12-ma’ruza: Nutq uslublari ustida ishlash metodikasi
Reja:
1. Nutq uslublari haqida ma’lumot berish yo’llari
2. Nutq uslublarining tasnifi bilan tanishtirish va har bir nutq uslublarining o’ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirish
3. Nutq uslublariga oid mashqlar ustida ishlash metodikasi
Tayanch tushunchalar: nutq uslublari, so’zlashuv uslubi, ilmiy uslub, rasmiy uslub, publistik uslub, badiiy uslub.
Adabiy tilning ijtimoiy hayotdagi ma’lum soha doirasiga, ma’lum nutqiy vaziyatga xoslangan ko’rinishi nutq uslubi hisoblanadi. So’zlar ham ma’lum nutq uslubiga xoslanish-xoslanmaslik belgisiga ko’ra uslubiy xoslangan va uslubiy betaraf so’zlarga bo’linadi.
Ayrim nutq uslubi doirasidagina qo’llanadigan so’zlar uslubiy xoslangan so’zlar, bunday xususiyatga ega bo’lmagan so’zlar esa uslubiy betaraf so’zlar sanaladi.
O’zbek tilining quyidagi nutq uslublari mavjud:
1. So’zlashuv uslubi 2. Publitsistik uslub 3. Badiiy uslub 4. Ilmiy uslub 5. Rasmiy uslub.
O’quvchilarga nutq uslublari haqida ma’lumot berish 9-sinfda amalga oshiriladi. Bu mavzuni o’rgatish uchun 7 soat vaqt ajratilgan. 1-mashg’ulotda nutq uslublari haqida umumiy ma’lumot beriladi. O’quvchilar bu mashg’ulotda nutq uslubining nima ekanligini tushunib olishga muvaffaq bo’ladilar. Mavzuga doir to’rtta mashq berilgan. Shulardan 217-mashq kimyo faniga oid, 218-mashq esa tarix faniga oid matnlardir. O’quvchilar bu matnlar bilan ishlash orqali nutq uslubi haqidagi umumiy tasavvurlarini boyitadilar.
56-darsda so’zlashuv uslubi haqida ma’lumot beriladi. Mavzuni o’rgatish 1-topshiriqni bajarish bilan boshlanadi. Topshiriqda badiiy asardan olingan matn berilgan.
Birontasini ko’rsatsangiz, o’lasizmi? Hammaning yuragini qon qildingiz-ku?
Yaxshi xat yozsayam yig’laysan, yomon xat yozsayam yig’laysan, nima qilaman ko’rsatib? (A. Qahhor)
2-topshiriqda parchaning qaysi nutq uslubida ekanligini aniqlash topshirilgan. O’qituvchi o’quvchilar bilan savol-javob o’tkazish orqali matnning qaysi uslubga xos ekanligini aniqlaydi. Shundan so’ng o’quvchilar e’tiboriga quyidagi nazariy ma’lumotlar havola etiladi. Oilada, ko’cha-ko’yda kishilarning fikr almashishi jarayonida qo’llaniladigan nutq uslubi so’zlashuv uslubi sanaladi. So’zlashuv uslubi adabiy va oddiy so’zlashuv uslublarini o’z ichiga oladi. So’zlashuv uslubiga xos quyidagi xususiyatlar mavjud: so’zlar ko’pincha kinoya, piching, qochirimlarga boy bo’ladi, shuningdek bu uslub erkin bo’ladi. Shundan so’ng darslikdagi 222-mashq ishlanadi. Mashq tarkibida “Kecha va kunduz” romanidan olingan diologik matn berilgan. Keyingi mashqlardan ham shunday matnlar o’rin olgan. O’quvchilar matnlar bilan tanishib, so’zlashuv uslubiga xos xususiyatlarni aniqlaydilar.
Publitsistik uslubni o’rgatish o’qituvchidan o’ziga xos yo’l tutishni talab qiladi, chunki bu uslubni o’rgatish oson kechmaydi. O’quvchilar bu uslubning mohiyatini tushunib olishlari uchun ommaviy axbotot vositalari nima ekanligini yaxshi anglashlari lozim. Ma’lumki, ommaviy axborot vositalariga gazeta va jurnallar, radio hamda televideniye kiradi. Ularda berib boriladigan ma’lumotlar, axborotlar shu uslubga xosdir. Shundan kelib chiqib bu uslubning og’zaki va yozma shakllari mavjud ekanligi aniqlanadi. Publitsistik uslubning quyidagi xususiyatlani alohida ta’kidlanadi: soddalik, tushunarlilik, ta’sirchanlik, adabiy til me’yorlariga amal qilish. O’rganilgan shu nazariy ma’lumotlar darslikdagi 227-230-mashqlar yordamida mustahkamlanadi. O’quvchilar matnlar bilan tanishib, o’qituvchi yordamida ulardagi publitsistik uslubga xos xususiyatlarni aniqlaydilar.
Badiiy uslubni o’rgatishda ham matnlarning o’rni kattadir. Bu mavzu doirasida badiiy asarlardan olingan nasriy va she’riy matnlar keltirilgan. Shu matnlar bilan ishlash orqali bu uslubga xos bo’lgan quyidagi xususiyatlar aniqlanadi: 1. Tinglovchiga estetik ta’sir ko’rsatish 2. Obrazlilik. Ana shu ikkita xususiyatga alohida e’tibor beriladi va har bir matn bilan tanishgandan so’ng matndagi obrazlar aniqlanadi, kitobxonda qanday tuyg’ularni qo’zg’ayotganligiga ahamiyat beriladi. Uyga vazifa sifatida ham badiiy asarlardan parchalar o’qish va ulardan badiiy uslubga xos xususiyatlarni topish vazifa qilib beriladi.
Ilmiy uslub bilan tanishtirish darslikdagi 1- va 2-topshiriqlarni bajarish bilan boshlanadi. 1-topshiriq. Matnni o’qing. Qanday nutq uslubiga xos ekanligini aniqlang.
Tobe so’zning hokim so’z talabiga ko’ra ma’lum kelishik qo’shimchalari yoki ko’makchi bilan kelishiga boshqaruv deyiladi.
2-topshiriq. Matnning o’ziga xos qanday belgilarga ega ekanligini ayting. O’quvchilar matn bilan tanishib, bu matnda qoida berilganligini, shuningdek tobe so’z, hokim so’z, kelishik qo’shimchalari, ko’makchi, boshqaruv kabi atamalar qo’llanganligini aytadilar. Shu asosda quyidagi nazariy ma’lumot keltirib chiqariladi: Daliliy ma’lumotlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalarga asoslanuvchi, har biri fan sohasining o’ziga xos atamalariga tayanuvchi, fikrni aniq va mantiqiy izchil shaklda bayon qiluvchi uslub ilmiy uslub sanaladi.
Darslikda 3 ta mashq berilgan. Har uchchala mashda ham matnlar o’rin olgan. 1-matn kimyo fanidan, 2-matn fizika fanidan, 3-matn esa biologiya fanidan olingan. Matnlar bilan ishlash orqali fanlararo integratsiya ham yuzaga keladi.
Rasmiy uslub mavzusi ham shu tarzda o’rgatiladi. O’quvchilar bu mavzuni o’rganish orqali ijtimoiy hayotda kerak bo’ladigan ariza, ma’lumotnoma, hamda yig’ilish bayonnomasini yozishni o’rganib oladilar.
Aqliy hujum uchun savol va topshiriqlar
1. Maktabda punktuatsiya o’qitishning ahamiyati nimada?
2. Nima sababdan punktuatsiya asosan sintaksis bo’limida chuqurroq o’rgatiladi?
3. Punktuatsiya mashqlarining qanday turlarini bilasiz?
4. Diktant va uning har xil turlarini o’tkazish orqali o’quvchilarning punktuatsion savodxonligini yaxshilash masalasi haqida so’zlang.
5. Punktuatsion xatolarning qanday turlarini bilasiz?
6. Punktuatsiya darslarida ko’rgazmali qurol, test vositalaridan qay yo’sinda foydalanish mumkin?
Dostları ilə paylaş: |