5. Farqlash (differensiatsiyalash) tamoyili so`z ma’nolarining tutuq belgisi va urg`u yordamida farqlanishini tushuntiradi: she’r – sher, qal’a – qala, san’at – sanat, sa’va – sava, ólma – olmá kabi.
IMLO QOIDALARI Yozuv har bir xalqning ma’naviy boyligi, yuksak ma’naviyatga erishganligining o`ziga xos ko`rinishi sanaladi.
So`zlarning yozilishidagi barqarorlik, qat’iylik millatni yakdillikka, ma’naviy jipslikka yetaklaydi. Shu ma’noda har bir xalq o`z tilining imlo qoidalarini ishlab chiqadi, uni amaliyotga tatbiq etadi. Kirill yozuviga asoslangan imlo qoidalari 1956-yilda tasdiqlangan edi. Davr o`tishi bilan u eskirdi, amaliy ehtiyojlarimizga javob bermay qoldi. Shu bois 80-yillarning boshlaridayoq uni yangilashga urinishlar boshlandi.
O`zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, mustaqillikning qo`lga kiritilishi yangi imlo qoidalarini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Lotin yozuviga asoslangan yangi alifboning joriy etilishi esa bu jarayonni yanada tezlashtirib yubordi. Shu maqsadda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1995-yilning 24-avgustida “O`zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida” 339-sonli qaror qabul qildi. U 82 banddan iborat bo`lib,quyidagi bo`limlarni o`z ichiga oladi:
1. Harflar imlosi: a) unlilar imlosi (1 – 7-bandlar); b) undoshlar imlosi ( 8 – 32-bandlar). 2. Asos va qo`shimchalar imlosi (33 – 37-bandlar). 3. Qo`shib yozish (38 – 50-bandlar). 4. Chiziqcha bilan yozish (51 – 56-bandlar). 5. Ajratib yozish (57 – 65-bandlar). 6. Bosh harflar imlosi (66 – 74-bandlar). 7. Ko`chirish qoidalari ( 75 – 82-bandlar). UNLILAR IMLOSI Yangi imlo qoidalarida unli harflarning yozilishiga keng o‘rin ajratilgan.
A aharfi savol, zamon, bahor so‘zlarida «o» kabi aytilsa ham har vaqt «a» yoziladi.