Sinov savollari:
1. O‘zbekiston tuproqlarining geografik tarqalish qonuniyatlari.
2. Tuproq klassifikatsiyasi to‘g‘risida tushuncha bering.
3. O‘zbekiston hududida tarqalgan avtomorf tuproqlar haqida tushuncha bering.
4. Gidromorf tuproqlar va ularni tarqalishi.
5. Introzonal tuproqlar va ularning hosil bo‘lishi.
6. Tog‘ oldi tuproqlari, ularni tarqalishi va xossa xususiyatlari.
7. Bo‘z tuproqlar, ularni tarqalishi va xossalari.
3 BOB. TOG‘ TUPROQLARI
Tog‘ oldi cho‘l-dasht mintaqasining yuqori qismi sekin asta tog‘ mintaqasiga o‘tadi. Bu mintaqa ham murakkab rel’efga ega bo‘lib, tuproq paydo qiluvchi ona jinslari asosan, karbonatlari birmuncha yuvilgan lyossimon, shag‘alli soz, chag‘irtoshli va shag‘alli prolyuvial, delyuvial, ayrim joylarda esa allyuvial yotqiziqlardan tashkil topgandir.
O‘lkamizda tog‘ mintaqasi dengiz sathidan 900-4100 metrgacha balandlikda joylashgan bo‘lib, u pastdan yuqoriga ko‘tarilgan sari iqlimi, o‘simlik dunyosi va tuproqlar bilan bir-biridan keskin farq qilib boradi. Ularni bir necha mintaqalarga ajratish mumkin. Tog‘ mintaqasining asosiy tuproqlari, ularning joylanish balandligi, o‘simliklari hamda iqlim sharoiti bilan qisqacha tanishtirib o‘tamiz.
Pastki tog‘ mintaqasining quruq dasht va yirik o‘tli yarim savannalarining jigarrang tuproqlari
Bu mintaqa dengiz sathidan 900 (1000-1200) metrgacha balandlikda joylashgan. Yillik o‘rtacha havo harorati 3-10◦ gradus, S yog‘in miqdori 300-600 mm o‘rtasida kuzatiladi. Eng ko‘p yog‘in-sochin, asosan kuz va bahor fasllariga to‘g‘ri keladi. Bu yerlarning tuproqlarida qalin o‘sgan baland bo‘yli o‘tlar-bug‘doyiq, yovvoyi arpa hamda butalar-do‘lana, na’matak, yovvoyi bodom va tog‘ olchalari o‘sadi.
Jigarrang tog‘ tuproqlarining morfologik tuzilishida o‘ziga xos genetik qatlamlar mavjud. Bu tuproqlarning turli qalinlikdagi jigarrang chirindili qatlami (A) ostida karbonatlari birmuncha pastga yuvilgan yong‘oqsimon kesakdor strukturali qatlami (V) bo‘lib, bu qatlamning ostida esa aniq ajralib turgan serkarbonatli illyuvial (S) qatlami bordir. Jigarrang tog‘ tuproqlarning chirindili qatlami 120-150 sm qalinlikda, gumus miqdori esa 4-5 % atrofida bo‘lib, sho‘rlanish belgilari yoki sho‘rlanishga moyilligi yo‘qdir.
Dostları ilə paylaş: |