Xiva xonligida XIX asr yangiliklari: yangi usul va rus-tuzem maktablari, litografiya va kinofotografiya.
Xivada joriy qilingan XIX asr yangiliklarini quyidagi uchta yo‘nalish orqali tahlil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi:
Iqtsodiy va ijtimoiy hayotga kirib kelgan yangiliklar
Ta’lim tizimiga kirib kelgan yangiliklar
Madaniyat sohasiga kirib kelgan yangiliklar
Feruz bilan ikki marta uchrashgan turk sayyohi Mehmet Amin Afandi xonni zamonasining yangiliklaridan xabardor bo‘lishga intiluvchi hukmdor sifatida tasvirlaydi. Xususan, Mehmet Amin Afandi bilan suhbatida Muhammad Rahimxon boshqa davlatlarda sodir bo‘layotgan tashqi siyosat haqida fikr almashib, sayyohdan Yevropaning rivojlanib ketganini, bug‘ quvvati bilan ishlaydigan mashinalarni kim ixtiro qilganini va telegraf bilan xabarlashishning qanday vosita ekanligini so‘ragan. Bu esa xonni XIX asr yangiliklariga intilganini ko‘rsatadi. Ikkinchi muloqotda muallif quyidagilarni qayd etadi: “Asr ixtirosi bo‘lgan mashinalar haqida takror so‘raganda, men ham kerakli manbalarni so‘zlab berdim. O‘z navbatida xon ham sayyohga Jayhun daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi rus ma’muri general Ivanov uni paroxodni ko‘rsatish uchun chaqirganini va daryoda ikki soat birga kezganliklarini aytib berdi. Xon paroxod mashinalari haqida tarjimondan yetarli ma’lumot ololmagani uchun mendan ular xususida to‘liqroq ma’lumot berishimni so‘radi. So‘raganlarining yuksak darajadagi bilimlar mahsuli ekanligini tan olib, uning bilimlaridan hayron qoldim”. Bundan ko‘rinadiki, Muhammad Rahimxon II o‘z davridagi yangiliklarni o‘rganishga va uni o‘z davlatiga olib kirishga harakat qilgan. Shu maqsadda, 1880-yillardan boshlab Xiva xonligida dastlabki sanoat korxonalari qurila boshlandi. 1889-yilda “Katta Yaroslavl manufakturasi” shirkati tomonidan Urganchda bug‘ bilan ishlaydigan paxta tozalash zavodi ishga tushdi. Shundan keyin Xiva va Gurlan shaharlarida paxta zavodlari qurilib, ko‘nchilik mahsulotlari, yog‘, sovun ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 1890-yilda Petro-Aleksandrovskda pochta va telegraf mahkamasi ochilganidan keyin, Yangi Urganch va Xiva shaharlarida ham pochta-telegraf ishlarini yo‘lga qo‘yish harakati boshlandi. Shu maqsadda xonning Said Islomxo‘ja boshliq bir guruh amaldorlari bir necha marta Moskva va Peterburg shaharlariga sayohat qildilar. 1909-yilda esa Urganchda rus-xitoy bankining bo‘limi ochildi. Bundan tashqari, Moskva savdo va ishlab chiqarish banki hamda savdogarlar banki ish boshladi. 1880-yilda ijtimoiy hayotda yana bir muhim hodisa amalga oshirildi. Muhammad Rahimxon II say’-harakatlari bilan xonlikda birinchi ambulatoriya (kichik shifoxona) ochildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1891-yilning uch oy ichida 10 mingdan ortiq kishi shifoxonaga murojaat qilgan va ulardan 4747 tasi ayollar bo‘lgan. O‘z o‘rnida shuni tan olib aytish lozimki, Xiva xonligi ruslar tomonidan bo‘ysundirilganidan so‘ng rus shifokorlari yordamida sog‘liqni saqlash ishlari birmuncha yo‘lga qo‘yildi. Natijada, terlama, ich burug‘i, isitma, qo‘tir kabi kasalliklarni oldini olish bo‘yicha foydali tadbirlar amalga oshirildi.
Har narsani asosida chuqur bilim va aql yotishini yaxshi bilgan Feruz ta’lim sohasiga ham alohida homiylik qildi. Feruz ilmli kishilar tayyorlash maqsadida 1884-yilda o‘z saroyida maktab ochdi. Bu maktabda rus o‘qituvchisi va Mirzo, Rahmonquli qori kabi iqtidorli o‘qituvchilar dars berishdi. 1887-yilda bu maktabda ta’lim olgan 11 o‘quvchidan oltitasi Feruz hisobidan o‘qidi. Bu Xiva xonligidagi kichik hajmdagi dastlabki rus-tuzem maktabi edi. 1891-yilda esa Xiva xonligida Komil Xorazmiy tashabbusi bilan yana bir rus-tuzem maktabi ochildi. Rus-tuzem maktablarida rus tili, arifmetika, tarix, geografiya va boshqa dunyoviy fan mashg‘ulotlari rus o‘qituvchilari tomonidan olib borilsa, mahalliy o‘qituvchilar esa mahalliy savod (ona tili) va islom fani asoslarini o‘rgatishardi. Ushbu maktablarning asosiy maqsadi mahalliy millat bolalariga rus tilini o‘rgatib, mahalliy tarjimonlar tayyorlashdan iborat bo‘lsa-da, ruslashtirish siyosati ham bunda o‘zini ifodasini topgan. Feruz davrida rus-tuzem maktablari bilan bir qatorda Xiva xonligida yangi usul maktablari ham ochildi. Xususan, uning farmoniga muvofiq 1904-yilning 10-noyabrida Urganchda birinchi yangi usul maktabi ochildi. Unda Husayn Qo‘shayev degan Turkiyadan kelgan o‘qituvchi yoshlarga tarbiya bergan. Shu yilning dekabr oyida unda 55 nafar o‘quvchi, shu jumladan, 45 nafar mahalliy millat vakillari tahsil oldi. Shuningdek Husayn Qo‘shayev tomonidan 1906-1907-yillarda Urganchda qizlar maktabi ham tashkil etildi. Mazkur maktabda uning rafiqasi Komila Qo‘shayeva qizlarga bilim bera boshladi. Yangi usul va rus-tuzem maktablari ochilgan bo‘lsa-da, Xiva xonligida aholining ko‘pchilik qismi eski maktablarda tahsilini davom ettirgan. Ushbu davrda xonlikda har birida 30 nafardan bola o‘qiydigan 1500 ta ana Shunday maktab bor edi. Ularda 45 mingga yaqin bola ta’lim olgan. 1909-yilda Xiva xonligida 130 ta madrasa mavjud bo‘lib, unda 2300 dan ortiq mullavachchalar tahsil oldi. Ana shunga asoslangan holda Xiva xonligida ushbu davrda 51 500 kishi ta‘lim olganligini bilsa bo‘ladi. Ushbu ma’lumotlardan XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Xiva xonligidagi ta’lim jarayonini tahlil qilsak, bu yerda har uchala: rus-tuzem, yangi usul va eski maktab kabi ta’lim maskanlaridan keng foydalanilganligi va maorif sohasida katta muvaffaqqiyatlarga erishilganini bilib olishimiz mumkin.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida O‘rta Osiyoda birinchi marta Xiva xonligida Xudoybergan Devonov (1878-1940) sa’y-harakatlari bilan kino san’ati vujudga keldi. 1907-yilda Said Islomxo‘ja boshliq Rossiyaga yuborilgan Xiva elchilari qatorida bo‘lgan Xudoybergan Devonov (4-ilova) tomonidan elchilarni rus imperatori Nikolay II bilan uchrashuv payti suratga olindi. 1908-yilda Vataniga qaytgan Xudoybergan Devonov o‘zi bilan birga Moskva, Peterburg shaharlaridan ,,Pate“ kinoapparati, fotoapparat, teleskop, grammafon asboblarni olib keldi va Xiva shahrida fotolaboratoriya tashkil etdi. Ana shu tariqa 1910-yillarda kinooperatorlik faoliyatiga berilib ketgan Xudoybergan Devonov tomonidan yaratilgan “O‘rta Osiyo me‘moriy boyliklari”, “Turkiston ko‘rinishlari”, “Xiva va xivaliklar” kabi ilk qisqa metrajli filmlar o‘zbek milliy kinosining klassik durdonalariga aylandi. Xiva xonligida O‘rta Osiyodagi dastlabki toshbosma kitoblar chiqarilishining yo‘lga qo‘yilishi ham Feruz davriga to‘g‘ri keladi. Sharqda birinchi matba 1832-yil Eronda paydo bo‘lgan. Shuning uchun Erondan Ibrohim Sulton nomli matbaachi Xiva saroyiga ishga taklif etildi. Ibrohim Sulton mahalliy yoshlardan Otajon Abdalovga matbaachilik sirlarini o‘rgatadi. 1874-yildan boshlab ba’zi hujjatlar toshbosma usulida chop etila boshlandi. Komil Avaz “podShohi zamon tiplitografiyasi”ning ilk mahsuloti Abu Nasr Farobiyning “Nisob us-sabiyon” (Bolalar nasibasi) asari deb ko‘rsatadi. Feruz Otajon Abdalovga Muhammad va Xudoybergan xarrot, Xudoybergan muhrkan, Ismoil devon va Komil devon kabi taraqqiyparvar kishilarni yordamchi qilib qo‘ydi. Natijada, ushbu toshbosma faoliyati yanada rivojlandi. Ushbu toshbosmada 1879-yili Munisning “Munis ul-ushshoq” devoni, Komilning 5 ta devoni, 1880-yil A. Navoiy “Xamsa”sining “Hayrat ul-abror” dostoni, 1882-yilda esa “Chor devon” asari, 1880-yil Yoqubxo‘ja ibn Ibrohimxo‘janing “Devoni xolis”, 1882-yili Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devoni, 1897-yili “Devoni Feruz”, 1909-yilda Ahmadjon Tabibiyning “Majmuat ush-shuaro” asari, 1909-yil “Devoni Mirzo” ga qo‘shimcha tarzda Mirzo Bag‘dodiyning “Soqiynoma” asari tarjimasi kabi bir qator asarlar chop etildi. Albatta bu kabi xayrli ishlar xalqimizning qalbidan chuqur joy egalladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Feruz davrida madaniy hayot gurkirab rivojlandi. Adabiyot, musiqa, kitobat ishlariga katta ahamiyat berildi, ya’ni, devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirdi. Xorazmda tarjima maktabini yaratdi. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildirdi. Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayoniylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozildi. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qildi. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirdi. Unda Xorazm shoirlari haqidagi “Majmuat ush-shuaro” tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilindi. Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirdi va ularni ko‘p nusxalarda ko‘chirtirdi, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratdi. Feruz me’morlik, naqqoshlik, xattotlik kabi san’at turlarini ham rivojlantirdi. Bu davrda fotografiya va kino san’ati vujudga keldi, obodonchilik ishlari amalga oshirildi.
Dostları ilə paylaş: |