O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi a k a d e m I ya-fayllar.org
Qo‘l-oyoqlarning chiqishlari Yiqilish yoki qattiq zarba natijasida bo‘g‘im yuzalarining siljishiga
chiqish deyiladi. Sharsimon bo‘g‘imlarning chiqib ketishi oson kechadi,
shuning uchun ham yelka bo‘g‘imining chiqishi ko‘proq uchrab turadi.
Chiqishda periferiyada joylashgan suyakning nomi qo‘llaniladi.
Bundan chiqishlarning nomi kelib chiqadi. Masalan, yelka bo‘g‘imidagi
chiqish – yelkaning chiqishi, tos-son bo‘g‘imidagi chiqish – sonning
chiqishi va boshqalar.
To‘liq chiqishlar (suyaklarning bo‘g‘im yuzalari bir-biriga tegmay
qolganda) va chala chiqishlar (bo‘g‘im yuzalari qisman bir-biriga tegib
turganda) farqlanadi. Shuni ham nazarda tutish kerakki, chiqishlarda
nafaqat bo‘g‘im yuzalarining siljishi, balki bo‘g‘im kapsulasining, paylar,
ba’zan esa qon tomirlari va hatto nervlarning shikastlanishlari ham
kuzatiladi.
Chiqishning simptomlari – qo‘l yoki oyoqning majburiy holatdagi
fiksatsiyasi, deformatsiya, faol va passiv harakatlarda og‘riqning
kuchayishi, oyoq yoki qo‘l uzunligining o‘zgarishi, prujinali fiksatsiya
(harakatlantirishga intilganda jarohatlangan bo‘g‘imda holatni
o‘zgartirishga qarshilik seziladi va og‘riq paydo bo‘ladi).
Qo‘llardagi chiqish oyoq chiqishiga nisbatan 2 barobar ko‘p uchraydi
va u hamma chiqishlarning 60 % ni tashkil etadi. Oyoqlardagi chiqishlar,
mos ravishda, 30 % ni tashkil etadi.
Bunda yelka chiqishi 41 %, tirsak chiqishi 16 %, kaft va barmoqlar
chiqishi 4 % atrofida kuzatiladi. Oyoq bo‘g‘imlaridagi chiqishlardan son
suyagining chiqishi ko‘prok uchraydi (27 %). Tizza chiqishi 2 % ni va
tovon chiqishi bir foizdan ko‘proqni tashkil etadi.
Birinchi yordam oyoqni shina bilan va qo‘lni qattiq ro‘mol bilan
immobilizatsiyalash, analgetik dorilar berish va travmatologiya
bo‘limlariga yoki statsionarga olib borishdan iborat.
90
Har xil joylardagi chiqishlarda asosiy birinchi yordam, shikastlangan
oyoq yoki qo‘lni harakatsizlantirish va tezda bemorni travmatologiya
bo‘limiga jo‘natishni o‘z ichiga oladi.