Xonlikda musiqa-qo‘shiqchilik va teatr, xattotlik, askiyachilik va dorbozlik san’ati XVIII asr oxirlari – XIX asr birinchi yarmida o‘zbek xonliklarida ma’naviy madaniyatning barcha sohalari kabi tasviriy san’at, musiqa-qo‘shiqchilik, xattotlik, miniatyura rassomochiligida ham muhim siljishlar ro‘y berdi. Yuqoridagi mavzularda bayon etilganidek, bu san’at turlari o‘z maromida yuksala bordi. Shuni ham e’tirof etish lozimki, bu davrda ma’naviy madaniyatni yuksalishi bobida temuriylar homiylik an’anasini, ayniqsa Nodirabegim, Muhammad Rahimxon Soniy (Feruz), Amir Olimxon kabi Shoh hukmdorlar o‘z mamlakatlarida takrorlashga harakat qildilar. Biroq, o‘sha davrda sodir bo‘layotgan o‘zaro urush va taxt talashishlar natijasida xonlarning tez-tez almashinib turishidan fan va madaniyat uzviy rivojlanish imkoniga ega bo‘lmadi.
XIX asr oxirida yashagan farg‘onalik ashulachi va sozandalarning ko‘pchiligi serqirra san’atkor bo‘lishgan. Bir kishining o‘zi ikki-uch cholg‘u sozida chalishni puxta egallagan sozanda, bastakor, hofiz, qiziqchilar ko‘pchilikni tashkil etgan. Ba’zilari o‘zlari uchun doimiy kerak bo‘lgan cholg‘u sozlarini yasash hunaridan ham xabardor bo‘lganlar. Ularning noyob iste’dodi yana shu jihatdan qadrliki, ular nota yozuvlarisiz qanchadan-qancha xalq musiqa boyliklarini, shashmaqomlarni yodaki o‘rganganlar va esda saqlab qolib, o‘z navbatida shogirdlariga o‘tkazganlar. Farg‘ona vodiysida xalq professional musiqasi janriga kiruvchi «Shashmaqom»ning Farg‘ona-Toshkent yo‘llari va ayniqsa katta ashula keng tarqalgan.
O‘tgan ajdodlarimiz ijodiga mansub, bir necha yuz yillik tarixga ega bo‘lgan Maqom va Shashmaqom san’ati musiqa-qo‘shiqchiligimizning bebaho va betakror gultojisi hisoblanadi. Ular keyingi asrlar hamda hozirgi zamon milliy san’atimizning mustahkam poydevori va asosi, bitmas-tuganmas sarchashmasi bo‘lib kelmoqda. Ko‘rilayotgan davrlarda yurtimizning barcha hududlari xalqlari madaniy hayotiga, xususan, musiqa-qo‘shiqchilik yo‘nalishiga sinchiklab nazar solinsa, bu davrlarda hamma o‘tgan davrlardagidek, san’at o‘sha davr ajdodlarimiz hayotining ham doimiy ajralmas qismi bo‘lib qolaverganini kuzatish mumkin. O‘rta Osiyo mintaqasida tarixan shakllangan Maqomot deyilganda – Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari hamda ular zaminida yuzaga kelgan va kelayotgan zamonaviy navlar nazarda tutiladi.
Maqomotning uchinchi yirik yo‘nalishi Farg‘ona va Toshkent vohalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu hududlarda vujudga kelgan mumtoz musiqa tizimi umumlashtirilib «Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari» deb ataladi. XVIII asrda shakllana boshlagan ushbu yo‘nalish XIX asr oxirlari-XX asr boshlarida Toshkent va Farg‘onada har biri alohida maktab sifatida ko‘rilib, mustaqil nomlar bilan yuritilgan. Jumladan, «Toshkent maqomlari», «Turkiston maqomlari» va «Farg‘ona maqomlari». O‘zining mohiyati va mazmuniga ko‘ra Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari Shashmaqom, Xorazm maqomlari yoki boshqa bir tizimning ko‘chirmasi emas, balki mahalliy sozandalar tomonidan ishlangan shakldir. Tarixiy asarlar, musiqiy risolalar va adabiy tazkiralarda Farg‘ona vodiysi hamda Toshkentdan chiqqan etuk sozandalarning nomlari ko‘plab tilga olinadi. Ularning XIX asrdagi eng yirik ustozi Xudoyberdi ustoz bo‘lib, uning ijodi yo‘nalishida Farg‘ona va Toshkent vohalarida bir necha o‘nlab shogirdlar ijod qilganlar. O‘z navbatida ular ham bu an’anani davom ettirib, bu ijodni o‘z shogirdlari orqali keyingi avlodga etkazganlar. XX asr boshlarida esa ushbu yo‘nalishda mashhur Ashurali Mahramning yirik maktabi vujudga keldi va uning ham bir necha o‘nlab shogirdlari Farg‘ona, Toshkent, Qo‘qon, Isfara, Andijon, Marg‘ilon, Namangan, Chimkent, Qashqar, Samarqand, Urganch kabi qator shahar-viloyatlarda, qishloqlarda samarali ijod qildilar.
Qo‘qondagi saroy san’atkorlariga Xudoyberdi ustoz rahbarlik qilgan bo‘lsa, uning shogirdi Ashurali Mahram esa saroydan tashqarida erkin ijod qildi. SHuni ham ta’kidlash joizki, Xudoyorxon hukmronligi davrida ma’lum bir muddat san’atni va san’atkorlarni ta’qib etish, tazyiq o‘tkazish kabi juda noxush munosabatlar vujudga kelib, bir qator mashhur san’atkorlarning markaz (Qo‘qon) dan uzoqroq joylarga borib yashashlariga to‘g‘ri keldi. Bu davr san’atining yirik vakili Mulla To‘ychi hofiz Toshmuhamedovning ijodi ham juda diqqatga sazovor bo‘lib, uning ustoz-shogird munosabatlari rivojiga qo‘shgan hissasi Farg‘ona-Toshkent maqomlari avloddan-avlodga o‘tkazish an’analarini davom etishida muhim o‘rin tutdi.
O‘zbek san’atkorlarining dong‘i faqat Turkiston o‘lkasidagina emas, balki qo‘shni, chet mamlakatlarga ham etib borgan. Masalan, samarqandlik mashhur hofiz Xoji Abdulaziz Rasulov Eron, Afg‘oniston, Arabiston, Iroq, Hindiston va Yunoniston mamlakatlarida o‘z san’atini namoyish qilgan. Toshkentlik Mulla To‘ychi Toshmuhammedovning ovozini Yorkent, G‘ulja, Chuguchak xalqlari sevib tinglaganlar. Farg‘ona vodiysining bir guruh san’atkorlari mashhur qiziqchi, musiqachi, raqqos Yusufjon Shakarjonov boshchiligida o‘z san’atlarini Qashqarda ham namoyish etganlar.
XIX asrning 70-yillaridan boshlab Rossiyaning markaziy shaharlaridan va chet ellardan kelgan mashhur san’atkorlar, Toshkent, Samarqand, Qo‘qon Andijon, Marg‘ilon kabi shaharlarda spektakllar, konsertlar ko‘rsata boshlaganlar. Viloyat markazi bo‘lgan Farg‘ona shahrida va boshqa shaharlarda musiqa sozlari savdosi uchun maxsus do‘konlar ochilgan, ularda rus cholg‘u asboblari bilan bir qatorda chet ellardan keltirilgan cholg‘u sozlari ham sotilgan. To‘ychi Hofiz (1868-1943). Toshmuhamedov Mulla To‘ychi. Toshkentlik. O‘zbek ashulachilik va qo‘shiqchilik san’atining yirik vakili. Kasbi to‘quvchilik bo‘lgan. To‘ychi Hofiz yoshligida amakisi Qo‘chqor otadan ashula aytish sirlarini o‘rgangan. Ayniqsa, 1890 yilda Shojalil hofiz va Shobarot tanburchi jo‘rligida «Shaxnoz-Gulyor» ashulalar sikli To‘ychi Hofizga katta shuhrat keltiradi. Keyinchalik esa uning dovrug‘i Turkiston o‘lkasining shaharlari (Namangan, Xo‘jand, O‘sh, Marg‘ilon, Andijon, Isfara va boshqalar) ga tarqalgan.
To‘ychi Hofizning o‘zi ijro etgan ashulalardan 25 tasi 1905 yil Riga shahrida, 1911 yil Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahrida gramplastinkaga yozdirilgan. To‘ychi Hofizning o‘zi ham 1908-1910 yillarda Farg‘onadagi Adolatxon, Mozidaxon nomli ayol xonandalar ijrosidagi qator qo‘shiqlarni ham birinchi marta gramplastinkaga yozdirgan.
1906-1912 yillarda To‘ychi Hofiz tashabbusi bilan Andijon, Farg‘ona, Xo‘jand va boshqa shaharlarda grammafon va plastinkalar do‘konlari tashkil etilgan. Bu do‘konlarda o‘zbek, rus va evropacha kuy, qo‘shiq va ashulalar yozilgan plastinkalar sotilgan.
To‘ychi Hofiz 1900 yilda Eron, Turkiya, Italiya, Misr, Hindistonda, 1913 yilda Sharqiy Turkistondagi Qashg‘ar, G‘ulja, Yorkent kabi shaharlarda, 1914 yilda esa Chuguchak shahrida bo‘lib, o‘z san’atini namoyish etgan.
Shu tariqa, XVI-XX asr boshlari xonliklar davri madaniyati tarixida, jumladan maqomlar san’ati tarixida ushbu davr ijodkorlari, xususan shu yo‘nalish namoyandalari bu san’atni kelajak avlodga, etkazish yo‘lida o‘z ijodlari bilan salmoqli hissa qo‘shdilar. Qo‘qonda hattotlik san’ati va me’morchilik ham rivojlangan. Muhammad Latif, Mirzo Sharif dabir, Abdulg‘ozixoja kabi hattotlarning kitob ko‘chirishi borasida o‘zlari amalga oshirgan hayrli ishlari bilan tarixda nomlari qoldi. Kitoblar Shunday did bilan ko‘chirilganki, harbiy mamlakatlar shahri uchun elchilarga ana Shunday nafis ko‘chirilgan kitoblarni tortiq qilish xonlikda odatga aylangan edi.
XVIII-XIX asrlarga kelib teatr sohasida ham birmuncha taraqqiy etib bordi, uning yo‘nalishlari ijrodagi o‘ziga xos xususiyatlar, takomillashuvlar, ijodiy yondashuvlar rivojlanib borgan. Teatrning kulgili turlari – qiziqchilik, masaxarabozlik, qo‘g‘irchoq o‘yinlar ham asta-sekin badiiy tomosha tizimi sifatida tashkil topgan va san’at turiga aylangan.
Ayniqsa, bu davrlarda boshqa hech bir millat ijodida uchramaydigan o‘zbek askiya san’ati ham rivojlanib borgan. Askiya - (arabcha zakiy - o‘tkir zehnli, hozirjavob) o‘zbek xalq og‘zaki ijodi turidir. U ikki yoki undan ziyod kishi o‘rtasida sayil, to‘y, bayramlarda, sahnalarda ijro etiladigan ma’lum mavzu bo‘yicha badiiy so‘z tortishuvidir. Bu san’at turi asosan XV asrlarda shakllangan.
XVI asrda Mavlono Burxoni Lang, Said G‘iyosiddin Sharfa, Mavlono Halil Sahof, Muhammad Badaxshiy kabi etuk askiyachilar etishib chiqqan, XVIII-XIX asrlarda esa bu ijod Farg‘ona va Toshkentda rivojlangan. Farg‘onada Dehqon Shernazarov (1860-1942), Toshkentda Saidahmad askiyachi (1880-1940) kabi mashhur askiyachilar o‘tgan va ularning dong‘i uzoq hududlarga ham yoyilgan. Askiya san’ati bugungi kungacha an’anaviy davom etib kelmoqda.
Teatr va tamoshalar ko‘rsatish sohalarida esa qo‘qonlik Bidiyorshum nomi bilan tanilgan Muhammad Solih (XVIII asr II yarmi - XIX asr I yarmi), XIX asr II yarmida Qo‘qonda ijod qilgan Zokir Eshon guruhi, Andijonlik. Qo‘qon qiziqchilar teatrining taniqli aktyori Matholiq qiziq (1840-1910), Marg‘ilonlik o‘zbek an’anaviy teatrining atoqli namoyandasi, xalq qiziqchisi. Zokir eshon truppasida ishlagan Sa’di maxsum (1825-1889), Zokirjon qiziq guruhida katta qiziqchilardan ta’lim olgan va Qo‘qonda ijod qilgan Normat qiziq sulolasi (1849-1919) xalqimizning madaniyati va san’ati tarixida o‘z nomlarini qoldirganlar.
XVIII asrlarga kelib esa sirk-dorbozlik san’ati ijodi ham o‘ziga xos rivojlanishda davom etib, xalq orasidan ushbu san’at turlarining etuk namoyandalari etishib chiqqanlar va xalqqa sidqidildan xizmat qilganlar.
XIX asrda Qo‘qonda Iqlim dodho degan san’atkor rahbarligida ayol qiziqchilar guruhi tashkil etilgan. Guruh repertuari qiziqchilik, kulgili hikoyalar, hajviy qo‘shiqlar, raqs va yallalardan iborat bo‘lgan. XIX asr va XX asr boshlarida Samarqand viloyati, G‘us qishlog‘idan Qursiya Rustamova, Ro‘zixon SHoimova, Qashqadaryo viloyatidan Xongul Olimova, Basgul Qudratova, Toshkent viloyatidan Salomat Mutalova, Adolat Tursunova, Andijon viloyatidan Sojida Niyozmatova, Sottixon Ashurova kabi ayollardan ko‘plab taniqli masxaraboz va qiziqchilar chiqqan. Bosh mavzu - xotin-qizlarning kundalik hayoti, o‘y-fikrlari, dardlari, orzu-istaklari, taqdirlari bo‘lgan.