O’zbekiston madaniyati va san’ati tarixi fanidan O’quv-uslubiy majmua namangan – 2018


Feruz – Shoh va shoir ijodi: adabiyot va musiqa



Yüklə 0,77 Mb.
səhifə47/70
tarix05.10.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#152439
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   70
Мa`ruza matnlari-fayllar.org

Feruz – Shoh va shoir ijodi: adabiyot va musiqa
XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Xiva xonligi madaniy hayotida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Chunki, bu davrda Rossiya mustamlakasi ostiga tushib qolgan Xiva xonligi hududi, aholisi soni jihatdan qisqargan, tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalari cheklangan va faqatgina Rossiya orqali ularni amalga oshirishi belgilangan vaziyatda edi. Shunday bo‘lsa-da, madaniy hayot rivojlanishdan to‘xtab qolmagan. Bu davrdagi madaniy hayot rivoji, bevosita, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II (1864-1910) nomi bilan bog‘liqdir.
Zamonaviy Xorazm tarixchilari Sayid Muhammadxon Rahimxon II hukmronligini ikki bosqichga ajratadilar. Birinchi bosqich – 1864 – 1873 yillar, xon hukmronligining dastlabki o’n yilligi bo’lib, bu davrda Muhammadxon Rahimxon II davlatni mustaqil boshqarib, mamlakatda tinchlik va farovonlikni qaror toptirish, qishloq xo’jaligi, savdo-sotiq va hunarmandchilik, fan va madaniyatni yuksaltirish yo’lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Ikkinchi bosqich – 1873 yil avgustdan 1910 yilgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. 1873 yilda Xiva general Kaufman boshchiligidagi rus qo’shinlari tomonidan bosib olingach, tuzilgan sulhga binoan Xiva xonligi Rossiyaga qaram davlatga aylandi. Bu davrda Muhammadxon Rahimxon II ning faoliyati Rossiya hukumati tomonidan qathiy cheklandi va nazorat ostiga olindi. Shunga qaramasdan xon o’zining adolatparvarlik va bunyodkorlik faoliyatini davom ettirdi.
Muhammad Rahimxon II o‘z davri madaniy hayotining ayrim jihatlarida an’anaviylikka berilishidan qat’iy nazar, yangiliklar ta’rafdori ham edi. U tarixchi, shoir, san’at, adabiyot ham musiqa homiysi va bilimdoni, siyosiy arbob sifatida tarixda munosib iz qoldirdi. Uning rahnamoligida mingdan ortiq qo‘lyozmalar ko‘chirildi, yuzdan ortiq asarlar arab va fors tillaridan eski o‘zbek tiliga tarjima qilindi. U xuddi otasi Said Muhammadxon kabi har haftaning ikki kuni saroyda shoirlar mushoirasi, kitobxonlik kechalari o‘tkazib borishni o‘ziga odat qilib oldi. Bu haqida Bayoniy quyidagi fikrlarni yozadi: “Xon hazratlari haftada ikki kun juma va dushanba oqshomlarida ulamo bila suhbat tuzub kitobxonlik etdurur erdilar. Andog‘ kim, Yusuf hoji oxund va Ismoilxo‘ja oxund va Xudoybergan oxund olimu ulum ma’qul va manqulda Mullo Muhammad Rasul va faqiri haqir majlisi humoyunlarig‘a haftada ikki martaba hozir bo‘lib kitobxonliq etar erduk. Goho domla Muhammad Rasul bila ikkovimiz kirib, suhbati humoyunlarida kitobxonliq bo‘lur erdi va sipohiylar va to‘ralarni ham kitobxonliq etarga targ‘ib etar erdilar. Bas, hamma kitobxon bo‘ldilar”. Ayni paytda shuni ta’kidlash o‘rinli bo‘lardiki, Muhammad Rahimxon II davrida madaniy hayotning taraqqiy etishida Rossiya mustamlakachilik jarayonini ham ma’lum ta’siri bo‘lgan. Ya’ni, Rossiya bosqinidan so‘ng tushkunlik kayfiyatga berilib, xonanishin bo‘lib qolgan Muhammad Rahimxon II turli she’riyat va musiqa kechalari uyushtirish orqali o‘zini ovutishga harakat qildi. Xorazm o‘lkasida o‘zidan boshqa kuchli va nufuzli yot bir kuchni ko‘rgach, bir xili zamonlar muttaasir bo‘lib yurdi. Shunday bo‘lsa-da, Muhammad Rahimxon II adabiyot, til, mantiq ilmida Shunday kamolotga erishdiki, saroy adabiy muhitidagi shoirlarning she’rlarini tahlil etish va baholash bobida uning oldiga tushadigan ulamo va fuzalo kam edi. Bu haqida xattot va tarixchi Xodim Shunday voqeani eslaydi: “Biz ya’ni, Bolta devon – Nodim, Yusuf Xarrot – Chokar va man Bobojon Tarrox – Xodimlarga Arabxon madrasasining oxuni Yusuf xoji Doiy adabiyot ilmi bo‘yicha Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston” asarlari, Firdavsiyning “Shohnoma” asari bo‘yicha saboq berganida, Feruz mazkur asarlar yuzasidan savol berib, bizni imtihon qilardi. Ana Shunday paytlarda birortamiz xatoga yo‘l qo‘ysak, yoki birorta so‘zni noto‘g‘ri talaffuz etsak, Feruz bizni to‘xtatib, xatolarimizni to‘g‘rilar, u yoki bu so‘zning ma’nosini aytib berib, bizni hech xafa qilmasdan kamchiligimizni yo‘qotishga yordam berardi”. Ma’lumki, Muhammad Rahimxon II adabiyot sohasida qalam tebratgan ijodkor sifatida mashhur bo‘lgan. U yoshligidan boshlab adabiyotga havas qo‘ygan. O‘zi esa Alisher Navoiy, Munis, Ogahiy, Komil singari shoirlarning asarlarini qunt bilan o‘rganib, ularga ergashib she’rlar yozdi, yozgan she’rlariga Feruz deb taxallus qo‘ydi. Uning Feruz taxallusiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Xodim asaridan ma’lum bo‘lishicha, ushbu taxallusni hukmdor o‘zi qo‘ygan, bunda Komil Xorazmiyning ham ishtiroki bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Muhammad Rahimxon II Feruz taxallusidan tashqari Feruzbaxt, Kamron va Komron taxalluslarida ham ijod qilgan. Bayoniy tomonidan Feruzning she’riyat ilmiga bo‘lgan muhabbati nihoyatda yuksak ekanligi ta’kidlanib, xon hazratlari she’rga ko‘p zavq paydo qilib erdilar, so‘ngroq she’rga ko‘proq haris bo‘ldilar, har kishining she’r aytmoqqa sahl qobiliyati bo‘lsa, na’vi she’rlarini aytib dargohi oliyga olib bora berdilar, shoirlarning adadlari kam besh qirqqa yovuq bo‘ldi, deya ma’lumot beradi. Feruz she’riyati qo‘lyozma devon va toshbosma bayozlarda bizgacha to‘liq yetib kelgan deyish mumkin. Feruz kelgusi avlodlarga bitmas-tuganmas adabiy meros qoldirdi. Buni uning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Moskva, Sank-Peterburg shaharlari hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya kabi mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanayotgan “G‘azaliyoti Feruz”, “Bayozi Feruz”, “Devoni Feruz” asarlari ham tasdiqlaydi. Kamtarin bu oshiq shoirdan 98 g‘azal (1498 misra), 7 muxammas (220 misra), 7 ruboiy (28 misra), 2 musaddas (84 misra), 4 masnaviy (706 misra) jami 2028 misradan iborat lirik meros qoldi.
Feruz ijodiga nazar tashlar ekansiz, unda shoir g‘azaliyotining juda ko‘p qismi ishq-muhabbat mavzusiga bag‘ishlanganligini guvohi bo‘lasiz:
Men nechuk ishqi jununing zavqu shavqin tark etay,
Kim, bu unsurdin markab bo’ldi ijodim mening.
Shoir insonning insonga bo‘lgan muhabbatini ulug‘ladi va unga har bir insonning eng muhim fazilatlaridan biri deb qaradi. Inson va hayotni, sevgi va sadoqatni o‘z ijodining asosi qilib olgan Feruz sevgini sadoqatsiz, mehrni oqibatsiz tasavvur qila olmaydi. Bular shoir lirikasining yetakchi g‘oyaviy asosini tashkil etadi. Xususan, Feruzning ruboiy janrida yaratgan asarlari, asosan, ishq mavzuining badiiy talqiniga bag‘ishlangan. Musaddaslari ham muhabbatning mahzun kechinmalarini, lirik qahramonning ruhiy ahvolini sharhlashga qaratilgan. Musaddaslar garchi an’anaviy shakl va mazmunda bitilgan bo‘lsa-da, ular bugungi kitobxon uchun ma’naviy-ma’rifiy mohiyati bilan ahamiyatlidir. Feruzning masnaviy janridagi asarlari diniy-tasavufiy xarakterga ega. Demak, Feruz ijodida tabiat va jamiyat go‘zalliklari, turkiy va forsiy nazm, diniy-tasavvufiy adabiyot kabi san’at dorilfununlari o‘z ifodasini topdi. Shu bilan birga Feruz til o‘rganishga ham katta e’tibor bergan. Ma’lumotlarga qaraganda, u turk, fors-tojik, tatar, ozarbayjon tillarini puxta bilgan va shu tillarda ijod etishga harakat qilgan.
Feruz ijod ahliga g‘amxo‘rlik qildi, ularga maosh tayinladi, kitoblarini bosib chiqarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirdi. Hаsаn Murod Qori Muhammаdаmin o‘g‘li Lаffаsiy esа “Xiva shoirlаri vа аdаbiyotchilаrining tаrjimаyi hollаri” tаzkirаsidа Feruz sаroyidа 54 tа shoir fаoliyat ko‘rsаtgаnini yozаdi.
Umuman, Muhammad Rahimxon II homiyligi sababli Bayoniy, Komyob, Laffasiy (1898-1942), Avaz O‘tar (1884-1919), Mutrib Xonaxarobiy (1860-1923), Muhammadyusuf Xarratov – Chokar (1889-1952), Ilyosmulla Muhammad o‘g‘li – So‘fi (1860-1916) kabi tarixchi va taraqqiyparvar shoirlar yetishib chiqdi. Ularning asarlarida eski adabiyotimizga xos an’anaviylik va madhiyabozlik yo‘nalishiga amal qilish bilan birga, mavjud tuzum illatlari, xon amaldorlari, boylarning zo‘ravonligi va poraxo‘rliklarini xalqqa fosh etib, yangi tuzumga, yangi hayot, taraqqiyot va istiqlolga umid uyg‘ota bildilar. Feruz shoirlarning asarlaridan iborat har xil tazkiralar, bayozlar tuzdirdi. “Haft shuaro”, “Bayozi g‘azaliyot”, “Bayozi muxammasat”, “Bayozi musaddasat” kabi to‘plamlar shular jumlasidandir. Muhammad Rahimxon II ning ko‘rsatmasiga binoan Ahmad Tabibiy (1868-1910) tomonidan “Majmuayi shuaroi Feruzshohiy” nomli she’riy to‘plam tuzildi. Unga Xiva saroyidagi 30 dan ortiq shoirlar she’rlari kiritildi.
XIX asr ikkinchi yarmi Xiva adabiy muhitining o‘ziga xos xususiyatlardan biri bu “Xorazm tarjima” maktabi vujudga kelganligidir. Bu ham bevosita va bilvosita Feruz nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Feruz tarjima qilinishi kerak bo‘lgan asarlar ro‘yxatini tuzdirib, turli tarjimonlarni bu ishga jalb etgan. Jumladan, Ogahiy tomonidan Rizoqulixon Hidoyatning “Ravzat us-safoyi Nosiriy” (Nosirning poklik bog’i), Muhammad Yusuf Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy”, Nizomiddin Ahmad ibn Muhammad Muqim Hiraviyning “Taboqoti Akbarshohiy” kabi asarlar fors tilidan o’zbek tiliga mahorat bilan o‘girilgan. Ibn al-Asir (1160-1233) tomonidan yozilgan “Al-Komil fi-t-tarix” (Tarix haqida mukammal kitob) asari ham Feruz buyrug‘iga binoan arab tilidan o‘zbek tiliga to‘liq holda ko‘chirildi. Oxirgi jild tarjimoni Domullo Otajon xoja ibn Qalandar xoja oxund Xorazmiydir. Muhammad Yoqubxo‘ja 1907-yilda “Tarixi farishta” asarining bir qismini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qiladi. Bungacha u 1903-yilda zamonasining yetuk tarjimonlari Muhammad Sharif Mahdum va Rafe Oxundlar bilan hamkorlikda Al-Ma’sudiyning “Muravvijuzzixob va maodinul - javohir” (Oltin va javohirlar koni) asarini arab tilidan o‘zbek tiliga o‘girib katta tajriba orttirgan edi. Bayoniy esa “Tarixi Tabariy”ni o‘zbek tiliga tarjima qilganligini o‘z asarida yozib qoldiradi. XIX asr ikkinchi yarmidagi Xiva adabiy muhitiga xos xususiyatlardan yana biri sayohatnoma janri vujudga kelganligidir. Ushbu janrda ijod qilgan dastlabki shoir Xusraviy hisoblanadi. Bayoniy u haqida 1886-yili sayohatga chiqib ko‘p mamlakatlarni sayr etgani, Istambul, Makka, Madina, Quddus shaharlarini ziyorat qilib, 1887-yili Xivaga qaytganini yozib qoldiradi. Umuman olganda, Samoylovich ta’kidlaganidek, “ilm-fan va san’atning homiysi” Muhammad Rahimxon II davrida adabiyot o‘z ravnaqining cho‘qqisiga chiqdi.
Feruz adabiyot bilan bir qatorda musiqa san’atini rivojlantirishga ham g‘amxo‘rlik qildi. Xususan, Feruz Shashmaqom kuylarini o‘rgandi. Saroyda maqom ansamblini tuzdi. “Navo”, “Dugoh”, “Segoh” maqomlariga bog‘lab kuylar yaratdi. Shuningdek u musiqashunos sifatida shoir va bastakor Pahlavon Niyoz Mirzaboshi Komilni Xorazm shashmaqomini tanburga moslab nota yozishga undadi. Shuning uchun Komil “Xorazm tanbur notasi” deb yuritiladigan “Tanbur chizig‘i”ni yaratdi. Keyinchalik, XX asr boshlarida Komil Xorazmiyning o‘g‘li Muhammdrasul Mirzo (1850-1923) Xorazm Shashmaqomini yetti maqomda tanburga moslab notaga tushirdi. Ana Shunday beqiyos adabiyot va musiqa meroslari bugun bizga Muhammad Rahimxon II ning naqadar ulkan ma’rifatparvar hukmdor bo‘lganini isbotlab turibdi, desak xato bo‘lmaydi.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin