O’zbek tilshunosligi kafedrasi I. Pardayeva O’zbek tilshunosligi tarixi



Yüklə 1,77 Mb.
səhifə50/88
tarix04.10.2023
ölçüsü1,77 Mb.
#152259
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   88
portal.guldu.uz-O’ZBEK TILShUNOSLIGI TARIXI

Nazorat topshiriqlari:
2.1. Boburning tilshunos olim ekanligini asoslang.
2.2. Boburning tovushlar tadqiqotchisiligini tahlil eting.


3-asosiy savol bo’yicha o’qtuvchi maqsadi:
Boburning so’z qurilishi tadqiqotchisi ekanligini asoslash, izohlash. Bobur so’zlar etimologiyasi tadqiqotchisi ekanligini sharhlash.
Identiv o’quv maqsadlari:
3.1. Boburning so’z qurilishi tadqiqotchisi ekanligini izohlaydi.
3.2. Boburning so’zlar etimologiyasi tadqiqotchisi ekanligini sharhlaydi.
3-asosiy savolning bayoni:
Ma’lumki, tilda lug’aviy qatlam mavjud bo’lib, u ob’ektiv va qonuniy holatdir. Lug’aviy qatlam tushunchasi muayyan til leksikasidagi lug’aviy qatlamlanishni ko’zda tutadi. Qatlamlanuvchi so’zlar kelib chiqish nuqtai nazardan turli manbalarga, tarixan esa turlicha davrga tegishlidir. Masalaga ana shu asosda yondashadigan bo’lsak, tildagi so’zlarni ikki manbaga bo’lishga to’g’ri keladi. Chunonchi, shu tilning o’zining so’zlari va boshqa tildan o’zlashgan so’zlar. O’z-o’zidan bu holat tilning lug’aviy qatlamini ikkiga ajratadi: 1) o’z qatlam; 2)o’zlashma (o’zlashgan) qatlam. Bu qatlamlarning o’ziga xos belgilari, ularning aniq bir tildagi ko’rinishlari masalalari o’zbek tilshunosligida ayrim ishlarda o’z ifodasini topgan. Biz bu o’rinda tildagi o’z qatlam va o’zlashgan qatlam haqida mufassal to’xtalmoqchi emasmiz, zero, bunga ehtiyoj ham yo’q. Gap shundaki, eski o’zbek tili davridagi leksika, ya’ni so’zlar (darvoqe, hozir ham) xususiyati shunday edi. Zahiriddin Muhammad Bobur avval ta’kidlanganidek, birnecha tillarni yaxshi bilgan, tilda qo’llanilayotgan so’zlar, ularning yasalishi, hatto shakl yuzaga (forma yasovchi) keltiruvchi qo’shimchalarga ham o’zining munosabatini bildiradi. Ammo biz uning mazkur sohaga doir barcha fikrlarini izohlab o’tirmaymiz.
Balki shu ikki qatlam, ikki xil qo’shimchaga aloqador bo’lgan atigi bittadan misol keltirish bilangina chegaralanmoqchimiz. Jumladan, Bobur fors-tojik tilidan kirgan "pos" so’zi haqida to’xtalib, uning sutkaning sakkizdan bir qismini , ya’ni uch soatni bildirishini, "posbon" so’zi esa posdan xabar beruvchilar ekanligini izohlaydi. Darhaqiqat -bon (-von) qo’shimchasi asos so’zdan anglashilgan predmet yoki ob’ektga ega shaxs nomini yasaydi. Bu qo’shimcha asl turkiy so’zlar tarkibida kamdan-kam uchraydi. Yoki Boburning kattaroq qishloqni kent, kichikrog’ini kentgina deb ajratishi ham qiziq fakt: " Toshkent bila Sayromning orasida yago degan kent va yana bir necha kentginalar bor". ("Boburnoma",159-bet). Hozirgi o’zbek adabiy tilida ham -gina qo’shimchasining kichraytirish formasini hosil qilish xususiyati saqlanib qolgan. Ko’rinadiki, Bobur bizning ko’z o’ngimizda tilshunoslikning yana bir bo’limi - morfologiya qismi bilan shug’ullanuvchi olim sifatida gavdalanadi.
BOBUR - SO’ZLAR TARIXI (ETIMOLOGIYaSI) TADQIQOTChISI
Etimologiya (grekcha so’z) tilshunoslikning so’zlarning kelib chiqishi, manbaini o’rganadigan bo’limi bo’lib, o’zbek tilshunosligi va umum turkologiyada bu sohada birmuncha ishlar qilindi deyish mumkin. Biroq bu o’rinda izoh talab qilinadigan holat shundan iboratki, til tarixi, xususan, o’zbek tili tarixi juda uzoqqa borib taqaladi.
Demak, so’zlarning tarixi bilan, ayniqsa, so’zning kelib chiqish manbai bilan shug’ullanish fanning juda ko’p tomonlaridan xabardor bo’lishni taqozo etadi. Buning ustiga yana xalq talqinlarini ham qo’shadigan bo’lsak, masalaning naqadar murakkabligi o’z-o’zidan aniq bo’ladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur juda ko’p so’zlarning kelib chiqish tarixi, ifodalagan ma’nosiga izoh beradiki, bu uning ayni paytda bilim va fikr doirasining naqadar keng va chuqur ekanligini ko’rsatadi. Chunonchi, qarshi so’ziga shunday izoh beradi: "Yana qarshi viloyatidurkim, nasaf va naxshab ham derlar, qarshi mo’g’ulcha ottur, go’rxonani mo’g’ul tili bila QARShI derlar. G’olibo bu ot Chingizxon tasallutidin so’ng bo’lg’ondur" ("Boburnoma", 108-bet). Tarixda qarshi nomi XIV asrdan boshlab aniq bo’lib, Mahmud ibn Valining (XVIIasr)ta’kidlashicha, "Kepakxon mo’g’ul u erda bir ko’shk qurgan edi (va) mo’g’ul tilida ko’shkni qarshi ataganlari uchun o’sha vaqtdan boshlab ul shahar qarshi nomi bilan mashhur bo’ldi". Darhaqiqat, Kepakxon (Kebekxon) hukmdorlik qilgan davrida (ya’ni 1318-1326 yillarda) xonlikka atab qo’rg’on va qasr qurdirgan. Bu qasr xalqning tilida qarshi bo’lib qo’llanilgan.Chunki qarshi so’zi turkiy tillarda va mo’g’ul tilida qasr ma’nosini ifodalagan. Qiyos qiling: mo’g’ul tilida harsh-qasr (dvorets); Mahmud Koshg’ariyning "Devoni lug’atit turk"ida qarshi shoh qasri degan ma’noda qo’llangan. Abru (XIV asr solnomachisi)ham bu so’zga izoh berib "turkiy tilda podshohning qasrini qarshi deydilar"deb ta’kidlaydi, V.V.Radlov qarshi so’zining xon qo’rg’oni ma’nosini ifodalashini izohlashi bilan birga, u so’zni uyg’ur tiliga nisbat beradi. V.V.Bartold qarshini qo’rg’on, saroy deb, mo’g’illar bu so’zni uyg’urlardan o’zlashtirgan deb qaraydi. S.Qoraev "...qarshi so’zi asli turkiy bo’lib , u uyg’urlardan mo’g’illarga, mo’g’illardan esa O’rta Osiyodagi turkiy xalqlarga o’tgan"deb yozadi.
T.Nafasov: "Bu so’z uyg’urlardan mo’g’il tiliga o’tgan bo’lishi mumkin, lekin 11-12 asrlar o’zbek tili yodgorliklarida qo’llangan bu so’z 14 asrdan keyin iste’moldan chiqqan"deb ta’kidlaydi. Ma’lumki davrlar o’tishi bilan ba’zi so’zlar o’z ma’nosini o’zgartirishi mumkin. Ba’zan uning ma’nosi torayadi, ba’zan esa kengayadi. XV-XVI asrlarga kelib qarshi so’zi ham yangi ma’no kasb eta boshladi. Chunonchi, xonning avlod ajdodlari, yoki boshqa mo’’tabar shaxclarning qabri uchun qurilgan maqbara, dahmalari ham qarshi deb atalgan. Bunday kishilarning jasadlari esa maqbara ichiga qo’yilib, maqbara ayni paytda saroy - qarshi ichiga joylashgan. Bobur Qarshi so’zining shu ma’nosiga asoslanib, uni xuddi shu nuqtai nazardan izohlagan. Qarshini mo’g’ulcha deyishi esa bu davr o’zbek adabiy tilida qarshi so’zining iste’moldan chiqqanligi, qarshi nomining mo’g’ullar xukmdor paytda, shahar nomiga asos bo’lgan qasr – qo’rg’onning yaratilishi mo’g’ullar bilan aloqador ekanligi bilan izohlanadi.
Bu o’rinda yana izoh talab etiladigan bir holat shundan iboratki, shaharning nomiga asos bo’lgan so’z turkiy tillarga tegishlidir. Chunki Urxun-Enasoy yodnomalarida qarshi saroy, qo’rg’on, XII-XIII asr o’zbek tilida ham qarshi-saroy (dvorets) ma’nolarida qo’llanilgan.
O’rta asrlar va undan oldin Kesh nomi bilan mashhur bo’lgan, XIV asrdan boshlab Shahrisabz deb atalgan shaharning nomini ham Bobur juda asosli izohlaydi. Chunki, bu shaharning fayzi,tarovati o’z nomiga mos, ko’katlari ko’p, yashil shahar "Yana Kesh viloyatidur,Samarqandning janubidadur, to’qqiz yig’och yo’ldur. Samarqand bila Kesh orasida bir tog’ tushubtur, Itmak doboni derlar. Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xo’b sabz bo’lur uchun Shahrisabz ham derlar" ("Boburnoma", 108-bet, ta’kid bizniki- T.B.).
Boburning "ho darvesh" so’zining kelib chiqishi haqidagi fikri ham juda qiziq: "Xo’jand bila Kandibodom orasida bir dasht tushubtur, Hodarveshga mavsumdur. Hamisha bu dashtta el borur. Marg’inongakim sharqidur, hamisha mundin el borur. Xo’jandgakim g’arbidur, doyim mundin el kelur: tund ellari bor. Derlarkim, bir necha darvesh bu bodiyada tund elga yo’luqub, bir-birini topolmay, "Ho, darvesh","Ho, darvesh", de-de halok bo’lubturlar, andin beri bu bodiyani Hodarvesh derlar" ("Boburnoma",62-bet).
Andijonning shimol tomonida Sayxun daryosining yoqasidagi Takasekretku degan joy nomining kelib chiqish sababini Bobur shunday izohlaydi: "...Takasekretku (Takasekrigan) degan erda, bu jihatdin ul mavzu’ bu ismga mavsumdurkim, tog’ domanasi jihatidin bu daryo andoq tor oqarkim, rivoyat qilurlarkim, ul erdin taka sekrigandur..." ("Boburnoma",65-bet) (ta’kidlar bizniki-T.B.)
Umuman Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari juda ko’p so’zlarning kelib chiqishini aniqlash borasida boy manba bo’lib xizmat qiladi. Zero, u so’zlar tarixi (etimologiyasi) tadqiqotchisi edi.

Yüklə 1,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   88




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin