Nurboy Jabborov, filologiya fanlari doktori: — Mustaqillik barcha sohalar qatori adabiyotshunoslik va adabiy tanqid rivoji uchun ham katta imkoniyat yaratdi. Bu imkoniyatni voqelikka aylantirish masalasiga kelsak, afsuski, buni to‘la-to‘kis uddalay olayotganimiz yo‘q. Adabiy tanqid aslida ijodning alohida turi mavqeiga ko‘tarilishi kerak. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tanqid saralamoqdur” degan ta’rifi bu sohaning mohiyatini aniq va lo‘nda ifodalagan. Lekin bizda bu soha mudom oqsab keladi. Nima uchun? Yana Behbudiyga murojaat etamiz: “…hanuz tanqid davriga yetishganimiz yo‘q. Ittifoqo, tanqid shaklinda bir nimarsa yozilsa, bizlarg‘a qattiq tegar. Yozganlarimizni(ng) buzuqligi va fikrimizni(ng) xatoligi, ishimizni(ng) noqisligini biror kishi ko‘rsatsa, achchig‘imiz kelur. Va ul odamni dushman ko‘rub, shaxsidan nafrat va fikrig‘a norozilik bayon eturmizki, bul bizni(ng) yangidan ishg‘a boshlaganimizdan, boshqa til ila noqisligimizdandur”. Bu — birinchi va bosh sabab. Bugungi kunda ham ruhiyatimizda ayni holat yetakchilik qiladi. Shuning uchun ham munaqqidlarimiz keskin tanqiddan saqlanishga urinadi. Boshqacha aytganda, dushman orttirmaslikka intiladi. Natijada, bozorbop she’rlar, yengil-elpi, ulug‘ hazrat Navoiy so‘zlashni “boisi beadablik” deb atagan uyatli holatlarni bayon etuvchi “nasriy asar”lar urchib ketdi. Axir, bizda chinakam tanqidiy asarlar, yozuvchi-shoirlarimiz tan olgan munaqqidlar bor edi-ku. Ustoz Ozod Sharafiddinovning qo‘lma-qo‘l o‘qilgan “O‘zbeknoma” haqidagi mashhur maqolasini eslang. Matyoqub Qo‘shjonovning, Norboy Xudoyberganovning matbuotdagi chiqishlari-chi? To‘g‘ri, bugun ham tanqidiy maqolalar bosilib turibdi. Lekin barmoq bilan sanarli. Qolaversa, bir-ikki maqola bilan adabiy jarayonning o‘ziga xos tendentsiyalarini, tamoyillarini aniqlab, baholab bo‘lmaydi.
Keyingi paytda adabiy tanqidchilikda yana bir nojoiz urf ko‘zga tashlanmoqda. Bu urf bizda yaratilgan badiiy asarlarni sun’iy ravishda G‘arbda paydo bo‘lgan “izm”larga bog‘lashga intilish bilan bog‘liq. Ayon haqiqat shundaki, muayyan asar saviyasi qaysidir “izm”ga aloqadorlikda emas, muallifning badiiy mahoratida namoyon bo‘ladi. Munaqqid asar badiiyatini, muallifning ijodiy uslubidagi o‘ziga xoslikni, obrazlilikda, qahramonlar ruhiyati tasvirida erishilgan yutuqlarni yoki aksincha, kamchiliklarni chuqur tahlil etishi, shu asosdagi mantiqiy dalillangan xulosalarni bera olishi zarur. Uning adabiy-tanqidiy maqolasini o‘qigan tajribali adibu shoirlar ham, yosh boshlovchi qalamkashlar ham nimadir o‘rgansin, o‘zida izlanish zaruratini sezsin. Munaqqid shundagina o‘z vazifasini bajargan hisoblanadi. Ustoz shoiru adiblardan: “Ijod qilayotganimda, har doim Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov yelkamdan qarab turgandek tuyuladi. Bu asarni o‘qiganda ular nima der edi, qanday baholardi, degan andisha meni mudom ta’qib etadi”, degan e’tiroflarni ko‘p eshitganmiz. Ana shunday shaxsiyatlar yetishmog‘i adabiy tanqid rivojining asosiy shartlaridan.
Adabiy tanqid borasida ham muvaffaqiyatlarimiz oz emas. Biroq biz bu yutuqlar bilan cheklanib qolmasligimiz, muttasil izlanishda bo‘lmog‘imiz zarur. Adabiy tanqid bevosita adabiy jarayon bilan baravar qadam bosishi, uning taraqqiyot yo‘nalishini, rivojlanish istiqbolini belgilashga yordam berishi kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlar mujassam. Ijodiy erkinlik ham, ilmiy salohiyat ham yetarli. Navqiron, umidli munaqqidlarimiz ham bor. Eng muhimi, adabiy tanqidning xolis, jur’atli, ta’sirchan va yuqori saviyali bo‘lishiga erishmog‘imiz, tanqidni to‘g‘ri qabul qilishga o‘rganishimiz zarur. Bu esa, o‘z navbatida, adabiy-estetik tafakkurning o‘sishiga, milliy adabiyotning ravnaqiga olib keladi.