O‘rta Osiyoning arxaik davr arxeologik yodgorliklari. Qadimgi Baqtriya yodgorliklari. Qadimgi Syg‘d yodgorliklari



Yüklə 38,77 Kb.
səhifə4/5
tarix11.10.2023
ölçüsü38,77 Kb.
#154086
1   2   3   4   5
12-13-mavzu

Qovunchi madaniyati Burg‘uluk madaniyati asosida Toshkent vohasiga kirib kelgan sarmatlar, xunlar va boshqa ko‘chmanchi xalqlarning etnik madaniyati asosida rivojlangan. Toshkent vohasi Qovunchi madaniyati rivojlanishining markazi bo‘lgan. Bu madaniyat Toshkent vohasi, Sirdaryoning o‘rta oqimi, Farg‘onaning shimoli-g‘arbiy qismlariga tarqalgan. Mil.avv.II asr-mil. VI asrlarga oiddir. Shoshtepani o‘rganish jarayonida Qovunchi madaniyatining rivojlanish bosqichlari aniqlangan:
Qovunchi I- mil avv. II-I asrlar;
Qovunchi II ning ikki bosqichi aniqlangan: 1 –bosqich milodiy II-III asrlar, 2-bosqich milodiy IV-VI asrlar hisoblanadi.
Qovunchi madaniyati izlari dastlab Qovunchitepa yodgorligidan topilgani uchun shunday nom berilgan. Qovunchi I madaniyatidan ko‘zacha, tovoq, qizg‘ish va qo‘ng‘ir rang berilgan sopol idishlar topilgan. Qovunchi IIga oid yodgorliklardan quloqli xurmachalar, dastasi hayvon shaklida ishlangan turli idishlar topilgan. Umuman Qovunchi madaniyatida o‘ziga xos idish qopqoqlari, ko‘ralar, ikki boshli qo‘chqor yoki shoxli ho‘kiz boshi shaklidagi idishlar bo‘lgan. Bu idishga tutatqi solingan va qurbonlik qilinadigan idish sifatida foydalanishgan. Qovunchi madaniyati aholisi dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Ular dehqonchilik ma’budalariga, olov va ajdodlar ruhiga sig‘inishgan. Mil. VI asrga kelib, o‘ziga xos xususiyatlarini yo‘qotib, mahalliy aholi bilan aralashib ketgan.
Qadimgi Farg‘onaning poytaxt shahri yozma manbalarda Guyshuan, Ershi deb yozib qoldirilgan. Lekin uning qaerda joylashganligi masalasi munozarali bo‘lgan. Bugungi kunda To‘raqo‘rg‘on va Jomashuy orqali o‘tgan Namangan – Farg‘ona yo‘lining boyida Eski Axsi (Axsikent) Farg‘onaning poytaxti ekanligi aniqlangan.
Mil.avv. II asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyoning shimoli–sharqidan ko‘chmanchi yuechji (tohar) qabilalarining kirib kelishi va bu joylardan o‘rnashishi natijasida yangi madaniy o‘zgarishlar boshlandi. Ular tashkil qilgan ulkan Kushonlar davlati Baqtriya hududidan to Ganga daryolari hududigacha yetib borgan. Qadimgi Farg‘ona hududida Davan davlati, Xorazm va Sug‘d hududlari Qang‘ davlati tarkibida bo‘lgan. Qang‘ davlatiga saklar asos solgan. Mil.av ІІ-mil. І asrlarda Qang‘ davlati yanada rivojlandi va Xorazm yerlari ham shu davlat tarkibiga kirgan. Qang‘ davlati tashkil topganda uning markaziy Choch bo‘lib, bu yerda poytaxt shahar Qanqa (Kangdiz) joylashgan edi. Kadimgi Choch hududida antik davrga mansub 97 ta yodgorlik topilgan bo‘lib, shulardan 23 tasi shahar harobasidir.
Qanqa Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hududida Ohangaron daryo hududida joylashgan. Yodgorlik mil.avv. III- mil. XII asrlarga oid. Qanqa xitoy yozma manbalarida Bityan, o‘rta asrlarda Harashkent nomi bilan atalgan. Yodgorlik dastlab 1898 yilda Turkiston arxeologiya havaskorlar to‘garagi a’zolari tomonidan topilgan. XX asrning 60-70 yilllarida O‘zbekiston respublikasi FA Arxeologiya instituti tomonidan tadqiqot ishi olib borildi.Qanqa to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida qurilib, umumiy maydoni 200 ga. Bir necha qator mudofaa devori va xandaklar bilan o‘ralgan. Shahar ark, uchta shahriston va rabotdan iborat. U yerdan kumush va mis tangalar, oltin va qimmatbaho toshlardan ishlangan taqinchoqlar, sopol haykalchalar, ostodon, mehnat qurollari va devoriy suratlar topilgan. Mil. XII asrda Ohangaron daryosi o‘zanining o‘zgarishi tufayli suvsiz qolib harobaga aylangan.
Qadimgi davr me’moriy obidalarida tasviriy san’at keng qo‘llanilgan. Masalan, Dalvarzintepa ibodatxonasining Baqtriya xudolariga bag‘ishlangan devoriy sur’atlari, Fayoztepa va Qoratepa Budda ibodatxonalaridagi devoriy suratlar, Tuproqqal’a va Yerqo‘rg‘on devoriy rasmlari bunga misol bo‘la oladi. Lekin tasviriy san’at monumental san’atning ustivor yo‘nalishi hisoblanmagan, u haykaltaroshlik bilan bog‘liq holda rivojlangan. Haykaltaroshlikning asl namunalari Shimoliy Tohariston va Xorazm madaniyatida o‘zining yorqin ifodasini topgan.
Baqtriya–Toharistonda eng qadimgi haykallar kompoziciyasi Xolchayon saroyidan topilgan. Xolchayon Surxondaryo viloyati Denov tumanida joylashgan. U ikki qismdan iborat. Arxeologik tadqiqotlar Qorabog‘tepa va Xanaqotepada olib borildi. Bu yerdan 9 xonali xokim saroyi topildi. U asosan xom g‘ishtdan qurilgan. Mazkur saroyning to‘rt ustunli ayvoni va katta zali tasviriy san’at va haykaltaroshlik namunalari bilan bezatilgan. Haykallarning asosiy qismi kushon podsholari (Geray)ga bag‘ishlangan, ular tarkibida yuechjilar birga boshqa etnos vakillari boxtariylar ham bor. Xalchayon haykallari saroy devorining uch tomonini egallagan. Unda ayonlar va kurash sahnasi, teatrlashgan mavzu, ya’ni og‘ir gulchambarlarni ko‘tarib turgan bolalar haykallari, aktyor byustlari, muzika asboblarini tutgan ayol haykallari va boshqalar. Kompoziciya markazida podsholik xomiysi - Afina, Gerakl, Nika (Yunon xudolari)ning siymolari tasvirlangan.
Ayritom Termizdan 18 km sharkda Amudaryo soxilida joylashgan. 1932 yilda bu yerda topilgan tosh rasmlarni M.E.Masson o‘rgangan. 1933 yilda maxsus ekpediciya uyushtirildi. Ayritom - ibodatxona harobasi bo‘lib, bu yerda asosan oxaktoshdan yasalgan haykallar topildi. Haykallarda soz chalayotgan ayollar tasvirlangan, budda diniga oid haykallar ham topilgan. XX asrning 60-70 yillarida O‘zbekiston San’atshunoslik ekspediciyasi tadqiqot ishlarini davom ettirdilar. Natijada fort, buddizm dini kompleksi, qabr va baktriya yozuvi bo‘lgan haykallar guruhi topilgan.
Baqtriyada buddizm davlat dini darajasiga ko‘tarilgach, Budda haykaltaroshlik san’ati ma’naviy hayotning mazmuniga aylandi. Bularni Dalvarzintepa, Fayoztepa, Ayrtom, Qoratepa va boshqa yodgorliklarda ko‘rishimiz mumkin. Baqtriya–Toharistonda buddizmni qabul qilgan mahalliy ustalarning professional maktabi shakllanadi
Shimoliy Baktriyaning eng katta ibodatxonasi Termiz yaqinidagi Qoratepa yodgorligi hisoblanadi. Yodgorlik dastlab B.Y.Staviskiy tomonidan o‘rganilgan. Bugungi kunda bu yerda turli soha mutaxasislari, yapon olimlari tadqiqoti ishlarini olib borishmoqda. Bu yerda sakkizdan ortiq inshootlar majmuasi ochib o‘rganilgan. Har bir bunday inshoot yo‘lak – ayvonlar o‘rab turgan to‘g‘ri to‘rtburchakli katta hovli va yer ostiga qurilgan inshootlardan iborat. Xonalardan Budda haykali, buddizmga xos inshoot-stupalar topilgan.
Barcha stupalar bir xil qurilgan. Ularning asosi to‘rtburchak bo‘lib, uning ustiga cilindirsimon inshoot qurilgan, uning usti gumbazsimon tarzda bo‘lgan. Ustiga yog‘och yoki toshdan yasalgan langar o‘rnatilgan. Langarda toshdan yasalgan bir necha soyabon bo‘lgan. Soyabonlar muqaddas daraxt ramzi bo‘lib, buddistlar uni chatra deb atashadi. Shu daraxt soyasi ostida Budda o‘zining g‘oyalarini ishlab chiqqan. Yer ostiga qurilgan inshoot bilan yer ustiga qurilgan inshoot bir biri bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular zinalar orqali birlashtirilgan. Koratepa ibodatxonasining devorlariga diniy mazmundagi rasmlar va ibodatxonani qurilishda homiylik qilgan insonlarning rasmlari solingan. Rasmlar katta mahorat bilan chizilgan va o‘sha zamonning diniy mafkurasini o‘zida aks ettiradi.
Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida Qoratepaning shimoliy qismidan mahobatli stupa topildi. Uning faqatgina tagkursisi saqlanib qolgan.
1969 yilda Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xitoyning Gansu xududidan mil. II asr, ya’ni Xanshuyning so‘nggi sulolalari davriga oid bronzadan ishlangan ikkita otliq xaykali topilgan. Bu otlar Farg‘onadan olib kelingan otlarga o‘xshaydi1.
1968 yili yuqoridagi ibodatxonadan 2-3 km shimoli-sharkda Fayoztepa ibodatxonasi topilgan, hozirda u to‘la o‘rganib chiqilgan. Fayoztepa vihara tipidagi ibodatxona ekanligi isbotlangan. U uch qismdan iborat bo‘lib, har birida hovli bo‘lgan, ularning atrofida uylar joylashgan. Ibodatxonaning markaziy qismida diniy marosimlar o‘tkazilgan. Ikkinchisi qismi monastir, uchinchisi esa xo‘jalik ishlariga mo‘ljallangan inshootlar bo‘lgan. Markaziy qismda yaxshi saqlangan stupa topilgan. Markaziy qismning ayvonidan loy va ganchdan yasalgan Budda, uning safdoshlari-badisatvalarning haykallari topilgan. Ular qizil rang va tilla suvi bilan bezatilgan. Devorlarga diniy marosim rasmlari tasvirlangan bo‘lib, ularda hayotiylik izlari ko‘rinadi. Oq marmar va alebastrdan ishlangan haykallar ham topilgan. 1972 yilda bu yerdan oq marmartoshdan yasalgan muqaddas Badxi daraxti tagida o‘tirgan Budda va tik turgan ikki ruxoniy haykali topilgan.
Qoratepa va Fayoztepa rasmlari Xindistondagi ibodatxonalar qurilishi va uning rasmlaridan farq qiladi, lekin Sharqiy Turkiston va Uzoq Sharqdagi ibodatxona va rasmlarga yaqin. Shuning uchun ham buddizm O‘rta Osiyodan mazkur hududlarga tarqalgan degan xulosaga kelingan. Lekin, Xitoy va Olmon olimlari Budda dini Sharqqa O‘rta Osiyo orqali kirib bormagan, degan fikrdalar.
1971 yilda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida Dalvarzintepa yodgorligi ochildi. U ma’muriy bino qoldiqlari, kulollar yashaydigan xonalar tadqiq etildi. Dalvarzintepadan ikki yarusli xumdonlar ham topilgan. Topilgan ashyolar kulolchilik yuksak darajada bo‘lganligini ko‘rsatadi.
1972 yilda Dalvarzintepadan 115 ta oltin buyumlardan tashkil topgan xazina topilgan. Mil. II-III asrlarga oid mazkur xazinadan sirg‘a, bilakuzuk, kamarband, uzuk, oltin shodasi, sopol idishlar, haykalchalar, taqinchoqlar, tangalar, shaxmat donalari topilgan.
Dalvarzintepa atrofida ibodatxonalar bo‘lib, ularning harobalaridan buddizmga oid turli haykallar topilgan. Dalvarzintepadan ancha uzoq bo‘lmagan joyda Kushon davriga oid qabriston ochildi. Unda odam suyaklari, sopol idishlar, taqinchoqlar, tangalar olindi. Uning eng pastki qatlamida murdalar xumga ko‘milgan. Tozalangan suyaklarning borligi uni zardushtiylarga xos ekanligini bildiradi. Bunga o‘xshash qabristonlar Tojikistondagi Tulhar, Ko‘kqum, Oriqtov, Turkmanistondagi Babashov qabristonlaridir. Tulhar qabristonidagi 350 go‘rdan 219 tasi o‘rganilgan. Bu yerdagi go‘rlar laxad va yorma shaklida. O‘liklarni yasatib, boshlarini shimolga qaratib ko‘mganlar. Qabrlarga sopol idish, taqinchoq, qurollar ham koyilgan.
1972 yilda Angor tumanidan 16 gektarni egallagan Zartepa shahar harobasi topildi. Uylarning devorlari paxsadan qilingan. Aholi yashash xonalarinng maydoni 4-15 m2 ni tashkil qiladi. Bu yerdan ibodatxona, Buddaning oltin suvi yuritilgan boshi va gavdasi topilgan. Buddistlarning saqlanib qolgan stupasidan bitta oltin plastinka ko‘zacha va yunon tangalariga taqlid qilib ishlangan Vasudeva I tangalari (ular 500 dan ortiq tanga) topildi. Shuningdek, Zartepaning 100 metrli mudofaa devori ham o‘rganildi. Topilgan ashyolar Zartepaning mil.av I asrga mansub ekanligini ko‘rsatadi. Qadimda mazkur shaharning 4 ta darvozasi bo‘lgan. Mudofaa devorlarining 9 metr, IV-V asrlarda esa 2 metr bo‘lgan.
O‘zbekistonning qadimgi davrida amaliy san’at ham yuksak darajada rivojlanadi. Xususiy muhr, tamg‘alar, mahalliy hokimlik nishoni gemma va tangalar zarb qilina boshlandi. Diniy va dunyoviy harakterga ega bo‘lgan har xil terrokota haykalchalari ham ishlab chiqila boshlandi. Terrakota haykalchalarda ayollar aks ettirilgan bo‘lib, ular ikki xil tuzilishda bo‘lgan. 1)Tik turgan holda, o‘ng qo‘li ko‘krak ostida, chap qo‘li qorni ustida qoyilgan. 2) Tik turgan holda bo‘lib, qo‘llarida oyna ushlab turgan holda tasvirlangan. Terrakota haykalchalarda maxalliy etnik tiplar va mahalliy ust- boshlarda tasvirlangan. Mil.avv. II asrlardan boshlab, otliq chavondozlar tasvirlangan terrakota haykalchalar keng tarqalgan. Bular yuejilar faoliyati bilan bog‘liq edi.
Bu davrda mulkiy tabaqalanish processi ham jadal sur’atlar bilan kechdi. Natijada ilgari markazlashgan shahar hokimiyati nufuzi pasayib, dehqonzodalar ta’siri oshib bordi.
Aleksandr Makedonskiy harbiy yurishlari vaqtida askarlari uchun qurdirgan gornizonlar keyinchalik yirik shaharlarga aylandi. Bular G‘azna, Qandaxor, Baqtra shaharlari bo‘lib, ularda yunonlar madaniyatining o‘ziga xosligi aniq aks etgan. Shaxardagi yo‘llarning qurilishi, teatr, ibodatxona, ark va bozorlar qurilishlarida namoyon bo‘lgan. Makedonskiy vafotidan keyin uning vorislari ham buni davom qildirgan. Nikator (mil.avv.358-281yy. ) yunon gornizonlarini shaharlarga aylantirishga katta e’tibor bergan.U o‘n oltida shaharni «Antiox» nomi bilan, onasi sharafiga 5 ta shaharni «Laodikas», 3 tasini «Apamia» nomlari bilan qurildi. Bu shaharlar ellin madaniyati markazlar bo‘ldi.
O’rta Osiyo hududida mil.av. IV– milodiy IV asrlarga oid yodgorliklarda keng miqyosda arxeologik tadqiqotlar olib borildi. O’zbekiston hududida M.E.Masson rahbarligida Termiz arxeologiya ekspeditsiyasi, Ya.G’.G’ulomov nomidagi Arxeologiya institutining arxeologiya guruhi O’zbekistonning barcha viloyatlarida, S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi, Xorazm vohasida V.M.Masson rahbarligida Baqtriya ekspeditsiyasi, G.A.Pugachenkova rahbarligida Xamza nomidagi san’atshunoslik ekspeditsiyasi xodimlarining Surxondaryo viloyatidagi faoliyatlarini qayd etish mumkin.
M.E.Masson rahbarligida Turkmaniston hududida Turkmaniston arxeologiya ekspeditsiyasi xodimlari arxeologik tadqiqotlarni olib bordi. Tojikiston hududida A.N.Bernshtam, Pomir-Oloy tog‘ tizimi atroflarida A.M.Mandelshtam, Beshkent cho‘lida arxeologik tadqiqotlarni olib bordilar.
O’rta Osiyo hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida olingan ashyolar antik davr tarixini yoritishda muhim manba bo‘ladi.
O’zbekiston hududida antik davr yodgorliklarida arxeologik tadqiqotlar
O’zbekiston hududida antik davrga oid yodgorliklarni o‘rganish Surxondaryo hududida olib borildi.
XX asrning 30 yillari boshlari va o‘rtalarida M.E.Masson rahbarligidagi Termiz arxeologiya-kompleks ekspeditsiyasi xodimlari eski Termizning qal’a qismida qazish ishlarini olib borib, mil.avv. III asrga oid ashyolarni olishga muvaffaq bo‘ldilar. Shu bilan birga, Kushon davriga oid Ayritomda qazish ishlarini olib bordi, natijada noyob ashyolar, ya’ni «arfa chalayotgan ayol» haykali topilgan.
1937–1940 yillarda S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya- etnografiya ekspeditsiyasi Amudaryoning qurib qolgan o‘zani Aqchadaryo havzasidagi tarixiy obidalarni ro‘yxatga oldi, arxeologik xaritaga joylashtirdi, Jonbos qal’a, Tuproq qal’a yodgorliklarida qazish ishlarini olib bordi. Ekspeditsiya a’zolari 1946 yildan 1991 yilgacha bo‘lgan tarixiy davrda Qo‘yqirilgan qal’a, Ko‘zaliqir, Ayozqal’a 1, 2, 3, Qalaliqir, Quyisoy-2 yodgorliklarida keng miqyosda qazish ishlarini olib bordi. Qo‘yqirilgan qal’a o‘zining rejalashtirilishi, me’moriy inshooti bilan diqqatga sazovor.
S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi xodimlari keng miqyosda tarixiy obidalarni ro‘yxatga olishni olib bordi, natijada 400ga yaqin obidalar topilib, ular antik va o‘rta asrlarga oiddir. 1967 yildan boshlab O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston filialining arxeologik guruhi Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati hududida arxeologik qidiruv va qazish ishlarini olib bordi. E.Bijanov Ustyurtdagi qadimgi tosh davri manzillarini, V.N.Yagodin Kerdar madaniyati, Xorazm va ko‘chmanchilar aloqalari, A.V.Gudkova Tokqal’a, G.Xo‘janiyazov Qo‘rg‘oshin qal’a, Burli-qal’a, Akchingul yodgorliklarida, M.Mambetullaev Katqal’a, Tuprokqal’a, Voyangan Tuprokqal’a (Xiva), Olmaotishgan-2, Xiva, K.Sobirov Katqal’a, Tuproqqal’a, Xazorasp yodgorliklarida arxeologik qazish ishlarini olib bordilar.
Mil.av. IV – milodiy III asrlarga oid bo‘lgan shaharlar ko‘chmanchilar bilan chegaralarda, daryo sohillarida, sug‘oriladigan vohalarda qurilgan bo‘lib, mukammal mudofa tizimlariga ega.
Amudaryoning o‘ng sohili hududidagi qal’alar:
Jonbosqal’a, Qo‘yqirilganqal’a, Ayozqal’a 1, 2, 3, Katta va Kichik Qirqqizqal’a, Qulqal’a, Qumbosganqal’a, Dumanqal’a, Akshaxon, Tuproqqal’a, Qizilqal’a, Qo‘rg‘oshinqal’a, Aqchungul, Kuyukqal’a, Gaurqal’a (Sulton Uvays tog‘i), Tukqal’a, Jildikqal’a, Burgutqal’a, Ellikqal’a, Uyqal’a, Katta Guldursun, Bozorqal’a, Angkaqal’a, Pilqal’a, Odamliqal’a, Doshqal’a-2 , Tuproqqal’a, Eresqal’a.
Amudaryoning so‘l sohili hududidagi qal’alar:
Gurganch, Davkasgan, Shoxsanam, Shexrlik, Yarbekirqal’a, Zamaxshar, Ichanqal’a, Bo‘ldimsoz, Gaurqal’a (Xo‘jayli), Ketmenchi, Tuprokqal’a (Xiva), Tuproqqal’a (Yangiariq), Tuproqqal’a (Kushko‘pir), Kunaqal’a, Voyangan, Tuproqqal’a (Shovot), Katqal’a (Shovot) Kalajik, Xazorasp, Chingiztepa 1, 2, 3, Xumbuztepa, Tuprokqal’a (Qo‘ng‘irot), Sadvar, Jig‘arband, Elxaros, Dargon, Gaur 1, 2 (Sariqamish havzasi) va boshqalar.
Antik davrda bu shaharlar mustaqil shahar-davlatlar sifatida mavjud bo‘lib, harbiy chegara va iqtisodiy madaniy markazlar bo‘lgan. Yuqorida qayd etilgan qal’alarni ba’zilarining me’moriy-topografik va mudofa tizimiga e’tiborni qaratamiz.
Yonboshqal’a – To‘rtko‘l tumani hududida joylashgan, to‘g‘riburchak shaklda (200x170 m. 3,4 ga) to‘rt tomonini ikki qatorli devor o‘rab olingan. Avval paxsadan keyin esa to‘rt tomoni teng xom g‘ishtdan tiklangan (40x40x10 sm). Devor pastki qismi qalinligi – 5 m, balandligi 5-10 m. Darvoza to‘g‘ri burchakli bir necha aylanma yo‘ldan iborat yo‘lakka ega bo‘lib, uning kengligi – 5 m. Devor va darvoza devorida kungurlar mavjud emas, balki shaxmat uslubida joylashgan nayza o‘qi uchli shinaklar mavjud, ular o‘rtasidagi oraliq maydoni 1,20-1,84 m, ichki tomonda kengligi 0,18-0,12 sm, tashqi tomonda esa 0,30-0,40 sm. Devorlar burchagida uchta shinak joylashgan bo‘lib, turli tomonga yo‘nalib, kungur vazifasini bajargan.
Qo‘yqirilganqal’a – To‘rtko‘l tumani hududida joylashib, aylana shaklda qurilgan, hajmi 86,5 m mudofaa devor bilan o‘rab olinib, 9 ta kungur bilan mustahkamlangan. Kungurlar yon tomonga emas, devordan ancha baland qilib qurilgan. Yodgorlik markaziy qismida tsilindr shaklida (hajmi 42 m) ikki qavatli inshoot qurilgan.
Yodgorlikda astronomik kuzatishlar olib borilgan, keyingi tarixiy davrda qabristonga aylangan (loydan yasalgan ossuariylar ko‘plab topilgan).
Tuproqqal’a – Ellikqal’a tumani hududida joylashgan, to‘g‘riburchak shaklda, umumiy maydoni – 17 ga: Tuproqqal’a yodgorligining qurilishi tarixi masalasida turli fikrlar mavjud. Tuproqqal’ada eng qadimiy madaniy qatlamgacha tadqiqot ishlari olib borilgan emas, shuning uchun ham uning qurilish xronologiyasi munozarali bo‘lib qolmoqda. Bizningcha yodgorlik mil.av. IV asrda qurilgan bo‘lsa kerak. Vazamar davrida Tuproqqal’a Xorazmshoxlarning yozgi qarorgohi, poytaxt esa Akshaxon qal’asi bo‘lgan. Shahar darvozasi janub tomonda joylashib, to‘g‘riburchakli labirint bilan mustahkamlangan, kungurga ega emas. Darvozadan qarshi tomonda kengligi 10 m ko‘cha o‘tgan bo‘lib, ichki qismini ikki mahallaga ajratgan uy-joylar zich joylashgan. Shaharning shimoliy-g‘arbiy qismida saroy joylashgan, uchta kungur bilan mustahkamlangan. Saroyning maydoni 6,5 ming m2. Saroyda bir necha «Katta zallar» ochilgan bo‘lib, ularning devorlarida turli haykal tasvirlari tushirilgan, topilgan ashyolarga qarab uy xonalari «Podsho zali», «Askar zali», «Bug‘u zali» nomini olgan. Saroy xonalaridagi katta ahamiyatga ega bo‘lgan ashyolardan biri teri va yog‘och taxtachalarga yozilgan 120ga yaqin podsholik arxiv xujjatlari olinganligidir.
Ichanqal’a to‘g‘riburchak shaklda, umumiy maydoni 26 ga. Qadimda ikki qatorli mudofaa devor bilan o‘rab olingan, devor o‘z navbatida aylana shakldagi kunguralar bilan o‘rab olingan, ular o‘rtasidagi oraliq – 30 m.
Shaharning paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixini o‘rganish maqsadida M.Mambetullaev shaharning bir necha joyida tadqiqot ishlarini olib bordi, natijada 10 ta qurilish davri mavjudligi aniqlandi.
Mudofa devorining etti joyida kesish ishlari olib borilib, natijada devor qurilishi tarixi oydinlashdi.
I–qurilish davrida ikki qatorli devor paxsadan qurilib, uning balandligi – 0,85 m, yo‘lak kengligi – 2,50 m. Bu qurilish davri miloddan avvalgi VI-V asrlarga oid, II–qurilish davrida paxsa devor ustiga xom g‘ishtli devor tiklangan, hajmi (40x40x10 sm, 41x41x12 sm) yo‘lak kengligida o‘zgarish sezilmaydi, qo‘sh devor ko‘tarilishi davom etadi, tashqi tomondan qo‘shimcha devor qurilishi olib borilgan, natijada devor qalinligi 7 m bo‘lgan (mil.av. IV-III asrlarga oid).
III–qurilish davri – Xivada madaniy hayot yuksaladi, g‘arbiy devor markazida ark qad ko‘taradi, bu rivojlanish milodiy IV asrgacha davom etadi. Tashqi tomondan devorga qo‘shimcha devor qurilishi davom etib, uning qalinligi 9 metrga etadi. Tashqi devordagi kungurda ham ta’mir ishlari olib borilgan, natijada to‘g‘riburchakli kungur aylana shaklga aylanib qolgan. Demak, antik davrda Ichanqal’a savdo hunarmandchilik markazi bo‘lishi bilan birga harbiy chegara vazifasini ham bajargan.
Xazorasp – Xorazm vohasining janubiy darvozasi bo‘lib, eng qadimiy shaharlardan biridir. Yodgorlik tekislikka qurilgan, uning rejalashtirilishi to‘rt tomoni teng (10,8 ga), qadimda ikki qatorli devor bilan o‘rab olingan, ular o‘rtasida kengligi 2,10 m bo‘lgan yo‘lak o‘tgan. Shaharning janubiy-sharqiy burchagida ark joylashgan (hajmi 40x40 m). Yodgorlikning qurilish tarixi to‘g‘risida yagona ilmiy fikr hanuzgacha mavjud emas, bunga arxeologik qazish ishlarining eng qadimiy madaniy qatlamgacha olib borilmaganligidir.
1958–1960 yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi xodimlari, 1997, 2000, 2003 yillarda Xorazm Ma’mun akademiyasining arxeologiya guruhi xodimlari Xazoraspning bir necha joyida tadqiqotlar olib borilgan, afsuski bu tadqiqotlar tugallanmay qolib ketgan.
Devor va kungurlar saqlanib qolgan, balandligi turlicha, ya’ni 5-14 m. Janubiy devor mahalliy aholi tomonidan buzib tashlangan, bu devorda bitta kungur saqlanib qolgan, g‘arbiy, shimoliy va sharqiy devorlarda kungurlar yaxshi saqlangan, ular o‘rtasida oraliq 10–55 m.

Shimoliy-g‘arbiy qismi ichki qismidan eng qadimgi paxsa devor topildi, unda to‘g‘ri burchakli kungur mavjud.


Qal’aning masjid qismida, shimoliy-g‘arbiy, g‘arbiy qismda mudofaa devorini kesish ishlari olib borildi. Natijada shaharning qurilish tarixini mil.av. VII asr bilan belgilash imkonini berdi. Tadqiqotchi Q.Sobirov Bo‘ston shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Simpoziumda qilgan ma’ruzasida Xazorasp yoshini miloddan avvalgi VII-VI asrlarga oidligini qayd etgan edi. Xullas Xazorasp qal’asida keng miqyosda tegilmaydigan er qatlamigacha arxeologik tadqiqotni olib borish zarur, bu albatta kelajakka oid masaladir.
Katqal’a (Shovot) – Shovot tumanidagi Beruniy nomli shirkat xo‘jaligi Kat qishlog‘i hududida joylashgan, rejalashtirilishi noto‘g‘ri to‘g‘ri burchak, umumiy hajmi 10,8 ga, qadimda ikki qatorli devor o‘rab olgan bo‘lib, ular o‘z navbatida yarim aylanali kungurlar bilan kuchaytirilgan, ular o‘rtasidagi oraliq –27 m. Yodgorlik mil.av. IV asrda qurilgan.
Akshaxon – Beruniy tumanidagi «Ozod» fermer xo‘jaligidagi qumliklar o‘rtasida tekislikka qurilgan. Rejalashtirilishi to‘g‘riburchak shaklda, umumiy maydoni – 45 ga, qadimda ikki qatorli devor o‘rab olgan, kengligi – 6 m. Devor bo‘ylab to‘g‘riburchakli kungurlar, burchak qismida esa to‘rt tomoni teng kungurlar joylashgan.
Shimoli-g‘arbiy burchakda ark joylashgan, to‘g‘riburchak shaklda (380x340 m). Darvoza janubi-sharqiy va janubiy-g‘arbiy devorda joylashgan, labirint bilan mustahkamlangan. Yodgorlikning tashqi devori va kunguri o‘rganildi. Yodgorlik mil.av. IV – milodiy III asrlarda Xorazmning poytaxti bo‘lgan (podsho Farazman 1500 otliq askar bilan Baqtr shahriga A.Makedonskiy huzuriga shu shahardan ketgan bo‘lishi shubhasiz). Yodgorlik Qoraqalpog‘iston va Avstraliya olimlari tomonidan uzluksiz ravishda tekshirilmoqda.
Buxoro viloyatida antik davr yodgorliklari
Buxoro viloyati hududida R.Sulaymonov rahbarligida, Buxoro shahrining paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixini o‘rganish maqsadida A.R.Muxammadjonov rahbarligidagi arxeologik guruhlar tadqiqot ishlarini olib bordi. Natijada Romish–I, II, III, Setalak, Buxoro keng miqyosda o‘rganildi.
Buxoro – Zarafshonning Rudizar va Zarirud ismli ikki sohilida bir-biriga qarama-qarshi joylashgan, alohida-alohida qishloqlar asosida paydo bo‘lgan. Shaharning etti joyida keng ko‘lamda arxeologik tadqiqotlar olib borilgan, undagi madaniy qatlam 20 metrdan oshiq. Devor avval paxsadan, keyin to‘rt tomoni teng xom g‘ishtdan qurilgan, to‘g‘ri burchakli kungurga ega. Shahar uch qismdan iborat, ya’ni ark, shahriston va shahar atrofidan iborat bo‘lib, turli tarixiy davrda shakllangan.
Shu bilan birga, Kozimontepa, Chordira, Qo‘shrabod, Arabop-1, Arabop-2, Varaxshaning quyi qatlami, Xo‘jabo‘ston, Beshtepa yodgorliklari o‘rganildi.
Qashqadaryo viloyati hududida antik davr yodgorliklari
S.K.Kabanov, R.Sulaymanov rahbarligidagi arxeologik guruhlar Erqo‘rg‘onda, Toshkent Davlat Milliy universiteti arxeologiya guruhi Keshda, M.To‘rabekov rahbarligidagi guruh Qarshi shahrida arxeologik qazish ishlarini olib bordi. Shu yodgorliklardan Erqo‘rg‘onda keng miqyosda arxeologik qazish ishlari olib borildi. Erqo‘rg‘on – Nautaka viloyatining markazi bo‘lgan (A.Makedonskiy shu shaharda to‘xtagan degan taxminlar bor). Rejalashtirilishi aylana shaklda, umumiy maydoni – 70 ga. Antik davrga oid qal’a devori, ark devori va ibodatxona o‘rganildi. Shu bilan birga, Qal’ai- Zaxoki Maron, Tillatepa, Kasantepa yodgorliklari ham o‘rganilgan.
Samarqand viloyati hududida antik davr yodgorliklari
Ya.G’.G’ulomov rahbarligida Afrosiyob ekspeditsiyasi Afrosiyobda keng miqyosda arxeologik tadqiqotlarni olib bordi.
Shaharning mudofaa devori va ichki qismida qadimiy madaniy qatlam o‘rganildi, natijada yodgorlikning qurilishi mil.av. 2500 yilga oidligi aniqlandi Bu yodgorlikda O’zbekiston-Germaniya, O’zbekiston-Frantsiya arxeologiya ekspeditsiyasi xodimlari faoliyat olib bormoqdalar. R.Sulaymonov rahbarligidagi arxeologik guruh Ko‘ktepada arxeologik qazish ishlarini olib borib, qadimiy shahar ekanligini aniqladi. Shaharning hajmi 100 ga, ark, ibodatxona, uy, mahallalar o‘rganilgan.
Farg‘ona vodiysida antik davr yodgorliklari
Farg‘ona vodiysida Yu.A.Zadneprovskiy, G.Abulg‘ozieva, A.Anorbaev, B.Matbabaev, N.G.Gorbunova rahbarligidagi arxeologik guruhlar tarixiy obidalarda arxeologik qazish ishlarini olib bordilar.
Antik davrga oid 20 ga yaqin yodgorlik qayd etilgan, Xitoy yozma manbalaridagi ma’lumotlarga qaraganda, Farg‘ona vodiysida 70 dan ortiq shaharlar bo‘lgan.
Eylatan – rejalashtirilishi to‘g‘ri bo‘lgan shaklda, ikki qatorli devor bilan o‘rab olingan, umumiy maydoni – 200 ga. Ark mil.av IV – III asrlarga oid.
Mingtepa – rejalashtirilishi to‘g‘ri burchak shaklda, umumiy maydoni – 40 ga. Mingtepa yoki Marhamat shahri ikki qatorli devor bilan o‘rab olingan, devor o‘z navbatida to‘rt burchakli kungurlar bilan kuchaytirilgan, ular o‘rtasidagi oraliq 30 – 40 m. Shaharni Ershiga o‘xshatishadi.
Ko‘rgantepa – rejalashtirilishi to‘g‘riburchak shaklda (250x230 m), 5,7 ga, qadimda devor bilan o‘rab olingan.
Axsikent-1A, Axsikent 1V – rejalashtirilishi to‘g‘riburchak shaklda, umumiy maydoni 35 ga, mil.av. III – II asrlarga oid, qalinligi 5 m devor bilan o‘rab olingan.
Ershi – shaharning joylashish o‘rni mulohazali. N.Ya.Bichurin Ershini Qo‘qon shahri o‘rnida, A.N.Bernshtam esa Mingtepa yodgorligida degan fikrni bildiradilar. Yangi ma’lumotlarga qaraganda, Ershi – Eski Axsi degan fikrlar paydo bo‘ldi. Mil.av. III–I asrlarda Ershi Axsi o‘rnida bo‘lgan shahar 40 ga bo‘lib, ark ikki qismdan iborat bo‘lgan Esgarlik devor bilan o‘rab olingan, qalinligi – 5 m, balandligi – 3 m.
Quva (Kubo) – hozirgi Quva shahri markazida tepalik mavjud bo‘lib, mahalliy aholi o‘rtasida «Shahriston» nomi bilan ma’lum. Yodgorlikni B.A.Latinin, V.D.Jukov, A.N.Bernshtam, V.A.Bulatova, I.Axrorov, Yu.A.Zadneprovskiy, B.Matbabaevlar arxeologik jihatdan o‘rgandilar. Yodgorlikni 1956 yildan Ya.G’.G’ulomov rahbarligidagi arxeologik guruh o‘rganishni boshlagan. Yodgorlikning qurilishi milodiy I – III asrlarga oid bo‘lib, paxsa devor bilan o‘rab olingan. Tadqiqotchi B.Matbabaev shaharning dastlabki qurilish davrini mil.av. V asrga oid ekanligi to‘g‘risida xulosalar chiqargan.
Surxondaryo viloyati hududida antik davr yodgorliklari
Eski Termiz – 1936–1938 yillarda M.E.Masson rahbarligida Termiz arxeologiya ekspeditsiyasi shaharni arxeologik jihatdan o‘rganish ishini olib bordi. Uning «qal’a» qismida qazish ishlarini olib bordi va shaharning yoshini mil.av. III asr bilan aniqladi. 1981 yildan Arxeologiya institutining arxeologiya guruhi arxeologik qazish ishlarini olib bordi. Sh.Raxmanov 1993 yildan eski Termiz mudofaa devori qurilishi tarixini o‘rganishni boshladi. Keyingi yillarda O’zbekiston-Yaponiya arxeologiya ekspeditsiyasi xodimlari (rahbari Sh.Pidaev) Eski Termizda arxeologik qazish ishlarini olib bormoqda, olingan natijalar shaharning qurilish davri mil.av.V asrga oid ekanligini isbotladilar.
Dalvarzintepa – Sho‘rchi tumani hududida joylashgan, to‘g‘riburchak shaklda, umumiy maydoni – 30 ga, qadimda to‘rt tomoni devor bilan o‘rab olingan, devor o‘z navbatida to‘g‘riburchakli kungurlar bilan o‘rab olingan, ular orasidagi maydon 27–30 m. Yodgorlik 1967 yil L.I.Albaum tomonidan topilib, 1970 yildan boshlab G.A.Pugachenkova rahbarligidagi Xamza nomli san’atshunoslik institutining arxeologik guruhi yodgorlikda tekshirish ishlarini boshlab yubordi.
1971 yilda Dalvarzintepa uy xonalaridan birida kichik tuvakchada oltindan yasalgan 115 ta ashyolar topilgan. Ular xotin-qizlarning bezaklari, ya’ni bilaguzuklar, baldoq, tumor, turli shakldagi buyumlardan iborat bo‘lgan. Yodgorlikda B.A.Turg‘unov rahbarligida O’zbekiston-Yaponiya ekspeditsiyasi xodimlari qazish ishlarini olib bormoqda.
Zartepa – Surxondaryo viloyati Angor tumani hududida Sherobod-Termiz yo‘lining o‘ng tomonida 200 m uzoqlikda joylashgan. Rejalashtirilishi to‘rt tomoni teng, umumiy maydoni – 16 ga. To‘rt tomoni ikki qatorli devor bilan o‘rab olingan bo‘lib, yarim aylanali kungurlar bilan kuchaytirilgan, ular o‘rtasidagi masofa – 34 m. 1972–1974 yillarda Q.Sobirov rahbarligidagi guruh Zartepaning mudofaa tizimini o‘rganish ishlarini olib borib, 4 ga qurilish davridan iborat ekanligini aniqladi.
Shaharning markazida saroy, sharqiy qismi devorining ichki qismida budda ibodatxonasi qoldig‘i o‘rganildi.
Shaharning qurilishi mil.av. I asrda, uning inqirozi esa milodiy IV asrga oid bo‘lgan.
Qoratepa – Eski Termiz hududida joylashgan, 1972 yildan B.Ya.Staviskiy rahbarligidagi Moskva san’atshunoslik muzeyi arxeologik guruhi yodgorlikda qazish ishlarini olib bordi, natijada budda ibodatxonasi topib o‘rganildi.
Fayoztepa – Eski Termiz hududida joylashgan. L.I.Albaum rahbarligida arxeologik guruh yodgorlikda qazish ishlarini olib bordi. Natijada budda haykallari, buddistlar to‘planadigan joy o‘rganildi. Bu yodgorliklardagi O’zbekiston–Yaponiya davlatlari birlashgan arxeologik guruhi qazish ishlarini olib borishmoqda, topilgan ashyolar bir necha marta Yaponiyadagi ko‘rgazmada namoyish qilingan. E.Rtveladze tomonidan Surxondaryo viloyati bo‘ylab arxeologik qidiruv ishlari olib borilib, 130 dan ortiq yodgorliklar viloyat arxeologik xaritasiga qayd etilgan, ularning aksariyati antik davrga oid bo‘lgan.
Shu bilan birga, Xalchayon, Xaydarobod, Mirzako‘ltepa, Oysaritepa kabi qishloq manzillari arxeologik jihatdan o‘rganilgan.
G.A.Pugachenkova Xalchayon yodgorligida qazish ishlarini olib borib, hukmdor saroyini o‘rgandi, bu erdan suvoriylar, insonlar haykallari topilgan.
Toshkent viloyati hududida antik davr yodgorliklari
Viloyat hududidagi tarixiy obidalarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi arxeologiya institutining Yu.F.Buryakov, M.I.Filanovich, K.Abdullaev, X.Duke rahbarligidagi arxeologik guruhlari qazish ishlarini olib bordilar, natijada antik davrga oid ashyolar olindi.
Shoshtepa – Salar kanali sohilida joylashgan, to‘g‘ri burchak shaklda 300x150 m, 4,5 ga. 1978–1979 yilda yodgorlikning janubi-sharqiy qismida joylashgan arkda qazish ishlari olib borildi, natijada III qurilish davri aniqlandi. Arxeologik ashyolarga qarab Shoshtepaning xronologik davri aniqlandi.
Shoshtepa I - (mil.av. V – IV asrlar)
Shoshtepa II - (mil.av III – II asr boshlari)
Shoshtepa III - (mil.av II – I asrlar)
Kanka – Ohangaron daryosi sohilida balandlikka to‘g‘ri bo‘lmagan to‘g‘riburchak shaklda qurilgan, umumiy maydoni 150 ga. Qadimda devor bilan o‘rab olingan. Shimol tomon burchagida ark joylashgan. Devor avval paxsadan, keyin xom g‘ishtdan tiklangan. Devorda aylana shaklda kungurlar mavjud, uning hajmi 9 m.
Kavardan – noto‘g‘ri to‘g‘riburchak shaklda, umumiy maydoni – 75 ga. Qadimda ikki qatorli devor bilan o‘rab olingan. Aylana shakldagi arkka ega. Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida antik davr yodgorliklari juda kam o‘rganilgan. Jizzax hududida Zamin shahari to‘g‘risida kam ma’lumotlar bor.

Yüklə 38,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin