Sintaktik shakl yasovchilar (aloqa munosabat shakllari)”1.
“Asosga qo`shilib, uning ma’nosiga qo`shimcha ma’no yuklovchi qo`shimchalar lug’aviy shakl yasovchilardir. Ularga otlardagi ko`plik, kichraytirish-erkalash, qiyoslash ma’nolarini beruvchi shakllar, sifatlardagi daraja, shuningdek, fe’ldagi nisbat, bo`lishli-bo`lishsizlik hamda fe’lning vazifa shakllari (ushbu shakllarga keyingi qismlarda chuqurroq to`xtalamiz) kiritiladi”. “O`zi qo`shilayotgan so`zni boshqasiga bog’lash vazifasini bajaruvchi qo`shimchalar sintaktik shakl yasovchilar (aloqa-munosabat shakllari) deyiladi. Mazkur qo`shimchalarga egalik, kelishik, bog’lamalar, fe’llardagi mayl, zamon hamda shaxs-son shakllari kiritiladi”2. Keyingi yillarda boshqa mualliflar tomonidan yaratilgan maktab darsliklarida ham ushbu ta’riflar takrorlanadi.
Uzluksiz ta’limning keyingi uch yillik, akademik litsey va kollejlar tizimida ham o`quvchilarga shu tarzdagi qoidalar biroz o`zgartirilgan holda beriladi. Unga ko`ra asos yetakchi morfema va qo`shimcha ko`makchi morfema nomlari ostida keltiriladi. Shakl yasovchi morfemalarning sintaktik imkoniyatlari hisobga olingan holda quyidagi turlarga bo`linadi:
sintaktik munosabat bildirmaydigan morfemalar (lug’aviy shakl yasovchi qo`shimchalar);
sintaktik munosabat bildiradigan morfemalar (aloqa-munosabat shakllari).
Lekin ushbu mavzu yuzasidan ilmiy izlanishlar tilshunos olimlar tomonidan turlicha, so`z shakllarining hamma imkoniyatlari hisobga olingan holda istiqlolning dastlabki yillaridanoq olib borilgan va hali ham davom etmoqda. Shuningdek, qilinayotgan keyingi ishlarda so`z shakllari yangicha tasnif asosida taqdim etilmoqda. Morfologik shakl bo`yicha zamonaviy o`zbek tilshunosligida amalga oshirilgan muhim tadqiqot sifatida B.Mengliyev, Sh.Shahobiddinova va B.Bahriddinovalarning ilmiy izlanishlarini alohida ta’kidlash lozim. Sh.Shahobiddinova son kategoriyasi shakli misolida grammatik shaklning xususiy grammatik ma’nosini bosqichli mavhumlashtirish asosida umumiy grammatik ma’nosini tiklash usulini taqdim etdi. B.Mengliyev esa morfologik shaklning ma’noviy jihati bilan birga sintaktik imkoniyatga ega ekanligini ilmiy asosladi. Olim ishlarini davom ettirgan B.Bahriddinova grammatik shaklning barchasi semantik tabiat va sintaktik imkoniyatga egaligi, uning ayrimlarida lug’aviy ma’noni modifikatsiyalash, ayrimida gap qurilishida ishtirok etish xususiyati mohiyatni belgilash darajasida bo`lishini va ba’zilarida har ikki jihat mushtarakligini ilgari surdi hamda o`z fikrini sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi misolida isbotlab berdi1. Shunga ko`ra, o`zbek tilshunosligida ilk marotaba morfologik shakl yangicha tasnif asosida ilmiy tadqiq qilindi. Mazkur yangilikda lug’aviy shakl hosil qiluvchilar sirasiga otdagi son, fe’ldagi nisbat, bo`lishli- bo`lishsizlik, harakat tarzi, sifatdagi daraja kategoriyalarini; sintaktik shakl hosil qiluvchilarga kelishik, egalik, kesimlik kategoriyasini hamda “lug’aviy-sintaktik shakl hosil qiluvchi”ga o`zgalovchi kategoriyasini kiritdi. Ushbu tasnifni muallifning o`zi quyidagi ta’rif ostida tushuntiradi:
“1. Lug’aviy shakl hosil qiluvchi – leksemaning lug’aviy ma’nosini nutq talabiga muvofiq ravishda modifikatsiyalaydi.
Sintaktik shakl – leksemani muayyan gap bo`lib kelishiga xoslaydi va sintaktik aloqaga kiritish vazifasini bajaradi.
Lug’aviy-sintaktik shakl leksemaning ham lug’aviy ma’nosiga ta’sir qiladi, ham uning sintaktik vazifasini belgilaydi”1.
Turkiy tillarda ilk marotaba murakkab tabiatli ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi shakllari tadqiqi bilan shug‘ullangan M.Qoshg‘ariy ham ular tabiatidagi bu nozik jihtni e’tibordan chetda qoldirmaydi. «Devon»ning katta qismi (II tom) fe’l qoidalari, yasalishi, fe’l boblari, turlari va boshqalarga bag‘ishlanadi. M.Qoshg‘ariyning ta’kidlashicha, turkiy tillar fe’l qurilishi arab tilidagi fe’llar tuzilishiga o‘xshaydi. har ikki tilda ham masdar(harakat nomi), sifat(ismi foil, ismi maf’ul - sifatdosh)larning qo‘llanilishi bir xil. «Fe’llarning tuslanishi va sifatlarning bayoni» bobida fe’llarning yasalishi xususida to‘xtalib shunday fikrlar keltiriladi: «...fe’llarning yasalishida o‘tgan zamon fe’li va buyruq formasi asosdir, dedim. Chunki o‘tgan zamon fe’lining bosh harfi maftuh(-a li) bo‘lsa, kelasi zamon fe’li ham, masdar ham maftuh(-a li) bo‘ladi. Uning bosh harfi marfu’(-lo li) bo‘lsa, o‘tgan zamon fe’li ham, masdar ham shunday bo‘ladi: bardi – barir, turar
turmaq.
«Devon»da ish-harakatning bajarilganligini bildiruvchi sifatida ismi maf’ul termini qo‘llanilib, harakat nomi deb izohlab ketiladi: «...ish-harakatning bajarilganligini bildiruvchi ismi maf’ul formasi hamma fe’l boblarida bir xil usulda
buyruq shakli oxiriga -sh,-m qo‘shib yasaladi: qazmish ariq - qazilgan ariq. O‘zak bu xil sifatlarda har vaqt o‘z holida hech qanday o‘zgarishsiz saqlanadi. O‘zakka o‘timli fe’llarda - mish qo‘shimchasi qo‘shiladi. O‘tgan zamon o‘timsiz fe’llarda ham – mish qo‘shimchasi qo‘shiladi, u holda bu– mish o‘tgan zamon gumon fe’lini yasaydi: evga barmish – uyga borgan emish[DLT.,II.62-63].
Mahmud Qoshg‘ariy sifatdosh shakllarini ish-harakatning bajarilishini bildiruvchi sifat deb ataydi va buni quyidagicha izohlaydi:»...barmish, kelmish so‘zlari otlar oldida aniqlovchi bo‘lib kelganda sifatga aylanadi: barmish kishi – boradigan kishi. Buning o‘rnida bardi fe’lidagi di ni qo‘llashning o‘rni emas.
Ko‘rinib turibdiki, hozirgi kunda unumsiz sifatdosh hosil qiluvchi sanaladigan
mish shakli «Devon»da masdar(harakat nomi), sifat(sifatdosh) va o‘tgan zamon gumon fe’li yasaganligi misollar bilan tushuntirilgan. «...ishlovchini bildiruvchi sifatlar(ismi foillar) o‘g‘iz, qipchoq, yamak, yag‘mo, arg‘ular va suvorlardan Tachanakkacha bo‘lgan ko‘chmanchilar tilida o‘tgan zamon fe’lidan tuziladi: bardi
bardachi. Butun fe’llarda bu qoida shu xildadir.
Pedagogik amaliyotlarda olib borilgan kuzatuvlardan shu narsa ma’lum bo`ldiki, qo`shimchalarni farqlash va to`g’ri tasnif qilgan holda yodda saqlab qolish 6-sinf o`rta maktab o`quvchisida biroz qiyinchiliklar tug’dirar ekan. Shuningdek, ularni gap tarkibida tahlil qilish jarayonida o`quvchilar chalkashliklarga yo`l qo`yishadi. Aksariyat o`quvchilargina sintaktik shakllarni farqlaydilar (shunda ham yodlash yo`li bilan, tushungan holda emas). Bunday hollarda, tushuntirish jarayonida o`qituvchilar ham qiyinchiliklarga duch kelishadi. Tahlil vaqtida qo`shimchalarni guruhlashda ustozning o`zi ham biroz qiynaladi. Dars jarayonida bu kabi muammolarga duch kelmaslik uchun esa darslik mualliflaridan to`g’ri tasnif qilgan holda qo`shimchalarni vazifasiga ko`ra guruhlash talab etiladi.
Grammatik shakllar haqidagi nazariy qarashlar B.Bahriddinova tomonidan bir qator ilmiy maqolalarda ham yoritildi. Ayniqsa, o`rta maktabda qo`shimchalarning o`qitilishi va pedagog-kadrlar tomonidan o`quvchilarga qay tarzda yetkazib berishlari xususidagi olimaning taklif va mulohazalari uning keyingi ishlarida ham namoyon bo`ladi:
“Qo`shimcha tushunchasi nihoyatda serqirra mazmunga ega bo`lib, uning har bir qirrasi alohida tasnifni talab etadi. Tuzilishiga ko`ra – sodda va murakkab; kelib chiqishiga ko`ra – o`z va o`zlashma; shakl va ma’no munosabatiga ko`ra – shakldosh, ma’nodosh, zid ma’noli, talaffuzdosh, shuningdek, bir ma’noli va ko`p ma’noli, so`z yasash darajasiga ko`ra – serunum, kamunum, unumsiz va boshqa guruhlarga ajratiladi. Ammo qo`shimchalarni vazifasiga ko`ra guruhlash tasniflar ichida eng muhimidir”1. “Lug’aviy-sintaktik shakllarni alohida ajratmaslik o`quvchilarda qo`shimchalarning vazifasini aniqlashda (ham bog’lash, ham qo`shimcha ma’no yuklash), so`z birikmalarini ajratishda (o`qigan bola bitishuvmi, boshqaruvmi?), gap bo`laklarini tahlil qilishda (lug’aviy shakllarning birortasi ham so`zning gapdagi sintaktik vazifasini o`zgartirmaydi) kabi tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi”2.
Grammatik shakllar xususidagi qarashlar o`z ilmiy isbotini topgach, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Keltirilgan ta’rif va tavsiflar o`quv darsliklaridan ham joy ola boshladi. Xususan, oliy o`quv yurtlari talabalari uchun nazariy manba sifatida taqdim etilgan “Hozirgi o`zbek adabiy tili” (R.Sayfullayeva, B.Mengliyev va b) darsligida so`z shakllariga quyidagicha ta’rif beriladi:
“O`zbek tilida, flektiv tillardagidan farqli o`laroq, o`zak mustaqil ma’no anglatish xususiyatiga ega. So`zning o`zakdan boshqa qismlari esa undan ayricha qo`llanilmaydi va ma’no anglatmaydi. Shuning uchun ular morfema deyiladi”. “Morfema funksional-semantik xususiyatiga ko`ra ikki guruhga bo`linadi:
derivatsion morfema;
grammatik morfema.
Derivatsion morfema so`zga qo`shilib, yangi so`z hosil qiladi”. “Grammatik morfema asosiy xususiyatiga ko`ra uchga ajraladi:
lug’aviy shakl hosil qiluvchi morfema;
Lug’aviy shakl hosil qiluvchi morfema leksema lug’aviy ma’nosini nutqqa moslashtirish vazifasini bajaradi. Masalan, kitob leksemasining sememasida birlik va ko`plik ma’nosi noma’lum. Son lug’aviy shakl hosil qiluvchisi bo`lgan -lar uni ko`plik tomon muayyanlashtiradi. Bu morfemaning o`ziga xos turi lug’aviy- sintaktik shakl hosil qiluvchi morfema bo`lib, lug’aviy ma’noni muayyanlashtirish, nutqqa xoslash bilan birga (kelgan), (o`qigach), so`zni sintaktik aloqaga ham kiritadi: o`qigan bola, o`qigach gapirmoq.
Sintaktik shakl hosil qiluvchi morfema so`zning sintaktik qurilmadagi o`rnini belgilaydi. Masalan, kelishik kategoriyasi so`zga kesimlik mavqeyini beradi. Kesimning ega va hol bilan sintaktik aloqasini ta’minlaydi. Kelishik morfemalari oldingi so`zni keyingi, egalik qo`shimchalari esa keyingi mustaqil so`zni oldingisiga bog’lash vazifasini bajaradi”1.
Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelishimiz mumkin, o`zbek tilidagi qo`shimchalar murakkab tabiatga ega. Bu, ayniqsa, fe’lning o`zgalovchi kategoriyasida yaqqol namoyon bo`ladi. Chunki fe’lning nisbat, bo`lishli- bo`lishsizlik, harakat tarzi va lug’aviy shakllik mohiyatiga ega bo`lgan tur kabi to`rt lug’aviy shakli mavjud. Bu lug’aviy shakllarning har biri o`ziga xos xususiyatlarga va paradigmaga birlashuvchi necha ko`rinishlarga ega, shuningdek, ularning nutqdagi voqelanishi turli xil. Shunga qaramay ular nutqda yuzaga chiqadi va fe’l tarkibida qoladi. Shakl yasovchi, lug’aviy shakl deb yuritib kelingan o`zgalovchi kategoriya shakli – ravishdosh, sifatdosh va harakat nomining o`ziga xos murakkab xususiyati na lug’aviy shaklga, na sintaktik shaklga berilgan ta’riflarga mos keladi. Chunki mazkur shakl so`z lug’aviy ma’nosini muayyanlashtirish bilan birga, fe’lni o`zidan keyin kelgan ot yoki fe’lga tobelantirib bog’lash va shu asosda uning gapdagi mavqeyiga ham kuchli ta’sir etish xususiyatiga ega. Lug’aviy ma’noni muayyanlashtirishi, aniqlashtirishi va faqat fe’lga xosligi ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi shaklini sintaktik shakl sifatida baholashga, fe’lni o`zidan keyingi so`zga tobelab bog’lashi hamda gapdagi vazifasini belgilashi ularni lug’aviy shakl sifatida baholashga to`siq bo`ladi. Shuningdek, o`zgalovchi kategoriyasining “fe’lni boshqa so`zlarga bog’lash va fe’lga otga xos vazifalarini berish” UGMsini “fe’lni fe’lga bog’lash” (ravishdosh), “fe’lni otga bog’lash” (sifatdosh) hamda “fe’lga ot vazifasini berish” (harakat nomi) tarzida xususiylashtirsak, mazkur shakllarning sintaktik imkoniyati natijasida fe’llik xususiyatidan uzoqlashayotganligiga guvoh bo`lamiz. Demak, o`zgalovchi kategoriya o`zida ham lug’aviy, ham sintaktik shakllik mohiyatini mujassamlashtiradi. Masalan, yorilgan devor, qizigan asfalt, qiziqib so`ramoq, oqar daryo, o`qigani kelmoq kabi birikuvlarda sifatdosh shakli fe’lni otga tobelantirib bog’lamoqda va shu bilan birgalikda fe’ldagi harakat ma’nosini kuchsizlantirib, belgi ma’nosi bilan nutqqa olib kirmoqda. Masalan, keltirilgan birikmalar tarkibidagi -gan sifatdosh shaklining ma’noviy va vazifaviy xususiyati rang-barang bo`lib, shu boisdan uning talqinida qarama-qarshi nuqtayi nazarni ko`plab uchratish mumkin. O`zbek tilshunosligida bu shakl xususida har-xil fikrlar bildiriladi.
Birgina -gan ko`rsatkichining sifatdosh shakli sifatidagi umumiy grammatik ma’nosi hamda uning oraliq grammatik ma’no orqali voqelanishiga e’tibor qaratsak, mazkur shaklning boshqa morfologik shakllar qatori ma’noviy va sintaktik xossa birligidan iborat butunlik ekanligiga, uning umumiy grammatik ma’nosi ham shu yaxlitlik asosida tiklanishiga amin bo`lamiz.. Shaklning ma’noviy jihati “fe’lga sifatlik xususiyatini berish” bo`lsa, sintaktik vazifasini “fe’lni ot va ot vazifasidagi so`zga bog‘lash” tashkil etadi.
Demak, sifatdosh shaklining umumiy grammatik ma’nosini “fe’lga sifatlik xususiyatini berish va fe’lni otga bog’lash” deya aytishimiz mumkin bo`ladi. Sifatdosh shakli umumiy grammatik ma’nosining sintaktik mohiyati deyarli o`zgarishsiz - “fe’lni otga bog’lash” tarzida xususiylashadi, bog’lanuvchi fe’l yoki ot bu vazifani o`ziga xos tarzda o`zgartira olmaydi. Biroq ma’noviy jihat to`g’ridan-to`g’ri emas, balki muayyan oraliq grammatik ma’nosi orqali nutqqa chiqadi, xususiy holda namoyon bo`ladi. -gan shaklining fe’lni aniqlovchi sifatida nutqqa olib kirishga asos bo`luvchi sintaktik imkoniyati borligini ham qayd etishimiz mumkin bo`ladi: Chinor bo`lmasa ham, boshqabirortupdaraxteksa,yeryuzinishovullaganbog’larqoplabketardi. Shuningdek, ravishdosh shakli ham fe’lni o`zidan keyingi fe’lga tobelab, harakat ma’nosini kuchsizlantirgan holda holat, payt, sabab ma’nosi bilan nutqda voqelantiryapdi.
Ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi shakli tizimini kuzatish shuni ko`rsatadiki, mazkur shakllardagi lug’aviy va sintaktik imkoniyat birdek mutanosiblikda emas.
Shaklning lug’aviy ma’noga ta’siri kuchayishi bilan unda sintaktik qobiliyat kuchsizlanib boradi. Ravishdosh shaklida fe’lni fe’lga tobelash imkoni kuchli, ammo atash ma’nosiga ta’sir nisbatan kuchsiz. Sifatdoshda esa har ikki jihatning mavjudligiga guvoh bo`lamiz. Harakat nomi shaklida atash ma’nosiga ta’sir anchayin sezilarli, hatto ayrim o`rinlarda unga ot yasalishi sifatida qaraladi, ammo fe’lni boshqa so`z bilan aloqaga kiritish imkoniyati tamoman yo`qolib boradi. Shu vaqtga qadar lug’aviy shakl hosil qiluvchi shakl sifatida talqin etilgan o`zgalovchi kategoriyasi shakli, ta’kidlab o`tilganidek, o`ziga xos murakkab tabiatga ega. Uning serqirra mohiyati lug’aviy shaklga ham, sintaktik shaklga ham berilgan ta’rifni tushunishimizda murakkablik keltirib chiqaradi. Chunki ular har ikki shaklga xos bo`lgan xususiyatni o`zida saqlaydi va aynan shu xususiyati bilan ushbu ikki qarama-qarshi sath orasida umumiylik shakllanayotganini ko`rsatadi.