BOBUR FAOLIYaTI VA MEROSINI O’RGANISh TARIXIDAN.
Bobur merosi turli soha olimlari tomonidan o’rganildi va o’rganilmoqda. Shu bilan birga uning ijodiga faqat O’rta Osiyo olimlari emas, balki Evropa sharqshunoslari (masalan, Vitin, Djon Leyden, V.Erskin, A.Beverij xonim, E.Holden, V.X.Moreland va boshqalar), rus olimlari (N.I.Ilminskiy, S.I.Polyakov, N.I.Veselovskiy, V.V.Vyatkin, A. Samoylovich, V.Bartold va b.), hind olimlari (Zokir Husayn, Nurul Hasan,S.A.Sharmi, R.P.Tripatxi, P.Saran va b.) ham qiziqib, ancha ilmiy ishlar qildilar.
Bobur merosini va faoliyatini o’rganish bo’yicha respublikamizda ham birmuncha ishlar amalga oshirildi deyish mumkin. Chunonchi,1958 yilda Boburning tug’ilganiga 475 yil to’lishi nishonlandi, asarlari garchi hali to’liq bo’lmasa-da, nashr etildi.
Bobur hayoti, ilmiy, adabiy faoliyatini o’rganish va targ’ib qilishda atoqli olimlarimiz- A.G’ulomov, V.Zohidov, A.Fitrat, X.Sulaymonov, H.Yoqubov, A.Qayumov, S.Azimjonova, N.Mallaev, B.Valixo’jaev, H.Hasanov, S.Jamolov, X.Nazarovalarning xizmatlari katta.
Nazorat topshiriqlari:
1. Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqida o’z fikringizni bayon qiling.
2. Bobur faoliyati va merosini o’rganish tarixi haqida o’z bilganlaringizni sharhlang.
2-savol bo’yicha o’qituvchi maqsadi:
Boburning tilshunoslik faoliyati haqida tasavvur hosil qilish, uni asoslash. Boburning tovushlar tadqiqotchisi ekanligini tahlil etish.
Identiv o’quv maqsadlari:
2.1. Boburning tilshunos olim ekanligini asoslaydi.
2.2. Boburning tovushlar tadqiqotchisiligini tahlil etadi.
2-asosiy savolning bayoni:
O’rta asrlarda G’arbiy Evropada lotin tili xalqaro til hisoblanganidek, O’rta Osiyoda arab tili xalqaro til sifatida hukmron edi. Shuning uchun Mahmud Koshg’ariydan tortib, Abu Ali ibn Sino, Beruniygacha o’z asarlarini shu tilda bitishga majbur bo’ldi. Shu bilan birga xususan Somoniylar davrida badiiy adabiyotda forsiy til ham keng o’rin egallab,u to XV asrlargacha adabiy til sifatida mavqega ega bo’ldi. Xuroson va Movarounnahrda ham forsiy til hokim edi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiydan so’ng o’zbek adabiy tilining taraqqiyotida juda katta rol o’ynadi. Bobur ko’pincha oddiy kishilar va o’z askarlari orasida bo’ldi. Bu esa uning xalqning sodda, ayni paytda boy tilini o’rganishga va o’z navbatida asarlari tilining jozibali bo’lishiga olib keldi.
Bobur til san’atini shu darajada chuqur egallaganki, go’yo uning g’azallaridan o’ziga xos musiqa ovozi sizib turadi. Mana besh asrdirki, uning g’azallari hamon qalbni titratadi, oshifta dillarni qitiqlaydi:
Jamoling vasfini, ey oy, necha eldin eshitgaymen,
Ne kun bo’lg’ay visolingga meni dilxasta etgaymen.
X X X
Muyassar bo’lmasa boshimni qo’ymoqlik ayog’ig’a,
Boshimni olib, ey Bobur,ayoq etguncha ketgaymen.
Shoir asarlarini mutoala qilib, shu xulosaga kelish mumkinki, go’yo Bobur til bilimining nafaqat amaliy, balki buyuk tilshunos olim sifatida uning barcha (fonetikasi, morfologiyasi, uslubiyati, etimologiyasi va boshqa) bo’limlari bilan maxsus ilmiy jihatdan ham shug’ullangan.
BOBUR - TOVUShLAR TADQIQOTChISI
Adabiy tilning ikki xil - yozma hamda og’zaki shakli mavjud bo’lib, yozma shaklining taraqqiy etishida yozuvning,ya’ni imloning katta ta’siri bor. Chunki nutq tovushlarini, ularning xususiyatini qay darajada to’g’ri va aniq ifodalash ana shu yozuv sistemasiga bevosita aloqador. Shuning uchun olimlarimiz bu masalaga juda qadimdan o’z e’tiborini qaratganlar. Turkiy tillar tarixida nutq tovushlarining yozuvga munosabatiga birinchi bo’lib Mahmud Qoshg’ariy qiziqib qaradi: "Turkiy tillarda qo’llaniladigan asosiy harflar soni o’n sakkiztadir. Holbuki, tildagi tovushlar o’n sakkizta emas, ko’pdir.Bu o’n sakkiz harf etishmaydi. Bulardan boshqa tilda bo’lgan tovushlarni berish uchun yana etti harf kerak. Lekin bu harflar yo’q. U etti tovushni ana shu mavjud harflar ustiga maxsus belgi qo’yib yoziladi" deb ta’kidlaydi.
O’zbek adabiy tili tarixida esa bu murakkab, ayni paytda jiddiy masala dastlab Zahiriddin Muhammad Bobur e’tiborini tortdi. U o’zbek tilidagi nutq tovushlari bilan yozuv usulidagi nomutanosiblikni sezib, mavjud alifboni isloh qilishga kirishadi va 1503-1504 yillarni ko’zda tutib, "Ushbu mahallarda Boburiy xatni ixtiro’ qildim",- deb yozadi. Bobur ixtiro qilgan bu yangi yozuv turkiy xalqlar tillariga mos alifbo qidiruv yo’lidagi katta jasorat edi. Bobur yozuvida hech bir harf nuqta bilan yozilmagani, soddaligi va qulayligi bilan iste’moldagi alifboga nisbatan ancha afzalliklarga ega edi. Bu birinchidan, Boburning etuk tilshunos olim sifatida nafaqat so’zga, balki har bir tovushga ham jiddiy e’tibor berib, unga ilmiy nuqtai nazardan yondashganligini ko’rsatadi. Ikkinchidan, o’zbek tili imlosining hozirgi ahvoliga nazar tashlaydigan bo’lsak, masalaning mohiyati yanada chuqurroq ochiladi. Chunki o’zbek tili imlosi turkiy tillar ichida eng g’aribi. Tildagi nutq tovushlarini to’liq ifodalay olmaydi.
Bobur o’z asarlarida, xususan, "Boburnoma"sida ayrim tovushlarning qo’llanilishi va hatto ularda uchraydigan ba’zi jarayonlarni izohlash bilan ham tovushlar tadqiqotchisi ekanligini namoyish etadi.
Bu ayni paytda bizga o’sha so’zning, hatto ba’zi urug’larning tarixini belgilash uchun ham qimmatli manba bo’lib xizmat qiladi. Masalan, u "shin" va "sin"ning almashinib qo’llanishini "Kashmir" nomini izohlash jarayonida juda chiroyli ifodalaydi: "...bu tog’ elini kas derlar...Xinduston eli "shin"ni "sin» talaffuz qilur. Chun bu tog’da mo’’tabar shahr Kashmirdur...Bu jihattin bo’la olurkim, Kashmir demish bo’lg’aylar" ("Boburnoma" 342-bet). Ko’rinadiki, kas aslida kash bo’lib chiqadi va kashmir shu tog’dagi qabila nomi bilan bog’liq. Zahiriddin Muhammad Bobur izohlagan bu fonetik jarayon haqidagi fikr yana shu bilan ahamiyatliki, u turkiy tillarda o’zining ilmiy xulosasini to’liq topdi. Bu tovushlarning har ikkalasi ham til oldi, jarangsiz, sirg’aluvchi. Ya’ni, xususiyati jihatidan bir-biriga yaqin, shunga ko’ra "s"undoshining "sh"ga almashinishi qadimgi turkiy til davridayoq mavjud bo’lib, hozirgi ba’zi turkiy tillarda ham saqlanib qolg’an. Jumladan, hozirgi o’zbek adabiy tilida "sh" tovushi qo’llangani holda, qozoq va qoraqalpoq tillarida aksariyat uning o’rnida "s" undoshi ishlatiladi. Qiyoslang: tosh-tas, besh-bes, osh-as,oltmish-altpo’s kabi. Bunday jarayon hozirgi o’zbek shevalarida ham uchraydi. Chunki shevalar tilning xususiyatini o’zida uzoq saqlaydi.
Ma’lumki, Bobur bir necha tilni yaxshi bilgan. Shuning uchun bir tildan ikkinchi tilga o’tgan so’zning shu tilda ifodalagan ma’nosi, hatto o’sha o’tish davrida unda yuz bergan fonetik jarayonlarni ham izohlashga harakat qiladi. Jumladan, mo’g’ul tilidan o’zlashgan "olacha" so’ziga olimning bergan izohi shu fikrga to’liq dalil bo’la oladi: "Olachaning vajxi tasmiyasi muni derlarkim, qalmoq va mo’g’ul tili bila o’ldurguchini "olachi" derlar, qalmoqni necha qatla bosib, qalin kishisin qirg’oni uchun Olachi de-de kasrati iste’mol bila Olacha bo’lubtur" ("Boburnoma",68-69-betlar) (ta’qid bizniki -T.B.) Darhaqiqat, turkiy tillar tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, turli fonetik jarayonlar yuz berganligining guvohi bo’lamiz. Chunonchi, qadimgi turkiy til davrida ayrim so’zlardagi tor "i" unlisi eski o’zbek tili davriga kelib keng "a" unlisiga aylandi. Qiyoslang: yigirmi-yigirma. Ko’rinadiki, bu o’rinda, bir tomondan, turkiy tillarga xos fonetik jarayon mavjud. Ikkinchi tomondan "olachi" so’zidagi birinchi va ikkinchi bo’g’indagi keng unli singarmonizm qonuniyatiga binoan oxirgi bo’g’indagi tor unlini o’ziga moslashtirgan. Har ikki holatda ham bu kabi jarayonlarning muallif e’tiborini tortishi va uni to’g’ri izohlashi bugun ilmiy nuqtai nazardan qaraganda to’liq asosli chiqayotganligi Boburning (fonetika) nutq tovushlari ilmining etuk bilimdoni va uning sinchkov tadqiqotchisi ekanligini ko’rsatmoqda.
Dostları ilə paylaş: |