Bosh suyagi yuz qismining suyaklarida darz ketish va ezilish na-
tijasidagi sinishlar kuzatiladi. Ezilish natijasidagi sinishlarda tashqi
plastinka u yoki bu ko‘lamda sinadi va ichkari tomonga qarab botiq hosil
qiladi. Bosh suyagining darz ketishi bitta yoki bir nechta joyda bo‘lishi
mumkin.
Bosh suyagi gumbazi sinishi uning asosi sinishiga nisbatan ikki
barobar ko‘p kuzatiladi. Bosh suyagi asosining sinishi uning gumbazi
sinishining davomi bo‘lishi yoki bilvosita jarohatlanish ta’sirida
(ko‘pincha balandliklardan yiqilishda) suyakning eng yupqa va nozik
joylarida (teshik va yoriqlar atrofida) yuzaga keladi. Bunday
shikastlanishlar og‘ir kechadi, chunki bunda doimo miya moddasi
zararlanib qattiq miya pardasida defektlar yuzaga keladi, bosh miya
nervlari jarohatlanadi.
Bosh miya qattiq pardasi butunligining buzilishi bilan kechadigan
shikastlanishlarda qobiqosti muhiti va doimo patogen mikroflora bo‘lgan
boshqa bo‘shliqlarda bog‘lanish yuzaga kelib, kasallikning kechishi
yanada og‘irlashadi. Masalan, bosh suyagining old chuqurchasi singanda
g‘alvirsimon suyak teshikchalari orqali burun bo‘shlig‘i bilan bog‘lanish
yuzaga keladi; o‘rta chuqurchada sinish bo‘lganda darz ketish quloq
pardasi bo‘shlig‘iga yoki ponasimon suyak bo‘shlig‘iga kirib borishi
mumkin. Miyaning qattiq pardasi ostidagi sohaning burun bo‘shliqlari
bilan bog‘lanib qolishi u yerga mikroblar kirib borishiga va bosh miya
ichida infeksiyaning rivojlanishiga imkoniyat yaratadi.
Bosh miya asosi sinishlarida quloqdan, burun va og‘izdan qon kelishi,
orqa miya suyuqligi oqishini ko‘rish mumkin. Qonning yumshoq
to‘qimalar ostiga quyilishi natijasida ko‘z atrofida («ko‘zoynak
simptomi»), chakka osti chuqurligida, quloq orqalarida qontalashlar
yuzaga kelishi, bosh miya nervlari falaji va yarim falajlari kuzatilishi
mumkin.
Dostları ilə paylaş: