Shoshtepa Toshkent shahrining janubiy qismida, Jo‘n kanali qirg‘og‘ida joylashgan. Bugungi kunda bu hudud Sergeli tumanining Shoshtepa mahallasiga qarashlidir. Yodgorlik dastlab qishloq tarzida shakllanib, mil.avv. II asrga kelib shahar qiyofasini ola boshlagan.
Shoshtepadagi tadqiqotlar chog‘ida tashqi savdo aloqalaridan guvohlik beruvchi ikkita nodir buyum topilgan. Ulardan biri fil suyagidan yasalgan qadahning bir bo‘lagi bo‘lib, uning hajmi 5-3,5 sm bo‘lgan. Unda erkak kishining siymosi qabartma qilib tasvirlangan.
Ikkinchi bebaho topilma stil’-suyak qalam bo‘lib, milodning I-II asrlariga mansubdir. Suyak qalam 15 sm uzunlikda bo‘lib, bir tomoni yozish uchun uchli qilib, ikkinchi tomoni esa o‘chirg‘ich uchun romb shaklidagi kurakcha shaklida ishlangan. Shoshtepadan topilgan topilmalar orasida eng diqqatga sazovorlaridan biri nuroniy moysafidning surati tushirilgan terrakota bo‘lib, unda o‘sha zamonlarda Choch yoki Shoshda yashagan qadimgi aholining etnik qiyofasi mujassamlashgan.
Qadimgi Baqtriya yodgorliklari.
Baqtriyada buddizm davlat dini darajasiga ko‘tarilgach, Budda haykaltaroshlik san’ati ma’naviy hayotning mazmuniga aylandi. Bularni Dalvarzintepa, Fayoztepa, Ayrtom, Qoratepa va boshqa yodgorliklarda ko‘rishimiz mumkin. Baqtriya–Toharistonda buddizmni qabul qilgan mahalliy ustalarning professional maktabi shakllanadi
Shimoliy Baktriyaning eng katta ibodatxonasi Termiz yaqinidagi Qoratepa yodgorligi hisoblanadi. Yodgorlik dastlab B.Y.Staviskiy tomonidan o‘rganilgan. Bugungi kunda bu yerda turli soha mutaxasislari, yapon olimlari tadqiqoti ishlarini olib borishmoqda. Bu yerda sakkizdan ortiq inshootlar majmuasi ochib o‘rganilgan. Har bir bunday inshoot yo‘lak – ayvonlar o‘rab turgan to‘g‘ri to‘rtburchakli katta hovli va yer ostiga qurilgan inshootlardan iborat. Xonalardan Budda haykali, buddizmga xos inshoot-stupalar topilgan.
Barcha stupalar bir xil qurilgan. Ularning asosi to‘rtburchak bo‘lib, uning ustiga tsilindirsimon inshoot qurilgan, uning usti gumbazsimon tarzda bo‘lgan. Ustiga yog‘och yoki toshdan yasalgan langar o‘rnatilgan. Langarda toshdan yasalgan bir necha soyabon bo‘lgan. Soyabonlar muqaddas daraxt ramzi bo‘lib, buddistlar uni chatra deb atashadi. Shu daraxt soyasi ostida Budda o‘zining g‘oyalarini ishlab chiqqan. Yer ostiga qurilgan inshoot bilan yer ustiga qurilgan inshoot bir biri bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular zinalar orqali birlashtirilgan. Koratepa ibodatxonasining devorlariga diniy mazmundagi rasmlar va ibodatxonani qurilishda homiylik qilgan insonlarning rasmlari solingan. Rasmlar katta mahorat bilan chizilgan va o‘sha zamonning diniy mafkurasini o‘zida aks ettiradi.
Mil.avv. 330–327 yillarda Makedoniyalik Iskandarning O‘rta Osiyoga qilgan harbiy yurishlari natijasida Parfiya, Marg‘iyona, Baqtriya va Sug‘diyona davlatlari vayronaga aylandi. Natijada uzoq vaqtgacha bu yerlarda madaniy taraqqiyot sezilmadi. Faqatgina mil.avv. III asrda salavkiylar hukmronligi davrida biroz o‘zgarishlar yuz berdi. Ular yunonlar madaniyatini O‘rta Osiyoga yoyishga intilib, shu sohada bir qator islohatlarni o‘tkazdilar.
Mil.avv. III asr o‘rtalarida Yunon-Baqtriya davlatining qaror topishi bilan mahalliy madaniyatga ellinizm elementlarning kirib kelishi jadallashdi. Lekin O‘rta Osiyoda ellinizm madaniyati tom ma’noda shakllanmadi. Uning ba’zi xususiyatlarigina kirib keldi. Bu moddiy madaniyatda kuzatildi. Kvadrat g‘ishtlarni taxlash va mudofaa devorlarining qurilish uslublarida, nayza o‘qining uchiga o‘xshagan nishaklarning, kolonnali zallarning qurilishida, ayol terrakota haykalchalarining va ochiq shakldagi sopol idishlarning keng tarqalishida yaqqol ko‘zga tashlandi.
O‘sha davr madaniy yuksalishlarida Baqtriyada Dalvarzintepa, Eski Termiz, Jondavlattepa; Sug‘da Afrosiyob, Yerqo‘rg‘on, Poykent; Xorazmda Yonboshqal’a, Ayozqal’a, Bozorqal’a, Tuproqqal’a, Qoyqirilganqala; Chochda Qanqa, Shoshtepa, Qovunchitepa; Farg‘onada Axsikent, Koson, Marhamat kabi yodgorliklar, yuzlab qishloqlar shakllandi.