Aqli zaif bolalar bilan qanday korreksion ishlar olib boriladi?
Logopediya nima?
O‘quvchilar nutqiy buzilishi qanday psixologik-pedagogik xususiyatlariga ega?
Ommaviy umumiy o‘rta ta’lim maktablarida eshitish qobiliyati buzilgan bolalar bilan qanday korreksion-pedagogik ishlar amalga oshiriladi?
5-savol bayoni. Maktab o‘quvchilarida nutqi buzilishini psixologik-pedagogik tuzatish. Nutqiy buzilishi bo‘lgan bolalarning psixologik-pedagogik xususiyatlari. Nutqiy buzilish, nutqiy buzilishning sabablari, mexanizmlari, simptomatikasi, borishi va tuzilishi uning oldini olish, maxsus (korreksion) o‘qitish va tarbiya masalasi bilan logopediya shug‘ullanadi. “Logopediya ” termini yunonchadan tarjimasi “to‘g‘ri nutqni tarbiyalash” ma’nosini anglatadi. Nutqiy buzilish turli mutaxassislar - fiziolog, nevropatolog, psixolog, lingvist va boshqalar tomonidan o‘rganiladi.
Nutqiy buzilishi bo‘lgan bolalarning markaziy nerv tizimi faoliyatida funksional yoki organik chetlanishlar ko‘zga tashlanadi. Miyaning organik zararlanishi sababli issiq, transportda yurish, arg‘imchoqda ko‘p vaqt tebranish bolalarga yomon ta’sir ko‘rsatadi, boshlari og‘riydi ko‘ngillari ozadi va boshlari aylanadi. Tez charchab qoladilar, qattiq ta’sirlanishlari, jahllari chiqish bilan ajralib turadilar. Ular emotsional barqaror emaslar, ularning kayfiyatlari tez o‘zgaradi, serjahl, agressiv, bezovta bo‘ladilar. Shuningdek, ularda sustlik va lanjlik kuzatiladi. Bunday bolalar tinch o‘tira olmaydilar, butun dars davomida ishchanlik va diqqatini saqlab turish qiyin bo‘ladi. Juda tez xafa bo‘ladilar, gapga quloq solmaydilar. Tanaffusdan keyin esa darsda diqqatlarini jamlashlari qiyin bo‘ladi. Odatda bunday bolalarda diqqat va xotira, ayniqsa, nutqiy xotiraning bo‘shligi, yaxshi tushunmaslik holatlari kuzatiladi.
O‘quvchilar bilan logopedik puntkda korreksion ishlar butun o‘quv yili davomida individual va guruhli shaklda olib boriladi. Nutqi buzilganlik o‘ta jiddiy bo‘lsa o‘qitish maxsus ta’lim muassasalarida olib boriladi. Bunda o‘quvchi bilan davolash-sog‘lomlashtirish va psixologik-pedagogik ishlarni birga olib borish nutqiy buzilishni tuzatishning muhim sharti hisoblanadi.
Logopedik yordam ko‘rsatish sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy ta’minlash tizimlarida ham amalga oshiriladi. Poliklinikalarda va psixonevrologik dispanserlarda logopedik kabinetlari mavjud bo‘lib, bu yerda nutqida buzilishi bo‘lgan bolalarga logopedik yordami ko‘rsatiladi.