Bilimlarni tayyor holda bayon qilish metodi. Bu metod ona tili o‘qitishda eng ko‘p tarqalgan metodlardan biridir. Bayon yordamida murakkabroq, ayniqsa, o‘quvchilarga oldindan ma’lum bo‘lmagan ma’lumotlar izohlanadi. Кo‘pincha til hodisalarining mohiyatini tushuntirish, o‘quvchilar bilimidagi bo‘sh tomonlarni to‘ldirish, qo‘shimcha ma’lumot berish, savollarga javob qaytarish maqsadida bu metodga murojaat qilinadi. Bu metod ham ijobiy, ham salbiy tomonlarga ega. Uning ijobiy tomonlaridan biri vaqtni tejash imkoniyati tug‘iladi. Bu o‘z navbatida bilim, malaka va ko‘nikmalarni mustahkamlash va takrorlashga ajratilgan vaqt miqdorini ko‘paytiradi. Bilimlarni tayyor holda bayon qilishning salbiy oqibatlaridan biri esa bu jarayonda o‘quvchining fikrlash faoliyati ma’lum darajada chegaralanishidir. Кo‘p hollarda o‘quvchi ta’lim jarayonining faqat tinglovchisiga aylanib qolishi mumkin. Bu metoddan foydalanish uchun quyidagilarga amal qilishni maqsadga muvofiq deb bilamiz:
– o‘qituvchining nutq madaniyatiga e’tiborini kuchaytirish. O‘qituvchining nutqi mantiqiy talablarga javob berishi shart. Sodda, mazmunli, ifodali, izchil nutq o‘quvchilarda bilimga nisbatan kuchli qiziqish uyg‘otadi;
– o‘quv materialini qat’iy bir reja asosida bayon qilish (qat’iy reja asosida bayon qilingan fikrlarni o‘zlashtirish o‘quvchi uchun ancha qulay);
– bilimlarni tayyor holda bayon qilish, ishontirish va asoslash. Ishontirish va asoslash o‘rganilayotgan materialga qiziqish uyg‘otadi.
Yuqorida sanalganlardan tashqari til hodisalarini sharhlash maqsadida keltiriladigan misollarning ilmiy, badiiy va tarbiyaviy yo‘nalishda bo‘lishini ta’minlash, o‘qituvchi bayoni bilan namoyish etiladigan vositalarni bir-biriga muvofiqlashtirish o‘quvchining faollik darajasini oshiradi.
Bilimlarni tayyor holda bayon qilishda o‘quvchilar diqqatini o‘rganilayotgan til hodisasining asosiy tomonlariga jalb qilish, o‘rganilgan, o‘rganilayotgan va keyinchalik o‘rganiladigan til hodisalari o‘rtasida mustahkam bog‘lanishlarni vujudga keltirish ular faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.