So`zlarning bir-biri bilan bog’lanishini, o`zaro aloqasini ko`rsatadigan suffikslar so`z turlovchi suffiks deyiladi. Bunda: Men bu kitobni kutubxonadan oldim (turlovchilar: -ni, -dan, -dim), Ahmadning akasi institutda o`qiydi (turlovchilar: -ning, -si, -da, -di), Karim dalaga ketdi (-ga, -di) gaplaridagi so`zlarning o`zaro bog’lanishiga xizmat qiluvchi suffikslarning o`rniga ahamiyat berilgan. Lekin fe’llardagi zamon qo`shimchalari (-di: ketdi - o`tgan zamon) turlovchilar qatoriga kiritiladi. Bu esa mazkur mavzuga tegishli masalalarning atroflicha o`rganilmaganligi bilan izohlanadi. Shunga qaramay, bu tasnif qo`shimchalarning bo`linishi ma’lum bir izchillikka tusha boshlaganligidan dalolat beradi. 1943-yilda prof. A.G’.G’ulomov turlovchilarni farqlash uchun “tuslanish” atamasini taklif qildi. Bungacha esa tuslanish va turlanish umumiy bir nom ostida “turlanish”deb nomlanar edi.
70-yillarga qadar maktab darsliklarida shakl yasovchi va so`z o`zgartiruvchi qo`shimchalar farqlanmay, barchasi so`z formasi deb atalgan edi. Ya’ni so`z o`zgarishi va shakl yasalishi kabi so`zning grammatik shakllarini ikki guruhga ajratishga hech qanday asos yo`q ekanligi ta’kidlab kelinadi2. Lekin oliy o`quv yurtlarida va qator ilmiy tadqiqotlarda shakl yasash va so`z o`zgartirishni farqlash 50-yillardayoq boshlangan bo`lib, 1965-yil nashr etilgan U.Tursunov, J.Muxtorov, Sh.Rahmatullayevlarning “Hozirgi o`zbek adabiy tili” qo`llanmasida zikr etilayotgan grammatik shakllarga quyidagicha ta’rif beriladi: “… affikslar ma’no va vazifalariga qarab uch xil bo`ladi: so`z yasovchilar, forma yasovchilar va so`z o`zgartiruvchilar”3. Shuningdek, ushbu qo`llanmada forma yasovchilarga quyidagicha izoh beriladi: “So`zning leksik ma’nosini o`zgartirmay, unga har xil semantik-grammatik ottenkalar, qo`shimcha ma’nolar kiritadigan affiks forma yasovchi affiks deyiladi. Forma yasovchilar yangi so`z yasamaydi, shu bilan birga so`zlarning o`zaro munosabatini ko`rsatish uchun xizmat qilmaydi”. So`z o`zgartirish esa: “Grammatik ma’no ifodalab, o`zi qo`shilib kelgan so`zning boshqa so`zlar bilan munosabatini bildiradigan affiks so`z o`zgartiruvchi affiks deyiladi. So`z o`zgartiruvchi affikslar turlovchi va tuslovchilarga bo`linadi”,- deb ko`rsatiladi. Shundan so`ng o`zbek tilshunosligida va shu davrda olib borilgan qator ishlarda forma yasovchi va so`z o`zgartiruvchi qo`shimchalari kabi tushunchalar va ularga doir grammatik ta’riflar keng qo`llanila boshlandi. 70- yillardan keyin “maktabni fan bilan bog’lash”, “fan yangiliklarini maktabga kiritish” shiori ostida ona tili ta’limiga dastlab so`z o`zgartiruvchi qo`shimchalar kiritilib, ular turlovchi va tuslovchilar bilan chegaralandi. Forma yasovchilar esa sharhlanmadi.
O`zbek tilshunosligida ikki qismlik “O`zbek tili grammatikasi”ning 1975- yilda nashr etilishi o`zbek tili morfologiyasini tadqiq etishdagi eng katta yutuq bo`ldi. Ushbu akademgrammatika o`zbek tilshunosligining morfologiya sohasida qilingan jiddiy tadqiqotlardagi barcha yangi qarashlarni o`zida mujassam etadi. Unda “So`z yasalishi” alohida qayd etilib, qo`shimcha, o`zak va uning tarkibi hamda morfemikaga oid barcha qarashlar o`z ifodasini topdi. O`zbek tilshunosligiga doir ushbu qimmatli manbada shakl hosil qiluvchi va so`z o`zgartiruvchi qo`shimchalar quyidagicha umumlashtiriladi: “Forma yasovchi affikslar yangi so`z hosil qilmaydi, ma’noni keskin ravishda boshqa qilib yubormaydi, balki har xil ottenkalar orttiradi, modifikatsiya qiladi. Yasovchilar leksik ma’no bilan bog’lansa, ular grammatik ma’noga ega bo`ladi. Bular kichraytirish, erkalash, chegaralash, kamlik, oshirish, ko`paytirish, gumon, taxmin, emotsionallik kabilarni bildirish – asosiy ma’noga shularni qo`shish bilan xarakterlanadi. Bular orttirgan qo`shimcha ma’no yasovchi darajasidagi ayrim ma’no emas. Anglashiladiki, forma yasovchilar, so`z o`zgartiruvchilardan ham farqlanadi: leksik ma’noga qo`shimcha ottenka berish, sintaktik xarakterga ega emaslik, paradigma hosil qilmaslik va boshqalar. Forma yasovchi affikslar: ot turkumida (keng ma’noda); kichraytirish, erkalash, achinish, kamaytirish, taxmin, gumon kabi ma’nolar bildiradigan affikslar (qizcha, bo`taloq, qo`zichoq, onajon, bolagina, semizroq, oqish, qoramtir, qisqacha va b.); otlardagi (olmoshda ham) ko`plik ko`rsatkichi (bolalarni, nimalarni), sonlarning turli ko`rinishlarini hosil qiladigan affikslar (-ta, -inchi, -ala, -cha, -tacha ); gumon olmoshi hosil qiluvchi -dir (kimdir, nimadir) affiksi, fe’l turkumida; bo`lishsizlik ko`rsatkichi - ma, fe’lning “kengaytiruvchi” – intensivlik bildiruvchi, kuchaytiruvchi, vid-tus, harakatning takrorlanishi, uzoq davom etishi va kuchsizlanishini bildiradigan affikslari (-qi, -qa, -gi, -g’i, -la, -inqira, -i, -a kabilar; bur-bura, chay-chayqa, to`z- to`zg’i, qo`zi-qo`zg’a, yul-yulqi, tep-tepkila, oqardi-oqarinqiradi, kuldi-kulimsiradi va boshqalar. Qiyoslang; terladi-terchiladi, terdi-termachaladi); buyruq-istak maylining “kuchaytiruvchilari” (-gil, -in; borgil, bilayin), zamon, mayl ko`rsatkichlari; fe’l funksional formasini hosil qiluvchi affikslar (sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi) daraja ko`rsatkichlari, taqlid so`zlarning kengaygan formasini hosil qiladigan -ir kabi affikslar ham forma yasovchiga kiradi: taq-tuq, taqir-tuqir). So`z o`zgartiruvchi affikslar so`zlarni bir-biriga bog’lash uchun xizmat qiladi.
Ular egalik, kelishik, fe’llardagi shaxs va son ko`rsatkichlaridir.
So`z o`zgartiruvchilarning ma’nosi sof grammatik xarakterdadir. Forma yasovchilar bilan so`z o`zgartiruvchilarning ikkalasi ham faqat bir turkum doirasida bo`ladi”1.
Shu bilan o`zbek tilshunosligida forma yasash va so`z o`zgartirish qat’iy ajratildi va shunday izchillikda o`rgatib borildi.
O`zbek tili me’yorlarini belgilash va ommalashtirishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan rus tili darsligi namunasi asosida tuzilgan qo`llanmalar 90- yillargacha amalda bo`ldi. Bu hol ta’lim tizimining turg’unlikka yuz tutishiga va ijtimoiy tarraqqiyot hamda ijtimoiy ehtiyojdan uzilib qolishiga olib keldi. Shuning uchun istiqlol davri boshlaridayoq ona tilining ta’lim mazmunini yangilash, o`zbek tili grammatik qurilishini rus tili grammatik me’yorlari chizmasi asosida baholash asoratidan qutqarish harakati boshlandi. Chunki shakl yasash va so`z o`zgartirish o`zbek tili tabiatidan kelib chiqqan hodisa emas. Har ikki tushuncha ham tabiatan flektiv bo`lgan rus tili me’yorlari asosida ishlab chiqilgan. Shu bois umumiy o`rta ta’limda ona tilidan ta’lim mazmuni va usulini yangilash bo`yicha izlanishlar boshlanib, respublikamizda ona tilidan o`quv fani maqsad va mazmunini yangilashga qaratilgan dasturlarga tanlov e’lon qilindi. Mavjud imkoniyatlar doirasida o`ndan ortiq o`quv dasturlari ishlab chiqildi va jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.3 Umuman olganda, yuqorida ko`rib o`tganimiz, qadimgi dunyoning barcha tilshunoslik maktablarida yaratilgan ja’miki ilmiy izlanishlar keyinchalik shakllangan Yevropa lingvistikasi tamal toshining qo`yilishiga asos bo`lgan. Shuningdek, yangi o`zbek tilshunosligining shakllanishi hamda taraqqiy etishida olis Sharq va G’arb tilshunosligining ham ahamiyati katta bo`ldi. Shu bilan birga istiqlol davri o`zbek tilshunosligida ham mazkur maktab vakillari yondashgan ilmiy qarashlardan qimmatli manba sifatida hozirgacha ham foydalanib kelinmoqda.
Shuningdek, mustaqillik sharofati bilan ta’lim mazmuni va usulini yangilash, o`zbek tili grammatik qurilishi talqinini rus grammatikasi asoratidan xoli qilish umumxalq va davlat ahamiyatiga molik ishga aylandi. Ayniqsa, 1997-yili O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi to`qqizinchi sessiyasida “Ta’lim to`g’risida” gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilinishi ona tili ta’limida ham tez orada o`z samarasini berdi. Uzluksiz ta’limning yangi tizimi bo`yicha qator ishlar amalga oshirildi. O`zbek tilshunosligi ham o`zining milliy tabiatidan kelib chiqqan holda tadqiq qilinib, qator yutuqlarni qo`lga kiritdi. Birgina morfologik shakllarning lug’aviy, sintaktik va lug’aviy-sintaktik shakllar kabi turlarga ajratilib o`rganilayotgani yangilanayotgan ona tilimiz muvaffaqiyatlaridan biri hisoblanadi.