Nusratullo Jumaxo‘ja, filologiya fanlari doktori: — Adabiy tanqidning hozirgi ahvoli, muammolari, yechimlari to‘g‘risida “Adabiy tanqid: bugun va ertaga” mavzusidagi davra suhbati tashkil etilgani juda o‘rinli, deb hisoblayman. Nazarimda, adabiy tanqidning bugungiday ahvolga tushib qolishiga ikkita asosiy sabab bor. Birinchisi, adabiy tanqidchi va adabiyotshunoslarning jarayonga loqaydliklari, bo‘shashib ketganliklari, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarmayotganliklari bo‘lsa, ikkinchisi, ommaviy axborot vositalarida tanqidiy tafakkurga kamroq o‘rin berilayotgani, adabiy-tanqidiy ruknlardan foydalanilmayotganligi, adabiy-tanqidiy maqolalar turli sabablarni ro‘kach qilib chiqarilmayotganidadir.
Avvalo, shuni aniqlab olish kerakki, adabiy tanqid mafkuraviy masala emas, balki adabiy-estetik muammodir. Shu sababli, mafkuraviy o‘zgarishlar jarayonida adabiy tanqidga xavotir bilan qarash o‘rinsizdir. Adabiy tanqid jamiyat taraqqiyoti va ravnaqi uchun eng zarur bo‘lgan adabiy hamda abadiy qadriyatdir.
Shayx Sa’diy Sheroziy “Guliston” asaridagi bir hikmatida juda chiroyli asoslab bergan: “Uch nimarsa uch nimarsasiz poydor qolmag‘usidurur: mol tijoratsiz, ilm bahssiz, mulk-mamlakat siyosatsiz”. Mana shu bahslar vositasida taraqqiyotga turtki beruvchi ilmlar turkumiga tanqid va adabiyotshunoslik ham kiradi. Afsuski, bahs mohiyatini noto‘g‘ri tushunish, bahs madaniyatiga rioya qilmaslik matbuotdagi adabiy bahslarga barham berdi. Adabiy tanqidning ijtimoiy zaruriyati yana shunda ko‘rinadiki, tanqidning chekinishi yoki cheklanishi o‘rtamiyona, sayoz asarlarga keng yo‘l ochib berdi. Aslida, atoqli munaqqidlar — Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Norboy Xudoyberganov, yozuvchilar tanqidchisi Abdulla Qahhorniki singari jangovar maqolalar e’lon qilinib turganida, shubhasiz, adabiyotdagi xaltura chekingan bo‘lar edi.
Tanqidchi, adabiyotshunos ham — ijodkor. U ham mehrga, rag‘batga, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Ne hafsala bilan, mashaqqat tortib yozgan asari chop etilsa, rag‘batlanadi, ilhomlanadi, yana ijod zavqiga to‘ladi. Yuqoridagidek munosabat esa har qanday ijodkorga to‘siq qo‘yadi. Chinakam tanqidiy tafakkurga yo‘l bermayotgan tushunchalardan biri “jangovarlik” bilan “jangarilik”ni bir narsa deb tushunishdir. Aslida, bular insonlardagi boshqa-boshqa xususiyatlar. “Jangovarlik” — kurashchanlik, dadillik, jasurlik, fidoyilik, g‘alaba, yutuq keltiruvchilik fazilatidir. “Jangarilik” esa urushqoqlik, janjalkashlik qusuridir. Nomlari yuqorida tilga olingan atoqli munaqqidlarimizning yetakchi fazilatlari ham jangovarlik edi. Umuman, tanqidchini adabiy jarayonning eng oldingi safida tutuvchi asosiy fazilati ham jangovarlik bo‘lishi kerak.
Yaqinda she’riyat mavzusidagi davra suhbatida bir ijodkor do‘stimiz asarini tanqid qilgan munaqqidga kutilmaganda tashlanib qoldi. Axir, uning asarini kimdir o‘qigani, diqqat-e’tibor bilan bosh qotirgani va davra suhbatida tahlil doirasiga tortganidan minnatdor bo‘lishi lozim emasmidi? Zotan, to bir kishi “ayb qilmag‘uncha” shoir o‘z she’rlarining aybini sezmaydi ham.
Xalqda: “Odam o‘z kindigini o‘zi kesmaydi”, degan naql bor. Yozuvchi ham o‘z kamchiligini o‘zi topib, o‘zi tuzata olmasligi mumkin. Biroq Abulg‘ozi Bahodirxon: “O‘ksiz (ya’ni, chorasiz) odam o‘z kindigini o‘zi kesar ekan”, deydi. Shunday ekan, asarlarining birinchi tanqidchisi yozuvchi-shoirning o‘zi bo‘lishi kerak. O‘z asarlarining aybini aniqlay olgan, kamchiliklarini isloh eta olgan, ya’ni o‘zini o‘zi tanqid qilolgan ijodkor haqiqiy san’atkordir. Diqqat qiling: “Ko‘proq o‘qiyapman, uchinchi jildga kiritilgan hikoyalarni yana bir bor qaytadan o‘qib chiqyapman, bu menga hayot bag‘ishlaydi”, deb yozgan edi atoqli yozuvchi Shukur Xolmirzayev qiziga maktubida. Bu gap navqiron yozuvchilarimizga saboq bo‘lishi kerak. Yozuvchi umrbod yozgan hikoyalarini qayta-qayta o‘qigan, demakki, ular ustida uzluksiz ishlagan. Anglashiladiki, o‘z asarlarini qayta mutolaa etishda, ishlashda ham lazzat, ham hikmat bor. Yangi adabiyot namunalarini o‘qir ekanman, o‘yga tolaman: bu yozuvchilar o‘z asarlarini, hech bo‘lmasa, navbatdagi yangi nashrdan oldin yana bir bor tahririy nazar bilan o‘qib chiqarmikinlar? Afsuski, shunday bo‘lib chiqmayapti. Yosh yozuvchilarimizni qo‘ya turayligu, hikoyalari “Ozod Vatan saodati” to‘plamidan o‘rin olgan, ayni yetuklik davridagi ijodkorlarimizning hikoyalariga nazar tashlaylik. Matbuotda chizib-chizib o‘qiganim bir necha hikoyani katta kitobdagi nusxasi bilan solishtirib o‘qidim. Bu hikoyalar ayni gazetamizda badiiy til to‘g‘risida davomli bahs-munozara o‘tkazilgan kezlar chop etilgan edi. Qayta o‘qirkanman: “Qani, muhtaram yozuvchilarimiz asarlari ustida bir necha yil mobaynida qanday ishlashdi ekan?” — degan savol meni o‘ylantirardi. Biror jumla yoki so‘zni o‘zgartirishdimikin? Yo‘q, 50-60 yosh oralig‘idagi bu zabardast yozuvchilar hikoyalaridagi tumtaroq jumlalar, noo‘rin qo‘llangan so‘z-iboralar aynan matbuotda chop etilganiday joy-joyida turibdi. Chunki ularning so‘zlarini hech kim “ayb qilmag‘an” va ular isloh topmagan. Kitob muharriri ham tahrir etmagan. Mana shunday badiiy haqiqatlarni aytsak, matbuot chop etarmikin va bunga atoqli yozuvchilarimiz chidasharmikin?
Mamlakat adabiy tanqidchiligining markaziy o‘chog‘i Yozuvchilar uyushmasining Tanqid va adabiyotshunoslik kengashidir. “O‘z-o‘zini tanqid” tushunchasining mazkur kengashga ham tegishliligidan kelib chiqsak, Kengashning amaliy faoliyati qanoatlanarli, deya olmayman. Kengashning yillik rejasi talabga javob bermaydi. Kengash rejasiga yil boshida biz tavsiya etgan tadbirlarning ko‘pchiligi qabul qilinmadi.
Aytilgan fikr-mulohazalar asosida quyidagi xulosalarni taklif etamiz: Tanqid va adabiyotshunoslik kengashining tarkibini haqiqiy ishlaydigan mutaxassislar hisobiga yangilash va kengaytirish lozim. Kengash joriy rejasini qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish maqsadga muvofiq. Adabiy tanqid muhitini jonlantirish zarur. Adabiy jamoatchilikda tanqidni to‘g‘ri tushunish, qadrlash tuyg‘ularini shakllantirish muhimdir. Yuqorida ta’kidlanganidek, adabiy tanqid uchun alohida nashrga ehtiyoj borday. Shu boisdan, adabiy tanqid buguni va ertasini ta’minlash maqsadida, adabiy-badiiy gazeta-jurnallar sahifalarida adabiy-tanqidiy maqolalarga keng o‘rin ajratishni tashkil etish bilan birga, Yozuvchilar uyushmasi hamda Ijod fondi muassisligida har uch oyda bitta chiqadigan yangi “Adabiyot masalalari” nomli adabiy-tanqidiy jurnal ta’sis etilsa yaxshi bo‘lardi. Shuningdek, Suvon Meliyevning “har yili o‘tkaziladigan yosh ijodkorlar seminarlari dasturiga adabiy tanqid nominatsiyasini, albatta, kiritish kerak”ligi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlayman.