O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil



Yüklə 1,41 Mb.
səhifə14/108
tarix30.09.2023
ölçüsü1,41 Mb.
#150984
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   108
Birinchi bosqich - o‘zbek adabiy tanqidchiligining paydo bo‘lishi va shakllanishi tamoyillari (1905-1925).
Ikkinchi bosqich-o‘zbek adabiy tanqidi mafkuraviylashtirish va realizm uchun kurash jarayonida (1925-1985).
Uchinchi bosqich - o‘zbek tanqidchiligida istiqloliy hurfikrlilik tamoyillari (XX asrning 90-yillari va XXI asr boshlari davr).
Hozirgi adabiy jarayon va uning xususiyatlarini ochib berish tanqidchilik zimmasida turadi. Badiiy ijod haqidagi fikr-mulohazalar ilmiy-estetik tahlilda haqqoniy o‘z ifodasini topishi kerak. Bugungi kun - istiqlol mafkurasi hammadan har bir hodisaga xolis baho berishni talab qilyapti. Ammo taassuflar bo‘lsinki, XX asr o‘zbek adabiyoti, shu bilan birga o‘zbek adabiy tanqidi o‘zining rivojini 20-yillardan, asosan, to‘ntarishdan keyin boshladi degan bir tomonlama fikrlar oldingi darsliklarda uchraydi. Bu qarash 1987 yilda chop qilingan "O‘zbek sovet adabiy tanqidi tarixi" ikki jildligida ham, N.Xudoyberganov va A.Rasulovlarning hamkorliqda yozgan "O‘zbek sovet adabiy tanqidchiligi" (1990) darsligida ham o‘z aksini topgan. Binobarin, bugungi kun talablari asosida bu fikrga isloh kiritish zaruriyati davr talabiga aylanmoqda. Holbuki, adabiy tanqid juda qadimiy ildizlarga ega ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. Bu xususda professor A.Hayitmetovning "Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari" va akademik B.Valixo‘jayevning "O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi" singari asarlarida g‘oyat qimmatli malumotlar keltirilgan. Shu bois asr boshidagi adabiy hayotga nazar solish tanqidchilikning shakllanish jarayonini aniq va to‘g‘ri tushunib olishga yordam beradi.
Adabiyotshunoslikda istiqlol tufayli 20-yillardagi adabiy hayotga oid masalalar talqinidagi chalkashliklarni tuzatish sohasida jiddiy harakat boshlandi. Bir qator yozuvchilar va tanqidchilar ijodini, jumladan, Munavvarqorn Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat; Abdulhamil Cho‘lpon, Otajon Xoshim, Vadud Mahmud, Abdurahmoi Sa’diy, Sotti Husayn, Kamiy, Ajziy, Ibrat, Abdulhamid Majidiy, So‘fizoda, Elbek, Sidqiy-Xondayliqiy va boshqalar faoliyati, merosini, shuningdek, alohida nazariy masalalarni qayta ko‘rib chiqish va baholash sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Bu xususda qator dissertatsiyalar yozildi. Ilmiy risolalar va to‘plamlar, adabiy-tanqidiy maqolalar elon qilindi. Bular-ku kerakli va o‘rinli ishlar, davr adabiyotini butunicha olib tekshirish, shu yo‘l bilan uning adabiyot va madaniyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida tutgan o‘rnini belgilashga xizmat qiladigan izlanishlar edi, biroq bular hali o‘sha davr adabiy hayotini va adabiy-tanqidiy fikrini o‘rganish sohasida amalga oshirilajak ishlarning hammasi emas.
XX asr boshlaridagi adabiy xayot o‘zbek adabiyoti tarixiy taraqqiyotida qanday o‘rin tutishi, boshqa bosqichlardagi taraqqiyot jarayonidan qaysi va qanday xususiyatlari bilan farq qilib turishi-obektiv va ilmiy jihatdan to‘g‘ri ochilsa, ko‘p chigal muammolar, jumladan, yozuvchi, shoirlar ijodini to‘g‘ri baholash imkoni tug‘ilar, shu bilan birga adabiy tanqidga doir bir qancha muammolar yechimi topilgan bo‘lar edi.
Ilk adabiy tanqidiy maqola va taqrizlar bosilganligi inobatga olinsa, adabiy tanqid namunalari 19-asrning oxirlaridan chop etila boshlangan. Biroq 1905 yildan so‘ng to 20-yillarning o‘rtalarigacha bo‘lgan davr - o‘zbek xalqining ijtimoiy hayotida o‘zining alohida xususiyatlari bilan ajralib turdi. Bu davrda yangi zamonaviy hayotga intilish, ilm-marifatni, maktab-maorifni targ‘ib qilish, ijtimoiy hayotning hamma sohalarida o‘zgarish yasash uchun kurashish kun tartibida turdi. Bu uyg‘onish harakatining boshida Ahmad Donish, Furqat, Muqimiy, Komil Xorazmiy, Avaz O‘tar o‘g‘li, Ibrat, Anbar Otin, Nodim kabi marifatparvar-demokrat shoirlar turadilar. Ular o‘z ijodiy va amaliy faoliyatlari bilan o‘zbek xalqida yangi ong kurtaklarining uyg‘onishida madad berib turdilar. Bu tarixiy-manaviy zamindan foydalanib, o‘zbek xalqi 1905 yildan keyin ijtimoiy, madaniy hayotning hamma jabhalarida o‘zgarishlar, yangiliklar yaratishga kirishdi. Bu davrda ulkan istedodli siymolar yetishib chiqdilar. "Cho‘lpon yangi o‘zbek sheriyatining, Qodiriy o‘zbek nasrining, Fitrat yangi o‘zbek dramachiligi va adabiyotshunosligi ilmining eng go‘zal namunalarini yaratdilar"13.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy, Hamza, Muhammadsharif So‘fizoda, A.Shakuriy, Saidrasul Aziziy, Ajziy kabilar maktab-maorif sohasiga katta o‘zgartirishlar kiritdilar. O‘zlari maktablar ochib, o‘zlari darsliklar yoedilar, xalq bolalarining ko‘zini ochishga, zamonaviy bilimlardan xabardor qilishga intildilar.
Bu davrda Turkistonning deyarli hamma katta shaharlarida bosmaxona, litografiyalar ochildi, kitob, ro‘znomalar nashr qilish ishi yo‘lga qo‘yildi. Madaniy hayotdagi uyg‘onish professional teatr sanatinish yuzaga kelishida ham ko‘rinadi. Bu sohada XX asrnnng 10-yillarida katta yangiliklar yaratilgani malum. Ayniqsa, bu davrda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush"idan o‘z sarchashmasini ochgan Ovropacha tipdagi o‘zbek dramaturgiyasi tug‘ildi va tezlik bilan rivojlana boshladi. O‘zbek adabiyoti tarixida yangi xodisa hisoblangan dramaturgiyaning paydo bo‘lishi teatr tanqidchiligining tug‘ilishiga olib keldi. Mirmuhsin Shermuhammedov, Hoji Muin kabi teatr tanqidchilari yetishib chiqdilar.
Tatar, turk, ozarbayjon, rus adabiyoti va sanatlari tasirida o‘zbek milliy adabiyotida yo‘l taassurotlaridan iborat ocherk, feleton, hikoya, qissa, roman kabi janrlarniig ilk namunalari paydo bo‘la boshladi.
M. Shermuhammedov, Hamza, S.Ayniy, A.Qodiriy, Cho‘lpon kabi ijodkorlar ilk milliy romanlar ustida ish olib bordilar. Marifatparvar adiblar publitsist, shoir, yozuvchi, jurnalist, adabiy tanqidchi va pedagog sifatida ko‘p qirrali faoliyat ko‘rsata boshladilar. Dastlabki o‘zbek romanini yozishga uringan M.Shermuhammedov ijodi nazarga tusha bordi. Hamzaning "Milliy roman yoki yangi saodat" asarida Olimjonning ilm-marifat orqali baxtga erishgani tasvirlansa, A.Qodiriyning "Uloqda", "Juvonboz" singari realistik hikoyalarida davr ruhini ifodalovchi izlanishlar mahsuli sifatida etiborni torta boshladi.
Marifatparvarlik jadid adabiyotining yetakchi tamoyiliga aylandi, milliy o‘zbek adabiyotining poydevoriga birinchi g‘ishtlar qo‘yila boshlandi. Bu davr shoirlari ijodida taraqqiyparvarlik, tenglik, ilm, ozodlik haqidagi g‘oya o‘sha davr sheriyatining leytmotiviga aylandi. Asta-sekinlik bilan o‘zbek milliy adabiyotining tug‘ilishi tufayli demokratik yo‘nalish birinchi o‘ringa o‘ta boshladi. Davrning mavjud ijtimoiy tartibini tanqidiy realistik tarzda tasvirlab, uning ruhini yanada chuqurroq berish, xalq orzularini har tomonlama aks ettirish adabiyotda asosiy mavzuga aylandi. Ammo davr adabiyotiga yetarli baho berishga o‘sha zamondagi adabiy tanidning kuchi yetmas edi, chunki adabiy tanqid hali qorishiq, endi shakllanayotgan pallaga kirgan edi. Shuning uchun o‘ziga xos fan, ilmiy-estetik tafakkur mahsuli sifatida endi dunyoga kelayotganligi tufayli ijtimoiy hayotga, ijodiy jarayonga sezilarli tasir ko‘rsata olmasligi tabiiy edi, 20-yillarning ikkinchi yarmida, xususan, 30-yillardan etiboran adabiyot butunlay mafkuralasha bordi va ko‘r imkoniyatlari qo‘ldan ketdi. "Sovet tuzumi uning markscha-lenincha mafkurasi, shubhasiz, adabiyotimizning kamoliga katta zarar keltirdi"14. Buning oqibatida adabiyotshunoslik ilmida jadid davri adabiyoti va uning namoyandalari hayoti va ijodi chetlab o‘tila boshlandi. Natijada XX asr boshlarigacha o‘zbek adabiyoti bilan undan keyingi davrdagi adabiyotlar o‘rtasida katta o‘pirlishlar va uzilish paydo bo‘ldi. Holbuki, bu davr adabiyotini, tanqidchiligini barcha murakkabliklari bilan yoritish, barcha ijodkorlarning badiiylik mezonlariga javob beradigan asarlarini chop etish o‘zbek mumtoz adabiyotiga tutashtiruvchi ko‘prikni tiklash zarur edi. Xuddi shu boradagi xayrli ishlarni E.Karimov va B.Qosimov kabi adabiyotshunoslar boshlab berdilar.
Tanqidning muhim xususiyatlaridan biri uning publitsistika bilan chambarchas aloqasidir. Joriy adabiy jarayonning hodisalarini va badiiy ijodning ayrim asarlarini tahlil etib, uning qimmatli fazilatlarini keng ommaga tushuntirib berish asosida uning estetgas didini tarbiyalashga mo‘ljallangan tanqid o‘z o‘quvchisiga matbuot -gazeta va jurnallar orqali murojaat qila boshladi. XIX asrning birinchi yarmida asosli ravishda V.Belinskiy: "Tanqid allaqachon bizning publikaning ehtiyoji bo‘lib qoldi. Hech bir jurnal yoki gazeta tanqid va bibliografiya bo‘lishisiz yashay olmaydi",- deb yozgan edi.
XIX asrning so‘nggi choragi va XX asr boshlarida Turkistonda O‘zbek milliy vaqtli matbuoti tug‘ildi va tez suratlar bilan rivojlana bordi. Vaqtli matbuotning tug‘ilishi ro‘znomachilik ishining rivoj topishi munosabati bilan o‘zbeklarda ham dastlabki milliy jurnalistlar yetishib chiqa boshladi. "Turkiston viloyatining gazeti" (TVG) o‘zbek madaniyati, sanati, adabiyoti bilan birga tanqidchilikning yuzaga kelishida malum o‘rin tutadi. U 1883 yildan boshlab o‘zbekcha gazeta sifatida nashr etilgan. Unda "O‘sh shahri xususidagi risola" haqida bosilgan taqriz, aytish mumkinki, shu janrdagi dastlabki namunalardandir.
Gazeta isyonkor o‘zbek shoiri Boborahim Mashrab ijodiyotiga oid maqola bilan o‘zbek adabiyotshunosligi ruknini boshladi. 1907 yildan etiboran unda M.Behbudiyning‘ maqola va ocherklari nashr etila boshlandi. Gazeta XIX asrning oxirgi choragida o‘zbek demokrat shoirlari Furqat va Sattorxonni, 1903 yilda Muqimiyni, 1905 yilda, Nodim, Rojiy, Ibrat, Behbudiy, Vasliy, Ibrohim Davron kabilarni o‘z atrofiga to‘plagan bo‘lsa, 1930 yilda bunday adiblar safiga M.Shermuhammedov, M.So‘fizoda, Tavallo, A.Zohiriy, A. Qodiriy (Julqunboy) kabi ijodkorlar kelib qo‘shildilar. Ular tanqidchilik bilan ham shug‘ullanib, adabiy jarayonda faollik ko‘rsatdilar. Garchi missionerlik maqsadi asosida ish ko‘rsa-da, uning muharriri N.P.Ostroumov marifatparvar ziyoli bo‘lgani sababli o‘zbek adabiyoti namunalarini va ular haqidagi maqolalarni chop etishga katta-katta sahifalarni ajratdi. Chunonchi, 1914 yilda "Padarkush" dramasining sahnalashtirilishi munosabati bilan chop etilgan o‘zbek teatriga, sahna asarlariga bag‘ishlangan taqrizlar etiborga loyiq. Bu jihatdan Hoji Muinning "Yangi asar" nomli maqolasi diqqatni tortadi. Unda "Padarkush" fojeasi kitob holida bosmadan chiqqanligi aytilib, asar mazmuni bayon qilinadi. Taqrizda Behbudiy asari o‘zbek dramaturgiyasining qaldirg‘och namunasi sifatida baholanar ekan, uning xalq madaniy, marifiy tafakkuri rivojida katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi alohida takidlanadi.
M.Shermuhammedov maqolasida ham bu fojia haqida ijobiy fikrlar bildiriladi va xalqni "Padarkush”ni o‘qishga chorlaydi. "TVG"ning 1914 yilgi 71-sonida Mirmuhsin imzosi bilan chop etilgan "Sabzazor risolasi" nomli maqolasi ham etiborlidir.Unda to‘plamning mundarijasi, qatnashgan shoirlar, ularning davr adabiy jarayonida tutgan o‘rni haqida malumotlar beriladi. Vasliy ijodiga bag‘ishlangan maqola esa Mirmuhsinning tanqidchilik istedodidan darak beradi. Gazetada bosilgan maqolalar tufayli o‘zbek tanqidchiligiga asos solina boshlandi.
"TVG" 1910-1916 yillardagi faoliyati davomida o‘zbek adabiyoti, madaniyati, tanqidi rivojiga ahamiyat bersa-da, chor hukumatiga sodiqligini sira unutmadi. Unda Ostroumov iltimosi bilan "buyurtma" tarzida yozilgan sherlar va boshqa asarlar bosilib turganini etibordan qochirmaslik kerak.
Bu davrga kelib, Turkistonda bir qator o‘zbekcha gazetalar nashr etila boshlandi. "Taraqqiy", “Xurshid”, “Shuhrat”, “Sadoi Turkiston” kabi gazetalarning paydo bo‘lishida jadidchilik harakatining asoschisi I.Gaspirali va u tashkil etgan "Tarjumon" gazetasining tasiri beqiyosdir.
1913 yilda M.Behbudiyning say’-harakati bilan "Samarqand" gazetasi nashr etildi. Behbudiy gazetada badiiy asarlarni ko‘proq nashr ettirishga e’tibor qildi. Gazetada "Sayyohi hindi" asarining fors tilidan rus va o‘zbek tillariga tarjima qilinganligi, tez orada kitob holida nashrdan chiqishi haqida elon-maqola berilganligi harakterlidir. Maqolada Fitratning bu asarini fors-tojik tilini yaxshi bilgan rus polkovnigi A.Kondratov o‘z ona tiliga, o‘zbek marifatparvar shoiri, dramaturg Hoji Muin Shukrullo o‘zbek tiliga tarjima etganlari malum qilinadi.
"Sadoi Turkiston" ham 1914-1917 yillarda o‘z yo‘nalishi va mavqei jihatidan ajralib turgan ro‘znomalardek bo‘ldi. Uning atrofiga o‘sha davrning ilg‘or fikrli ziyolilari Hamza, A.Qodiry, Cho‘lpon, S.Ayniy, Mirmuhsin kabi ijodkordar to‘plangan edilar. Chindan-da, "Sadoi Turkiston" o‘zbek milliy adabiyotining qanday yo‘nalishda bo‘lishi kerakligini aniq tasavvur qildi. Uning sahifalarida Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, S.Ayniy va Hamzalarning asarlari tez-tez ko‘rinib turdi.
Vaqtli matbuot milliy adabiyotning taraqqiyoti bilan birga o‘zbek tanqidchiligi rivoji uchun ham o‘ziga xos minbarga aylana bordi. Nashr etilgan badiiy va tarjima asarlarga vaqtli matbuot o‘z sahifalarida taqrizlar bera boshladi; bu taqrizlar adabiy tanqidning rivojiga yo‘l ochdi. Bundan shunday xulosaga kelish mumkin: hozirgi adabiy tanqidning eng ommaviy, eng ko‘p tarqalgan janrlaridan biri taqrizning tug‘ilishi, rivojlanishi bevosita uyg‘onish davri bilan bog‘liq. Buni taqrizlarning gazetada alohida "Tanqid" rukni ostida chop etila boshlagani haqqoniy isbotlay oladi.
Vaqtli matbuot o‘z sahifalarida adabiy tanqid, uning ahamiyati, yozilajak asarlarga ijobiy tasiri, umuman, adabiyotning taraqqiyotidagi roli haqida qimmatli ilmiy maqolalar chop eta bordi. Chunonchi, "Sadoi Turkiston" tanqid istilohi va uning adabiyot sohasiga ilk bor kirib kelayotganligi xususida Ahlullo maqolasida berilgan sharhni eslatish mumkin. Maqola muallifi bu davrga kelib, "tanqid" istilohining butunlay yangi mano kasb etganligini aytish bilan birga adabiyotning kelgusi taraqqkyoti bevosita vaqtli matbuot va adabiy tanqidga bog‘liqligini qayta-qayta takidlagan edi.
Xulosa qilib aytganda, 1905-1920 yillardaga o‘zbek vaqtli matbuoti adabiy tanqidning yuzaga kelishini ta’minlashda, shakllanishi va keyingi rivojida muhim rol o‘ynadi.
Mustahkamlash uchun savollar:
1.O‘zbek adabiy tanqidining shakllanishida matbuotning o‘rni.
2.O‘zbek adabiy tanqididagi yo‘nalishlar haqida ma’lumot bering.
3.Munaqqidlarning davrlashtirish masalasiga yondashuvi
4.M.Behbudiyning tanqidiy qarashlari
5.Gazeta va jurnallarda faoliyat yuritgan munaqqidlar?
6.Jadid tanqidchiligiga umumiy baho bering.
7.Teatr tanqidchiligi qanday rivojlandi ?



Yüklə 1,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin