O‘yinchoq va predmetlarga qarab hikoya qilishga o‘rgatish Reja
Qurilish materiallari: G’isht, panel, bloklar, ko‘tarma kranlar, yuk mashinalar, ishchilar uchun ish qurollari, uy maketlari, mashg’ulot uchun ko‘rgazmali qurollar vazifasini o‘taydi.
Bolalar uch guruhga bo‘linib, tarbiyachining topshirig’i bo‘yicha turar joy, bolalar bog’chasi, do‘kon qurishni boshlab yuboradilar. Qurilish materiallari, ish qurollari har uch guruhga bab-baravar taqsimlanadi. Bir guruh bolalar rasmga qarab, turar joy binosi, ikkinchi guruh bog’cha, uchinchi guruh esa do‘kon quradilar. Bolalar faqat rasmdagi tasvirga qarab emas, o‘zlarining tasavvurlaridagi imoratlarni qurishlari mumkin. Masalan, rasmdagi turar joy binosi to‘qqiz qavatli panelli bino bo‘lsa-da, kichkintoy quruvchilar negadir besh qavatli g’ishtli imorat quradilar. Do‘kon rasmda ikki qavatli bo‘lsa, ular bir qavatli qilib quradilar.
Imoratlarni qurishda bo‘sh qolgan bolalar ham uch guruhga bo‘linib, «quruvchilar»ga yordam beradilar (og’zaki).
Turar joy hovlisiga yuk mashinalari birin-ketin kirib kela boshlaydi. Bular yangi turar joyga ko‘chib kelayotgan «xonadon»larning yuklari bo‘lishi mumkin.
Do‘kon ham gavjum. Hamma qo‘g’irchoqlar xarid bilan band.
Nihoyat, asosiy muammo, bolalarning o‘zlari qurgan binolari haqidagi hikoyalari tinglanadi.
Sadriddin: Biz besh qavatli turar joy binosini qurib bitirdik. To‘qqiz qavatlik qurmadik, sababi liftlar tez-tez ishlamay qolib, buvalarimiz, buvilarimiz yuqoriga chiqishga qiynaladilar. Uyimizning kirish joylarini, mehmonxona va yotoqxonalarini, bolalar xonasini ham keng-keng qilib qurdik. Hovlisida bolalar maydonchasi bor. Gulzorlarga joy ajratdik. To‘yxonamiz ham bor. Keyin har bir xonadon uchun mevali bog’chaga ham joy ajratdik. Yozda, issiqda daraxtlar soyasida hordiq chiqariladi. Bog’cha va do‘konni uyimizga yaqin joyga qurdik.
Lutfiniso: To‘g’ri, bog’cha turar joylarga yaqin bo‘lgani yaxshi. Biz maslahatlashib, bog’chani turar joylarga yaqin qurdik. Bog’chamizning hovlisi keng, ko‘rkam, soya-salqin bo‘lishiga, o‘yin maydonlariga e’tibor berdik, ya’ni rasmdagidan o‘zgartirdik.
Sojida: Biz ham do‘konni uylarga yaqin qurdik. Onalarimiz ishdan qaytayotganda bizni bog’chadan olib, do‘kondankerakli narsalarini xarid qilib, shundoq uyimizga kirib ketaveradilar.
Haqiqatan ham bolalar qurilishga ijodiy, hayotiy yondashadilar va bu ijodkorlik ularning nutqida o‘z ifodasini topadi. Shunisi ham borki, yuqorida bayon etayotgan monologik nutq usullarining har biri alohida-alohida yuz bermaydi. Ular ba’zi hikoyalarga qo‘shilib ketib, ijodiy, erkin, bir butun hikoyani ifodalashi mumkin.
Buni biz kundalik faoliyatda bolalar to‘qigan hikoyalar turkumidan bilsak bo‘ladi. Bolalar to‘qigan ertak va hikoyalarda o‘zlariga xos o‘y-xayollari, orzu-istaklari, tasavvurlari murg’ak qalbdan tilga ko‘chadi.
Ishimizning natijasi sifatida ana shu hikoyalarning ba’zilarini namuna tarzida keltiramiz:
Ruxsora. «Mening dadam xurmo ko‘chati olib kelib, bahorda hovlimizga o‘tqazgan edilar. Unda men juda kichkina bo‘lgan ekanman. Hozir men ham, xurmo daraxti ham o‘sdik. Uning barglari juda chiroyli. yozda soyasi qalin, biz daraxt salqinida rosa o‘ynaymiz. Mevasi esa mazali. Mevasini uzganimizdan so‘ng biz qarindoshlarimizga, qo‘shnilarimizga tarqatamizk. Ayniqsa, buvam va buvim duo qiladilar: «Xurmo jannatning mevasi. Uni ardoqlang, kam bo‘lmaysiz». Bu yil dadam daraxtlarni ko‘paytirmoqchilar».
Nigina. «Men oktyabr oyida oyim bilan Chinozga – xolamnikiga bordim. Birinchi marta paxtazorni ko‘rdim. Paxtalar lo‘ppi-lo‘ppi bo‘lib ochilgan. Oppoq dala. Quyoshda ko‘zni qamashtiradi.
Bir tomonda mashinalar paxta terayapti. Yoshu keksa, bolalar etak bog’lagan. Men ham paxta termoqchi bo‘ldim. Xolam menga ham etak bog’lab qo‘ydilar. Lekin tezda belim og’rib qoldi. Qishloqdagi xolamning bolalariga qoyilman. Men tengi qizlari ham paxta terdi, ham moliga o‘t yulib oldi. Bog’chaga bormas ekan».
Nurxon: «Biz oilamiz bilan qishloqdan ko‘chib kelganmiz. Qishloqda men quyosh botishini ko‘p ko‘rganman. Quyosh botganda ufq qizarib, dalalar qorong’ilasha boradi. Qorong’ulik hamma yoqqa birdan o‘rmalab ketadi. Lekin teraklar uchi xali nurli ko‘rinadi. Hamma yoqqa birdan jimlik cho‘kadi. Lekin oqshomda ham odamlar tinmaydilar.
Saharda issiq non hidi butun qishloqni tutib ketadi. Daladan qaytgan ayollar sigirni sog’ib, xamir qoradi. Tong otmay tandirga o‘t yoqib, tog’oradan toshay-toshay deb turgan xamirdan non yasab, sutga yo‘g’rilgan issiq, bo‘rsildoq nonlarni tandirdan uzib oladi. Qishloq hayoti ana shunday, issiq, bo‘rsildoq non hidi ufurgan oppoq tong bilan boshlanadi».
Ravshan. «Olmalar gullaganda bog’ juda chiroyli bo‘lib ketadi. Quyosh nurini olmoqchi bo‘lgan oppoq gulbarglar oftobga qaragan. Shabboda turib, olma gullarini silab-siypalaydi. Shunda olma gullari kuylagandek bo‘ladi. Bu asalarilar kuyi ekan. Shabboda tinadi. Go‘yo butun bog’ kuylagandek bo‘ladi. Asalarilar gullagan bog’ tepasida g’ujg’on o‘ynaydi.
Yuqoridagi hikoyalardan ko‘rinib turibdiki, ona tilining hissiy, estetik ma’no qirralarini bir vaqtning o‘zida anglay boradilar, til go‘zalligini, boyligini his etadilar.