Magnit separatorli mashinada boyitish. Bunda maydalangan magnit temirtosh magnit separatorning uzluksiz harakatlanuvchi lentasiga yuklab turiladi. Ruda elektromagnitning ta'sir zonasiga kirganda, uning temir (Fe3O4) oksidli qismi elektromagnitga tortilib, bekorchi jinslardan tozalanadi. Boyigan temir ruda elektromagnitning ta'sir zonasidan chiqqach tashqaridagi maxsus yashikka ortila boradi.
Mayda rudalarni yiriklashtirish.Rudalarni qazib olishda, elashda ko’plab chang holdagi chiqindilar yig’iladi. Bulardan ma'lum o’lchamli (10 - 40 mm) boyitmalar olish uchun maxsus tarkibdagi maydalangan shixta (40 - 50% temir ruda, 15 - 20% ohaktosh, 20 - 30% boyitma, 4 - 6% koks, 6 - 9% suv) aralashmasi mashina qoliplariga kiritilib, 1300 - 1500ºC haroratda qizdirilib pishiriladi. Pishirish davomida rudadagi zararli begona jinslarning bir qismi (S, As) karbonatlar parchalanishi natijasida ajralib, qisman suyuq faza xosil bo’ladi. Bu suyuq faza yordamida zarrachalar o’zaro bog’lanib, flyusli g’ovak boyitma (aglomerat) olinadi. (Ba'zi hollarda mayda rudalarga bog’lovchi material sifatida gil, smola qo’shilib, ularni pressformada presslab briketlar ham olinadi.)
Keyingi yillarda mayda temir rudalarga va boyitmalarga ma'lum miqdorda oxaktosh va koks maydalari, bir oz bentonit gil qo’shib suv bilan qorishtirilgan massa sayoz idish (granulyator) da yoki aylanuvchi barabanlarda ishlov berib, diametri 25 - 30 mm li g’ovak sharsimon bo’lak (okatish) lar olinadi. Ularni pechda 1300 - 1400ºC haroratda qizdirib, pishirilgandan so’ng saralanadi. Okatishlar aglomeratlardan puhtaroq bo’ladi. Okatishlardan foydalanish koksni tejash imkonini beradi.
O’rtachalashtirish. Metallurgiya korxonalariga rudalar doim bitta shahtadan keltirilmaganligi uchun ularning kimyoviy tarkibi turlicha bo’ladi. Shuning uchun ularning tarkibini o’rtachalashtirish talab etiladi, chunki shihta materiallari kimyoviy tarkibining bir xil bo’lishi pechning ish unumini belgilovchi asosiy ko’rsatkichlardan biridir. Kimyoviy tarkibi turlicha bo’lgan rudalarni o’rtacha kimyoviy tarkibga keltirish maqsadida maydalangan rudalar o’zaro aralashtiriladi.
Ma'lumki, domna pechining asosiy mahsuloti cho’yandir. Lekin cho’yan olishda u bilan birga shlak, domna gazi va koloshnik changi ham ajraladi, shu boisdan ular ham domna pechining mahsulotlari hisoblanadi. Cho’yanlarni kimyoviy tarkibi va ishlatilish sohalariga ko’ra quyidagi turlarga ajratish mumkin: