Gigienik sharoitlar. Bizning jamiyatda jismoniy tarbiya davlatning ona va bola to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligiga, mehnatkashlar yashash sharoitlarining doimo yaxshilanib borishi, moddiy farovonliginingo‘sishiga asoslanadi.
Bolalarning jismoniy to‘g‘ri rivojlanishi uchun gigienik sharoit (bino, maydoncha, jihozlar, kiyim – bosh, poyafzal) yaratish, bolalar hayotining ilmiy asoslangan rejimini (bular oqilona ovqatlanish, harakatlarni rivojlantirish va organizmni chiniqtirish tadbirlarini o‘z ichiga oladi) albatta bajarish zarur. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarining doimiy nazorati, zaruriy profilaktik va davolash ishlarini olib borishi talab etiladi.
Bog‘chada har bir guruh uchun xonalar ajratiladi. Guruh xonalari bolalarning erkin harakat qila olishi va sof havo bilan nafas olish imkonini beradigan darajada katta, yorug‘, quruq va issiq, derazalari janubi – sharqqa qaragan bo‘lishi kerak.
Guruh xonasining balandligi 3 – 3,5 m bo‘lib, har bir bolaga bino sathidan 2,5 kv. m joy, taxminan 8 kub m havo to‘g‘ri kelishi; xona bezagi gigienaga xos, tez toza bo‘ladigan, yoqimli, yumshoq rangda bo‘lishi kerak. Guruhda tartib bo‘lishiga rioya qilish zarur. Xonada yorug‘likni to‘sadigan og‘ir va qalin pardalar, gilamlar, yumshoq mebellar, umuman ortiqcha narsalar bo‘lmasligi kerak. Hamma jihozlar ta'lim – tarbiya talabiga, bolalarning bo‘yi va gavda tuzilishiga mos bo‘lishi va xalq ta'limi vazirligi tomonidan qo‘yilgan maxsus normaga javob berishi lozim.
Bolalarning stol stullari ancha mustahkam va yengil tuzilishi sodda hamda oson yuviladigan bo‘lishi kerak. Stollar yorug‘lik chap tomondan tushadigan qilib joylashtirilishi lozim. Uyinchok va ko‘rgazmali qurollar ham gigienik talablarga javob beradigan, pishiq, zararsiz rangda, tashqi ko‘rinishi silliq bo‘lishi kerak.
Tarbiyachi o‘z guruhining gigienik sharoiti uchun javobgardir. Xonani bolalar sayrga, musiqa mashg‘ulotiga chiqib ketgandan keyin shamollatish, deraza fortochkalari esa yil fasllaridan qat'i nazar doimo ochiq bo‘lishi kerak.