5. Biologik singdirish. Singdirishning bu turi o‘simliklar va mikroorganizmlarning hayot faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, ular tuproq eritmasidan oziq elementlarini tanlab singdiradi, o‘z tanalarida organik birikmalarga aylantiradi va shu bilan ularni yuvilib ketishdan saqlaydi. O‘simlik va mikroorganizmlar nobud bo‘lganidan keyin ularning tanasidagi birikmalar asta sekin minerallashib boradi va o‘simliklar tomonidan o‘zlashtiriladigan holatga o‘tadi.
Tuproqqa solinadigan o‘g‘itlarning ham ma’lum bir qismi tezda mikroorganizmlar tanasiga o‘tib qoladi. Bu ayniqsa azotli o‘g‘itlar misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Azotning muhim 2 izotopi bilan olib borilgan kuzatishlar tuproqning biologik singdirishi natijasida o‘g‘it tarkibidagi nitrat holatidagi azotning 10-20 foizi, ammiak holatidagi azotning 20-40 foizi organik holatda mustahkamlanib qolishini ko‘rsatgan. Bunda nitrat holatdagi azot ammiak holatidagidan 1,5-2,0 marta kam singdirilsada, juda katta amaliy ahamiyatga ega, chunki bu holatdagi azot na fizikaviy, na kimyoviy, va boshqa bironta singdirish yo‘li bilan tuproqda ushlanib qolinmaydi. O‘simlik va mikroorganizmlar tomonidan o‘zlashtirilmay qolgan serharakat nitrat holatidagi azot tezda yo‘qolib ketilishi mumkin, bu hol ayniqcha granulometrik tarkibi jihatidan yengil bo‘lgan sug‘oriladigan tuproqlarda muhim ahamiyatga ega.
5.2. Tuproqning singdirish sig‘imi Tuproq tomonidan yutilgan almashinish xususiyatiga ega bo‘lgan barcha kationlarning yig‘indisiga tuproqning singdirish sig‘imi deyiladi.
Kationlarning singdirish sig‘imi tuproqning granulometrik tarkibi va undagi mayda dispers fraksiyaning miqdori va tarkibiga bog‘liq. Kattaligi 1 mm dan yirik bo‘lgan zarrachalarda kationlarning singdirish sig‘imi juda xam kichik bo‘lib, 1 mm dan mayda zarrachalarda keskin ortib ketadi. Shuning uchun tuproqda mineral kolloid va ilsimon zarrachalar ya’ni kattaligi 0,001 mm dan kichik zarrachalar qancha ko‘p bo‘lsa, kationlarning singdirish sig‘imi shuncha katta bo‘ladi. Tarkibida loyli, mayda qumoq va dispers zarrachalarni ko‘plab tutadigan og‘ir granulometrik tarkibli tuproqlar sezilarli darajada katta singdirish sig‘imiga egadir.
Shu bilan bir qatorda kationlarning singdirish sig‘imida mayda disper zarrachalarning mineralogik tarkibi ham muhim o‘rin tutadi. Tuproqning mineral qismida montmorillonit guruhi yoki gidroslyudalar ko‘p bo‘lsa, singdirish sig‘imi katta bo‘ladi. Aksincha, kaolinit, temir yoki alyuminning amorf holatdagi gidroksidlari ko‘p bo‘lsa kationlarning singdirish sig‘imi kichik bo‘ladi.
Tuproq tarkibidagi gumusning miqdori ham kationlarning umumiy singdirish sig‘imiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar natijasida chirindi moddalarning ilsimon zarrachalariga qaraganda katta singdirish sig‘imiga ega ekanligi aniqlangan. Masalan pH 7 ga teng bo‘lgan sharoitda tuproqdan ajratib olingan kislotasining singdirish sig‘imi 350-500 mg/ekv.ni tashkil qilgan. Holbuki bu ko‘rsatkich montmorillonitda 80-120 mg/ekv, kaolinitda esa 3-15 mg/ekv ni tashkil qiladi.
Tuproqlarning mayda disper qismida mineral kolloidlar ko‘p chirindi miqdori ancha kam bo‘lishiga qaramay kationlarning umumiy singdirish sig‘imida tuproqning organik qismi muhim ahamiyatga ega (5- jadval).
5- jadval