O’zbekiston madaniyati va san’ati tarixi fanidan O’quv-uslubiy majmua namangan – 2018


Feruz davrida me’morchilik va xattotlik



Yüklə 0,77 Mb.
səhifə48/70
tarix05.10.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#152439
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   70
Мa`ruza matnlari-fayllar.org

Feruz davrida me’morchilik va xattotlik
Muhammad Rahimxon II davrida mamlakat taraqqiyoti yo‘lida bir qator obodonchilik va me’morchilik ishlari amalga oshirildi. O‘rta Osiyoda yangi kanallar qurish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘orish ishlarini kengaytirish kabi masalalar xonlikning iqtisodiy hayotini va siyosiy mavqeyini belgilashda asosiy omil edi. Shuning uchun ham Xiva xonligida sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilikni rivojlantirishda sug‘orish tarmoqlari tizimi masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat berildi. Muhammad Rahimxon II sug‘orish inshootlarini barpo etish va eskilarini ta’mirlash ishlariga juda katta e’tibor qaratdi. Ma’lumki, sug‘orish inshootlarini ko‘plab barpo etishda qadimdan jamoa mehnatidan foydalanib kelingan. Har yili bahor va kuz fasllarida hamda milliy bayram Navro‘z ayyomlari oldidan ommaviy hasharlar o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Muhammad Rahimxon II davrida ham an’anaviy muqaddas hashar, ya’ni, Navro‘z ayyomida Xorazm ariqlarini tozalash uchun qazuv e’lon qilingan. Ana shu qazuv ishlarida, xususan, Polvonyop va Shohobod kanallarini tozalashga xonning o‘zi shaxsan rahbarlik qilgan. Fotiha o‘qilganidan keyin Muhammad Rahimxon II yop ichiga tushib, qo‘liga belkurak olib, birinchi bo‘lib tuproqni ariq ichidan tashqariga otgan. So‘ngra qazuvchilardan biri kelib, xon qo‘lidagi belkurakni olib qazuvni davom ettirgan. Qazuv yiliga ikki marta bahor va kuzda o‘tkazilgan va ikki hafta davom etgan. Shunday yo‘l bilan XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Qo‘ng‘irot shahri yaqinida Xonyop kanali barpo etiladi. Kanal Muhammad Rahimxon II ijozati bilan qurilganligi uchun uni Shunday ataganlar. Shuningdek bu davrda Said Muhammadxon va Muhammad Rahimxon II rahbarligida Bo‘zyop va Sho‘raxon ariqlari qayta tiklandi. Sho‘raxon ariqlaridan Kalta Minor yop, Bog‘yop, Amirobod, Eski Govxura arig‘ining shaxobchasi bilan qo‘shilgan ariqlar qazilib, qoraqalpoq va qozoq xalqlarining dehqonchilik bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratib berildi. Bu haqida Ogahiy ,,Muhammad Ya’qub mahram (Muhammad Rahimxon II) buyrug‘iga muvofiq, devonbegiga hamroh shaharga kelmay, hamul jonib elotining ba’zi muhimmoti istikmoli uchun qolib, qoraqalpoq va Xoja elining barcha yof va ariqlarini qazdurdi. Ko‘p muddatdan beri… Lavzan (Lavdan) ornasida band bo‘lib, Ko‘hna Urganchga suv bormay xarob bo‘lib, eli ko‘chub, Xo‘ja eliga kelib o‘lturmish erdi, anga ham ulug‘ yof yordurub, daryodin suv olib borib, burung‘idan ham ziyodaroq obod qildi va elin ham ko‘chirib eltib, har kishining burung‘i o‘z yerin o‘ziga berib, barchasini xurram va shod etti“, deb yozadi. Shuningdek Ogahiy 1871-1872-yillarda Muhammad Rahimxon II o‘zi boshliq Xivada qazuv ishi o‘tkazganligini ko‘rsatib o‘tadi. 1892-yilga kelib esa Muhammad Rahimxon II buyrug‘iga binoan Sho‘raxon yopini kengaytirish va qayta ta’mirlash ishlari olib borildi. Bunday tadbirlarni amalga oshirishdan maqsad birinchidan dehqonchilikni rivojlantirish bo‘lsa, ikkinchidan suvdan sinfiy maqsadlarda foydalanish ham bo‘lgan. Ushbu fikrlarni Xorazm sug‘orilish tarixini bilimdoni Yahyo G‘ulomov sodda qilib quyidagicha ifodalaydi: “Suvdan sinfiy hukmronlik quroli sifatida foydalanish siyosati Gerodotdan tortib, to so‘nggi o‘zbek xonlari hukmronligi davrigacha davom etib kelgan”. Xonlikda Nurullaboy, Angarik, Tozabog‘, Rofanik va Bog‘ishamol kabi bog‘larning barpo etilishi va obodonlashtirilishi ham Feruz nomi bilan bog‘liqdir. Nurullaboy bog‘laridagi daraxtlar esa Moskva, Peterburg, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona hududlardan olib kelingan. Natijada, Xiva o‘zining olmuruti va nashvatisi, balxi tuti, xirmoni va toyibi uzumlari, Hazorasp olmasi, payvandi o‘riklari bilan mashhur bo‘ldi. Xiva bog‘dorchilik taraqqiyoti haqidagi ushbu ma’lumotlar biz yuqorida ko‘rib o‘tgan chet el sayyohlari Vamberi va Mehmet Amin Afandi asarlarini ishonchliligini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu tariqa, XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Xiva xonligida sug‘orish inshootlari tizimi takomillashuvi bir joyda depsinib qolmasdan, aholi xo‘jaligini rivojlantirishda yetakchi omil bo‘ldi. Bu esa Xiva xonligida katta-katta bog‘lar barpo etishga, ekin maydonlarini kengaytirishga, aholi sonini oshishiga olib keldi.
XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Xiva xonligi me’morchiligida ko‘plab inshootlar qurildi. Jumladan, Muhammad Rahimxon madrasasi (1871), To‘ra Murod minorasi (1888), Bikajon beka minorasi (1894), Polvon qori madrasasi (1905), Qozi kalon madrasasi (1905), Polvon darvozasi (1906), Islomxo‘ja madrasasi va minorasi (1910-1911) va boshqa shu kabi ko‘plab me’morchilik inshootlari bevosita Muhammad Rahimxon II rahbarligi va homiyligida quriladi. Ushbu me’morchilik inshootlari orasida eng yirigi bu Muhammad Rahimxon madrasasidir. U 1871-yilda Ko‘hna Ark qarshisida barpo etilgan ko‘rkam inshootlardan biri bo‘lib, ikki qavatli bo‘lgan. Unda mullavachchalarning o‘qishi uchun yozgi va qishki masjid, darsxona va kutubxonalar hamda ularning yashashlari uchun 76 ta hujra mavjud edi. Ushbu madrasa ochilganidan so‘ng Muhammad Rahimxon II madrasada faoliyat yuritish uchun mutavalli, mudarris, talaba, imom, muazzin, sartarosh, farrosh, quduqchi kabi lavozim va vazifalarni ham joriy qildi. Shuningdek madrasa yorug‘lik tizimi uchun mas’ul alohida xizmatkor lavozimi ham joriy qilinadi. Umuman, Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan Xiva xonligida 20 dan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqohlar qad rostladi. Xon ushbu binolar qurlishiga o‘lkaning mashhur ustalari, mohir ganchkorlarini jalb etdi. Xususan, qo‘li gul ganchkorlar usta Xudoybergan hoji, usta Nurmat, yog‘och o‘ymakorlaridan usta Bobojon, usta Ismoil, usta Otashayx, Mulla Vafo, usta Zayniddin, Odina Muhammad va uning o‘g‘li usta Ro‘zimuhammad, usta Mulla Muhammad, usta So‘fimuhammad, naqqosh Abdulla jin, usta Nodir Muhammad, usta Ro‘zmat arbob, naqqosh Abdulla Bolta o‘g‘li, usta Ota Polvon o‘g‘li va boshqalar bunyodkorlikni yirik vakillari bo‘lishgan edi. Albatta Xiva xonligidagi me’morchilik obidalarini ko‘plab qurilishida davlat amaldorlarining ham hissasi katta. Ularning xondan o‘rnak olgan holda, bu ishlarga boshchilik qilganliklari ham tahsinga sazovor.
Bayoniy “Shajarayi Xorazmshohiy” asarida bu haqida to‘xtalib, “Ma’lum bo‘lsunkim, xon hazratlari bag‘oyat mushfiq-fuqaro va bag‘oyat xayrdo‘st kishi erdilar. Ko‘p madrasalar va masjidlar bino qildilar va ko‘p madrasalarning binolarig‘a sabab bo‘ldilar. Andog‘kim, Muhammadmurod devonbegi bir madrasa bino qildi va Yusuf mahramga buyurub bir madrasa bino qildilar va Qadam yasavulboshi bir madrasa bino qildi va Ibrohimxo‘ja bir madrasa bino qildi va Yusuf yasavulboshi bir madrasa bino qildi va Husayn Muhammadboy bir madrasa bino qildi va Do‘st Olim bir madrasa bino qildi v-al qoziyal-quzzot Qozi Muhammad Salim bir madrasa bino qildi. Va Islomxo‘ja bir minorli madrasa bino qildi. Bu binolarning hammalari ul hazratning targ‘iblari bila bo‘ldi. Yana Nurillobek otlig‘ havlilarining atrofida ko‘p bevatanlarni vatanli etdilar va yana Tozabog‘ atrofida ham ko‘p bevatanlarni vatanli etdilar va to‘rt oliy masjid bino qildurub Tozabog‘da vatan tutg‘on bevatanlar to‘rt masjid qavmi bo‘ldilar. Yana Yangi qal’ada Nurillobek havli va bog‘larining sharqi shimol tarafida ko‘p bevatanlarga vatan berib va bir oliy masjid bino qildurub, ul yerni Sultonobod ismi bila mavsum etdilar. Ul masjidning qavmi yuz uyli bo‘ldi. Alhaq, ko‘p yerlarni obod etdilar. Ko‘p masjidlar va madrasalar va qorixonalar bino bo‘lub ko‘p yerlar obodon bo‘ldi”, deb yozadi. Jamoat inshootlari bilan bir qatorda ushbu davrdagi oddiy mehnatkash xalq turar joylari ham o‘ziga xos uslubda barpo etilgan. XIX asr 70-yillarida Xivaga tashrif buyurgan turk sayyohi Mehmet Amin Afandi xonlik me’morchiligiga va uylar tuzilishiga alohida e’tibor qaratadi. Jumladan, uning yozishicha, “Xivadagi uylar g‘ishtdan terilib bag‘dodiy tarzda tiklangan bo‘lib, tashqariga aslo panjara (deraza) ochmaydilar. Har uyning o‘rtasida ayvon deb atalgan hovliga qaragan panjara ochilgan, haram va mehmonxona alohidadir. Tomlarning ustini, keramik qilishni bilmaganliklari sababli, tuproq bilan to‘ldiradilar. Uylarning eshiklari va devorlari go‘zal o‘ymakorlik naqsh-gullari bilan bezatilgan”. Shu tariqa, XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Feruz tomonidan barpo ettirilgan qator me’morchilik obidalari Vatanimiz faxri bo‘lgan Ichanqal’a yodgorligini yanada boyishiga olib keldi.
Muhammad Rahimxon II davrida kitobat san’ati va xattotlik ham rivojlandi. 1908-yili Xiva xonligiga tashrif buyurgan turkiyshunos olim A. N. Samoylovich xonning Ark va Tozabog‘dagi kutubxonlarida bo‘lganini va u yerda turkiy tildagi qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirganligini bayon qiladi. Bu esa Feruzni kitobat san’atiga katta e’tibor berib, kutubxonalar tashkil etganidan darak beradi. Shuningdek Muhammad Rahimxon Feruz xattotlarning mehnatini qadrlab, ular uchun maxsus sharoit yaratib bergan. Uning saroyida xattotlar mehnati qadrlanar va ularga nodir asarlarni ko‘chirish muttasil topshirilardi. Tadqiqotchi A. Muradov XIX asrda Xivada yashab o‘tgan 87 xattot haqida ma’lumot beradi. Ana shu xattotlar mehnati tufayli biz noyob ma’naviy meroslar sohibiga aylanganmiz. O‘rta Osiyo xattotchilik san’atida Xiva xattotlari o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turgan. Ular o‘zlariga xos uslubda sodda va aniq qilib, nasx, suls, rayhoniy arab xati shaklidan foydalanib yuzlab qo‘lyozmalarga sayqal beradilar. Tadqiqotchi E. Ismoilovaning aniqlashicha, XIX asrning ikkinchi yarmidagi Xiva qo‘lyozmalari o‘zining go‘zal arxitektonikasi, hajmi, matn va hoshiyalarning o‘ta mutanosibligi, yozuvining toza, tekis, xushxatligi, misralarning bir-biriga mosligi va varaqdagi barcha lozim elementlarning mavjudligi bilan ajralib turardi. Xiva qo‘lyozmalarining boshqa qo‘lyozmalardan farqli tomoni ular tashqi qiyofasida namoyon bo‘lib, bu qo‘lyozma kitoblar salobatli naqsh bosilgan qora charm muqovalari bilan bezalgan. Butun O‘rta Sharqda ularning monandi o‘sha davrda yo‘q edi. XIX asr oxiri – XX asr boshlaridan muqovalarni ayrimlarini ot terisi - ,,sag‘ri terisi”dan tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Bunday tadbirlar orqali Xiva xonligida kutubxona xazinasini boyitishga doimiy g‘amxo‘rlik qilib kelinishi natijasida Ark va Tozabog‘dagi saroy kutubxonasi qimmatbaho manbalar bilan to‘ldirildi. Ikkala kutubxonada 1000 ga yaqin ma’naviy meros bo‘lgan.
Rossiya bosqinidan so‘ng, general Fon Kaufman buyrug‘i bilan sharqshunos A.L.Kun Xiva saroyidan 300 qo‘lyozma, 18 Qur’on, 50 darslik, kitoblarni musodara qilgan. 140 jildli bu nodir qo‘lyozmalardan 129 tasi tarixiy asarlar edi. Sharq shoirlarining 30 jildli asarlari, 50 jildli fiqh ilmiga doir kitoblar Peterburgga Xalq kutubxonasiga yuborildi. Ushbu ma’lumotlardan ko‘rinadiki, yurtimiz ma’naviy merosi rivojlanishdan hech qachon to‘xtab qolmagan. Rus istilochilari va Sovet bilag‘onlari tomonidan qonxo‘r, yulg‘uch va poraxo‘r deb hisoblangan O‘rta Osiyo xonlari, shu jumladan, Muhammad Rahimxon II ham maorif-madaniyatni yuksaltirish uchun o‘zida mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solib, o‘zidan yuksak ma’naviy meros qoldirdi. Rossiyaga yarimmustamlaka sharoitida ham ma’naviy meros butunlay yo‘q qilishga muvaffaq bo‘linmadi. Xususan, Muhammad Rahimxon II hukmronligi oxiriga kelib, saroy kutubxonasidagi jami qo‘lyozma va toshbosma kitoblar 914 tani tashkil etdi. Xorazmdagi bu ishlarning hammasi Feruz farmoni asosida amalga oshirildi. Shuning uchun ushbu davrda me’morchilik, musiqa, xattotlik, naqqoshlik kabi bir qator san’at turlari rivojlandi.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin