MAVZU:XVI-XIX asrlarda O’zbek xonliklari davri madaniyati va san’ati (Qo’qon xonligi madaniyati).
Reja:
Qo‘qon xonligida madaniy hayotning umumiy tavsifi va maorif.
Xonlikda musiqa-qo‘shiqchilik va teatr, xattotlik, askiyachilik va dorbozlik san’ati.
Xonlikda me’morchilik sohasining taraqqiy etishi.
O‘rta Osiyoda XVIII asr davomida yuz bergan siyosiy parokandalik natijasida Buxoro xonligi parchalandi va undan asosiy hududlari Farg‘ona vodiysini egallagan Qo‘qon xonligi ajralib chiqdi va natijada O‘rta Osiyo uch xonlikka – Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklariga bo‘linib ketdi. Har bir xonlik tepasida turgan hukmdor o‘z mustaqil davlatining istiqlolini mustahkamlash va istiqboli uchun faoliyatini kuchaytirishga harakat qildi. Jumladan, mamlakatning moddiy va ma’naviy madaniyati rivojiga alohida ahamiyat berish lozimligi ayyon edi.
Madaniyat uning tarkibiy qismi bo‘lgan san’atning barcha turlari sohasida salmoqli siljishlar, o‘sishlar ro‘y berdi, uning taniqli namoyandalari etishib chiqdi. Bu davrda hunarmandchilik nafaqat yirik shaharlarda, balki qishloq joylarda ham o‘ziga xos yo‘nalishda bordi. Aynan shu davrda vujudga kelgan dostonchilik–baxshichilik keyingi asrlardagi yuksalishiga va hozirgi rivojiga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi. Ilm-fanning rivoji asosida yuzlab tarixiy–badiiy asarlar, tarjima ishlari yaratildi. Ular madaniyatimiz xazinasida hozirgi kungacha bebaho meros bo‘lib qolmoqda.
Ushbu davrlarda yuzlab turli hajmdagi me’moriy inshootlarning bunyod etilganligi, ta’mir ishlarining bajarilganligi esa moddiy madaniyatning rivoji salmoqli bo‘lganligidan dalolat bermoqda. Bu davrda ham ijod ahli kitobat, xattotlik ishlarida amaliy san’at, musavvirlik va tasviriy san’at namunalaridan samarali foydalanib, o‘zlarining betakror san’atlarini yuzlab asarlarga muhrladilar. Adabiyotda, ayniqsa she’riyat ijodida yuqori yutuqlarga erishildi, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ijodning tarixiy asarlar yaratish, she’riyat sohalari bilan xalqning deyarli barcha qatlami vakillari shug‘ullandilar. Bu davrda ma’naviy madaniyatning sohalari ham yuksala bordi. Bu borada shuni ham e’tirof etish lozimki, Turkistonda uch xonlik vujudga kelishi bilan adabiy harakatchilik ham uch mintaqaga bo‘linib bordi.
19-asr boshlarida shakllangan Qo‘qon adabiy muhiti ham xonlikning madaniy hayotida katta o‘rin tutgan. Qo‘qon hukmdorlarining qator namoyandalari temuriylar an’anasini davom ettirib, o‘zlari ham ilm-ma’rifat bilan shug‘ullanib, bu sohani ravnaq topdirishga katta sa’y-harakat qilganlar. Ayniqsa, bunda Qo‘qon xonlaridan Umarxon (1810-22) va Muhammad Alixon (1822-41) davrlari yaqqol ajralib turadi.
Xususan, Akmal (Maxmurning otasi), Amiriy (Qo‘qon xoni Umarxon), Boqixonto‘ra, Muhammad Sharif, Gulxaniy, Maxmur (Mahmud), Muntazir, Nizomiy Xo‘qandiy (asl nomi Nizomiddin Muhammadaminxo‘ja o‘g‘li), Nodir, Nozil Muhammad Avaz, Avazmuhammad Yormuhammad o‘g‘li Pisandiy, Fazliy Namangoniy, G‘oziy singari shoirlar xalq ichida mashhur edilar.
Umarxon davrida Gulxaniy, Mahmur, Fazliy, Foziy kabi ko’plab iste`dodli shoirlar ijod qilishgan.
Amir Umarxon zamonasida yashab ijod etgan ajoyib shoir farg’onalik Muhammad Sharif Gulxaniydir. U 1770-yilda hozirgi Tojikistonning Tavildara tumanida tug’ilgan. Boshlang’ich ta`limni qishlog’ida olgan. Muhtojlik oqibatida Namanganga kelib, mardikorlik qilgan. Keyinchalik Qo’qonda istiqomat qilgan. Bu yerda hammolda go’lah (o’t yoquvchi) bo’lib ishlaydi. Shu boisdan Gulxaniy taxallusi bilan ijod qilgan. Gulxaniyning hayoti va ijodi xaqida Fazliy Namangoniyning “Majmuat ush-shuaro”, Qori Rahmatillo Vozex Buxoriyning “Tuhfat ul-ahbob fi taskirat ul-asqob”, Avaz Muhammad Attorning “Tarixi jahonnomayi” asarida, muallifi noma`lum bo’lgan “Tarixi Qo’qond” asarida ma`lumot berilgan.
Gulxaniy Qo’qon xoni Olimxon (1800 – 1810) saroyida navkar bo’lib va urushlarda qatnashib, botirlik namunasini ko’rsatgan. U mustaqil mutoala yo’li bilan ko’p taxsil oladi. Umarxon saltanati davrida saroy shoirlari davrasiga jalb qilingan. Iste`dodli o’zbek shoiri Gulxaniy o’zbek poezisiyasiga masal janrini olib kirgan shoir. U mehnatkash omma ruxini ifodalovchi she`rlar yozgan. O’zbek va tojik tillarida “Gulxaniy”, “Jur`at” tahalluslari bilan ijod qilgan. Uning xalq orasida eng mashhur va bizgacha yetib kelgan asari “Zarbulmasal” dir (“Yapalaqqush hikoyasi”). Asardagi “Maymun va Najjor”, “Tuya bilan Bo’taloq”, “Toshbaqa bilan Chayon” kabi masallari chuqur ahloqiy-ta’limiy ahamiyatga ega. Qori Raxmatillo Vozeh Gulxaniyning she`r va qasidalar devoni borligini aytgan, lekin u hozirgacha topilmagan. Gulxaniyning 12 g’azali va bir qasidasi Fazliy Namangoniy tazkirasi orqali yetib kelgan. Bular “Achchishmiman” (“Ko’zimdan”), “Ey to’ti”, “Angusht” (“Barmoq”) radifi hamda “Lola ko’ksidek bag’rim taqbataq qaro qonlar”, “Termamish may tobidan gulbari ruhsorim ko’ring” misralari bilan boshlangan g’azallari va boshqalardir. Ulardagi ayrim g’azallar Umarxon she`rlariga taskiradir. “Badeh” (“Bergil”) radifli g’azalida shoir o’zining navkarlik davridagi ayanchli ahvolini, og’ir turmush sharoitini, moddiy nochorligini tasvirlagan. Gulxaniy o’zining zo’r is`tedodi, tajribasi, turmushga xaqqoniy qaray bilishi tufayli xalq yozuvchisi sifatida ko’ringan. Gulxaniy o’z asrlarini o’zbek va tojik tillarida yozadi. U xalqchil shoir bo’lgan va o’z she`rlarida xalq noroziligini aks ettirgan.
O’zbek klassik pozisiyasining oltin fondiga o’zining munosib hissasini qo’shgan talantli shoirlardan biri Mahmur (asil ismi Mahmud, XVIII asr oxiri – 1844) Umarxon saroyida xizmat qilgan taniqli olim va shoir Akmal degan kishining o’g’li bo’lgan. Shoir Fazliy uni “nazmni egallagan zo’r shoir”, “yaxshi so’z ustalaridan biri”, deb ta`riflagan. Qo’qondagi “Madrasai Mir”da tahsil ko’rgan. Umarxon qo’shinida sipohlik qilgan. Mahmur yoshligidan she`riyatga havas qo’yib, Sa`diy, Hofiz, Jomiy, Navoiy merosini chuqur o’rgangan.
Mahmurning hajviy she`rlar devoni saqlangan va unda 69 asar (3417 misra) to’plangan. Uning “Hapalak”, “Ta`rifi viloyati Qurama” kabi she`rlari mashhur. “Hapalak”, “Tarifi viloyati Qurama” kabi she`rlarida shu nomdagi qishloqning vayrona manzarasi (shoirning oilasi shu yerlik bo’lgan), undagi aholining ayanchli turmushi real tasvirlangan. O’rta Osiyo qishloqlarining tipik manzarasi aks ettirilgan. Mahmur lirik she`rlarida real hayot nafosatini, jismoniy muhabbatni kuylagan go’zal ma`shuqa obrazini yaratgan. Hofiz, Jomiy, Soib Tabriziy g’azallariga muhammaslar bog’lagan shoirning o’zbek va tojik tillarida yaratganasarlari badiiy jihatdan barkamoldir.
Mahmurning hajviy she`rlar devoni saqlangan, unda 69 asar (3417 misra) to’plangan, lirik asarlari esa yozma adabiyotlarga uchraydi. Uning ijodi XIX asrning birinchi yarmi o’zbek adabiyotida demokratik yo’nalishning kuchayishiga, tanqidiy realizm oqimi asoslanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi va Muqumiy, Zavqiy, Avaz O’tar singari demokratik shoirlar ijodiga barakali ta`sir ko’rsatdi.
Qo‘qon adabiy muhitining yana bir muhim xarakterli jihati shundaki, bu davrda bir qator taniqli va mashhur o‘zbek shoiralari iste’dodi keng rivoj topdi. Mac, Dilshod otin, Zebuniso, Zinnat, Mohzoda Begim, Mahzuna, Mushtariy, Nodira, Nozuk Xonim, Uvaysiylarning ijodi ayricha ahamiyatga molikdir. Qo‘qon adabiy muhitining samarali ta’siri o‘laroq bu yurtdan keyinchalik Muqimiy, Furqat, Zavqiy va b. etuk badiiy so‘z san’atkorlari etishib chiqdilar. Umuman olganda, 19-asrning o‘rtalariga kelib, O‘rta Osiyo xonliklarida adabiyot va tarixshunoslik bilan bir qatorda matematika, tibbiyot, geografiya, astronomiyaga oid hamda diniy asarlar yaratildi. Bu xonliklarda miniatyura va xattotlik san’ati ham o‘z o‘rniga ega. Bu davrning madanyy hayotida dorbozlik, askiya, qo‘g‘irchoq teatri, masxarabozlik, ayniqsa, bastakorlik birmuncha rivojlandi.
Qo‘qon xonligining barcha bekliklarida Madrasa, maktab va qorixonalar mavjud edi. Madrasalarda ham diniy, ham dunyoviy fanlar bo‘yicha tanilgan mudarrislar, olimlar bor bo‘lganligi uchun ham bu erga turli mamlakatlardan ko‘plab talabalar kelib o‘qishgan. Har uch xonlikda badiiy ijodning “xalq kitoblari” turi rivoj topdi. “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi o‘nlab jangnomalar, tarixiy mazmundagi romantik, qaxramonlik dostonlari, “Tohir va Zuhra”, “Oshiq g‘arib va Shohsanam”, “Sayyod va Hamro”, “Asli va Karam”, “Sanobar”, “Yusufbek va Ahmadbek”, “Alibek va Bolibek”, “Xurshid va Malikai Dilorom” kabi dostonlarning xalq kitobi variantlari maydonga keldi. Shoirlar xalq og‘zaki ijodi materiallarini, ba’zan yozma manbalarni qayta ishlab, o‘ziga xos “rivoyat”, “qissalar” yaratdilar. Jumladan, Xorazmda Umar Boqiy Navoiy “Xamsa”sidagi dostonlarni “qissa”ga aylantirdi. Sayyodiy “Tohir va Zuhra”ning xalq nusxasini qayta ishlab, doston yaratdi. Hisorlik Sobir Sayqaliy “Qissai Shahzoda Bahrom va Gulandom”ni kitobat qildi (1785-1786). Shu davrda ijod Qilgan Xo‘janazar G‘oyibnazar o‘g‘li Huvaydo mumtoz she’riyatning deyarli barcha janrida qo‘l tebratgan alloma “Ibrohim Adham” dostoni va “Rohati dil” manzumasini yozib qoldirgan. Asarlarida islom ahloqi va falsafasi bilan bog‘liq g‘oyalarni olg‘a surgan. Shu davrda Mavlaviy Sirojiy, Samarbonu (1837-1891), Salohiddin Soqib (1838-1910)lar ham sohibi devon shoirlar bo‘lganlar. Tabiiyki, an’anaviy dunyoviy muhabbat mavzuidagi g‘azallar va dostonlar ham yozildi. Ko‘plab marsiyalar maydonga keldi. Jumladan, Xorazmlik Roqim (1742-1814)ning devonida o‘ndan ortiq marsiya uchraydi. Adiblardan Salohiy “Gul va bulbul” (1740) nomli masal-dostonini yozdi. Shuningdek Nishotiy “Xusnu Dil” (1778) falsafiy-majoziy dostonini yozdi. Nurmuhammad Andalib (1770 yilda vafot etgan) “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun”, “Zayn ul-arab”, “Sa’d va Vaqqos” kabi masnaviy-manzumalar bitdi.
Abdulkarim Fazliy Namangoniy (XVIII asr – XIX asrning boshi) – tarixchi, adabiyotshunos. Fazliy Namongoniy XVIII asrning ikkinchi yarimida Namangan shahrining Anorzor mahallasida tug’ilgan. Otadan bevaqt yetim qolib, ona tarbiyasida o’sgan Fazliy mahallasida savodini chiqargan, o’z davrining bilimdoni muallimi va shoiri Zokir hojida tahsil ko’rdi. Yoshligidan boshlab she`riyatga havas qo’ygan va o’zi ham she`rlar yoza boshlagan Fazliy g’azallarining avji Qo’qon xoni Amir Umarxonga ham yetib bordi. Xon uni Qo’qonga chaqirtirdi va saroyda xizmat qilishiga taklif qildi.
Fazliy o’z iste`dodini va zakovoti bilan tanilib, saroyda peshqadam shoirlardan biri bo’lib etishdi. “Shohomai nusrat payom” asarining muallifi, tarixchi Mushrifning yozishicha u “malikush shuarolik” darajasiga ko’tarilgan. Fazliy Umarxon saroyidan ikki marta haydalgan, degan rivoyatlar bor. Uning sabablari noma`lum. Ehtimol, unga nisbatan qilingan hasadgo’ylik ig’vosidan yoxud o’tkir tili, qaysarligi va hozirjavobligi sabab bo’lgandir. U Umarxon vafotidan so’ng Namanganga qaytib kelgan va umrining oxirigacha shu yerda otasidan qolgan bog’ xovlida yashagan. Fazliy Labbaytog’a dahmasida dafn etilgan. U o’zbek va tojik tillarida yozgan she`rlarini jamlab, devon xoliga keltirgan. Lekin bu devonning taqdiri hozirgacha noma`lum. Uni kimlardir qatag’on yillarida qarindoshlaridan biri orqali Tojikistonga olib ketgan.
Fazliy ijodida o’zbek va tojik adabiyotining eng yaxshi an`analari saqlanib qolgan bo’lib, uning she`rlarini o’zbek klassik adabiyotining go’zal namunalaridandir. Fazliy umrining asosiy qismini Qoqon shahrida o’tkazgan. Qo’qon xonligida yashagan shoirlar haqida “Majmuat ush-shuaro” qo’lyozma asarini yozgan. Umarxonni topshirig’iga binoan “Shohnoma” (“Umarnoma”, “Zafarioma”)ni yozgan. Bu Umarxon davriga oid she`riy (5000 baytdan ko’proq) tarixiy asar bo’lib, 1821-yil may oyida tamomlangan. Ilm ahli hanuzgacha Fazliy ijodiga xolisona baho berib, qadrlab uning “majmuai shoiron”idan samarali foydalanib kelmoqdalar. Fazliy Namanganiy 1821 yilda tuzgan “Majmuai shoiron” tazkirada Qo‘qonda yashab ijod etgan 63 shoir haqida ma’lumot beradi. Buxoroda o‘nga yaqin tazkira tuzildi. Ular orasida eng mashhuri amirzoda Mirsiddiq Hashmatniki edi. Buxoroda Abdushukur Shukiriy, Kattaqo‘rg‘onda Shavqiy, Shahrisabz – Kitobda xalq adabiyoti ohangidagi “Ra’no va Zebo”, “Chor Darvesh”, “To‘tinomalar” muallifi Xiromiy yashab ijod etdilar.
Shu davrda Mavlono Gulxaniy “Zarbulmasal”, Nodir (Uzlat) “Xaft gulshan”, Hoziq “Yusuf va Zulayho” dostonlari yozildi. Komil Xorazmiy (1825-1899) g‘azal, muxammas, masnaviy, ruboiy, qasida janrlarida ijod qildi. SHu davrdagi hukmron xonlar orasida adabiy ijodkorlar – she’r yozadiganlar kam bo‘lmagan. Qo‘qon xoni Amir Umarxon “Amir”, “Amiriy” taxalluslari bilan she’rlar yozadi”, devon tuzdi. Rafiqasi Nodirabegim (1792-1842) mashhur shoira edi. O‘g‘li, 1822-1842 yillarda hukmronlik qilgan. Muhammad Alixon “Xon” taxallusi bilan tanilgan shoir edi. Xivada Muhammad Rahimxon Soniy – Feruz ham iste’dodli shoirlardan edi. Feruz she’rlarining lirik qahramoni dunyo tashvishlarini elkasiga olgan, jamiyat va xalq farovonligini muttasil o‘ylaydigan, yuksak madaniyatli va ma’rifatparvar insondir.
Umarxon xonlik taxtiga ko’tarilgan so’ng siyosit bilan birgalikda maorif, fan, adabiyot va ayniqsa, san`atni rivojlantirshga katta e`tibor qaratdi. Umarxon “Amiriy” taxallusi bilan she’rlar yozgan. Ma’lumotlarga qaraganda, uning atrofida 70 dan ortiq shoir yig‘ilgan. 1821-yilda Fazliy Namangoniy Umarxon amriga binoan, 63 shoirning she’rini o‘z ichiga olgan “Majmuai shoiron” to‘plamini tuzgan. Uni ulug‘lab qasidalar yozish, g‘azallariga tatabbu’lar bog‘lash bu shoirlar ijodida yetakchi o‘rin tutgan.
Mulla Olim Maxdim Xoji “Tarixi Turkiston” asarida Shunday yozadi, “....har vaqt amirning majlisida ulamoyi muhaqqiqlar bo’lub, ulamoyi xushomadgo’ydin parxez qilur ekan. Bulardan boshqa Umarxon “Majmu` ush-shuaro” barpo qilib, zakiy va zarif shuarolardin jam` aylab, hamma shuarolarning aytgan qasoid va g’azaliyot va ash`orotlarini jamlab, devon qilgandur..... Xususan, Umarxon o’zi shoiri shirinsuxan edi. Aytgan she`rlari Farg’ona va boshqa viloyatlarda mashhurdir”.
Amiriy ijodiga qiziqish shu darajada kuchli bo`lganki, uning devoni XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Toshkent, Buxoro, Istanbul kabi shaharlarda toshbosma usulda 15 martadan ortiq chop etilgan. Shu bilan birga, she`riyat muhlislari tomonidan qayta-qayta ko`chirilgan she`rlari turli bayoz va majmualarga kiritilgan. Ularning nusxalari Sankt-Peterburg, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Qo`qondagi qo`lyozma fondlari, kutubxonalar, muzeylar va ba`zi bir adabiyot muxlislari qo`lida saqlanadi. Qo`lyozma toshbosma nusxalarni turli tazkira va bayozlarni tadqiq etish va tavsiflash jarayonida uning 10229 misra merosini aniqlashga muvaffaq bo`lindi. O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyining matnshunoslik va yozma yodgorliklarni nashr etish bo`limining ilmiy xodimlari tomonidan yozma adabiyot katalogi uchun yig`ilgan materiallar orasida Amiriy devonining 26 ta qo`lyozmasi hisobga olinib, ularning ilmiy tavsifi berilgan. O`zbekiston Respeublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo`lyozmalar fondida ham Amiriy devonining 17 ta qo`lyozmasi mavjud. Amiriyning qo`qonlik adabiyot ixlosmandi Solijon Yo`ldoshevning shahsiy kutubxonasida saqlanayotgan 1877-yilda ko`chirilgan nisbatan mukammal devoniga asoslanadigan bo`lsak, shoirning hozirgacha bizga jami 544 ta she`ri ma`lum. Bu she`rlarning janriy tarkibi quyidagicha: 465 g`azal, 53 ta muxammas, 5 ta musamman, 6 musaddas va 16 ta tuyuqdan iborat.
Devonda o’`zbek tilidagi she`rlar 307 ta, fors-tojik tilidagi she`rlar esa 159 tani tashkil etadi. Amiriy ijodi janriy jihatdan rang-barang bo`lmaganidek, mavzu doirasi ham keng emas. Shoir merosi g`azal, muxammas, musaddas, musamman, tarjeband, tuyuq kabi janrlardan iborat. U o`z iste`dodini ko`proq g`azal va muxammasdan namoyon etgan.
“Muntaxab at-tavorix” asarida keltirilishicha, Umarxon uyushtirgan “majlislarda Umar Xayom ruboyilari va Xoja Hofiz Sheroziy baytlaridan o’qilardi. Amir ayniqsa, Umar Xayyomning ruboiylarini ko’p tilga olardi”.
Shuningdek Amir Umarxon o’zi xurmat qilgan shoirlardan sharqiy turkistonlik Shayh Zaliliy Qashqariyning uch g’azaliga taxmis bog’lagan.
Shu davr Movarounnahr badiiy adabiyotining muhim xususiyatlaridan biri Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Dilshod Otin kabi shoiralarning she’riy ijod maydoniga chiqishidir.
O’zbek shoirasi, ma’rifatparvar davlat arbobi Mohlaroyim – Nodira (1792 – 1842) Andijonda tug’ilgan. Otasi Rahmonqulbiy Andijon hokimi bo’lib, Qo’qon xoni Olimxonning tog’asi edi. Shoira Nodira (tahallusi, asli ismi Mohlaroyim)ning adabiy merosi o‘z g‘oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan mumtoz she’riyatning go‘zal namunalaridandir. Merosining asosini lirika tashkil etadi: muhabbat, sadoqat va vafo kuychisi sifatida go‘zallik va sadoqatni, kuyladi.
Umarxon Maig’ilonga hokim etib tayinlanganidan keyin 1808-yilda Nodiraga uylangan. Nodira Uvaysiy bilan tanishgach, uni yosh bolalar va kanizaklarni o’qitish uchun muallimlikka taklif etadi. Nodira 14 yoshli o’g’li Muhammad Alixon taxtga o’tiigach, davlatni idora etishda faol ishtirok etgan. 1842-yil Buxoro amiri Nasrullo Qoqonni bosib olganidan so’ng, Nodira va uning o’gillari Muhammad Alixon, Sulton Muhammadxon, Muhammad Alixonning o’gli Muhammadaminxon va rafiqasi Oyshabibi va ko’plab insonlarni qatl ettiradi. Keyinchalik, Nodira va uning o’g’illarining jasadini Qoqon xoni bo’lgan Sheralixon topib, Qo’qondagi Dahmai shoxonga dafn ettirgan. Nodira bir necha kitoblarni ko’chirtiradi va shoirlarni yangi-yangi devonlar, asarlar, dostonlar yozishga tashviq qiladi. Devonlarning chiroyli yozilishi, muqovasining bezatilishini shoiraning shahsan o’zi ko’zdan kechirib turadi. U yaxshi ishlagan kotiblarga tilla qalam, kumush qalamdon berib, ularni “Zarrin qalam”lik mansabiga ko’taradi. Nodiraning o’zi ham o’zbek, ham tojik tillarida ijod qilgan. Mohlaroyim Nodira taxallusida 180 she’r jamlangan devon, Komila taxallusida 19 g’azal, Maknuna taxallusida 333 g’azaldan iborat devon yozgan. Nodiradan 10 ming misraga yaqin lirik adabiy meros qolgan. Uning she’riyati asosini lirika tashkil etadi. Nodiraning devoni Qo’qon qog’oziga nastaliq xatida yozilgan bo’lib, bugingi kunda O’zbeliston Respublikasi Sharqshunoslik Instituti Qo’lyozmalar fondida №4180-raqam bilan saqlanadi. Shuningdek bugungi kunda Nodirabegimning Nodira, Maknuna, Komila tahallullarida o’zbek va fors-tojik tillarida yozilgan sherlari ham topib o’rganilmoqda.
Bundan tashqari, Nodira Navoiy, Fuzuliy va Bedil g’azallariga muhammaslar ham yozgan.
Jahon otin – taxallusi Uvaysiy (1780 – 1841)ning tug’ilgan yili haqida turli xil ma`lumotlar bor. Yo’lchi Qosimov Uvaysiyni 1780-yili tug’ilgan deb yozilgan bo’lsa, Bobobekov esa Uvaysiyni tug’ilgan yilini 1771-yil deb yozilgan. Uning asl ismi Jahonbibidir. U Marg’ilon shahrining Childuxtaron mahallasida tug’ilgan. Uvaysiy oilasi o’z davrining ilg’or va ma’rifatli oilalaridan edi. Otasi ham o’zbek, ham tojik tilida qalam tebratgan. Oiladagi muhit Uvaysiyda ijod qobiliyatini yuzaga chiqardi. Uvaysiy Navoiy, Lutfiy, Bobur, Fuzuliy, Hofiz va Jomiy ijodlarini qunt bilan o’rgandi. Amir Umarxon Marg’ilon hokimi bo’lib turgan yillarda (1806 – 1807) Uvaysiy el orasida tanilgan shoira edi. Undagi shoiralik iste’dodi Umarxonning xotini Nodirani o’ziga rom etgan. Umarxon Qo’qon taxtiga o’tirgach, Uvaysiy Qo’qonga taklif etilgan. Bu yerda u juda ko’p yoshlarga murabbiylik qilgan. Nodira bilan ijodiy hamkorligi qaror topgan. Uvaysiy o’z davrining peshqadam shoirasi bo’lib, uning g’azallarida lirik qahramon iffatli, badiiy jixatdan etuk, sabrli va vafodor ayoldir. Uvaysiy ayniqsa aruziy, muammo san`atini mukammal egallagan. Dilshodning ma`lumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xo’jand, O’ratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan. 1842-yilda Buxoro amiri Nasrullo Qo’qonni ishg’ol qilgach, Uvaysiy Marg’ilonga qaytib, umrining oxirigachashu yerda yashagan. Uning ijodi xalqparvarligi bilan ajralib turadi. Uvaysiyning adabiy merosida 269 g’azal, 29 muxammas, 3 doston va boshqalar bor. Asarlarida insonni e’zozlash, do’stlik, vafo, sadoqat g’oyalari, el-yurt dardi, xalq hasrati kuylanadi. Shoira ijodining g’oyaviy doirasi teran va ko’p qirralidir.
Shoira Uvaysiy lirik she’rlardan tashqari “Karbalonoma” yozdi. Dilshod Otin “Tarixi muhojiron”ni, Anbar Otin esa “Qarolar falsafasi” risolasini yaratadi, bunda shoira ijtimoiy hayot muammolariga o‘z qarashlarini bayon etgan.
Shu davrda tarixnavislik, tarjimalik ancha rivoj topdi. Buxoro va Xiva xonliklari tarixini yoritishda Muhammad Amin Buxoriy, Muhammad Yusuf Munshiy, Muhammad Ya’qub, Mulla Ibodulla, Muhammad Sharif, Mirza Shams Buxoriy, Munis, Ogahiy asarlari juda muhim ahamiyatga egadir. Qo‘qon xonligi tarixi Muhammad Hakim, Avaz Muhammad, Niyoz Muhammad, Mulla Olim Mahdumhoji asarlarida bayon etiladi. Qo‘qon xonligida bir necha tarixiy asarlar yaratildi. Jumladan, Mirza Qalandar Mushrif Isfarachi, Muhammad Hakim Xonto‘ra Ho‘qandiy, Mulla Mirza Olim va boshqalarning ijodiy asarlari boy mulkiy meros sifatida katta ahamiyatga egadir.
Qo‘qon xonligi tarixnavisligida Niyoz Muhammad Ho‘qandiyning “Tarixi Shohruhiy”, Mirzo olim Toshkandiyning “Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin”, Otabek Fozil zg‘lining “Mufassal tarixi Farg‘ona” asarlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Amir Umarxon davrida Qo’qonda tarixnavislik sezilarli ravijda o’sib borishini ko’ramiz. Bu davrda yozilgan bir necha tarixiy asarlar fors va arab tillaridan o’zbek tiliga tarjima qilindi va Qo’qon xonligin ing shu davriga oid yangi kitoblar yozildi. Bu yangi asarlarning o’ziga xos xususiyatlari ham bor edi – ularning ayrimlari she`riy yoki qisman she`riy yo’lda yozilgan edi. Bu esa qo’qonlik tarixchilarning adabiyotni yaxshi bilibgina qolmay, o’zlari ham she`riyatda qalam tebratganliklarini ko’rsatadi. Ayrimlari esa o’z davrini mashhur shoirlaridan bo’lgan. Ayrim mualliflar asli qo’qonlik bo’lishmasa ham, ammo ko’p vaqt Umarxon saroyida yashab shu yerda o’z asarlarini yozganlar.
Mirzo Qalandar Mushrif Isfaragiy – tarixchi va shoir. U Isfara shahrida tug’ilib, Umarxon hukmronlik qilgan davrda Qo’qon shahriga ko’chib kelgan. Mushrif Umarxon saroyida qozi askar lavozimida xizmat qiladi. Umarxonning buyrug’iga binoan Mirzo Qalandar Mushrif Isfaragiy Fazmiy Namangoniyning “Zafarnoma” asarini nasriy qilib yozadi. Bu asarning nomi “Shohnomai Umarxoni” bo’lib, xonning vafotidan keyin yozib tugatiladi. Asar she`riy yo’l bilan yozilgan “Umarnoma” (Avaz Muhammad Attorning “Tuhfat at-tavorixi xoni” asarida Shunday nomlangan) asariga asoslangan holda yozilgan, chunki muallif Fazliydan ko’plab misollar keltiradi. Asarda juda ko’p qimmatli ma`lumotlar keltirilgan.
Mullo Niyoz Muhammad Xo`qandiy 1802 – 1803-yillar oralig’ida Qo’qonda harbiylar oilasida tug’ilgan. U harbiy xizmatni tahminan XIX asrning boshida tashlab Qo`qonda o`z mahallasida yashay boshladi. Shu yerda o`zining “Tarixiy Shohruxiy” nomli asarini yozdi. Uning “Tarixiy Shohruxiy” kitobi 1885- yili N. Pantusov tomonidan chop ettirilgan. Bu asar Xudoyorxonning topshirig’iga asosan yozilgan bo`lib, Shohruhbiy davridan to 1872-yilgacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi.
Avaz Muhammad Attor Ho`qandiy (XVIII asr oxiri – XIX asrning 70-yillari) – o`zbek tarixchisi. U “Tarixi jahonnomai” (“Tuhfat at-tavorixi xoni” nomi bilan ham mashhur) asarini yozgan. Avaz Muhammad umrining oxirigacha tabiblik va xattotlik bilan ham mashg’ul bo`lgan. Bizgacha hind tabibi Muhammad, Arzaning Avaz Muhammad qo`li bilan ko`chirilgan “Mafriz al-qulib” nomli asarining nusxasi yetib kelgan.
“Tarixi jahonnomai” sharqona usulda yozilgan asardir. Unda “debocha”dan keyin xonlariing shajarasi berilgan. Qo’qon xonligi tarixi batafsil yozilgan. Asar mazmunidan shu narsa ma`lumki, u Xudoyorxonning uchinchi marta taxtga o’tirganiga qadar yozilgan. Shuni eslatib o’tish joizki, asarning kirish qismida muallif ushbu asarini 1822-yil may oxirida boshlagani haqida yozadi. Asarda Umarxonning o’lgani haqida tarix keltiradi (17 rab`i ul-avval 1238/2 dekabr’ 1822-yil). Ammo kimdir uni ustidan tuzatib; 7 rab`i ul-soni 1237 (1822-yil 2 fevral’) yil deb yozib qo’ygan. Bu tuzatish juda to’g’ri qilingan. Chunki Muhammad Alixonning taxtga o’tirishini Mushrif 14 rab`i ul-soni 1237 (1822-yil 9-yanvar’)-yil deb to’g’ri yozadi. “Muntaxab at-tavorix” nomli qo’lyozma asarning muallifi Hakimxonto’ra Umarxon vafotini 18 rab`i us-soni 1237-yil deb yozadi va dafn marosimida qatnashganligini aytadi.
Shavqiy Namangoniy (1805 – 1889) – o`zbek tarixchisi va shoiri. “Jome` ul-xavodis”, “Tarixi Xo`qand”, “Pandnomai Xudoyorxon” kabi tarixiy dostonlari Xudoyorxon davridagi ijtimoiy, siyosiy voqealarning o’zaro munosabatlarini o`rganishda ahamiyatlidir. 1805-yilda hozirgi Namangan viloyati To’raqo’rg’on tumaniga qarashli Kalvak qishlog’ida dehqon oilasida tug’ilgan. Dastlabki ma’lumotni otasi Mulla Hasandan o’rgangan Shavqiy shu tumanga qarashli Shahand qishlog’idagi madrasada o’qigan. U madrasani tugatgach o’z qishlog’iga qaytadi. Sababi otasi vafot etib, tirikchilik g’amida bo’z to’qib oilani boqadi. Muhammad Alixon shoir Shavqiy she’rlaridan xabar topgach, uni huzuriga chorlab Asaka yaqinidagi Kulla degan joyning qozisiga mirza etib, ishga tayinlatdiradi. Xonlikda toju-taxt uchun kurash va o’zaro urushlar boshlanib ketgach, u yana o’z qishlog’iga qaytadi. Keyinchalik Namanganga kelib, ijodiy ish bilan shug’ullanadi. Shavqiy o’z ijodi davomida 10 ming misradan ortiq she’riy misralarni meros qoldirgam. Uning “Pandnomai Xudoyorxon” va “Jome’ ul Havodis” degan dostonlari, “Qo’qon voqeasining tarixi” nomli asarlari ma’lum. Ilg’or fikrli shoir Shavqiyning odob va ahloqiy qarashlari uning she’rlarida o’z ifodasini topgan.
Muhammad Hakimxonto’ra (1802-yilda tug’ilgan) – Qo’qon xoni Norbo’tabiyning nabirasi, Olimxon va Umarxonlarning jiyani. Muhammad Hakixonto’raning otasi Ma`sumxonto’ra Olimxon va Umarxonlarning singlisi Oftoboyimga uylangan edi.
Qo’qon xoni Muhammad Alixon Muhammad Hakimxonto’rani avval To’raqo’rg’onga, so’ng Namangan va Kosonga xokim etib tayinlaydi. Keyinchalik esa, o’ziga nisbatan xiyonatda ayblab, Qo’qon xonligidan quvg’in qilgan. Muhammad Hakimxonto’ra O’rta Osiyo xonliklaridan tashqari, Afg’oniston, Eron, Misr va boshqa arab mamlakatlarida bo’lgan va umrining oxirida ko’rgan-kechirganlari asosida “Muntaxab at-tavorix” (“Tarixlar to’plami”) asarini yozgan. Bu asar Buxoro va Qo’qon xonliklari tarixini o’rganishda muhim manbadir. Hakimxonto’raning “Muntaxab at-tavorix” nomli asari o’zining janri bo’yicha o’ziga xos janrli bo’lib, jahon tarixi, lokal (mahalliy) tarix va memuarlikni mujassamlashtirgan. Asar rejasiga ko’ra tirik jahon tarixidir. Ammo uning hajmi va ahamiyatiga qarab, mazmunan O’rta Osiyo tarixiga oid bo’lganligi tufayli birinchi navbatda unga lokal (mahalliy )tarix sifatida qarash mumkin. “Muntaxab at-tavorix”ning o’zbek va fors tillaridagi variantlari mavjud. Unda payg’ambarlar haqidagi rivoyatlar, qadimiy Eron, Arab xalifaligi, somoniylar, saljuqiylar, xorazmShohlar, mo’g’ullar, temuriylar va boburiylar davri tarixidan qisqacha ma`lumotlar berilgan. Shuningdek Buxoro va Qo’qon xonliklarining tashkil topishidan boshlab XIX asrning 40-yillarigacha bo’lgan tarixi to’liqroq tasvirlangan. Asarda muallifning Rossiya, arab mamlakatlari va Eronga qilgan sayohatlari natijasida olgan taassurotlari va shu jumladan mazkur mamlakatlar xalqlarining turmushi, urf-odatlariga oid ma`lumotlar ham o’rin olgan.
Mullo Ali Qori Qunduziy ( 1786 – 1857) – asli qunduzlik bo’lsa-da Qo’qon xonligida yashab, ijod qilgan. “Tavorixi manzuma” va “Hol ul-Faroid” asarlarini yozgan. “Tavorixi manzuma” Qo’qon – Xitoy munosabatlarini yoritganligi bilan ham e`tiborlidir.
Amir Umarxon hukmronligi davrida kitob yozish ham rivoj topgan. Umarxon hukmronligi davrida Navoiyning eng go’zal devonlari ko’chirib yozilagan. Ularning eng nodir nusxalaridan biri O’zRFA Sharqshunoslik institutida (№2223/1) saqlanadi. Lutfiy, Navoiy, amir Umarxonlarning devonlaridan iborat “Muhabbatnoma” degan bir majmua maxsus chiroyloylik bezaklar bilan bezatilib, go’zal xat bilan ko’chirilib tuzilgan. Bu majmuani Umarxon Turkiya sultoniga sovg’a sifatida yuborgan. Xuddi shi tarzda Bedil devoni ham Turkiyaga hadya tarzda yuborilgan. SHu davr, umuman o‘rta asr mahalliy tarixnavisligining mahsuli bo‘lgan aksariyat asarlarda o‘tmish odatda rivoyatlar, su’niy shajaralar asosida, hukmdorlar faoliyati esa aksariyat madh yoki istehzo uslubida bayon etilgan bo‘lsa ham, ammo ularda keltirilgan turli faktik ma’lumotlarda o‘sha zamonning ruhi, mafkurasi, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayoti, ma’lum darajada o‘z ifodasini topgan.
Qo‘qon xonligining savdo va hunarmandchilik markazlaridan bo‘lgan Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Namangan, Urganch, Baliqchi shaharlari o‘z davrida madaniyati markazlari ham edilar. Masalan, Qo‘qon 40 ta madrasa, 120 ta maktab, Marg‘ilonda 10 ta madrasa, 80 ta maktab bo‘lgan. Garchi xonlik madaniy hayotida yuksalishlar va taraqqiyot darajasi unchalik yuqori bo‘lmasada, o‘qitish ishlari va maorif tizimi ma’lum darajada mukammallik kasb etardi. XVIII asr boshida yuzaga kelgan Qo‘qon xonligidagi madrasalar faoliyatida asoiy e’tibor aniq fanlarga nisbatan diniy fanlarni o‘qitishga ko‘proq yo‘naltirilgan bo‘lsada, maorif tizimidagi o‘zgarishlar xam shu davrlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, iktisodiy jarayonlar xamda madaniy-ma’naviy xayotda yuz bergan uzgarishlar bilan xamoxang edi. Fargona vodiysi xududlarida maktab va madrasalar an’anaviy ta’lim maskanlari sifatida asrlar davomida faoliyat kursatgan. Xonlik tashkil topganidan keyin maktab va madrasalarni xukmdorlar va uning yaqinlari, xokimlar tomonidan barpo etilgan. Qo‘qon xonligi xukmronligi yillarida mamlakat shaxar va qishloqlarida 400 ga yakin katta-kichik madrasalar bo‘lgan. Ulardan Qo‘qon, Toshkent, Marg‘ilon, Xujand, O‘ratepa kabi yirik shaharlarga 20 tadan 50 tagacha, Namangan, O‘sh, Chust, Shaxrixon, Asaka, To‘raqo‘rg‘on kabi kichik shaxarlarda 3-10 ta atrofida madrasalar mavjud bo‘lgan. Qishloq madrasalari, asosan, axolisi ko‘p qishloq markazida, odatda, 1-2 ta bo’lgan. Boshlangich ta’lim beruvchi oddiy uslubdagi maktablar esa xonlik davrida deyarli barcha masjidlar qoshida ishlab turgan.
Madrasalardagi ta’lim tizimi uch bosqichli bo’lib, u adno (qo’yi), ausat (o‘rta) va a’lo (yuqori) bosqichlarga bo‘lingan. Darslar xam bosqichlar orasida belgilangan tartibda olib borilib, "Mulla Jalol" (mantik va teologiya), "Mishkoti Sharif" (xadislar xaqida), "Tafsiri Qozi Boyvaziy'" (Qur’on tafsiri), "Tavzix" (islom xuquqining manbalari bo‘lmish "Qur’on", xadis, ijmo va qiyos haqida umumiy ma’lumotlar beruvchi fan, aniqrog‘i oliy mantiq fani), "Fiqxi Kaydoniy", "Muxtasar ul-vikoya", "Sharx ul-vikoya", "Xidoya" kabi darsliklar maxsus mudarrislarning ta’lim xavzalarida o‘zlashtirilgan.
Maktab va madrasalar faoliyatida ular o‘rtasidagi xududiy xususiyatlar alohida e’tiborga molik bo‘lgan. Poytaxt Qo‘qon xamda yirik shaharlardagi maktab va madrasalar bekliklardagi yoki qishloqlardagi bunday ta’lim muassasalaridan faqatgina xashamatli binolari bilan emas, o‘qitish saviyasi, ta’lim sifati xamda O‘rta Osiyo madrasalari orasidagi mavqei bilan xam ajralib turgan. Yirik shahar madrasalariga mudarrislar shaxsan xon yoki xokimlar tomonidan o‘z bilimi va qobiliyati bilan tanilgan shaxslardan tayinlangan. Qishloq madrasalarida esa bu xolat deyarli ko‘zga tashlanmagan, ta’lim bilan masjid imomi, uning muovini (imom noibi), ba’zan esa shaharlardan taklif qilingan yirik va obro‘li madrasalarning sobiq talabalari mashg‘ul bo‘lgan.
Chorvador, ko‘chmanchi axolining boy qatlami, qabila va urug‘ boshliqlari yoz oylarida shaharlardan mudarrislarni chaqirib, o‘z farzandalari qatorida qabiladoshlarning bolalarini xam savodxon qilishga xarakat qilganlar. Vaqf mulklari xonlikdagi maktab va madrasalarning tashkil etilishi va uzoq yillar xizmat qilishida xal qiluvchi rol o‘ynagan. Garchi maktablar vaqf mulklarisiz xam faoliyat olib borsa-da, madrasalar aloxida moliyaviy ta’minoti bo‘lmasa, ish olib bora olmagan. Odatda, xususiy maktablar, ba’zan badavlat kishilarning maktablari vaqf bilan ta’minlangan. Madrasalarga ajratilgan vaqf mulklar orasida uzoq vaqt saqlanib turishi mumkin bo‘lgan er maydonlari - ekin yerlar, bog‘lar va xali o‘zlashtirilmagan qo‘riq erlar ko‘pchilikni tashkil etgan.
Savdo-sanoat vaqflari turkumiga savdo, xunarmandchilik, maishiy xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, asosan, shaharlarda keng tarqalgan. Madrasalarning moddiy tayanchi vaqf mulkidan tushadigan daromadlarning bir qismi, avvalo, vaqf mulkini saqlab turish, Madrasa binosini ta’mirlash (shikastu rixt) uchun ajratilgan. Qolgan qismining undan biri (tavliyat) xo‘jalik ishlarini yurituvchi mutavalliga, uning uchdan yoki to‘rtdan bir qismi madrasada o‘quv ishlarini tashkil etuvchi mudarrislarga berilgan. Qolgan qismi mullalar (talabalar), Madrasa qoshidagi masjid imomi, so‘fisi, sartaroshi va farroshi o‘rtasida taqsimlangan.
Madrasalar barcha shahar va qishloqlarda keng yo’yilgan bo’lib, ularni qurdirgan va mablag’ bilan ta’minlab turgan kishilarga qarab uch toifaga bo’lingan:
Xon madrasalari-xon, uning oila a’zolari, saroy amaldorlari tomonidan qurdirilgan yirik madrasalar. Asosan poytaxt bo’lgan shaxarlarda qurilgan. Vaqf mulki va daromadlari katta bo’lganligi uchun talabalar soni ko’p bo’lgan.
Eshon madrasalar-islom dinidagi tasavvuf tariqatining diniy raxnamolari eshonlar, pirlar, shayxlar tomonidan qurdirilgan katta madrasalar. Bu madrasalar eshonlarning muridlaridan tushgan tushgan hayr-exsonlari va ularning mehnati bilan qurilgan. Yirik vaqf mulki va daromadiga ega.
Xususiy madrasalar-juda ko’pchilikni tashkil etadi. Yirik er egalari, boylar, savdogarlar va boshqa badavlat kishilarning boshchiligida qurilgan madrasalar. Ko’proq xashar yo’li bilan savobi tegishi uchun, obro’ ortirish, yaxshi nom qoldirish uchun qurilgan.
Madrasalarning mavqeyi va farqi vaqf mulkining miqdori, daromadi hamda hujralarning soni bilan ham belgilangan;
Yirik madrasalar-vaqfdan tushadigan yillik daromad 250-40000 tangani tashkil etadi. 3100 tagacha hujrasi bo’lgan. Mudarrislar soni 5 tadan 10 tagacha, talabalar soni 150 tadan 1000 tagachani tashkil etgan. Asosan yirik poytaxt shaharlarda joylashgan.
O’rta madrasalar-vaqf mulkidan tushadigan yillik daromad 120 dan 3500 yoki 1800-5250 rublni tashkil etgan. Hujralar soni 30 tadan ortiq, talabalar soni esa 50 tadan 150 tagacha bo’lgan. Mudarrislar 2-4 kishidan iborat bo’lgan. Asosan shahar qishloq markazlarida joylashgan.
Kichik madrasalar-vaqfdan tushadigan daromad 5000 tanga atrofida bo’lib, ularda talabalar va mudarrislar kam bo’lgan, 10-20 tadan oshmagan hujralari bo’lgan. Asosan qishloqlarda ko’p uchragan.
Madrasadagi eng nufuzli kishi mudarris hisoblangan. Mudarrisning xalq orasida ham obro’-e’tibori katta bo’lgan. Mudarrislardan diniy masalalarda va ilm-fanning turli sohalarida chuqur bilimga ega, amaliy ishlarda zukko hamda yuksak ahloqiy fazilatlar egasi bo’lishlilik talab etilgan. Mudarrislarni xon yoki beklar tayinlashgan. Madrasalarda o’quv xaftasi 2 ga: taxsil kunlari (shanba, yakshanba, seshanba)va ta’til (chorshanba, payshanba, juma kunlari) ga bo’lingan. O’quv yili oktabrdan boshlanib 30 xafta yoki 120 kun davom etgan.
Dostları ilə paylaş: |