xususda Sharq va Fapb insonshunoslik ilmi allaqachon muayyan xulosalar bildirgan.
Xullas, psixoanaliz qo‘lga kiritgan yutuqlar inson tabiatida mavjud murakkab holatlarni - ong osti (ongsizlik)ni ma’lum ma’noda kashf etaroq o‘zini oqlaydi. Ammo ayni holatlar sababini tushuntirib berishda boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Holbuki, inson mohiyati biologik nuqtai nazardan to‘la namoyon bo‘lishi mumkin emas. Shu ma’noda, psixoanaliz metodi doimiy tanqidiy yondashuvni taqozo etadi. Adabiyotshunoslikning bir tadqiq metodi sifatida ham o‘zini to‘la oqlamaydi. Sof freydizm nazariyasi bilan adabiyotga yondashgan tadqiqotchi faqat psixoanaliz manfaatlari yo‘lida xizmat qila boshlaydiki, bu holat haqiqiy ma’nodagi adabiyotshunoslikning taraqqiyoti uchun ahamiyatli hodisa emas.

Yüklə 0,74 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   59




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin